16.05.2025 | 12:32
950
IGNA BILAN YOZILGAN ROMAN
Adabiyot inson tafakkuri va qalbida kechmish ruhiy to‘lqinlar, zamon og‘riqlarini ifoda eta oladigan kuchli vositadir. Ikkinchi jahon urushi o‘zbek adabiyotida ham qalam ahlining ruhiy sinovlar oldidagi mavqeyini ko‘rsatib berdi. Bu davrdagi asarlar nafaqat urushning o‘zini, balki xalqning sabr-u matonati, fidokorona mehnati, orzu-umidlari, ajdodlarga sadoqat va istiqbolga ishonchini ham o‘zida mujassam etdi. O‘sha dahshatli yillarda xalq qalbidagi iztirobni, Vatanga muhabbat, fidoyilikni ifoda etgan va bugun ham qiymati-yu qimmatini yo‘qotmagan ko‘plab adabiy durdonalar yaratildi.

Urushdan keyingi yillarda o‘zbek adabiyoti safini to‘ldirgan iste’dodli yozuvchilar ham ushbu mavzuda keng ko‘lamda ijod qildilar. Ayni jarayonda bitilgan asarlar karvonida yozuvchi Valijon Gʻafurovning “Vafodor” romani o‘zining munosib o‘rniga ega. Urushni o‘z tanasida his etgan va front hayotini boshdan kechirib, so‘ng ijodga kirib kelgan ijodkorning mazkur asari “Igna bilan yozilgan roman” sifatida nafaqat front haqiqatlarini, balki inson ruhiyatini badiiy tadqiq etgani bilan ajralib turadi.
***
1990-yili “Gulxan” jurnalida adabiy muharrir bo‘lib ishlab yurganimda, bosh muharririmiz Oydin Hojiyeva yozuvchi Vali Gʻafurov bilan suhbat tayyorlashni menga ishonib topshirdi. Aprel oyining boshlari edi. Zangiota (o‘sha paytlari Kalinin) tumaniga izlab bordim. Ro‘paramda katta hovli, saranjom, fayzli xonadon. Turli ekinlar qulf urgan tomorqa, chiroyli qilib taralgan ishkom, poyida turfa gullar ochilib yotar, so‘rida yozuvchimiz radio tinglab o‘tirardi. Yangamiz dasturxon tuzar ekan, ora-sira suhbatga qo‘shilib turardi.
Valijon Gʻafurov bilan muloqotdan ko‘p lavhalar hamon esimda:
“1942-yili o‘n to‘qqiz yoshda frontga olinganman. Yigirma bir yoshimda ko‘zlarimga mina oskolkalari jarohat yetkazgach, ko‘rishdek katta ne’matdan ayrildim, ammo jonim omon qolganiga ko‘p shukrlar qilganman.
Tug‘ma ko‘zi ojizlarga qaraganda mening holatim behroq edi. Zero, yorug‘ dunyo nima, ranglar qanaqa, gul nima, g‘uncha nimaligi, kapalaklar qanday uchishi, tungi va kunduzgi osmon, urush va tinchlik qanday bo‘lishi, go‘zallik qanaqa bo‘lishi haqida tasavvurlarim shakllanib ulgurgandi. Ko‘zim ochiqligida yaxshi savodxon edim. Frontda ham ko‘pchilikka maktub yozib bergan paytlarim bo‘lgan. O‘sha maktublar oxiriga ikki yoki to‘rt qator she’r qo‘shib qo‘yardim. Ijodkorlik ruhimda mavjud edi.
Ko‘rgan-kechirganlarimni qog‘ozga to‘kish istagi tinchlik bermasdi. Shu sababli menga ko‘zi ojizlarning Brayl alifbosini o‘rgatish uchun maxsus o‘qituvchi dars bera boshladi. Bu alifboda harflar ikki xil – avval qog‘ozga igna bilan teshiladigan nuqtalar yordamida teskari yozilib, keyin qog‘oz o‘nglanib, bo‘rtib qolgan nuqtalar yordamida o‘qilar ekan”.
