Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


SAIDAHMAD HASANXOʻJA OʻGʻLI SIDDIQIY

img

(1864–1927)


Bolaligi Milliy uygʻonish davrining yirik vakillaridan biri, shoir va tarjimon Saidahmad Hasanxoʻja oʻgʻli Siddiqiy – Ajziy 1864-yili Samarqand viloyatining Jomboy tumani Halvoyi qishlogʻida hunarmand oilasida tavallud topgan. Yoshligida otasi vafot etib, bobosi qoʻlida voyaga yetgan.

Maʼlumoti Dastlabki taʼlimni uyda olgan Saidahmad Hasanxoʻja oʻgʻli Siddiqiy Samarqand va Buxoro madrasalarida tahsilni davom ettirgan. Sharq klassik adabiyotini qunt bilan oʻrgangan, arab, fors, ozarboyjon va keyinchalik rus tilini oʻzlashtirgan. 1880-yillardan oʻzi ham anʼanaviy usuldagi sheʼrlar mashq qila boshlagan.

Faoliyati 1901-yili haj safariga borgan. Bir qator Sharq mamlakatlarida boʻlib, islom dunyosidagi yangiliklar bilan tanishgan, bir necha muddat Jiddada Rusiya elchixonasida tilmochlik qilgan. Soʻng Moskva, Peterburg shaharlarini aylanib, Tiflisga, so‘ngra Samarqandga kelgan. 1903-yil Halvoyi qishlogʻida yangi maktab ochgan. Ajziy oʻzi ochgan maktabda tabiiy fanlar, arab hamda rus tillaridan saboq bergan, darsliklar yozgan. Siddiqiy Ajziy vaqtli matbuot nashrlarida ham faol ishtirok etgan. Vatan, ilm-maʼrifatga bagʻishlangan maqolalari bilan Qozon, Orenburg va Kavkazdagi nashrlarda ham qatnashgan. Siddiqiy 1917-yil fevral voqealaridan keyin ijtimoiy harakatda bevosita ishtirok etgan. 1918–1921-yillarda Samarqand viloyati Adliya komissari lavozimida ishlagan. 1922-yildan esa yana oʻqituvchilikka qaytgan. 1926-yili Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi unvonini olgan.

Ilmiy-adabiy merosi 1908–1910-yillari L.Tolstoy hikoyalarini, Krilov masallarini, Gogolning “Shinel” povestini oʻzbek va tojik tillariga tarjima qilgan. Ajziy “Ayn ul-adab” (“Odob chashmasi”, 1916), “Ganjinai hikmat” (“Hikmat xazinasi”, 1914) kabi sheʼriy toʻplamlari, “Mirʼoti ibrat” (“Ibrat oynasi”, 1914), “Anjumani arvoh” (“Arvohlar yigʻini”, 1912) dostonlarini yozgan va nashr qildirgan. “Mirʼoti ibrat”da Turkistonning oʻsha davrdagi fojiali ahvoli va undan qutulish choralari haqida bahs yuritgan. Ilm-fan, davlat, til, qonun – bularsiz hech bir millatning istiqboli yoʻq, bu toʻrt narsani qoʻlga kiritmagan millat halokatga mahkumdir, degan. “Anjumani arvoh”da esa xonlikdagi turgʻunlik tanqid qilingan. Sheʼrlari chuqur falsafiy mazmuni, ijtimoiy-siyosiy mushohadalari, Fuzuliy va bedilona uslubi bilan ajralib turgan. U milliy uygʻonish davrining barcha shoirlari singari keng ommani maʼrifatga boshlash, haq-huquqini anglatishni adabiyotning bosh mavzui deb bilgan.

Siddiqiy Ajziy Samarqandda oʻzbek va tojik tillaridagi “Mashrab”, “Mulla Mushfiqiy” kabi hajviy jurnallarni, “Zarafshon” gazetasini chiqarishda faol ishtirok etgan. “Mayna”, “Ginagina”, “Shashpar”, “Tir”, “Gumnom”, “Olmos” imzolari bilan hajviy asarlar yozgan. Ularda shoʻro tuzumida yuz berayotgan oʻzgarishlarni xushlamaslik, kelajakdan xavotirlanish kayfiyatlari seziladi. 1903-yilda Halvoyi qishlogʻida shoirning oʻzi qurdirgan maktab hali ham mavjud boʻlib, hozir ham uning nomida.

Oʻlimi Siddiqiy 1926-yili qattiq kasallanib, 1927-yilning iyul oyida Samarqandda vafot etgan.

Jadidlar.uz saytidan olindi.