05.11.2025 | 10:19
597
MILLAT BORLIGI VA BIRLIGI TAMALI
Nizomiddin MAHMUDOV O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor

Yer yuzidagi har bir til, u xoh katta yo kichikdir, o‘zi mansub millatning tamalini belgilaydigan, tafakkur va taxayyul tarzini, tabiiy inja tuyg‘ularini salomat saqlaydigan va yugurik asrlardan asrlarga to‘zg‘itmay olib o‘tadigan betakror qudratdir. Mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekistonimizda yuritilayotgan oqilona til siyosati tufayli o‘zbek tili ana shunday o‘ziga xos, benazir va mo‘tabar manba sifatida muntazam tadrijiy takomil va ravnaq topib bormoqda. Yurtimizda o‘zbek tilining davlat tili degan oliy rutbasiga va bu yuksak maqomning yanada mustahkamlanishiga munosib keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqdaki, ularning yorqin samaralari ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib turibdi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 21-oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir… Ona tilimiz milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”, deya ta’kidlagan edi.
Chindan ham, ona tilimiz milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, uning ihota qo‘rg‘onidir. Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida qayd etilgan: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinayi hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdur”, degan hikmatli so‘zlari ham bu fikrlarni har jihatdan tasdiqlaydi. Darhaqiqat, til – millatning mavjudligi va barhayotligi, uning ichki va tashqi dunyosi asrorlari, botiniy va zohiriy olami sinoatlari, umuman, o‘tmishi, buguni va kelajagining mo‘tabar shahodati, xira tortmas “oyinayi hayoti”dir.
Ayni paytda, til har bir millat va xalqning mutlaqo o‘ziga xos tabiati va idrok tamoyillarini ham aks ettiradi. Masalan, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi janob Timoti Smart o‘zbek maqollari, jumladan, “Mehmon otangdan ulug‘” maqoli o‘zbek xalqining milliy-madaniy xususiyatlarini yorqin aks ettirishini alohida ta’kidlaydi (gazeta.uz sayti. 2025-yil 21-oktyabr).
Xalqning madaniy, milliy-mental o‘ziga xosliklari tilda anchayin qabariq ifodalanadi. Bu badiiy matnlarda, nazmda, nasrda, xalq qo‘shiqlari va boshqa shu kabi matn tillarida yanada yorqin ko‘rinadi. Mashhur faylasuf Konfutsiyning qiziq bir gapi bor: “Dunyodagi har qanday xalqning aytayotgan qo‘shig‘ini keltiring, men uni eshitib, bu xalqni qanday idora etish mumkinligini aytib beraman”. Dunyoni bilishda, uni teran anglash va anglatishda til, ayniqsa, ona tilining o‘rni beqiyosdir, chunki til tashqi dunyo idrokida asosiy va farqlovchi vazifani bajaradi. Men bu haqda o‘ylaganimda, bir maqola esimga keladi. Bu ingliz jurnalisti Govard Brabinning “Ona tili va miya. Yapon olimining g‘aroyib kashfiyoti” nomli maqolasi bo‘lib (Kurer YUNESKO, 1982, №2), unda Tokio universitetining tibbiyot professori Tadanobu Sunodaning 15 yillik tajriba-tadqiqotlari natijalari haqida axborot berilgan.
Professor Sunoda yaponiyalik va g‘arblik (fransuz, ingliz, ispan, nemis va hokazo) odamlarni o‘z tajribasiga jalb qiladi. Tegishli zamonaviy asboblar yordamida ularga bir paytning o‘zida inson ovozi, hayvonlar, hasharotlar tovushi, turli mexanik ovozlar, yapon va g‘arb musiqa asboblari tovushlarini eshittiradi. Shunda ma’lum bo‘ladiki, yapon va g‘arb kishilarining bosh miya yarim sharlarida vazifalar taqsimlanishida farq mavjud ekan. Boshqacha aytganda, yapon kishisi bosh miyasining chap yarim sharidagi markazlar bilan qabul qilgan tovushlarni g‘arb kishisi bosh miyasining o‘ng yarim sharidagi markazlar bilan qabul qilar ekan.
