Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.11.2026 | 14:43

img311

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi.

Bosh maqsad – inson salomatligi

8-noyabr – Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan Prezident tabrigida soha vakillarining jamiyat hayotidagi o‘rni alohida e’tirof etildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tabrigining asosiy mazmuni tibbiyot tizimini modernizatsiya qilish orqali har bir insonga o‘z vaqtida, sifatli va malakali tibbiy yordam ko‘rsatish g‘oyasiga borib taqaladi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Buning isboti o‘laroq, sohani moliyalashtirish hajmi yetti barobarga oshib, 49 trillion so‘mga yetkazilgani tibbiyotga davlat siyosati darajasida katta e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi. Bu mablag‘lar tibbiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalarini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining yangi modeli joriy etilayotgani, bunda aholi salomatligini saqlashda asosiy urg‘u kasallikni davolashdan ko‘ra, uni erta aniqlash va oldini olishga qaratilayotgani e’tiborga molik.

Tibbiyotning davr bilan hamnafas bo‘lishi uchun esa sohani raqamlashtirish va unga sun’iy intellektni olib kirish zamon talabi. DMED elektron axborot tarmog‘i orqali 38 milliondan ziyod aholining tibbiy kartasi yaratilgani sohada raqamli transformatsiya jadal ketayotganini anglatadi. Sun’iy intellektni shifokor va hamshiralarga ko‘makchi sifatida joriy etish ham istiqbolli qadamdir. Tibbiy oliygohlarga qabul kvotasining 4,5 barobar oshishi, ta’lim dasturlarining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi va xorijiy talabalar sonining ko‘payishi O‘zbekiston tibbiy ta’limining xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganini namoyish etadi.

2027-2028-o‘quv yilidan mutaxassislarni tayyorlashni to‘liq rezidentura dasturlari orqali amalga oshirish rejasi esa tibbiy kadrlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Eng asosiysi, tabrik tibbiyot sohasidagi natijalar sarhisobi bo‘lish bilan birga, yangi vazifalar dasturi hamdir. Unda zamonaviy infratuzilma, raqamlashtirish, tibbiy sug‘urta, kadrlar tayyorlash, xususiy sektor va farmatsevtikani rivojlantirish kabi masalalar bir butun tizim sifatida qaralgan. Islohotlarning haqiqiy ahamiyati esa har bir inson qayerda yashashidan qat’i nazar, sifatli tibbiy yordam olishi, kasalliklarning oldini olish va uzoq hamda sog‘lom umr kechirish imkoniga ega bo‘lishida namoyon bo‘ladi.

ELEKTROTEXNIKA SANOATIDA TUB BURILISH

9-noyabr kuni elektrotexnika sanoati tadbirkorlari va xorijiy investorlar bilan o‘tkazilgan muloqot mamlakat iqtisodiyotida yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishni rivojlantirishga e’tibor kuchayganini ko‘rsatdi. Elektrotexnika sohasi bugun faqat maishiy texnika ishlab chiqarish bilan cheklanmaydi. U energetika, raqamli iqtisodiyot, telekommunikatsiya, “aqlli” uylar, elektromobillar, avtomatlashtirish va “yashil” texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni qamrab oladi. Sohada yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, mahalliylashtirish va eksportni oshirish vazifalari O‘zbekistonning sanoat siyosatida muhim burilishni anglatadi. Shu ma’noda, mamlakatimiz elektrotexnika sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv tarmoqning bugungi holati va kelgusi vazifalarini belgilab bergani bilan ahamiyatlidir.

So‘nggi o‘n yilda sohaga 2 milliard dollar investitsiya kiritilib, 413 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Ilgari mamlakatimizda ishlab chiqarilmagan yuzdan ortiq turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirishga erishildi. Natijada elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagi 1,7 trillion so‘mdan joriy yilda 50 trillion so‘mga yetdi. Eksport esa 14 barobar o‘sib, 1 milliard 600 million dollarni tashkil etdi.

Uchrashuvda mavjud salohiyatdan hali to‘liq foydalanilmayotgani ham ochiq qayd etildi. Bu esa tarmoqning keyingi bosqichi oddiy ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan cheklanmasligi, balki zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar yaratish va mahalliy korxonalarning raqobatdoshligini oshirishni talab etadi. Ayni paytda mamlakatimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash quvvatlari, yirik sanoat hamda infratuzilma obyektlari barpo etilmoqda. Kelgusi o‘n yilda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida xorijiy hamkorlar bilan 450 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu jarayon elektrotexnika mahsulotlariga bo‘lgan talabni yanada oshiradi. Demak, ichki bozor ehtiyojini mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash ham iqtisodiy, ham strategik ahamiyatga ega. Nurafshon shahrida “Kelajak texnologiyalari markazi”ni tashkil etish tashabbusi ham uchrashuvda belgilangan vazifalarning amaliy davomi hisoblanadi.

Mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, ilm-fan va sanoat hamkorligini mustahkamlash, hududlar salohiyatidan samarali foydalanish orqali ichki bozor ehtiyojini qondirish va eksportni 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjud. Ushbu vazifalarning izchil amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyotining texnologik mustaqilligini mustahkamlab, elektrotexnika sanoatini mintaqadagi yetakchi tarmoqlardan biriga aylantirishi mumkin.