***
Ko‘zi ojiz holatda ham qalam bilan do‘st tutingan, adabiyotga beqiyos muhabbat tuyg‘usi bilan yondashgan Valijon Gʻafurovning ijod yo‘li beqiyos mehnat va sabr-matonat namunasi sifatida alohida e’tirofga loyiq. Uning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish maqsadida Respublika ko‘zi ojizlar jamiyati tashabbusi bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga murojaat qilindi va bu sa’y-harakatlar besamar ketmadi. Valijon Gʻafurovga “Shinelli yillar” romani bilan tanilgan zabardast yozuvchi Shuhrat ustoz etib tayinlandi. Ustoz va shogird orasida to‘rt yosh farq bo‘lib, urushning og‘ir azoblarini boshdan kechirgan bu ikki adibning xotiralarida, qalb iztiroblarida va ijodiy mushohadalarida uyg‘unlik bor edi. Shu bois, ularning munosabati juda samarali va samimiy kechdi.
Yozuvchi Valijon Gʻafurov bilan gurungimizdan bir oy o‘tar-o‘tmay Shuhrat domla bilan suhbat uyushtiradigan bo‘ldik. Domlaning g‘ishtin hovlisida kechgan samimiy suhbatimiz Valijon Gʻafurov bilan o‘tgan muloqotning mantiqiy davomidek tuyuldi: “Valijon “Vafodor”ni igna bilan yozishga kirishganida oilamizning a’zosi qatori bo‘lib qolgandi. Unga xona ajratib bergandik, yozganlarini kirill alifbosiga o‘girib, ustidan tahrir qilib chiqardim. Har bir tahrirdan keyin Valijon yangi sahifalarni yanada yuksak saviyada yozardi.
Romanning asosiy qismi mana shu hovlida qiyomiga yetdi. Bir marotaba yangi tashkil qilingan Do‘rmon ijod uyiga ham borib ishlaganmiz. Bunday katta ishni bir hamlada bitkazish qiyin, boz ustiga o‘zim ham ijod qilishim kerak edi. Valijon bir necha oyga yana uyiga, yoki sog‘ligini mustahkamlash uchun tibbiy sihatgohlarga borib kelardi. 1958-yili “Vafodor” romani Brayl va kirill alifbolarida nashr etildi. Kechagi frontovik yigit endi katta adib sifatida dovruq taratdi!”
***
Romanning aynan “Vafodor” deb nomlanishi borasida muallifning o‘zi shunday degandi: “Asar nomi bir qarashda urushdan ko‘zi ojiz bo‘lib qaytgan askarga nisbatan qo‘llangandek tasavvur uyg‘otsa-da, aslida, boshqa bir obraz – o‘zbek xotin-qizlari xarakterini o‘zida mujassam etgan xokisor qiz siyratini ochib beradi. Bu qiz askarlikka olingan yigitni suygani holda dil yorolmay, kuchi hamma qatori frontga kuzatib qolishga yetadi, xolos. Askardan oilasiga maktublar kelganida ular qatori quvonib, maktubni ovoz chiqarib o‘qir, hatto javob xati ham yozib berardi. Bu ora askarning ota-onasi uni kelinlikka ko‘zlab qo‘yishadi. Frontdan so‘qir qaytgan yigit qizga yuk bo‘lmaslikni o‘ylab, dastlab nikohdan voz kechadi ham. Ammo qiz ko‘ngli, chin muhabbati oxir-oqibat baland kelib, bir umrlik yo‘ldoshiga aylanadi. O‘sha qiz… yangangiz bo‘ladi”.
Adib shularni aytarkan, hovlida kuymalanib yurgan ayoli qadamlarini shovqin oralab payqab, u tarafga qarab qo‘yadi.
Olloyor BEGALIYEV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 9-maydagi 19-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
117
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
145
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
335



