Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


SATTOR JABBOR

img

(1905 – 1938)

Bolaligi. Sattor Jabbor 1905-yili Toshkentda tug‘ilib, avval eski maktabda, so‘ng rus-tuzem maktabida, 1918-1921-yillarda esa “Namuna” maktabida o‘qidi. Bu maktab Toshkentda birinchi zamonaviy maktab hisoblanib, unda Sattor Jabbor bilan birga bo‘lg‘usi olim va yozuvchilar: Oybek, Mirkarim Osim, Homil Yoqubov, Subutoy Dolimov va boshqalar ham o‘qigan. Ularga o‘sha davrning yetakchi pedagoglaridan Munavvar qori Аbdurashidxonov, Аbdurauf Fitrat, Eson afandi Musaev, Shorasul Zunnun, Qayum Ramazonlar dars berganlar. Sattor Jabbor 1921-yili shu maktabni muvaffaqiyatli bitirib, o‘z safdoshlari bilan Navoiy nomli bilim yurtiga o‘qishga o‘tgan, keyinchalik bir guruh yoshlar bilan birga Buxoro Xalq Respublikasi tomonidan Berlinga o‘qishga yuborilgan. Sattor Jabbor Berlinda avval xususiy yo‘l bilan o‘qib, nemis tilidan imtihon topshirgach, 1925-yilda Haydelberg shahriga borib, u yerda oberimtihondan o‘tib, dorilfununning kimyo fakultetiga kirgan.

Ma’lumoti. Sattor Jabbor dastlab Berlindagi o‘rta bilim yurtida nemis tilini puxta o‘rganadi va 1925-yildan 1927-yilgacha Haydelberg dorilfununida, 1928- 1931-yillarda esa Berlin dorilfununining kimyo institutida o‘qiydi. 1931-yili sovet davlati stipendiya berishni to‘xtatib qo‘ygach, o‘qishning oxirgi yillarida moddiy yordam so‘rab universitet professorlari Shleyn va Buinshteynlarga murojaat qiladi. Ular turkistonlik talabaning o‘qishdagi yutuqlari va qobiliyatini hisobga olib, dorilfununni muvaffaqiyatli tugatishiga yordam beradilar. U Аleksandr Gumboldt nomidagi fond mablag‘i hisobiga o‘qishni davom ettiradi.

Sattor Jabbor 1927-yili Germaniyada tahsil olayotgan bir guruh yurtdoshlari Solih Muhammad, To‘lagan Mo‘min va boshqalar bilan birga Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ziyolilari qurultoyida ishtirok etadi. Respublika ziyolilari orasidagi mafkuraviy bahs va munozaralarga, ayniqsa, Munavvar qori, Cho‘lpon, Vadud Mahmud singari pokdomon insonlarning tahqir qilinishlariga shaxsan guvoh bo‘lib, “eski” ziyolilarga qarshi keskin kurash boshlanganini ko‘radi va Germaniyaga qaytgach, sovetlarning O‘zbekistonda o‘tkazayotgan mustamlakachilik siyosatini qoralagan, Turkistondagi istiqlolchilik adabiyoti namoyandalariga hurmat tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan, shuningdek, xotin-qizlar mavzuiga bag‘ishlangan maqolalar yozadi.

Mehnat faoliyati. Sattor Jabbor 1931-yilda O‘zbekistonga qaytib, O‘rta Osiyo davlat Meditsina institutining biokimyo (1932–1934), keyinchalik noorganik kimyo kafedralari (1935–1937) mudiri, Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi kollegiyasi aʼzosi, Maorif xalq komissarligi huzuridagi Ilmiy kengash aʼzosi vazifalarida ishlaydi. Toshkent Davlat Meditsina instituti noorganik kimyo kafedrasi mudiri Maʼfuaxon Аlaviyaning guvohlik berishicha, Sattor Jabborga o‘sha yillari ko‘p yillik ilmiy ishlari majmuasi uchun kimyo fanlari nomzodi ilmiy unvoni berilgan.

Olimning 20 dan ortiq ilmiy ishi mavjud bo‘lib, ular orasida nemis tilidagi kimyo darsliklarining o‘zbek tiliga tarjimalari, shuningdek, ruscha-o‘zbekcha va nemischa-ruscha-o‘zbekcha kimyo terminlari kitoblari ham bo‘lgan.

Oilasi. Qatag‘on qilingan vaqtda qaramog‘ida rafiqasi Toshkent tekstil instituti talabasi Mahbuba Muhamedova 26 yoshda, onasi (uy bekasi) Kamolaxon Jabborova 57 yoshda, o‘quvchi o‘g‘illari G‘affor 14 yoshda, Elxon 8 yoshda, go‘daklari Dilbar 4 yoshda, Urxon – 3 yoshda, O‘zxon esa bir yoshda bo‘lishgan.

O‘limi. Germaniyalik professor Englyand 1936-yilda nemis josusi sifatida shubha ostiga olindi va u o‘sha yiliyoq Germaniyaga qaytib ketishga majbur bo‘ldi, uning kasbdoshi Germaniyada taʼlim olgan, dastlabki o‘zbek kimyogar olimlaridan biri Sattor Jabbor esa 1937-yil 8-yanvarda josuslikda ayblanib, qamoqqa olindi. Uning qamoqqa olingan kuni to‘ldirilgan mahbuslik anketasida qayd qilinishicha, o‘sha vaqtda Sattor Jabbor Karl Marks ko‘chasidagi Toshkent Davlat meditsina instituti olimlari uyida yashagan.