Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.05.2025 | 16:53

img689

ALUSHTADAN ESGAN YELLAR

1979-yil kuzida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining yosh ilmiy xodimlari – yigirma to‘rt yigit paxtaga jo‘nadik. Chinozning bir qishlog‘idagi maktab binosida yotib, “oqoltin” teramiz. O‘sha kez hammamiz yosh, orzular katta, dunyoda bizdan bearmon odam yo‘qday.

Bu qishloq aholisi qrimtatarlar ekan. Sarishta el, har bir uy oqlangan, ko‘chalar orasta. Odamlari xushmuomala, lekin og‘irkarvon. Yaxshi salomlashishadi, ammo tanishib chaqchaqlashishga xushlari yo‘q negadir.

Xayriyatki, oradan ikki-uch kun o‘tgach, o‘zimiz tengi bir yigit biz bilan el bo‘lib qoldi. Oti Xalil ekan. Sal soddaroq, anoyiroq. Gaplari ham shaldir-shuldir. Tili deyarli o‘zbekcha. Ertasi kuni bir qrimtatarcha qo‘shiqni kuylab bergan edi, ohangi-yu so‘zlari hammamizga yoqib qoldi. Qayta-qayta ayttirib, yodlab olib, birga xirgoyi qildik:

Alushtadan esken yeller yuzume urdi,
Bolalig‘im o‘tken yerler yadima tushtu.
Men bu yerde turalmadim,
Vetenime baralmadim,
Ey, go‘zel Qrim!..

Alushta deganlari Qrimdagi xushhavo bir go‘zal shahar emish.

Boya aytdim-ku, yosh edik, dillarimizda zarra g‘ubor yo‘q edi, shuning uchun ertasi, indiniga terilgan paxtani xirmonga topshirib bo‘lgach, butun qishloqni boshimizga ko‘targuday bo‘lib boyagi qo‘shiqni kuylab kechki ovqat tortiladigan joyga marshdagi askarlar kabi borayotibmiz:

“Alushtadan esken yeller yuzume urdii-i!
Bolalig‘im o‘tken yerler yadima tushtuu-u!”

Bir-birimizdan oshirib, hayqirib aytamiz bu qo‘shiqni!

To‘rtinchi kuni quyosh botgan mahal, endi ovqatlanib bo‘luvdik, uch qrimtatar oqsoqol salomlashib, biz o‘tirgan xonaga kirib keldi. U  yoq bu yoqdan gaplashib, tanishgan bo‘lishdi. Bir piyoladan choy ichilgach, boyagi qo‘shiqni qayerdan o‘rganib olganimizni so‘rashdi. “E, biz uni o‘rganganimizga endi uch kun bo‘ldi, – deb xursand bo‘lib chuvillashdik. – Anovi yigit bor-ku, Xaliljon, o‘sha o‘rgatdi, zo‘r bola ekan!”

Nimagadir, hammalarining yuzi burishib ketdi.

“E, Xalil edimi sizlarga o‘rgatgan? Tentak-ku, es-hushi joyida emas uning. Endi, ukalar, bu qo‘shiqni unutinglar, hech joyda ayta ko‘rmanglar. U taqiqlangan. Kimdir so‘rasa-yu, sizlar shu qishloqda eshitganmiz desanglar, bizga yomon bo‘ladi. U yog‘ini o‘zinglar tushunasizlar. Sizlardan iltimos…”

Hammamiz serrayib qoldik. O‘sha onda yuraklarimizga tahlika tushdi. Qandaydir chaquv, ta’qib, imi-jimida ishdan bo‘shatib yuborish kabi hollar bor edi-da. Hatto birga ishlab yurgan og‘aynilarimizning hammasi ham chin do‘stmi yo ayg‘oqchimi, bilmas edik.

Mening yodimga lop etib o‘tgan yili paxta terimda uchratganim bir rus kishisi keldi. U Bo‘kaning “Ko‘korol” sovxozidagi ovloq dala shiyponida yolg‘iz o‘zi yashar, hatto yaqin oradagi biron qishloqqa non yo qatiq olish uchun borib-kelishiga ham “ruxsat yo‘q” ekan. Shuning uchun bola-chaqalari uning oldiga kelib, zarur narsalarni tashlab ketishardi. Ajabki, u nima gunohi uchun bunaqa jazoga tortilganini so‘rash ham “mumkin emas” ekan. O‘zi odamovi, hech kim bilan gaplashmaydi…

Boyagi chollar uzr so‘rab, sipo chiqib ketishdi. Shu-shu, Xaliljonni ko‘rmadik. Bola bechora ta’zirini yegan ko‘rinadi.