OROL FOJIASI KUN TARTIBIDA

O‘zbekiston 2027–2029-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qiladi. Prezidentimizning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi raisligi davrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bilan tanishuvi chog‘ida suv resurslari, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qamrab olgan 133 ta loyiha ishlab chiqilgani qayd etildi. Ularning umumiy qiymati 3,3 milliard dollarga baholanmoqda. Loyihalar suv xo‘jaligi inshootlarini modernizatsiya qilish, suvni taqsimlash va hisobga olish tizimlarini avtomatlashtirish, gidrometeorologik monitoring, qurg‘oqchilik va toshqinlarni oldindan prognozlash, aholini ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan ta’minlash kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamg‘armasi va Global ekologik jamg‘arma kabi institutlarning ishtiroki loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatini kengaytiradi. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi suv diplomatiyasining muhim institutsional maydoni hisoblanadi. Jamg‘arma tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish, organlar vakolatlarini aniq belgilash va kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uyg‘unlashtirish samarali vazifadir.

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining ilmiy-tahliliy platforma sifatida belgilanishi tashabbusning uzoq muddatli ahamiyatini oshiradi. Universitetda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, suv tejamkorligi va ekologik tiklanish bo‘yicha tadqiqotlarni kengaytirish, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun maxsus bakalavriat hamda magistratura dasturlarini ishga tushirish mintaqa uchun yagona ilmiy maktab shakllanishiga zamin yaratadi.

Taqdimotda Orol muammosi faqat ekologik fojia sifatida emas, balki suv xavfsizligi, iqtisodiy taraqqiyot, aholi salomatligi va mintaqaviy hamkorlik masalasi sifatida ko‘rib chiqildi. Belgilangan tashabbuslar O‘zbekistonning raisligi Orolbo‘yi va butun Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi hamda ekologik hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi mumkin.

COP31: IQLIM DIPLOMATIYASI VA YANGI IMKONIYATLAR MAYDONI

Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi – COP31 global iqlim kun tartibini muhokama qilish bilan birga, xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Prezidentimizning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki O‘zbekistonning global iqlim kun tartibidagi faolligini ko‘rsatdi. Anjuman doirasidagi uchrashuvlar O‘zbekistonga “yashil” energetika, suv tejovchi texnologiyalar, iqlimga mos qishloq xo‘jaligi va ekologik infratuzilma uchun investitsiya jalb qilish imkonini beradi. Davlat rahbarining xalqaro tashkilotlar va davlatlar rahbarlari bilan ikki tomonlama muloqotlari esa amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim diplomatik omil hisoblanadi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, iqlim muammolari chegara bilmaydi. Umumiy tahdidlar mintaqaviy hamkorlik, yagona yondashuv va mushtarak harakatlarni talab etadi. Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoning Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusi strategik ahamiyatga ega. Ushbu modelni axborot, texnologiya va moliya kabi uchta asosiy yo‘nalishda rivojlantirish taklif etildi.

Birinchidan, iqlim xavflariga qarshi samarali kurashish uchun, avvalo, ishonchli va tezkor ma’lumot zarur. Shu maqsadda, eng avvalo, Jahon meteorologiya tashkiloti ko‘magida iqlim xavf-xatarlari haqida axborot almashish infratuzilmasini yaratish tashabbusi ilgari surildi. Ikkinchidan, iqlim o‘zgarishlariga moslashishda zamonaviy “yashil” texnologiyalar alohida o‘rin tutadi. Ular tuproqni qayta tiklash, qurg‘oqchil hududlarda uglerodni yutish, chang va qum bo‘ronlariga qarshi kurashishda samarali vosita bo‘lishi mumkin. Markaziy Osiyoning “Eco Expo” ko‘rgazmasini doimiy investitsiya va texnologiyalar maydoniga aylantirish tashabbusi shu jihatdan muhim. Uchinchidan, iqlimga moslashish va ekologik tiklanish katta mablag‘ talab qiladi. Taraqqiyot banklari va maqsadli jamg‘armalar bilan hamkorlikda imtiyozli grantlar, “moviy” va “qurg‘oqchil hududlar”ni moliyalashtirish kabi yangi mexanizmlarni ishlab chiqish taklifi shu ehtiyojga javob beradi.

Markaziy Osiyoda iqlim integratsiyasi modeli muhim natijalar beradi. Xususan, davlatlar o‘rtasida ishonch va axborot almashinuvini kuchaytiradi, tabiiy ofatlarga tayyorgarlikni yaxshilaydi, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlaydi, ekologik texnologiyalar va investitsiyalarni jalb qiladi, iqlim o‘zgarishiga chidamli qishloq xo‘jaligini shakllantiradi, mintaqa aholisi salomatligi va farovonligini himoya qiladi. Eng muhimi, bu tashabbus iqlim masalasini raqobat emas, hamkorlik maydoniga aylantiradi.

* * *

Xulosa o‘rnida aytganda, haftadagi voqealar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rish mumkin. Tibbiyot inson salomatligini muhofaza qilsa, elektrotexnika sanoati texnologik iqtisodiyotni shakllantiradi. Orolbo‘yidagi loyihalar ekologik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa, COP31 O‘zbekistonning bu masalalarni xalqaro maydonda ilgari surish imkoniyatini kengaytiradi. Ularni birlashtiruvchi asosiy g‘oya – inson manfaati va kelajak uchun mas’uliyatdir.

Iqbol MIRZO

“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-noyabrdagi 46-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img61

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img586

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img583