ORIFJON OLIMJONOV
(1898-1937)
Bolaligi. Orifjon Olimjonov 1898-yil Jizzax shahrida dunyoga kelgan. Orifjon jadid va rus-tuzem maktablari ta’limini olgan. Jadidchilik harakatining faol a’zosiga aylangan. Orifjon Olimjonov 1919-1920-yillarda musulmon yoshlari klubining faollaridan bo‘lgan.
Faoliyati. Orifjon Olimjonov sovet ma’murlari nazariga tushib, 1920-1922-yillar Jizzaxda yoshlar ittifoqida (komsomol) mas’ul kotib bo‘lib ishlagan. 1922-1923-yillarda Samarqand viloyat qomsomol kotibi, 1924-1925-yillarda Samarqand viloyati APO mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1925-1926-yillarda qishloq xo‘jalik texnikumi direktori, 1926-1927-yillar Samarqand viloyati xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasida ishlagan. Orifjon 1927-yil Erondan qaytib kelgan sobiq safdoshi va do‘sti Turobbek To‘rabekovga uyida yashashga ruxsat bergan.
Orifjon Olimjonov 1928-1930-yillar Yangi turk alifbosi markazi kengashining mas’ul kotibi, ayni paytda Samarqand okrug kompartiyasi tashkiliy bo‘limi mudiri o‘rinbosari vazifasini ham bajargan. Bu vaqtda Orifjon Olimjonovning “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnalida lotin alifbosiga bag‘ishlangan qator maqolalari chop etilgan. Orifjon Olimjonov 1930-yil mart-iyun oylarida Andijon okrug kolxoz ittifoqi raisi, 1930-yil iyundan O‘zSSR MIK raisining shaxsiy kotibi lavozimida ish boshlaydi.
O‘limi. Orifjon Olimjonov 1929-yil noyabr oyida to‘satdan 1923-yilda Eronga va Turkiyaga pul yo‘llagan degan ayblov bilan hibsga olingan. 1932-yil 14-oktyabrda esa OGPU O‘rta Osiyo bo‘limi tomonidan 10 yilga mehnat-tuzatish lageriga hukm etilgan. U jazoni Soloves lagerida o‘tayotgan vaqtda, 1937-yil 9-oktyabrda Leningradga keltirilib, mash’um “uchlik” hukmi bilan otib tashlangan.