Munday fikr yuritsak, Sovet hokimiyatining tarixi – butun-butun ellarni o‘z vatanidan haydash, surgun qilish tarixi ekan. O‘zbekistonning o‘ziga turli yillarda qrimtatarlar, mesxeti turklari, greklar, koreyslar va boshqa ellar ommaviy ko‘chirib keltirilgan. Ular dasht-sahro yoki muzloq biyobonlardan emas, jannatmonand go‘shalaridan haydalgan. Bu xonadon egalariga hatto qatag‘on nohaq bo‘lgani e’tirof etilib, reabilitatsiya qilingan saksoninchi yillar oxirida ham o‘z joylariga qaytishga ruxsat yo‘q edi.

Bechora quvg‘indi ellar it bog‘lab qo‘ysang turmaydigan ovloq yerlarga surgun qilingan. Uy-joy qayoqda? O‘zlari kapa tikib, yerto‘la kovlab, pashshaga talanib, pashshaday qirilib kun ko‘rishgan. Botqoqlarni quritib, sho‘r yuvib, hosil olishgan. Biz ichimizdan chiqqan qatag‘on qurbonlariga jonimiz achiydi, jallodlarni aslo kechira olmaymiz, ammo bularning fojiasi yanada dahshatli. Axir hamma – butun millat qatag‘on qilingan!

Ikki grek chol bir zamon menga aytganlari yodimga tushadi: Qrimda yashaydigan greklar ham O‘rta Osiyoga surgun etilgan. Maxsus idora vakillari va mahalliy hokimiyat arboblari O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan greklarni o‘shanda katta bir anjumanga to‘plab, bizda grek tilli maktab ochish imkoni yo‘q, xo‘sh, bolalar qaysi tilda o‘qiganini ma’qul bilasizlar, deb so‘rabdi. Deportatsiya qilingan aholi ichida bir grek generali ham bo‘lib, u odam, “Hamonki biz O‘zbekistonga keldik, endi shu yerda yashaydigan bo‘lsak, mayli, bolalarimiz o‘zbek tilida ta’lim olishsin”, deb fikr bildiribdi.

“Generalimizni o‘shandan keyin ko‘rmadik, – deyishdi biroz xavotirda boyagi ikki chol. – Grek bolalar esa ruscha maktabda o‘qiydigan bo‘lishdi…”

Bu yillarda o‘zbeklarning katta bir qismi Ukrainaga surgun qilinib, o‘sha yoqlarda paxta ekishga majburlangan, Sibirning hut-yut sovuqlarida diydiragan. Unga qadar esa – Qo‘qon qirg‘ini, “bosmachilikni tag-tubi bilan yo‘qotish” kampaniyasi…

Qirg‘izlar “inqilob tongi” otmay turib, 1916-yilning qahraton qishida ovullaridan quvg‘in qilingan – konvoy yuz minglab qirg‘izni Xitoy chegarasining nariyog‘iga haydab o‘tkazgan, yo‘lda otib-chopib ketavergan, tirik yetib borganlari ochlik, uysizlik sababli yana qirilgan, xo‘rlangan. Hozir Chin yurtida yashayotgan bir hovuch qirg‘izlar – o‘sha sho‘rpeshonalarning zurriyoti. Qirg‘izistonga esa nemislar, qorachoylar, qalmoqlar, ingushlar, chechenlar, bolqorlar, qrimtatarlar surgun etilgan. Shu bahona, milliy avtonomiyalari ham tugatilgan.

Qozog‘istonga haydalgan xalqlar miqdori undan ham ko‘p.

Yana qaysi birini aytaylik?

Balki, Sho‘ro davlati ana shunday qorishtirishlar orqali “Yagona sovet xalqi”ni barpo etishni ko‘zlagandir? Ammo… nimaning evaziga? O‘limlar, azoblar, faryodlar, nohaq to‘kilgan qonlar, uvol ketgan jonlar hisobigami?

Tarixing bitmoqqa, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak.
Chunki bir bor tortgan ohing
Mingta doston, o‘zbegim, –

deb yozganida Erkin Vohidov qanchalar haq bo‘lgan! Bu gap boshqa ellarning o‘tmishiga ham bab-baravar taalluqli.

