06.11.2025 | 10:17
587
UYGʻUNLIK EHTIYOJI
Akademik Baxtiyor Ibragimov bilan suhbat

– Assalomu alaykum, domla! Faoliyatingiz bilan tanishish jarayonida Siz tanlagan supramolekulyar kimyoning jahon ilm-fanida murakkab va yosh sohalardan biri ekaniga amin bo‘ldik.
– “Supramolekulyar kimyo” atamasi birinchi marta 1978-yilda Nobel mukofoti laureati Jan-Mari Len tomonidan kiritilgan. U yangi tarmoqqa “molekulyar kuchlar ta’sirida bir-biriga bog‘langan ikki yoki undan ortiq kimyoviy turlarning birlashishi natijasida yuzaga keladigan murakkab obyektlarni tavsiflovchi kimyo” deb ta’rif bergan. Oddiy qilib aytganda, bu ikki yoki undan ortiq molekula o‘zaro birikib hosil qilgan yangi tizimlarni o‘rganadigan fan.
Aniqroq tasavvur hosil qilish uchun qulf va kalit timsolida tushuntiraman. Qulf (mezbon molekula) bu asosiy, murakkab molekula bo‘lib, maxsus bo‘shliqqa ega. Kalit (mehmon molekula) esa qulf bo‘shlig‘iga aynan mos keladi (mos kelmaganlari esa, tabiiyki, kirolmaydi). Ular o‘zaro birikadi, lekin mustahkam bog‘ hosil qilmaydi. Ammo qulflash yoki ochish vazifasini bajaraveradi.
Supramolekulyar moddalarda molekulalar o‘zaro vodorod bog‘lari, Van-der-Vaals kuchlari yoki koordinatsion bog‘lanishlar orqali birlashadi. Bunday tizimlar tabiatda ham keng tarqalgan: hujayra membranasi, oqsillar, nuklein kislotalar majmuasi va hokazo.
– Sizni dunyo kimyogarlari “Ibragimov qoidasi”ning asoschisi sifatida tanib, hurmat qilar ekan. Yigirmadan ziyod xorijlik olimlar tomonidan e’tirof etilgan, dunyo bo‘ylab o‘nga yaqin darslikka kiritilgan qoida mohiyatini qisqacha tushuntirib bersangiz.
– Qoidani soddaroq tushuntirish qiyin, u polimorfizm hodisasi bilan bog‘liq. Polimorfizm bu, bir xil kimyoviy modda turli kristall tuzilishlarda mavjud bo‘lishi mumkin, degani. Tadqiqotlarda aniqladikki, harorat o‘zgargan sari hosil bo‘ladigan polimorf modifikatsiyalar tarkibida “mezbon” va “mehmon” molekulalari o‘zaro har xil munosabatda bo‘ladi. Bu klatrat deb ataladigan moddalar turiga kiradi: ularda katta molekula (mezbon) ichiga boshqa, kichik molekulalar (mehmon) joylashadi. Harorat qanchalik yuqori bo‘lsa, mehmon molekulaning joylashish hajmi shunchalik kichik bo‘ladi. Mana shu qonuniyat keyinchalik ko‘plab amaliy ishlarda qo‘l keladigan qoida sifatida shakllandi. Albatta, buni chuqur tushuntirish uchun termodinamika, rentgen-struktura tahlili, kristallografiya kabi murakkab ilmiy yondashuvlarni qo‘llash kerak.
Endi, nima uchun bu “Ibragimov qoidasi” deb ataladi, degan savolga kelsak. Shu vaqtgacha o‘ttizga yaqin davlatda bo‘lib, turli konferensiyalarda ma’ruza qildim. 2003-yili Avstraliyada gossipol nomli moddaning polimorf shakllari haqida ma’ruza qilganimda, u yerdagi olimlar men ilgari surgan nazariyani shu modda uchun ham to‘liq mos kelishini tan olishdi. Shunda ular: “Bu holatni siz taklif qilgan qonuniyat bilan tushuntirish mumkin, uni “Ibragimov qoidasi” deb ataylik”, deya taklif qilishdi. Inglizchada “Rule developed by Ibragimov”, ya’ni “Ibragimov tomonidan ishlab chiqilgan qoida” deb yuritila boshlandi.
Bugungi kunda ham bu qoida jahon ilmiy hamjamiyati tomonidan tan olingan yutuq sifatida qayd etiladi.
– Tarjimayi holingizda har bir ilm ahli havas qilgulik natijalarni ko‘rish mumkin. Ya’ni, Siz shu vaqtgacha uch yuzdan ortiq ilmiy ish, jumladan, o‘nta ixtiro muallifisiz. Bu ixtirolarning amaliyotda qo‘llanishi qanday kechmoqda?
