MUHAMMADJON XOLIQIY
Muhammadjon Xoliqiy 1908-yil Buxorodan qaytgach, Ashurali Zohiriy, Abduvahhob Ibodiy, Ibrohim Davronlar etakchi bo‘lgan taraqqiyparvarlar safida xalq maorifi targ‘ibotchilaridan biriga aylanadi. Avval Ashurali Zohiriy bilan rus-tuzem maktabida ishlaydi. So‘ng Ashurali Zohiriyning jadid maktabiga kirib, ona tili va adabiyoti fanidan dars beradi. 1910-yilda o‘z uyida yangi usul maktabi ochib, unda diniy darslar bilan birga hisob, jug‘rofiya, tabiiyot va rus tili fanlarini ham o‘qitishni yo‘lga qo‘yadi. U maktabni tugatgan o‘quvchilaridan takya oldidagi maydonda imtixon olardi. Unda uzoq yaqindan taklif etilgan bilimdon muallimlar va ota-onalar ishtirok etardi. Xoliqiy maktabining shuhrati tezda shaharga yoyilib, o‘quvchilar soni oy sayin ko‘payib bordi.
Charxiy domlaning eslashicha, hatto, jadid maktablari faoliyati ta’qiqlab qo‘yilganda vaqtda ham Muhammadjon Xoliqiy darslarni davom ettirgan. Faqat, binoning ikkinchi qavatida bir o‘quvchi doimo derazadan pastga qarab turgan. U nazoratchi ko‘rinishi bilan ustozni ogohlantirgan. Shundan so‘ng o‘quvchilar “Pervaya kniga” nomli rus tili darsliklarini yig‘ishtirib, Haftiyakni davom ettirib ketishar ekanlar. Xoliqiy maktabining boshqa maktablardan farqi u o‘quvchilarining ta’lim olishi bilan bir paytda hunar egallashiga ham alohida e’tibor bilan qarar edi. Xoliqiyning o‘quvchilari orasidan keyinchalik Abdulla Qahhor, Sobir Abdulla, Charxiy, Abdulla Karim, Erkin Nosir, Turg‘un Ermat kabi ko‘plab mohir pedagoglar, olimlar, muhandis va boshqa soha mutaxassislari yetishib chiqdi.
Muhammadjon Xoliqiy 1916-yil jadid maktablari uchun “Turkiy alifbo” darsligini yaratadi. Ayni paytda uning faoliyatida siyosiy yo‘nalish ustuvorlik kasb etib bordi. U 1917-yil yozidan “G‘ayrat” jamiyati kutubxonasi muassisi hamda “Sho‘roi Islom”ning Qo‘qondagi shahobchasi “Ta’mimi maorif” (“Maorif tarqatish”) jamiyatining sarkotibi sifatida ish olib boradi. O‘zi yetakchilik qilgan “Qo‘qon muallimlari” jamiyatining nashri afkori sifatida “Kengash” jurnalini chop qilishni yo‘lga qo‘ydi. “G‘ayrat” jamiyati kutubxonasi qoshida Obidjon Mahmudov tomonidan xayriya qilingan matbaaxonada “El bayrog‘i” gazetasini chop eta boshlaydilar. 1917-yilning kuzida e’lon qilingan Turkiston Muxtoriyati va uning 72 kunlik faoliyatida ham Muhammadjon Xoliqiy eng shimarib xizmatda bo‘ldi.
Ta’sis qurultoyda turklardan Mamatbey, Haydar Shavqiylar, Toshkentdan Munavvar qori Abdurashidxonov, Saidnosir Mirjalilov, Sa’dulla Tursunxo‘jaev, Miyonbuzruk Solihov, Tolib Musojonov, Eshonxo‘ja Xoniy, Salimxon Tillaxonovlar, Buxorodan Fitrat, Abduqodir Muhiddinov, Muso Saidjonov, Qori Yo‘ldosh Po‘lotovlar, Samarqanddan Akobir Shomansurov, Murodxon A’loxo‘jaev, qozi Haydarbek Abdusaidovlar, Xivadan mullo Bekjon Rahmon, Ashxobod va Marvdan ham 3 kishi ishtirok etganini aytadi. Mazkur qurultoyga Qo‘qondan o‘zi bilan birga Muhammadxo‘ja Xoliqiy, Yunusjon Og‘aliqovlar borgan edi deydi. Shu fikrning o‘zi ham Muhammadjon Xoliqiyning Qo‘qon taraqqiyparvarlari orasidagi yuqori mavqe’idan dalolat beradi.