25.11.2025 | 16:16
430
MASLAHATLI TO‘Y TARQAMAS
Jamoliddin BADALOV

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari bir-biriga birodar bo‘lgan mintaqamiz ulkan va qudratli salohiyatga ega markaz ekanligini amalda isbotladi.
2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini tashkil etish g‘oyasi qo‘shni davlatlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan edi. 2018-yildan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazila boshlandi. Bunday uchrashuvlar doirasida ko‘plab muammoli masalalar oqilona tarzda hal etildi. Hududiy nizolar, suv taqsimoti, chegara va boshqa dolzarb masalalar kun tartibiga kiritildi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Birinchidan, sammit arafasida davlatimiz rahbarining e’lon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasi ishtirokchilar uchun muhim, ijobiy va sog‘lom muhit yaratdi.
Ikkinchidan, uchrashuv nafaqat Markaziy Osiyo, balki xalqaro maydonda katta aks sado berib, boshqa davlatlar va mintaqalar uchun hamkorlik, hamjihatlik, muloqot hamda o‘zaro siyosiy ishonch nuqtayi nazaridan namunaga aylanyapti. Uchinchidan, Ozarbayjon Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilinishi 2023-yildan mehmon sifatida qatnashayotgan qardoshlarimiz nafaqat formatning geografiyasini Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz bilan bog‘lab kengaytiradi, balki mintaqaning subyektligini ham kuchaytiradi. Bu bilan Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz yagona geosiyosiy va geoiqtisodiy makonga aylandi. Agar bu bog‘liqlik yana kuchaytirilsa, bu ikki mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga, xalqlarning farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Zero, o‘rtamizda tarixiy madaniy va ma’naviy aloqalar mavjud. Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan Ozarbayjonga Maslahat uchrashuvlarida to‘laqonli ishtirokchi maqomini berilgani tarixiy munosabatlarimizni siyosiy formatga aylantirishni anglatadi. Albatta, Toshkentda bu borada oxirgi konsensusga erishildi.
Endilikda Ozarbayjon Markaziy Osiyo integratsiyasining shunchaki sherigi emas, balki turkiy birlashuvni ham o‘z ichiga olgan mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik jarayonlarida faol ishtirok etayotgan davlatdir. Boshqacha aytganda, bugun Boku Sharq va G‘arb o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, mintaqamizni organik ravishda to‘ldirmoqdaki, bu ayniqsa, Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatida ochiq ko‘rinadi. Iqtisodi tez rivojlanayotgan O‘zbekiston tovarlar harakatini maksimal darajada yengillashtirishdan manfaatdor. Ozarbayjon tomonidan ilgari surilayotgan keng transport imkoniyatlari Markaziy Osiyo uchun butunlay yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ochadi. Ana shunday pragmatik manfaatlar mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkam va samarali qiladi. Ozarbayjon – bir tomondan Janubiy Kavkazda, boshqa tomondan Markaziy Osiyoga yaqin joylashgan, Kaspiy havzasiga kiradigan davlat. Bularning barchasi Prezident Ilhom Aliyev tomonidan belgilab berilgan Ozarbayjon tashqi siyosatining yangi konsepsiyasiga asoslangan faol siyosat olib borish uchun zamin yaratadi. Shuning uchun mazkur format Ozarbayjon bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida strategik sheriklik, ittifoqchilik asosida munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga, iqtisodiy, savdo, madaniy, gumanitar, transport-logistika aloqalarini kengaytirishga katta imkoniyat va istiqbol qopqasini ochadi.
Bugungi kunda Ozarbayjon va Markaziy Osiyo Sharq-u G‘arb, Shimol-u Janub o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in, ko‘prik hisoblanadi. O‘rta koridorni rivojlantirish mamlakatlarimiz uchun strategik ahamiyatga ega. Transport va logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, bojxona jarayonlarini sinxronlashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar yuk tashish hajmini oshirish, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va xalqaro bozorlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochib bermoqda. So‘nggi uch yil ichida Ozarbayjon orqali O‘rta koridor bo‘ylab yuk tashish hajmi 90 foizga oshib, o‘tish vaqti sezilarli darajada qisqardi. Yiliga 25 million tonna yuk o‘tkazish quvvatiga ega Alyat xalqaro porti, Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘li, 9 ta xalqaro aeroport, mintaqadagi eng yirik yuk tashish aviakompaniyasi va boshqa omillar Ozarbayjonni xalqaro transport tugunlaridan biriga aylantirdi.
Ozarbayjon hududida qurilishi yakunlanayotgan Zangezur koridori boshlang‘ich bosqichda 15 million tonna yuk o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lib, O‘rta koridorning muhim arteriyasiga aylanadi. Shuningdek, Zangezur koridorining bir qismi bo‘ladigan avtomagistral qurilishi bitay deb qoldi.
“Raqamli Ipak Yo‘li” loyihasi Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab optik tolali kabel tarmog‘ini yaratish rejalarini o‘z ichiga oladi. Mazkur loyiha xalqaro bozorga elektr energiyasini birgalikda eksport qilish uchun katta istiqbollarni ochmoqda. Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz imkoniyatlari birlashtirilayotganini uchinchi bir davlatlarga qarshi qaratilmaganligini ham ta’kidlash o‘rinli. Boz ustiga, Pekin, Vashington va Moskva kabi har bir hamkor mintaqaning iqtisodiy va tranzit salohiyatini rivojlantirishga aniq pragmatik qiziqish bildiryapti. Barcha yo‘llar Rimga olib boradi, degan mashhur maqolni bugun “Barcha asosiy quruqlik yo‘llari Markaziy Osiyo bilan tutashadi” qabilida ifodalasak, to‘g‘riroq bo‘lardi.
