Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


OTAJON HOSHIM

img

(1905–1938)

Bolaligi. Otajon Hoshim 1905 yil Toshkent shahrida dunyoga kelgan.

Ma’lumoti. U jadid taraqqiyparvarlari ta’sirida ulg‘ayib, avval jadid maktabida, so‘ng madrasa va rus-tuzem maktablarida tahsil olgan. 1919 – 1921 yillar o‘qituvchilar tayyorlash bilim yurtida o‘qigan. 1922 yil “Ko‘mak” uyushmasi tomonidan Moskvaga yuborilib, Buxarin nomidagi ishchilar fakultetiga o‘qishga kirgan. 1923 yil uni tugatgach, o‘qishni Qizil professorlar institutining tayyorlov bo‘limida davom ettirgan. O‘zbek talabalari orasida o‘zining yuksak iqtidori bilan ajralib turgan Otajon Hoshim 1924 – 1927 yillar o‘qish bilan bir paytda Moskvadagi o‘zbek drama studiyasi tinglovchilariga dars bergan. Biroq, to‘satdan sog‘lig‘i yomonlashgani bois institutni tugatmay, O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Mehnat faoliyatini Otajon Hoshim 1926 – 1929 yillar o‘zbek yozuvchilarining birinchi adabiy uyushmasi – “Qizil qalam” tashkilotiga rahbarlikdan boshlagan. 1928 – 1929 yillari uning tashabbusi bilan “Qizil qalam” jamiyatining ikki jildlik majmuasi nashr etildi. Otajon Hoshim Fitratning hammaslagi bo‘lgan. U talabalarga ma’ruza qilish uchun Samarqandga taniqli olim Cho‘ponzodani taklif etgan. Maorif xalq komissarligi huzuridagi ilmiy kengash raisi Otajon Hoshim 1927 yil yanvarda Samarqandda Oliy pedagogika instituti – hozirgi Samarqand davlat universitetini tashkil etish ishiga boshchilik qilgan.

1929 yil Leningrad shahridagi Sharqshunoslik institutining aspiranturasiga o‘qishga kirgan Otajon Hoshim, o‘qishni tugatgach, o‘sha institutning o‘zida ilmiy kotib sifatida ishga olib qolingan.

U 1933 yil dekabrda Toshkentga kelib, Til va adabiyot ilmiy tadqiqotlar institutiga direktor etib tayinlangan. Otajon Hoshim 1934 yildan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik sho‘basi raisi, 1937 yildan yangi tashkil etilgan Fan komiteti raisi vazifalarida qizg‘in ilmiy-tashkiliy faoliyat bilan shug‘ullangan.

Ilmiy-adabiy merosi. Olimning tashabbusi bilan ikkijildli “O‘zbek folkloridan namunalar”, shuningdek, “O‘zbek xalq ertaklari”, “Alpomish”, “Malikai ayyor” va boshqa ko‘pgina mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyotiga bag‘ishlangan ilmiy asarlar, bir qancha terminologik lug‘atlar nashr etilgan.

Oilasi. Otajon Hoshimning turmush o‘rtog‘i Zaynab Valievna Hoshimova (Otajon Hoshim qamoqqa olingan paytda u 27 yosh bo‘lib, stenografiya kursida o‘qigan) bo‘lgan. 1937 yil 2 avgustda Otajon Hoshimov qamoqqa olinganidan biror oy o‘tgach, Zaynab Hoshimova ham “erining millatchilik tashkiloti a’zosi ekanligini bilib turib, yashirib kelgan va shu yo‘l bilan erining aksilinqilobiy faoliyatiga ko‘maklashgan” kabi ayblar bilan  hech qanday asossiz Toshturmaga qamalgan va bir yarim yildan so‘ng gunohsizligi aniqlanib, qamoqdan ozod  qilingan.

O‘limi. Otajon Hoshimning adabiyotshunos va jamoat arbobi sifatidagi faoliyati ayni qizigan vaqtida – 1937 yil 2 avgust kuni bitilgan order asosida uni “kapitalizm g‘oyalariga moyil”, “Turkiya tipidagi bir mustaqil davlat tuzmoqchi”, “Milliy istiqlol” aksilinqilobiy tashkilotining a’zosi kabi ayblovlar bilan qamoqqa olingan.

Otajon Hoshimni O‘zSSR JKning 58, 64, 63, 67-moddalari bilan ayblashgan. 1938 yil 5 oktyabr kuni mash’um “uchlik” tomonidan sud o‘tkazilgan. Vaholanki, u 4 oktyabr tunda otib yuborilgan edi.