– Amaliyotda keng foydalanilayotgan ixtirolarimizdan biri – toza gossipol olish usuli. Gossipol paxta chigitida uchraydigan bioaktiv, ammo zaharli modda; u juda kuchli biologik ta’sirga ega – kam miqdorida dori xususiyatlari bo‘lishi mumkin, lekin ko‘p miqdorda zahardir. Gossipolning tarixiy kashfiyoti qiziq: ba’zi Xitoy viloyatlarida ma’lum davr mobaynida befarzandlik holati kuzatilgan va buning sababini tadqiq etganda paxta yog‘ining qayta ishlash uslubidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq gossipol izlari topilgan. Shu sababli, gossipolning farmakologik imkoniyatlari o‘rganildi, ammo u nojo‘ya ta’sirlari tufayli keng qo‘llanilmaydi – hozir uning hosilalaridan va modifikatsiyalaridan foydalanish yo‘li izlanmoqda.
Bizning guruh bir necha patent olgan: 1980-yillarda Polsha, AQSH, Germaniya va Italiyada ro‘yxatlangan patentlarimiz bor. Ularning ichida gossipolni tozalash usuli ham mavjud – bu usul hozirda ayrim ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llanmoqda.
Yana biri “Ibragimov qoidasi”dan kelib chiqadigan amaliy dasturlar. Ko‘plab farmatsevtik moddalar kristallanayotganda erituvchi molekulalari bilan solvat hosil qiladi. Erituvchi molekulalari dorining tarkibiga kirsa, nojo‘ya ta’sirlar yuzaga kelishi mumkin, qoidamiz shu holatni bartaraf etish yo‘lini ko‘rsatadi. Erituvchining qaynash haroratiga yaqin sharoitda kristallanishini tashkil etish orqali noxush solvatlardan qutulish mumkin – bunday yondashuv hozir amaliyotda qo‘llanmoqda. Shu bilan birga, dori moddalarning metall komplekslarini olish va ularni tekshirish ham amalda qo‘llanmoqda. Ko‘p dori moddalari (kislorod va azot atomlari mavjud bo‘lganlari) metall ionlari bilan koordinatsion birikmalar hosil qiladi, natijada kimyoviy va biologik xossalari o‘zgaradi. Ba’zi hollarda biologik faollik ortadi va nojo‘ya ta’sirlar kamayadi. Masalan, diklofenakning rux kompleksini olish orqali uning oshqozonni erituvchi (eroziyaviy) ta’siri sezilarli darajada kamaygani kuzatildi – bu amaliy sinovlarda ijobiy natija bermoqda. Hozirgi kunda yuzlab tabiiy va sintetik moddalar bilan metall komplekslari yaratib, ularning biologik xossasini tekshirish ishlari olib borilmoqda.
Umuman olganda, hozirgi tadqiqotlarimizning asosiy maqsadi – mavjud dori moddalarning xavfsizligini oshirish, ularning nojo‘ya ta’sirlarini kamaytirish va yangi, samarali kombinatsiyalarni amaliyotga tatbiq etishdan iborat.
– Hazrat Navoiy “Naf’ing agar xalqqa beshakdurur, Bilki, bu naf’ o‘zingga ko‘prakdurur”, deb yozadi. Darhaqiqat, bugun ilm va mehnatingiz hosilasi o‘laroq, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘ldingiz, yuzlab shogirdlarga ustozlik qilyapsiz. Davlatimizning “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlandingiz. Bu manzilga yetib kelguncha bosib o‘tgan yo‘lingizga nazar tashlasak.
– 1949-yil 11-mayda Toshkent shahrida, ishchi oilasida tug‘ilganman. Bolalikdan fizika va kimyo darslariga qiziqishim bo‘lakcha edi. Hatto, fizika bo‘yicha ikki marta sobiq ittifoq olimpiadasiga qatnashish imkoniga ega bo‘ldim. Maktabni oltin medal bilan tamomlagach, Toshkent davlat universitetining fizika fakultetiga hujjat topshirdim.
U paytlar olimpiada g‘oliblariga bugungidek keng imtiyozlar va moddiy rag‘bat berilmasdi. Faqat oltin medalli abituriyent sifatida asosiy fan – fizikadan imtihon topshirganman. Imtihonda “tayyorlanmasdan javob beradiganlar bormi?” deb so‘rashganda, qo‘l ko‘tardim. Uchinchi savoldagi murakkab masalaga ko‘p o‘ylab o‘tirmay javob berdim. Domlalar hayron bo‘ldi-da, o‘zlari qog‘ozga yecha boshladi. Ancha vaqtdan keyin to‘g‘ri deb topishib, bu masalani qayerdan o‘rganganimni so‘rashdi. Sinovga tayyorgarlik bosqichida ko‘zim tushganini, javobini eslab qolganimni aytdim. Qolgan savollarga o‘tmay imtihondan o‘tkazib yuborishdi.
