Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


PO‘LAT SOLIYEV

img

(1882–1938)

Bolaligi. Po‘lat (Bekbulat)Majidovich Soliyev 1882-yil 22-martda Rossiya imperiyasi Astraxan (Hojitarxon) viloyatining Zaso‘ravskiy bo‘lisidagi Bashmakovka qishlogʻida o‘ziga to‘q dehqon oilasida tugʻilgan. Asli buxorolik, mangʻit urugʻiga mansub otasi Majid Soli farzandlarining ilm olishini qo‘llab-quvvatlab, ragʻbatlantirib borgan.

Maʼlumoti. Qishloq maktabini tamomlagan Po‘lat Soliyev yirik islomshunos olim, tarixchi, “Idel” gazetasining muharriri Abdurahmon Umerov tashkil qilgan, o‘rta maxsus taʼlim beruvchi madrasaga o‘qishga kirgan. O‘n besh yoshida madrasani tamomlab, Qozon shahridagi oliy madrasalar – Muhammadiya va Gʻoliyada tahsil olgan. Ikki madrasani ham aʼlo baholarga bitirgan Po‘lat Soliyev bu paytda arab, turk, fors, rus va boshqa turkiy xalqlar tillarini puxta bilgan va fransuz hamda nemis tillarini ham o‘zlashtirgan edi. Gʻoliya madrasasi boshligʻi, mashhur islomshunos Ziyo Kamoliy undagi zehn va qobiliyatni darrov payqagan hamda o‘z muassasasida mudarrislik qilib, talabalarga dars berishini taklif etganda esa qabul qilmay, qishlogʻiga qaytib, imomlik qilgan.

Faoliyati. 1909-yili ota yurtiga borishni ko‘ngliga tuggan Po‘lat Soliyev Turkistonga yo‘l olib, Toshkent viloyatining Oqqo‘rgʻon bo‘lisida Segizboy Otaboyev xonadonida yashay boshlaydi, qishloqda yangi usul maktabi ham ochadi. Keyinchalik Mirzacho‘lda, Jalolobodda ham jadid maktablari tashkil qilib, o‘qituvchilik bilan shugʻullanadi. 1913-yili Toshkent shahrida birinchi rus-tatar maktabiga asos soladi, 1916-yildan Bekoboddagi yangi usul maktabida bir yil davomida o‘qituvchilik qiladi. 1917-yildan esa Qo‘qondagi O‘qituvchilar seminariyasida ikki yil mobaynida direktor lavozimida ishlay boshlaydi.

Po‘lat Soliyev 1917-yil noyabrda Qo‘qonda Turkiston Muxtoriyatini tashkil etish ishlarida faol ishtirok etgan shaxslardan biri sanaladi. Ayniqsa, Qo‘qon shahrida chop etiladigan “El bayrogʻi” gazetasining bosh muharriri sifatida uni Turkiston Muxtoriyati hukumati nashriga aylantirishga katta hissa qo‘shgan. Po‘lat Soliyev davlat hokimiyati tarkibiga yirik etnik guruhlar vakillarini kiritish haqidagi gʻoyalarni ilgari surgan demokratik ruhdagi ziyolilardan biri edi.

Turkiston Muxtoriyati tor-mor qilingach, Po‘lat Soliyev siyosiy faoliyatdan uzoqlashib, maorif sohasini rivojlantirishga kirishgan.  1918-yili Nazir To‘raqulov bilan hamkorlikda Skobelev (hozirgi Fargʻona) shahrida qishloq maktablari uchun o‘qituvchilar tayyorlash kurslari tashkil etgan. 1919-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Toshkentda birinchi turk-tatar maorif kurslarini tashkil etib, uning direktori sifatida ish olib borgan.

1920-yil 8-oktyabrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilgach, 1920-yil 11 noyabrda BXSR Maorif nozirligi Buxoroda inqilob tarixini nashr etish va uning mualliflarini tasdiqlash haqida qaror qabul qilgan bo‘lib, Po‘lat Soliyev ham ular qatoridan joy olgan edi.