To‘rtinchidan, davlat rahbarlarining nutqlarida bir-biriga yaqin mavzular, taklif va tashabbuslar ko‘tarildi. Bu mintaqa davlatlarining xalqaro maydonda yakdillikka, uning chinakam subyektiga aylanib borayotganini, ovozi balandroq jaranglayotganini namoyish etdi. Beshinchidan, sammitda Afg‘oniston omili va umumiy global notinchlik hisobga olingan holda xavfsizlik masalalari muhokama qilindi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanish konsepsiyasi va ularga xurujlarning oldini olish bo‘yicha xavflar katalogi imzolandi. Suv xavfsizligi va ekologik barqarorlik, transport aloqasi, sun’iy intellektga asoslangan texnologik rivojlanish, sanoat va qishloq xo‘jaligi hamkorligi mintaqaviy siyosatning asosiga aylanmoqda. Bu esa mintaqadagi vaziyat 15–20 yil avvalgidan juda farq qilishini namoyish etadi. O‘zbekiston Prezidenti maslahat uchrashuvi arafasida ta’kidlaganidek, ko‘p yillardan beri birinchi marta mintaqamizda ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat muhiti shakllanmoqda. Ko‘pchilik mintaqaviy muammolar, suv taqsimoti yoki chegara nizolariga oid kelishmovchiliklar uzoq muddatli munosabatlarni buzadi, deb hisoblardi. Biroq barcha salbiy prognozlarga qaramay, mintaqa yakdillik sari dadil odimlayapti. Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasi, shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston chegaralarining tutashgan nuqtasi bo‘yicha kelishuvlar tuzilishi, shuningdek, Tojikistonning XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish bo‘yicha “Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik” shartnomasiga qo‘shilishi mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi, Markaziy Osiyo xavfsizligiga xatarlarning katalogi va ularning oldini olish bo‘yicha 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan choralar kabi hujjatlar imzolandi. Bu mintaqa davlatlarining umumiy manfaatlari va yagona pozitsiyasini aks ettiradi. Qo‘shma bayonot esa xalqaro hamjamiyatga Markaziy Osiyo davlatlarining birlashgan va muvofiqlashtirilgan yondashuvga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Imzolangan hujjatlar shunchaki deklarativ emas, balki aniq amaliy chora-tadbirlar va muddatlarni belgilaydi hamda qarorlarning qog‘ozda qolib ketmasligini, aksincha, hayotga tatbiq etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bugungi shiddatli jarayonlar Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb manfaatlari kesishmasidagi chorrahaga aylanib borayotganini namoyish etdi. Bu mintaqa mamlakatlari uchun tarixiy imkoniyatdir. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Toshkent muzokaralari Markaziy Osiyoga global e’tiborning ortib borayotgani fonida o‘tkazildi.
Biz keyingi davrda C5+1 formatida birin-ketin ko‘plab amaliy tadbirlarni ko‘ryapmiz. Yevropa Ittifoqi, Xitoy, AQSH va Rossiya Markaziy Osiyoga sezilarli e’tibor qaratishni boshlagani aniq. Mintaqa ichidagi munosabatlar ham jadal rivojlanyapti. Xalqaro bozorlarga chiqish uchun qo‘shma infratuzilma yaratilyapti. Qosim-Jo‘mart To‘qayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida boshlangan muhim loyihalardan biri – “Markaziy Osiyo Xalqaro sanoat hamkorligi markazi” shular jumlasidan. U Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi shunga o‘xshash transchegaraviy hamkorlik markaziga, Xorgosdagi Xalqaro savdo hamkorligi markaziga juda o‘xshaydi. Ammo yangi markaz ko‘plab qiziqarli ishlanmalar: sanoat korxonalari, yashil yo‘lak, bojxona to‘siqlarini olib tashlash, aviatsiya markazini yaratish va boshqa ko‘p sohalarga asoslangan. Ko‘rib turganimizdek, Markaziy Osiyo uchun umumiy siyosiy, iqtisodiy va madaniy makon shakllanayotgan bir paytda tarix ko‘z o‘ngimizda yaratilmoqda.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, geosiyosiy beqarorlik sharoitida Markaziy Osiyo davlatlarining yagona tashqi siyosiy yondashuvlarini ishlab chiqishi mintaqaning xalqaro maydondagi pozitsiyasini mustahkamlaydi, umumiy manfaatlarni himoya qiladi va turli global kuch markazlari bilan pragmatik aloqalar o‘rnatishga yordam beradi. “Markaziy Osiyo plyus” formatlari ham shunga qaratilgan. Sammitda qabul qilingan hujjatlar esa Markaziy Osiyo davlatlarining chuqurroq integratsiya, samarali hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlashga bo‘lgan jiddiy intilishlarini aks ettiradi.
Bu mintaqaning kelajakdagi taraqqiyoti va xalqaro maydondagi roli uchun muhim poydevor demakdir.
«Jadid» gazetasining 2025-yil 21-noyabrdagi 47-soni
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
78
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132