O‘qishga kirgach, astoydil o‘qiy boshladim. Meni eng yuqori stipendiyaga tavsiya qilishdi – miqdori 100 so‘m (oddiy stipendiya 35 so‘m) edi.
Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tishim kerak. O‘sha paytda o‘zbekistonlik talabalarning Yevropa yo Amerika universitetlari tugul, hatto sobiq ittifoqdagi nufuzli oliy ta’lim dargohlariga borib o‘qishi ham ancha mushkul masala edi. Hozirgiday “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali TOP-50, TOP-100, TOP-300 ro‘yxatlaridagi universitetlarda davlat homiyligi asosida o‘qishni orzu ham qila olmasdik.
Shunga qaramay, o‘zimni omadli talabalardan desam bo‘ladi. Oliy ta’limni to‘rtinchi bosqichdan Leningrad davlat universitetining fizika fakultetida davom ettirdim. U yerda “rentgen-struktur tahlili” degan yangi fanni o‘rgandim. Bu moddalarning ichki tuzilishini rentgen nurlari yordamida o‘rganish usuli ekan. Shu narsa keyingi faoliyatimga katta ta’sir ko‘rsatdi. – Ko‘z oldingizda O‘zbekistonda ilm-fanga bo‘lgan munosabatning ellik yildan ortiq davri yastanib yotibdi. Asl holat qiyosda bilinadi. Bugungi kunda ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar Sizni qanoatlantiradimi?
– Men O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida 21 yil faoliyat yuritdim: 14 yil bosh ilmiy kotib, 7 yil vitse-prezident sifatida. Afsuski, bir paytlar ayrim ilmiy institutlar yopilib, ayrimlari boshqa idoralarga qo‘shib yuborildi. Bir-biriga yaqin, biroq mustaqil fan tarmoqlariga oid ilmiy faoliyatni moliyalashtirish to‘xtatib qo‘yildi. Moddiy-texnik bazaning g‘aribligi orqasidan yoshlar fan bilan deyarli mashg‘ul bo‘lmay qo‘ydi. O‘rta yosh vakillari orasida boshlagan ilmiy ishlarini ro‘zg‘or g‘ami orqasidan tashlab ketganlar bo‘ldi. Ular orasida ilmiy salohiyati yuqori, istiqboli porloq kadrlar yo‘q edi, deysizmi?
2017-yildan boshlab vaziyat o‘zgardi – yo‘qolgan institutlar tiklandi, yangilari tashkil etildi, ilm-fanga, ilm ahliga e’tibor kuchaydi. So‘nggi yillarda olimlarga zarur asbob-uskunalar berildi, ularning xorijiy safarlarga chiqish imkoniyatlari kengaydi, eng muhimi, yoshlarni ilm-fanga jalb etish bo‘yicha tizimli islohotlar boshlandi. Sharoit yaxshilanib, maoshlar oshirildi. Bu ishlar ilmiy muhitni jonlantirdi. Shu bois, hozir Yangi O‘zbekiston ilm-fani ko‘plab iste’dodli yoshlar bilan boyimoqda.
Bu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar samarasini kelajakda emas, shu yillarning o‘zida ko‘ra boshladik. Masalan, bizning natijalarimiz, ya’ni tuzilishi aniqlangan yangi kristall birikmalarimiz, allaqachon Kembrijdagi xalqaro ma’lumotlar bazasida “o‘zbek olimlari” nomi bilan qayd etilmoqda. Bu – ilmiy sohada milliy g‘ururimizni ifoda etuvchi holat.
Ishonchim komil, O‘zbekiston ilm-fanining kelajagi porloq, yosh olimlar safi kengayadi va biz ularning yutuqlari bilan faxrlanib yuramiz.
– Asl ilm kishilari ter to‘kib, haqqoniy ravishda ilmiy daraja va unvonlarga erishayotgan bir paytda xususiy tashkilot ochib, odamlarga ma’lum pul evaziga “akademik”, “professor” rutbalarini tarqatayotganlar ham uchrab turadi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi sifatida bunga munosabatingiz qanday?
