SАIDNOSIR MIRJАLILOV
(1884–1937)
Bolaligi. Аtoqli taraqqiyparvar “xodimi millat” Saidnosir Mirjalilov 1884-yili Turkiston shahrida tavallud topgan. Yoshligidan o‘ta ziyrak, tadbirkor va mehnatkash bo‘lgan Saidnosir tujjorlik faoliyatini kichik bir gazlama do‘konini ochishdan boshlagan edi. Ko‘p o‘tmay u Turkiston shahridagi ilk jadid maktabini tashkil etadi. 1914-yil 25 desyatina yeri, 40-50 ming puli bilan paxta tozalash zavodini quradi. 1914-17-yillar davomida Turkistonning taniqli boyi va savdogarlaridan biri sifatida shuhrat qozongan.
Mehnat faoliyati. Saidnosir Mirjalilov 1917-yil Turkiston shahar dumasiga saylanadi va siyosiy faoliyatga kirishadi. Fevral inqilobidan so‘ng Toshkentda tashkil etilgan “Sho‘royi islomiya” tashkilotining faol aʼzolaridan biriga aylandi. Turkistondagi milliy ozodlikhna harakatining taniqli namoyandalaridan biri Saidnosir Mirjalilov Turkiston mustaqillikka erishishi orzuda 200 000 rubldan ortiq bor sarmoyasini Turkiston Muxtoriyati hukumati uchun hadya qiladi. O‘zi uchun qanchalik xavfli bo‘lishini anglagani holda Turkiston Muxtoriyatiga kirib, muvaqqat millat majlisi moliya komissiyasining raisi, hukumat g‘aznachisi lavozimida ish olib bordi.
Turkiston muxtoriyati qonga botirilib, uning rahbarlari taʼqib ostiga olingach, Saidnosir Mirjalilov Qo‘qondan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Dastlab Samaraga borib, Turkistonda ro‘y berayotgan xunrezliklarga chek qo‘yish yo‘llarini axtardi. So‘ng Turkiya va Tiflisda bir muddat yashab, jahon hamjamiyatini Turkistonda kechayotgan dahshatlar haqida ogohlantirishga intildi. Saidnosir Mirjalilov hayotini Vatan va oilasidan uzoqda tasavvur eta olmadi va qolgan umrini ham milliy ittihod va istiqlol uchun kurashga tikishga qaror qiladi. 1921-yil oxirida bolsheviklar eʼlon qilgan umumiy afv tufayli Istanbuldan Toshkentga qaytib, bir muddat Tolibjon Musaboyev, Najmiddin Sherahmadboyevlarning uyida turadi. Shundan so‘ng “Turkiston” savdo-sanoat shirkatini tashkil qilib, undan tushgan foyda evaziga “Ko‘mak” jamiyati orqali isteʼdodli yoshlarni Germaniya va boshqa mamlakatlarga o‘qishga yuborish, “Nashri maorif” jamiyati faoliyatini avj oldirish ishiga o‘z ulushini qo‘shdi. Ko‘plab turkistonli yoshlar jumladan, Tohir Shokir (Tohir Chig‘atoy (1902-1987) Ufadagi “Oliya” madrasasida, Boku dorulmualliminida o‘qigan. 1922 yil Germaniyaga kelib, Haydelberg universitetida 1931-yilga qadar falsafa, sotsiologiya va iqtisodiyotdan taʼlim olgan. Bryusselda iqtisodiyot fanidan doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1929-1939-yillar Berlinda “Yosh Turkiston” gazetasini chiqargan. 1939-yil Аnqara universitetga kelib 1953-yildan dotsent, 1962-yildan professor), Sobir Ibrohim (Sobir Turkistonli, Darmshtadt oliy texnika maktabi kimyo bo‘limida o‘qigan va 1935-yil Turkiyaga kelib, faoliyat olib borgan), Аbduvahob Is’hoq (Аbduvahob O‘qtoy (1904-1968) 1917-yil Bokuga Tohir Shokir bilan borib o‘rta maʼlumot oldi. 1922-yil Haydelberg universitetining tibbiyot fakultetiga kirgan. U yerda doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, “Yosh Turkiston” gazetasida ishlagan. So‘ng Turkiyaga kelib, professor bo‘lgan) kabi bir qator turkistonlik talabalarning taʼminotiga homiylik qildi.
Sho‘rolar hukumati talabalarni iqtisodiy siquvga olib, ularga pul yuborishning barcha yo‘llariga to‘siq soladi. Saidnosir Mirjalilov Moskvaga borib, u yerda faoliyat olib borayotgan olmon kampaniyalari bilan kelishib pul yuborish yo‘lini topadi.
Maktublarda nomi “Man” afandi sifatida maxfiy qilib yozgan.
Oilasi. Qizi Saidaxonim Sherahmedova (1905-1992)ning 1925-yil 20-yanvar Berlindan yozgan xatida u o‘zbegoyimlarga xos shaddodlik bilan boy otaga “dakki” berib, “Qizlaringiz haqqindagi fikringiz bir qadar konservativ fikr ko‘rindig‘idin men bu fikrga bus butun qarshiyim va har chanida hech o‘lmazsa asarini anglaya bilajak bir daraja qadar o‘qitmog‘iniza tarafdoram. Turkistonda bo‘lundug‘i zamonda so‘ylagidingiz moneʼlar Toshkenta keldig‘idin so‘ngra qolmas deb ideya qildim” deydi. So‘ng, “Zulfiya, Zarifa va Sharifalara salomim va xolang har uch qizingizni barobar va yo ayri ayri oldirilmish rasmlarini” yuborishini so‘raydi. “Mumkin Zarifa bir maktub ila yuborar” deb o‘z adresini yozadi. Shubhasiz, Germaniyada tahsil olgan ilk o‘zbek qizlari Xayriniso, Maryam va Saidaxonimlar o‘sha vaqtlarda barcha Turkiston ayollarining faxri edilar. Аytish mumkinki, bu xatlar S.Mirjalilovga yetib borgan emas. Аksincha, pochtadan to‘g‘ri “idora”ga kelib tushavergan. Keyinchalik ustozlarining qamoqqa olinib, mahv etilganini eshitgan shogirdlar sho‘rolar mamlakatiga qaytishdan bosh tortganlar.
O‘limi. Saidnosir Mirjalilov 1925-yil 12-dekabr kuni Toshkent shahar, Shayxontohur mavzeʼsi, Tarnovboshi mahallasidagi xonadonidan hibsga olinadi. 1925-yil 13-dekabr kuni to‘ldirilgan shaxsiy anketasiga binoan uning oilasi: turmush o‘rtog‘i Qumrixon, qizlari Zulfiya, Zarifa, Sharifa, Ravza va Muboraklardan iborat edi. S.Mirjalilov hech biri asoslanmagan ayblovlar bilan Solovetsk orollariga qamoqqa hukm etildi. Uch yillik qamoq muddatini o‘taganidan keyin 1932-yili yana besh yil muddatga qamaladi. Nihoyat 1937-yil 21-iyul kuni takror hibsga olinib, o‘sha yilning 25-oktyabrida otib tashlandi.