MUHIDDINXO‘JA NURIDDINXO‘JAYEV (MUHIDDIN XO‘JAYEV)
(1898-1941)
Bolaligi. Muhiddinxo‘ja Nuriddinxo‘jayev 1898-yil Jizzax shahrida savdogar oilasida dunyoga kelgan.
Ma’lumoti. Muhiddinxo‘ja Nuriddinxo‘jayev avval jadid, so‘ng rus-tuzem maktablarida o‘qigan. 1914-yildan Jizzaxdagi real maktabda o‘qidi. Dastlab, ota kasbini tutib ipak savdosi bilan mashg‘ul bo‘ldi.
Faoliyati. 1916-yil otasi xalq qo‘zg‘oloni qatnashchisi sifatida Jizzax turmasiga tashlangach, Muhiddinxo‘ja siyosiy kurash maydoniga kirib, “Yosh buxoroliklar” partiyasiga a’zo bo‘ladi.
Muhiddin Xo‘jayev 1920-1921-yillar Jizzax shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari, 1921-1923-yillarda Jizzax shahar militsiyasi boshlig‘i, 1923-1924-yillar Jizzax uezd ijroqo‘mida bo‘lim boshlig‘i, 1924-yildan 1926-yilgacha Jizzax shahar ijroqo‘mi raisi vazifalarida faoliyat olib borgan. Keyinchalik Samarqandga kelib, O‘zSSR Oziq ovqat ministrligida mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan.
O‘limi. Muhiddin Xo‘jayev 1931-yil 7-noyabrda Jizzax shahar xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i vazifasida ish olib borayotganida go‘yoki Baumanning uyiga hujum uyushtirgan degan soxta ayblov bilan hibsga olinadi. Asl sabab esa 1922-yil bahorida uning xonadonida Samarqanddan kelgan turk ofitseri Savur afandi sharafiga o‘tkazilgan ziyofat edi. Unda Orifjon Olimjonov va ko‘plab jizzaxlik ziyolilar qatnashadi, Savurbey afandining so‘zidan so‘ng Turobbek To‘rabekov yaqinda biz ham istiqlolchilarga qo‘shilamiz, deydi. Bu mehmondorchilik tafsilotlari tergovda ma’lum bo‘lgach, unda qatnashgan barcha uchun asosiy ayblovga aylanadi. Darhaqiqat, bu insonlarning sho‘ro ma’murlari oldidagi yagona ayblari o‘z Vatanlarini hech kimning qo‘liga topshirib qo‘ymaslikka intilishlari edi.
Muhiddin Xo‘jayev 1932-yil 14-oktyabrda OGPU O‘rta Osiyo bo‘limi tomonidan 10 yilga konslagerga hukm etilgan va 1941-yil 15-martda jazoni o‘tash davrida vafot etgan.