Tadqiqotchi bu farq etnogenetika bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligini aniqlash maqsadida, 20 nafar yapon muhojirining bolalari ishtirokida yana tajriba o‘tkazadi. Natija shuni ko‘rsatadiki, bu farq genetik bo‘lmasdan, ona tili muhiti bilan bog‘liq ekan. Ana shularga asoslanib, professor Sunoda quyidagicha xulosa chiqaradi: “Men insonning o‘z atrofidagi tovushlarni qabul qilishi, o‘zlashtirishi, sezishi va tushunishini ona tili differensiatsiya qiladi, deb hisoblayman. Ona tili miyadagi emotsional (his-hayajon, kuchli tuyg‘u) mexanizmning rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq. Bolalikdan egallangan ona tili har bir etnik guruhning o‘ziga xos, betakror madaniyati va ruhiy olamining shakllanishi bilan chambarchas bog‘liqdir”.
Bir til vakili boshqa tilni o‘rgansa, uning dunyoni ko‘rish tarzi ham o‘zgaradimi? Ha, to‘g‘rirog‘i, bir narsaning boshqa tomonini ham ko‘ra olish imkoniga ega bo‘ladi. Ruhi-chi, ruhi ham o‘zgaradimi? Ha, agar ona tilini unutsa, ruhi ham butunlay o‘zgaradi! Yapon olimining xulosasida ham bu hol ta’kidlangan. Yaqin o‘tmishimizda biz buning bevosita guvohi ham bo‘lganmiz.
Ko‘p tilni bilgan kishining, ko‘rinadiki, tashqi olamni idrok etish imkonlari katta bo‘ladi. Fransuz ma’rifatparvari Volter shunday deydi: “Ko‘p tilni bilish bitta qulfga tushadigan bir necha kalitga ega bo‘lish bilan barobardir”. Demak, tillar faqat aloqa vositasi emas, balki dunyoni to‘laroq anglash vositasi hamdir. Shuning uchun mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rganishga muntazam e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida bu borada shunday fikrlar bayon qilingan: “Kelajagimiz egasi bo‘lgan yosh avlodimiz zamonaviy bilimlar, innovatsiya va taraqqiyot cho‘qqilarini egallashi uchun albatta chet tillarini o‘rganishi lozim. Lekin ular milliy ruh, milliy tafakkur egasi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun, avvalo, o‘zbek tili va adabiyotini bolalikdan boshlab puxta bilishlari shart”.
Bugun O‘zbekistonda yurtimiz fuqarolari bo‘lgan barcha millat vakillarining ona tillari rivojiga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining tabrigida ta’kidlanganidek: “Biz inklyuziv jamiyat barpo etish tamoyillarini til sohasidagi davlat siyosatimizda ham muvaffaqiyatli joriy etib, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining ona tillarini rivojlantirishga muhim ahamiyat bermoqdamiz. Ayni vaqtda ularning davlat tilini o‘rganishlari uchun ham zarur sharoitlar yaratyapmiz. Bugungi kunda o‘zbek tili davlat tili sifatida mamlakatimizdagi barcha millat va elat vakillarini jipslashtirishga xizmat qilayotgani birgalikda olib borayotgan sa’y-harakatlarimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi”.
O‘zbekiston Prezidentining bayram arafasida qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini ham xalqimiz katta mamnuniyat bilan kutib oldi. Qaror bilan “2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025–2026-yillarda amalga oshirish dasturi” ham tasdiqlandi va bu boradagi ishlarning aniq tarxlari belgilab berildi. Qarorda davlat tilini rivojlantirishga oid, jumladan, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha darsliklarning yangi avlodini yaratish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqish, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun “Mening ilk izohli lug‘atcham” rasmli lug‘at kitobini yaratish, bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqish va boshqa aniq vazifalar ko‘zda tutilgan.