“Apaqiy”

Ustoz tarjimon To‘lqin Alimov rahmatli bir voqeani aytib bergandi. Parkent qishlog‘iga urushning oxirrog‘ida ko‘p qrimtatarlar ko‘chirib keltirilgan. Ular orasida bir juvon ham bor ekan. Hammaning ishini qilib yurar, shundan bir burda non toparkan. U barcha xotinlarga ma’yuslik bilan Apaqiy (opajon) deb murojaat qilar, shuning uchun oti ham Apaqiy bo‘lib ketgan ekan. Doim g‘amgin, ko‘zini yerdan uzmaydigan, sira kulmaydigan bu ayolni bir kuni To‘lqin akaning onasi yoniga chaqirib, nasihat qilibdi:

 – Apaqiy qizim, – debdi. – Mana, erim urushda deyapsan. Ammo bir sening ering emas-ku urushga ketgan? Shu mahallamizning o‘zidan yigirma nechtayam yigit frontda. Ko‘pga kelgan to‘y ekan-da, nima choramiz bor? Sen unaqa xafa bo‘lavermay, o‘ynab-kulib yursang bo‘lmaydimi? Nega doim yig‘laganing-yig‘lagan? O‘zingni qiynaysan?

 – Ey-y, apaqiy, – debdi boyagi qrimtatar juvon yana yig‘lab. – Mening dardim boshqa, uni hech kim bilmaydi.

 – Menga ayt, qizim, hasratingni, – debdi kampir. – Sal yengil tortarsan axir.

 – Erim urushga ketganida qo‘limda uch oylik bolam bor edi, – debdi Apaqiy yana hiqillab yig‘lab. – O‘g‘il bola edi. O‘sha bilan ovunib yurgandim. Hovlimda bittagina g‘ozim ham bor edi. Uyam menga o‘rgangan, qayoqqa yursam, ortimdan ergashib yurardi. Bir kuni darvozamizni sharaqlatib ochib, uch harbiy kishi kirib keldi. “Bu yerga nemislar bostirib kelyapti. Hamma ko‘chiriladi. To‘rt soat muhlat. Bolangni, pasportingni, pulingni ol. Boshqa narsalaring qolsin. Hamma qrimtatarlar ko‘chiriladi. Bu yerlarga endi qaytib kelmaysizlar. Bo‘l, tayyorlan!” –   deb buyruq berib chiqib ketishdi. Men bolamni yo‘rgakladim, pasportimni, bor pulimni oldim. Qarasam, g‘ozim menga hadeb ergashib yuribdi. Kel, dedim-da, birov bilmasin deb tumshug‘ini ip bilan o‘rab, oppoq yo‘rgakka uni ham belab qo‘ydim. Buyam bolam deyman so‘rashsa, deb o‘yladim. Ammo sal o‘tmay, harbiylar yana yugurib kirib kelishdi. “Boyagi muhlat bekor bo‘ldi, poyezd yarim soatda jiladi, chiq mashinaga!”, deyishdi. Butun qishloq olag‘ovur. It egasini tanimaydi. Men yo‘rgaklangan bolani oldim. Uyim bilan xayrlashdim. Poyezdga chiqarishdi, allaqayoqqa ketyapmiz. Oradan ikki-uch soat vaqt o‘tsa ham, bola yig‘lamay, ovoz chiqarmay ketyapti. Qorni ochmadimikin, deb yuzini munday ochib qarasam, voh, apaqiy, vahimada bolamni uyda qoldirib, yo‘rgaklangan g‘ozni olib chiqqan ekanman! Dod-dod deb g‘ozni vagon derazasidan otib yubordim, boshimni devorlarga urib baqirib yig‘ladim, ammo ortga qaytishga yo‘l yo‘q. Go‘dakkinam uy ayvonida qolavergan ekan! Men buning azobini qanday ko‘tarib yurganimni bir o‘zim bilaman…

 – Onam ham qo‘shilib yig‘lagan edi o‘shanda, – deb hikoyasini tugatdi To‘lqin aka. – Nuqul voy bechora Apaqiy qizim, ichingda shuncha darding bor edimi sening? – deb hiqillaganlari yodimda…

Tug‘ilib o‘sgan yurtidan haydalsa, uy-joylari zo‘rlik bilan tortib olinsa, urushni g‘alaba bilan tugatgan askarlar ham eli surgun bo‘lgan joylarga jo‘natilsa!