– Mamlakatimizda faqat ikkita muassasada – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasida akademiklar saylanadi. Boshqa tashkilotlarning guvohnomalari rasman akademiklik maqomini bermaydi, xalqaro va mahalliy ahamiyatga molik emas. Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar bergan guvohnomalardan odam o‘zini o‘zi xursand qilishda foydalanishi mumkin.
Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga saylovlar 1995-yilda o‘tkazilgach, orada 22 yil tanaffus bo‘ldi. Ko‘p olimlarning yoshi ulg‘aydi, ayrim munosib ustozlar olamdan o‘tib ketdi, akademiklar safi yangi avlod vakillari bilan deyarli to‘ldirilmadi. Nihoyat, 2017-yil 29-dekabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdi. Bundan maqsad iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash hamda tegishli hududiy va tarmoq muammolarini hal qilishda ularning faol ishtirokini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, xalqaro miqyosda mamlakat ilm-fani nufuzini oshirishdan iborat edi.
Farmonda akademiyaning hay’ati va faoliyat ko‘rsatayotgan haqiqiy a’zolari tavsiyasiga ko‘ra, 32 nafar olim yangi haqiqiy a’zolikka tasdiqlandi. A’zolar qatoridan joy olganim menga cheksiz faxr bag‘ishladi.
Bunda har bir nomzodning ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingani, ilm-fanni shaxsiy yutuqlari va yirik ilmiy natijalari bilan boyitgani, o‘z yo‘nalishida yangi ilmiy maktab tashkilotchisi va rahbari bo‘lgani yoki mavjud ilmiy maktabni rivojlantirishda bevosita ishtirok etgani, amaliyotga joriy etilgan ishlanmalarga ega bo‘lgani yoki o‘zi rahbarlik qilayotgan jamoa xodimlari tomonidan erishilgan fan yutuqlarini ishlab chiqarishga yoki amaliyotga joriy etishda bevosita qatnashgani kabi bandlar inobatga olindi. Ko‘ryapsizmi, qanchalik yuqori talab va mezonlar asosida tanlanadi akademiklar. Chunki Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari dunyo miqyosida o‘sha davlatning ilm-fan bo‘yicha salohiyatini ko‘rsatib beruvchi shaxslar hisoblanadi. Avvallari “muxbir a’zo” degan oraliq maqom mavjud edi – bu akademikdan oldingi bosqich bo‘lib, yosh olimlar uchun katta imkoniyat yaratardi. Endi shu institutni qayta joriy etish haqida o‘ylanyapti. Agar bu tizim qaytadan yo‘lga qo‘yilsa, yosh olimlar orasidan ham akademiklar yetishib chiqishi osonlashadi.
– Yangi davr ilm-fani vorislari bo‘lgan yosh olimlarda qaysi fazilatlar jam bo‘lishi kerak, deb hisoblaysiz?
– Yoshlardan talab qilinadigan uchta asosiy narsa bor: o‘z sohasini chuqur bilish; chet tillari, xususan, ingliz tilini chuqur o‘rganish; sun’iy intellekt texnologiyalaridan unumli foydalanish. Bugun barcha sohada jadallik bilan raqamlashtirish jarayoni ketmoqda. Demak, raqobatbardosh kadr sifatida shakllanish uchun ilmiy ishni xalqaro standartlarga mos ravishda taqdim etishni ham bilish kerak. Iste’dod va istakning o‘zi bilan ish bitmaydi. Mehnatsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi.
Yuqorida ta’kidladikki, supramolekulyar kimyoda eng muhimi – molekulalar uyg‘unligi. Ilmda ham shunday: iste’dod va mehnat uyg‘unligisiz natijadorlikka erishib bo‘lmaydi.
Yana bir gapni aytishim kerak. 2016-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti supramolekulyar yo‘nalishidagi kashfiyoti uchun bir yo‘la uch olim – Jan-Per Sovaj, Jeyms Freyzer Stoddart va Bernard Feringaga berilgan. Bu yil ham ushbu mukofotning ilm-fan blokidagi nominatsiyalar uch kishilik jamoalar o‘rtasida taqsimlandi. Buning hikmati nimada? Odamning bilish darajasi chegaralangan. Bir olim qiynalgan masalaga ikkinchisi oydinlik kiritishi mumkin. Shuning uchun jamoaviy faoliyat olib borish kam vaqt sarflab, yirik natijaga erishishga omil bo‘ladi. Yosh olimlarimiz ham ahillik, murosa va o‘zaro ilmiy faoliyatdan xabardorlik yo‘lini tutsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
– Mazmunli va maroqli suhbatingiz uchun rahmat! Ilmiy ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 31-oktyabrdagi 44-soni
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
96
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
135