1922-yili Po‘lat Soliyev BXSR Maorif nozirligining Ilmiy kengashi raisi etib tayinlangan vaqtda Buxoro o‘qituvchilar institutida arab adabiyoti tarixi, arab tili nazariyasi va amaliyotidan dars ham bergan. Shuningdek, “Maorif” va “Tong” jurnallariga muharrirlik hamda “Inqilob” jurnali muharririga o‘rinbosarlik qilgan.

1924-yilda turmush o‘rtogʻi Fotima Fayzirahmonova (Hodi Fayziyning singlisi) bilan Moskva shahriga ko‘chib borib, Sverdlov nomidagi universitetning tarix kafedrasida ish boshlaydi. O‘qituvchilik qilish bilan birga Sharq xalqlari markaziy nashriyotida faoliyat ko‘rsatib, turli ilmiy jurnallar va gazetalarda ham o‘nlab maqolalari bilan ishtirok etgan. 1926-yili Leningrad shahriga ko‘chib o‘tib, Sharqshunoslik institutida mehnat faoliyatini boshlagan. 1927-yili ushbu institut rahbariyati tomonidan unga dotsent unvoni berilgan.

Shu yili Po‘lat Soliyev O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari soveti huzuridagi Ilmiy markaz bilan tuzilgan shartnoma asosida 1927-yil 7-sentyabriga qadar o‘zbeklarning iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti aks ettirilgan “O‘zbeklar tarixi” kitobini yozish majburiyatini oladi. Muallif bu asar orqali o‘zbek xalqining shonli tarixini ilmiy jamoatchilikka maʼlum qilmoqchi bo‘lgan. Ammo Po‘lat Soliyevning O‘rta Osiyo yozma yodgorliklari to‘plamiini tashkil etish va qadimiy qo‘lyozmalarni jamlash uchun Moskvadan Samarqandga chaqirib olinishi natijasida kitob yozilmay qolgan.

Shu bahona yurtiga qaytgan Po‘lat Soliyev 1927-yil yanvarda tashkil etilgan Samarqand oliy pedagogika instituti Sharq tarixi kafedrasi mudiri lavozimida ish boshlagan. Bu yerda sharqshunos olim, adib va davlat arbobi Abdurauf Fitrat, professor V.I.Vyatkin, adabiyotshunos olim O. Sharafiddinov, tilshunos olim, professor Gʻozi Olim Yunusov bilan hamkorlikda mehnat qila boshlaydi. Po‘lat Soliyev hamkasblari orasida o‘ta bosiqligi, kamgapligi, madaniyati, kamtar, ilmiy bahslarda boshqalarning nuqtai nazari va fikrini diqqat bilan o‘rganib, munozarali jihatlarini asosli dalillar bilan isbotlab bera olishi bilan ajralib turgan.

Turkiston xalqlari tarixining zo‘r bilimdoni bo‘lgan Po‘lat Soliyev o‘lka tarixi bo‘yicha o‘qigan maʼruzalari xotimasida talaba yoshlarni avvalo o‘z mamlakati, shahri va tugʻilib o‘sgan qishlogʻining tarixini yaxshi bilishga daʼvat etgan.

1930-yili Samarqand oliy pedagogika instituti O‘zbekiston pedagogika akademiyasiga aylantirilgan va shu yilning 28-sentyabrida Po‘lat Soliyevga akademiya professori unvoni berilgan. XX asrning 30-yillaridan milliy ziyolilar va ularning asarlarini taʼqib qilish bo‘yicha boshlangan tadbirlar Po‘lat Soliyevni ham chetlab o‘tmadi. Endigina professor unvonini olgan olimning 1926-yilda yozilgan “O‘rta Osiyo tarixi (XI-XV asrlar)” kitobi 1933-yil avgust oyida O‘zbekiston Kommunistik partiyasining Samarqand shahar bo‘limi va shahar nazorat komissiyasining qo‘shma yigʻilishida muhokama qilinib, tarixni qo‘msash hamda ideallashtirishda ayblangan. Kitobdan oliy taʼlim muassasalarida darslik sifatida foydalanish taqiqlab qo‘yilgan. Po‘lat Soliyev va uning maslakdoshlariga mavjud tuzum manfaatlariga xizmat qilishlari lozimligi uqtirilgan.