Aytish joizki, tilning boyligi, avvalo, undagi so‘z xazinasida namoyon bo‘ladi. Til o‘rganuvchi uchun eng g‘aroyib, sehrli va sir-u sinoatga limmo-lim olam – so‘z xazinasidir. So‘zlarni, aniqrog‘i, muayyan davr so‘zlarini surati, siyrati va butun sinoati bilan salomat saqlaydigan sandiq, albatta, lug‘atlar ekanini isbotlashning zarurati yo‘q. Mashhur fransuz adibi Anatol Fransning: “Lug‘at – alifbo tartibidagi butun olamdir”, degan gapi topib aytilgan. Bu muhtasham olamga endi-endi qadam qo‘yayotgan bolalar uchun odatdagi izohli lug‘atlar dunyosiga kirish, tabiiyki, qiyin vazifa. Shu bois, bolaning jajji shuuri va idrokiga moslab tayyorlangan izohli lug‘atchalar maktabgacha yoshdagilar uchun ayni muddaodir. Bunday kichik lug‘atlar bolalarning sehrli so‘z olamiga kirishi uchun o‘ziga xos pillapoya bo‘lishi tayin.
Prezidentimizning tabrigida: “Raqamli olamda o‘zbek tilida sifatli, ilmiy asoslangan, qiziqarli axborot va ma’lumotlarni ko‘paytirish, xususan, global elektron ensiklopediya va platformalarni davlat tilidagi ilmiy-ommabop maqolalar bilan boyitish, onlayn lug‘atlarni takomillashtirish ham diqqatimiz markazida bo‘lishi lozimligini aytib o‘tmoqchiman. Hayotimizda sun’iy intellekt ta’siri ortib borayotgan bir paytda bu qudratli vosita yordamida ona tilimizni rivojlantirish va targ‘ib etish – davr talabidir”, degan fikrlar bejiz aytilmagan. Tabiiyki, bu bugungi global dunyoda g‘oyat muhim masaladir. Bu fikrlar qarorda ham ifoda topib, ko‘p jildli “O‘zbekiston milliy qomusi”ni elektron shaklda tayyorlash, til o‘rganish bilan bog‘liq raqamli mahsulotlarni yaratish vazifalari qo‘yilgan.
Shuningdek, qarorda “Ona tili. Qomus” kitobini nashrga tayyorlash va chop etish nazarda tutilgan. Qomusda ona tili bilan bog‘liq deyarli barcha ma’lumotlar ilmiy-ommabop tarzda jamlanadi. Bunday kitob tilga e’tiborli kishilarning tasavvur va bilimlarini oshirishga, jamiyatimizda til madaniyati va ma’rifatining yanada mukammallashuviga xizmat qiladi.
Mazkur qarorda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yangi qabul qilinayotgan atamalar bo‘yicha jamoatchilik muhokamasida bildirilgan taklif, fikr va tavsiyalarni qayd etib borishi, tasdiqlangan yangi so‘z va atamalarni o‘zida aks ettiradigan elektron reyestrni yuritishi, o‘zbek tilida chop etilgan sohaviy, izohli va imlo lug‘atlarini o‘zida jamlash va foydalanish uchun mo‘ljallangan elektron platformani yaratish bo‘yicha ilmiy loyihaga tanlov e’lon qilishi ko‘rsatilgan. Bu rejalar o‘zbek tilidagi so‘z va atamalarni tartibga solishday muhim ishlarning muntazam bajarilishiga xizmat qiladi.
Davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish hamda ilm-fan tili sifatida nufuzini oshirish yo‘nalishiga muvofiq har yili oktyabr oyida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish, chet ellik talabalar o‘rtasida o‘zbek tili bo‘yicha respublika olimpiadasi, turli tanlovlarni tashkil qilish, o‘zbek tili fani o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” respublika tanlovi, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini o‘tkazish va yana bir qator tadbirlar ham qarorda belgilangan.
Ushbu muhim hujjat ijrosi betakror ona tilimizning rivoji yo‘lida yana bir samarali qadam bo‘lishi, shubhasiz.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 31-oktyabrdagi 44-soni
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
99
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136