Hattoki g‘urbatda kun ko‘rayotgan bu xalqqa vatani haqida ashula aytish ham man qilinsa! Zulmning bular ko‘rmagan yana qaysi xili qoldi ekan?

“Bizning ko‘cha, bizning uy!”

To‘lqin aka bir umr nashriyotda ishlab, ko‘p adiblar bilan hamsuhbat bo‘lgan, goho ulardan eshitgan g‘alati voqealarni hikoya qilib berar edi. Hozir ismi yodimdan chiqibdi, to‘qsoninchi yillar boshida Qrimga borishga ruxsat tegib, bir qrimtatar adibi opasi bilan o‘zlari tug‘ilgan shaharga borishibdi. Go‘dak chog‘ida ota-onalari bilan O‘zbekistonga kelib qolishgan-da. So‘rab-so‘rab, o‘zlari yashagan ko‘chani topishibdi. Qarashsa, tanish mahalla! Yurib-yurib, o‘z xonadonlari oldiga yetishibdi. O‘sha uy, o‘sha darvoza hali ham turibdi! Yuraklari hapriqib ketibdi. Qarang, qirq besh yil avvalgi o‘z uylari! Opa-uka o‘z uylariga kira olmay, hatto darvoza taqillatishga ham jur’at qilolmay, u yoqqa o‘tishibdi, bu yoqqa o‘tishibdi. Bola chog‘laridagi xotiralar quyunday yopirilib, yuraklari entikibdi.

Bir mahal darvoza ochilib, bir notanish kishi chiqib kelibdi.

– Qarasam, shu atrofda ko‘p aylanyapsizlar. Kimsizlar, nima ish bilan bu yerda yuribsizlar?

Opa-uka o‘zlarini tanitib, O‘zbekistondan kelishganini, ellik yil avval shu uyda tug‘ilib  o‘sganlarini aytishibdi.

Boyagi kishi darvozani ochib, ularni ichkariga taklif qilibdi. Uy ham o‘sha-o‘sha, bular chiqib-tushib yurgan tokchalar, bekinmachoq o‘ynagan burchaklar… bari boyagiday turgan ekan! Bir yig‘lab, bir kulib, uyning yangi egasiga bu haqda so‘zlab berishibdi. U goh achinib, goh kulib eshitibdi, qachon kelsanglar, darvoza ochiq, marhamat, debdi. Bir-birini to‘g‘ri tushunib, xayrlashishibdi.

Albatta, bu uy, bu ko‘chalarning egalari endi boshqa. Qrimtatarlar vatanlariga keyin ko‘chib borishdi ham. Bunga “ijozat” tegdi. Ammo kichik vatan – o‘zlari tug‘ilgan, kindik qoni tomgan, unib-o‘sgan, ota-bobolari loy changallab qurgan uylariga ega bo‘lisha olmadi…

Ammo nima bo‘lganda ham, ota yurtga borish nasib etdi-ku!

Shuning uchun bu jafodiydalar qirq yil mobaynida bino etgan, obod qilgan uy-joylarini arzongarov sotib, yana vatanga oshiqdilar. Qanotlari bo‘lsa, qushday uchib borishga tayyor edilar o‘sha Alushtaday go‘zal ma’volarga. Endi tinch yasharmiz, dunyodan bearmon o‘tarmiz, deb intiq bo‘ldilar.

Tinch yashayaptilarmikin, kunlarini bearmon o‘tkazyaptilarmikin ular?

Nevlay…

Yillar o‘tib, sochga qirov qo‘ngan mahal odam yosh kezidagi ne bir voqealarni yana yodga olarkan, o‘sha jo‘shqin yillarda uncha e’tibor qilmagan qay bir narsalar mag‘zini chaqib, yangicha xulosalarga kelarkan.

Chinoz tomonlarda paxta terganimizga hozir salkam ellik yil bo‘lyapti. Goho, qayerlarda ekan boyagi Xalil, omon bormikin, deb eslab qolaman. Sodda, anoyi Xaliljon! Tirikmisan, oshna, tirik bo‘lsang, qaylardasan?

Qayda bo‘lsang ham, omon bo‘l, el-yurting omon bo‘lsin…

Zuhriddin ISOMIDDINOV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 9-maydagi 19-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604