Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.10.2024 | 09:42

img1159

3-oktyabr – Sergey Yesenin tavallud topgan kun

Sergey Yesenin 1895-yilning 3-oktyabrida Rossiyaning qadim tarixga ega Ryazan guberniyasiga qarashli Konstantinovo qishlog’ida oddiy dehqon oilasida tug’ildi. Otasining kambag’alligi, ayolmandligi uchun u ikki yoshligidan o’ziga to’qroq bo’lgan ona tomonidan bobosining oilasida tarbiya topdi. Besh yoshligida o’qishni o’rgandi, to’qqiz yoshidan xalq qo’shiqlariga o’xshatib she’rlar bita boshladi.

O’n to’qqiz yoshidan she’rlari Moskva jurnallarida bosilib, mashhur bo’ldi. Yigirma yoshida Petrogradga kelib, yana bir mashhur rus shoiri Aleksandr Blok bilan tanishdi. 1916-yildan armiya xizmatiga kirdi. Oq podshoh sharafiga she’r yozishdan bosh tortgani uchun intizomiy batalonga jo’natildi, keyin xizmatdan tamoman voz kechdi.

1918–1921-yillarda Murmansk, Arxangelsk, Qrim, Kavkaz, Bessarabiya, shuningdek, Turkiston bo’ylab safar qildi. 1922–1923-yillari esa taniqli amerikalik raqqosa Aysedora Dunkan bilan Yevropaning Germaniya, Frantsiya, Belgiya, Italiya mamlakatlarini aylandi, to’rt oy AQSH da yashadi. Sergey Yesenin 1925-yil 28-dekabrda fojlali tarzda vafot etdi.

Shoirning o’z yurti va ona xalqiga yuksak muhabbati she’rlarida aks etgan. Shoir asarlarida tarjimayi holi bilan bog’liq nuqtalar ko’p tilga olinadi. Sergey Yeseninning satrlari qisqa-qisqa, tili ravon va sodda, lirik qahramonning hayot, tabiat, odamlarga munosabatida qishloqcha samimiylik va to’g’rilik ufurib turadi.

* * *

Bizlar asta ketayotirmiz –
Halovatli sokin yurtlarga.
Fursat balki menda ham tig’iz,
Otlanishim kerak safarga.

Ona zamin, qum bosgan dashtlik,
Oq qayinzor o’rmon, chamanlar!
Yuragimda uyg’otar g’ashlik
Gala-gala ketayotganlar.

Men bu yerni juda sevardim,
Suydim bunda nimaki bo’lsa.
Sevar edim qarag’aylarim
Shafaq tushgan suvga termulsa…

Ko’p xayollar surdim osuda,
Ko’p qo’shiqlar qilgandim ijod.
Shu zamin, shu yurt og’ushida
Bor bo’lganim uchun edim shod.

Baxtli bo’ldim qizlarni o’pib,
Chechaklarni ezg’ilab yurdim.
Haydamadim itlarni tepib,
Ularni o’z ukamdek ko’rdim.

U yurtlarda yo’q bu chamanlar,
Oqqush bo’ynin cho’zmas javdarim.
Shu sabab ham ketayotganlar
Dilga titroq solguvchi dardim.

Topolmasmiz hech u tomonda
Bu poyonsiz o’tloqlardan iz.
Shu sababdan foniy jahonda
Yashaganlar men uchun aziz.

BU DUNYODA MEN BIR YO’LOVCHI…
Singlim Shuraga

Bu dunyoda men bir yo’lovchi,
Shodon menga qo’l silki, erkam.
Xuddi shunday tinch, erkalovchi
Ziyo to’kar kuz fasli Oy ham.

Isinurman Oyning taftiga,
Ilk bor undan orom olar jon.
Allaqachon so’ngan sevgiga
Umid bog’lab yashayman hamon.

Bunga bois — shu makonimiz,
Shu yer — oppoq, sho’r manglay turbat,
Qaylardadir toptalgan nomus,
Kimlargadir qadrdon g’urbat.

Yashirmayman, har kim ham bilar:
Boshqa-boshqa emas, jon singil,
Ikkimiz ham bir sevgi bilan
Shu vatanga qo’yganmiz ko’ngil.

ONA IBODATI

Qishloqning bir chetida
Pastakkina uy turar,
Sajda qilib shu uyda
Onaizor o’ltirar.

Yolg’iz o’g’lin eslar u
Yonib achchiq firoqda.
O’g’li esa yurt uchun
Jang qiladi yiroqda.

Ona sajda qiladi,
Ko’zyoshlari shashqator.
Bir nuqtaga tikilgan,
Xayolida nelar bor?

Ko’z oldiga keladi:
Keng dala — jang maydoni.
Jonsiz yotar maydonda
Mard o’g’li — pahlavoni.

Ko’kragida jarohat,
Qop-qora qon har yog’i.
Qolmish jonsiz qo’lida
Dushmanining bayrog’i.

Ona yuzin qoplar g’am,
Chimirgancha qoshini,
Asta suyar qo’liga
Oppoq sochli boshini.

Yurak dardi yosh bo’lib,
To’lib kelar ko’ziga.
Marjon-marjon tomchilar
Oqib, tushar yuziga.

