NIZOMIDDINXO‘JA ASOMIDDINXO‘JA O‘G‘LI
Bolaligi. Nizomiddinxo‘ja Asomiddinxo‘ja o‘g‘li 1886-yil Toshkent shahrida kosib hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Tabiatan ochiq va o‘ta jasoratli bo‘lgan Nizomiddin bolaligidan jadidchilik oqimi g‘oyalari ta’sirida ulg‘aydi.
Ma’lumoti. U dastlab eski, so‘ng rus-tuzem maktablarida ta’lim olgan. U 1922-yil rabfakka, undan so‘ng O‘rta Osiyo davlat universitetining iqtisod fakultetiga o‘qishga kirdi va 1930-yil o‘qishni tamomladi.
Mehnat faoliyati. Nizomiddin Xo‘jayev hamma vaqt Toshkent taraqqiyparvarlarining peshqadami Munavvar qori Abdurashidxonovning eng yaqin kishisi sifatida harakat qildi. Jumladan, Nizomiddin Xo‘jayev “Turon” jamiyatining asoschilaridan biri, 1910-yil Toshkentda Munavvarqori tashabbusi bilan “Turon” jamiyati tashkil etilganida Nizomiddin Xo‘jayev uning dastlabki a’zolaridan biri sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. U “Turon” kutubxonasi muassislaridan, “Turon” teatrining ham fidoyi xodimi bo‘ldi. 1913-yil Abdulla Avloniy badiiy rahbarligida ochilgan jadidlarning “Turon” teatr truppasi tomoshalarini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatdi, sahna uchun asarlar yozdi, kerakli o‘rinda rollar ijro qildi. 1916-yildan truppaning asosiy kuchlari Mannon Uyg‘ur, G‘ulom Zafariy, Sulaymon Xo‘jayevlar bo‘ldi.
Nizomiddin Xo‘jayev Turkistonda jadid matbuoti gazeta va jurnallarning yoyilishida beminnat xizmat qildi. Jumladan, 1917-yilda Toshkentda Abdulla Avloniy muharrirligi ostida “Turon” gazetasi dunyo yuzini ko‘rdi. Mazkur gazetaning keyingi sonlari Nizomiddin Asomiddin o‘g‘li muharrirligida chop etildi va Muhammad Amin Afandizoda, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Shokirjon Rahimiylarning maqolalari gazetaga katta shuhrat keltirdi.
Nizomiddin Xo‘jayev 1917-yilning yozida tashkil etilgan ilk siyosiy partiya “Turk adam markaziyat” partiyasida rais o‘rinbosari vazifasida faoliyat olib boradi.
1917-yilning kuzida Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinganida Nizomiddin Xo‘jayev Toshkentdan Qo‘qonga delegat sifatida tashrif buyuradi. U Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida aholi bilan ko‘plab uchrashuvlar tashkil etib, otashin ma’ruzalar qildi.
U 1918-yilning kuzida kompartiyaga kirdi. Avval Toshkentning Eski shahar qismida ijroqo‘m raisi, so‘ng Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat olib bordi. Ayni paytda o‘zining istiqlol g‘oyalariga ham sodiq qoldi. 1919-yil yanvarda Osipov isyonini qo‘llab-quvvatladi, 1920-yil sentabr oyida Bokuda o‘tkazilgan turkiy millatlar qurultoyida ishtirok etib, Anvar Poshshoning Turkistondagi istiqlol uchun kurashga rahbarlik qilishini so‘rab murojaat etganlar bilan birga edi.
1920-yil Nizomiddin Xo‘jayev Turor Risqulovning Turkistonga milliy ozodlik berish takliflarini ilgari surgan delegatsiyasi safida Moskvaga yo‘l oldi. Biroq, sovet hukumati ularning talabini to‘liq rad etdi. Shunday bo‘lgani taqdirda ham milliy taraqqiyparvarlar chekinish nimaligini bilmadi. U doimo Turkistondagi milliy ozodlik harakatini qo‘llab-quvvatlab va Sharq kompartiyasini tashkil etishga harakat qildi.
Nizomiddin Xo‘jayevning mazkur harakatlari jazosiz qolmadi. 1920-yili ChK uni anglofil degan ayblov bilan 13 kun davomida qamoqda saqlab turdi. Biroq, dalil isbotlar etishmasligi tufayli ozodlikka chiqdi va yana hukumat ishiga jalb etiladi.
1930-yildan O‘zSSRda davlat plan qo‘mitasining raisi hamda keyinchalik O‘zSSR XKS qoshida tashkil etilgan Fan qo‘mitasida ish olib boradi. Nizomiddin Xo‘jayev 1933-yil o‘zining fidokorona faoliyati tufayli “Mehnat qizil bayrog‘i” ordeni bilan taqdirlandi. Biroq, uning shuhratiga hasad bilan qarovchi kimsalar yana iziga tushadilar.
Oilasi. 1934-yil 6-noyabr kuni to‘ldirilgan shaxsiy anketasida turmush o‘rtog‘i Xo‘jayeva Fotixiy Abdurahmonovna, qizlari Armug‘on (13 yosh), Adiba (9 yosh), o‘g‘illari Narimon (6 yosh) va Mushavvir (3 yosh)dan iborat deb ko‘rsatilgan.
O‘limi. 1934-yil 19-sentyabr kuni o‘tkazilgan “tozalash”da 1918 – 1934-yillar davomida kompartiya a’zosi bo‘lgan Nizomiddin Xo‘jayevning masalasi muhokamaga qo‘yildi. 1934-yil 25-dekabr kuni Nizomiddin Xo‘jayev kompartiya safidan chiqarilib, O‘zSSR Fan qo‘mitasi huzuridagi asori atiqalar qo‘mitasidan bo‘shatiladi. 1935-yil 4-noyabr kuni O‘zSSR Ichki Ishlar Xalq Komissari Zagvozdin qarori asosida “Qo‘qon Muxtoriyati” hukumati a’zosi, Osipov isyonini qo‘llab-quvvatlagan va “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi kabi qator ayblovlar bilan J.Obidova nomidagi artel raisi o‘rinbosari bo‘lgan Nizomiddin Xo‘jayevni qamoqqa oladi.
1936-yil 15-mart kuni SSSR IIXK qoshidagi “uchlik” uni 3 yilga Kirov viloyatiga surgun qilishga qaror qiladi. 1936-yil 20-aprelda Kirov o‘lkasiga etib kelgan, Nizomiddin Xo‘jayev jazo muddatini o‘tay boshlaydi. Biroq, 1938-yil 27-oktyabr kuni hech bir asossiz uning ustidan yana ish qo‘zg‘atiladi.
1939-yil 26-may kuni bo‘lgan sud Nizomiddin Xo‘jayev O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 58-moddasi, 10-bandi bilan ayblab, yana 4 yilga Mehnat tuzatish jamlog‘iga hukm etadi. U 1942-yil 5-aprel kuni Xalturinskiy shahridagi 7-kaloniyada jazoni ijro etish davrida halok bo‘lgan.