Ijtimoiy fanlar, ayniqsa, tarix fanining jamiyat ongini tarbiyalashdagi tengsiz o‘rnini yaxshi anglagan bolsheviklar O‘zbekiston SSRning qadimgi davridan to 1930-yilgacha bo‘lgan tarixini kommunistik mafkura nuqtai nazardan yozish ishiga kirishadilar. Bu borada respublika hukumatining maxsus qarorini ham chiqartirib, uni bajarishga boshchilikni Toshkentdagi Revolyutsiya tarixi ilmiy-tadqiqot instituti nazoratida Po‘lat Soliyevga yuklaydilar.

1933-yili O‘zbekiston pedagogika akademiyasi O‘zbekiston SSR davlat universitetiga aylantirilgan va 1935-yil sentabrida uning qoshida O‘zDUda O‘rta Osiyo respublikalari ichida birinchi bo‘lib “O‘rta Osiyo tarixi” kafedrasi tashkil etilgan. Po‘lat Soliyev ushbu kafedraning mudiri etib tayinlangan. Ushbu kafedrada o‘z davrining yetuk olimlari kabi professorlar faoliyat ko‘rsatgan.

1936-yili Po‘lat Soliyev Toshkentga butunlay ko‘chib o‘tib, O‘zbekiston SSR markaziy ijroiya qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan Fan qo‘mitasida ish boshlaydi. Ushbu tuzilma keyinchalik O‘zbekiston SSR xalq komissarlari soveti qaramogʻiga berilgan va unda Po‘lat Soliyev O‘zbekiston tarixi bo‘limini boshqargan. Ayni paytda Toshkent, Samarqand, Fargʻona va Buxoro oliy o‘quv yurtlarida talabalarga maʼruzalar o‘qigan.

Po‘lat Soliyev sermahsul va serqirra olim sanaladi. 1920-yillarda uning Qurʼoni karim matnini ilmiy sharhlar bilan ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilgani maʼlum. Shuningdek, “Buxoro tarixi” (1923) va “Mangʻitlar saltanati davrida Buxoro o‘lkasi” (1925) kabi asarlarini yaratgan.

Tarixchi olim O‘rta Osiyo tarixi masalalariga murojaat etar ekan, 1926-yili o‘zining yirik asarlaridan biri – “O‘zbekiston va Tojikiston” asarini yozgan. Unda o‘zbek, qozoq, qirgʻiz va turkmanlarning ijtimoiy, iqtisodiy hayoti, dehqonchiligi, ulardagi yer va suv masalalari, shuningdek, Rossiya imperiyasining Turkistonni tayyor xom ashyo bazasiga aylantirishga urinishlarini yoritib bergan.

Uning ilmiy faoliyatidagi yana bir muhim asar – “O‘zbekiston tarixi”ni yaratishi bo‘ldi. Bu o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixidagi birinchi urinish bo‘lib, qadimgi, o‘rta asr va zamonaviy tarixchilarning asarlaridan va boshqa manbalardan olingan maʼlumotlarni jamlash, umumlashtirishni taqozo qilgan. Po‘lat Soliyev uni taxminan 1935-yili yozib tugatgan va qo‘lyozmani O‘zbekiston SSR kompartiyasi markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi Akmal Ikromov raisligidagi guruhga muhokama qilish uchun topshirgan. Afsuski, ushbu qo‘lyozma nusxasi 1937-yili Po‘lat Soliyev qamoqqa tashlangach, yo‘qotilgan.

Oilasi. Turmush o‘rtogʻi Fotima Fayzirahmonova bo‘lib, farzandlari haqida maʼlumot mavjud emas.

O‘limi. Po‘lat Soliyev Toshkent qamoqxonasida bir yil davomida saqlangan va 1938-yil 13-oktyabrda otuvga hukm qilingan.


Jadidlar.uz saytidan olindi.