IT HAQIDA DOSTON

Quyosh o’ynar javdar xirmonda,
Chiptalarda nuri tillarang.
Bolaladi ona it tongda,
Yetti kuchuk tug’di mallarang.

Yuvib-tarab tillari bilan,
Oqshomgacha erkaladi u.
Ona itning issiq bag’ridan
Qor ustida erib oqdi suv.

Oqshom; payti, tovuqlar endi
Qo’nog’iga tizilishgan dam
Uy egasi xo’mrayib keldi,
Qopga soldi yettovini ham.

Sho’rlik ona chopdi ketidan,
Uzoq-uzoq quvlab bordi u.
Muzdek terlar oqib etidan,
Achchiq-achchiq uvlab bordi u.

Botqoqlardan kechib o’tdi loy,
Oyoqlari toldi, urindi.
Qaytar ekan tom ustida Oy
Bolasiga o’xshab ko’rindi.

Sho’rlik yana bolasin so’rab,
Ko’kka boqib uvladi xasta.
Yangi Oy ham asta g’ildirab
Tushib ketdi ufqdan pastga.

Bechoraga ermaklab, kulib,
Non o’rniga otishgandek tosh,
It ko’zidan yulduzlar bo’lib
Qorga oqdi tomchi-tomchi yosh.

* * *

Go‘daklikdan ma’lum har odam,
Bola boshdan degan gap to‘g‘ri.
Mabodo men shoir bo‘lmasam,
Bo‘lar edim bezori, o‘g‘ri.

Jikkakkina shum bola edim,
Tengdoshlarim ichra «qahramon».
Qaytar edim ko‘chadan doim
Burnim pachoq, usti boshim qon.

Qo‘rqib ketgan onam qoshida
Derdim tutib o‘zimni mahkam:
«Hechqisi yo‘q. Qotsildim toshga.
Ertagacha qolmas o‘rni ham».

Yillar o‘tdi, ketdi bolalik,
Nihoya yo‘q armonlarimga.
Yoshlikdagi sho‘xlik, olovlik
Ko‘chdi she’ru dostonlarimga.

Bolaligim ketdi borini
Satrlarda qoldirib butun.
She’rlarimda shum, bezorining
Xislatlari aks etar bu kun.

Mag‘rurligim hamon qolmagan,
Hamon baland o‘tli ko‘kragim.
Bolalikda burnim qonagan,
Bugun esa qondir yuragim.

Mendan kulgan to‘da qoshida
Deyman tutib o‘zimni mahkam:
«Hechqisi yo‘q! Qoqildim toshga,
Ertagacha qolmas o‘rni ham».

Meni so‘kmang! Bo‘lar ish bo‘ldi,
So‘z sotuvchi savdogarmasman.
Oltin boshim quyi egildi,
Bu dunyodan sovidim, bas, man.

Shaharda ham qolmog‘im mahol,
Na qishloqqa mayl sezarman,
Bir yo‘l qoldi; o‘stirib soqol
Rossiyani daydib kezarman.

Xayr, deyman doston, she’rlarga,
Io‘lga to‘rva olurman, xolos.
Ko‘chadagi bir darbadarga
Shamollar ham qo‘shiq aytar soz.

Piyoz, turup hidin taratib,
Bilganimni qilib yurarman.
Burnim oqsa yengimga artib,
Peshonamda borin ko‘rarman.

Qor quyunin tinglarman behis,
Baxt kerakmas bundan ziyoda.
Bunday ajib turfa ishlarsiz,
Yashamasman yorug‘ dunyoda.

XUROSONDA BIR DARBOZA BOR...

Xurosonda bir darboza bor,
Ostonasi gulga ko’milgan,
Unda yashar bir pari ruxsor.
Xurosonda bir darboza bor,
Hayhot, uni ocholmadim man.

Qo’llarimda kuch ham yetarli,
Sochlarimdan oltin rang olgan.
Asir etdi meni ul pari.
Qo’lda garchi kuchim yetarli,
Ul eshikni ocholmadim man.

Mardligim ne ishq maydonida,
Ayting, kimga qilay sharhi g’am?!
Sevmas bo’lsa Shahi jonidan,
Ul eshikni ocholmas bo’lsam,
Mardligim ne ishq maydonida?!

Yana tushdi Rus sari yo’lim,
Eron, sendan ketgummi hali?
Nahot, seni boz ko’rmas bo’ldim?
Ona yurtga mehrim tufayli
Yana tushdi Rus sari yo’lim.

Xayr endi, xayr, parizod!
Darbozangni ocholmasam -da,
Shirin g’aming birla umrbod
Kuylab o’tay seni o’lkamda.
Xayr endi, xayr, parizod…

* * *

Xayr endi, xayr, doʻstginam,
Bagʻrimdasan, koʻngil malhami.
Muqarrar bu ayriliqning ham
Visoli bor oldinda hali.

Xayr, doʻstim, soʻzga ochma lab,
Qoʻy, men uchun oʻrtama bagʻir,
Bu hayotda oʻlmoq-ku bor gap,
Yashamoq ham yangimas, axir!

Erkin Vohidov tarjimalari


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img83

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img132