23.05.2025 | 18:12
951
30 YIL MAVHUMLIKDA
BIRINCHI O‘ZBEK BIBLIOGRAFI AKBARBEK DOLIMOV HAQIDA
Eski Jo‘va. Toshkentning eng ko‘hna mavzelaridan biri. Bu o‘sha makon – Abdulla Qodiriy, Oybek, Gʻafur Gʻulom kabi ulug‘ yozuvchilarimiz asarlarida ko‘p martalab tasvirlagan joy. Zero, asarlar jadid ma’rifatparvarlari faoliyati Eski Jo‘vada keng quloch yoyganini tasdiqlaydi. Ayniqsa, bunda jadidlar tashkil qilgan “Turon” kutubxonasi va qiroatxonasi – Sag‘bon, Chorsu, Shayxovand Tahur, Xadra, Chig‘atoy, Oqlon, Hastimom mahallalari qoq markazida joylashgan, o‘rtaliq bo‘lgan. Qolaversa, “Turon” nomida xayriya jamiyati, gazeta hamda truppa faoliyati har biri o‘zining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati bilan tariximizda o‘chmas iz qoldirgan maskanlar sanaladi. Shundan ham anglash mumkinki, “Turon” atamasi jadid mutafakkirlari uchun Vatan timsoli sifatida muqaddas bo‘lgan.

Abdulla Qodiriyning mashhur hajviy qahramoni Kalvak Mahzum bir gal bevosita “Turon” qiroatxonasiga taalluqli sahnalarda ko‘rinish beradi. U Kalomi sharifni ziyorat etmak istagida Maxsido‘zlik mahallasidagi “oynabandlik ikki qanot eshigi bor ko‘p oliy g‘ishtin fabrikon”ga boradi. Mahzum eshiklarning biridan kirganida atrof-javonibda “devdek-devdek katta suratlar” osig‘liq ekani, “birmuncha sallalik va sallasiz odamlar”, “o‘ris kursiga o‘tirib gazet o‘qiyotgan” kishilar, tevarakka esa “anvoyi turlik kitoblar uyub tashlangan”i ta’riflanadi. Kalvak Mahzum tilovatxona deb o‘ylagan bu joy 1920-yillarda o‘zbek ziyolilarining serqatnov qadamjosi – “Turon” kutubxonasi edi.
Kutubxona tarixiga uzoq to‘xtalish niyatidan yiroqmiz. Bil’aks, uning faoliyatini ham chetlab o‘tib ketolmaymiz. Negaki, biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz ayni kutubxonaning qatag‘onga uchragan fidoyi xodimlaridan biri Akbarbek Dolimov bo‘ladi.
Hali bor-yo‘g‘i o‘ttizni qoralagan, o‘z sohasida salmoqli ikkita kitob yozib qoldirgan birinchi o‘zbek bibliografi, manbashunosi Akbarbek Dolimov hayoti va faoliyati ko‘pchilikka tanish bo‘lmasligi mumkin. Ammo shunisi ayonki, Dolimovlar sulolasi ko‘plab ziyoli, ilm-fan fidoyilarini voyaga yetkazgan shajara o‘laroq tarixda ham, hozir ham yuksak nom qozongan.
Akbarbek 1909-yili Toshkentning Sag‘bon mahallasida Dolimbek Muhammadaminbek o‘g‘li va Marziya Qozoqboy qizi oilasida dunyoga keladi. Dastlab shu mahallada amakilari ochgan va jadid muallimi Gʻulom Qodir domla o‘qituvchilik qilgan usuli jadid maktabida, keyin hamma qatori rus-tuzem maktabida o‘qiydi. U o‘rtabo‘y, nihoyatda harakatchan, aka-ukalaridan farqli o‘ta qattiqqo‘l, o‘ziga ham, o‘zgalarga ham talabchan edi. Adabiyot va san’atni jon-dilidan sevar, tanburni yaxshi chalardi, rasm chizishga ham ishtiyoqi baland bo‘lgan.
Akbarbekning o‘smirlik yillari bevosita “Turon” kutubxonasida, kitoblar ichra o‘tarkan, bu maskan uning chinakam ziyoli bo‘lib shakllanishida yuksak ahamiyat kasb etadi. Kutubxona shu qadar boy ediki, Qozon, Qrim, Tiflis, hatto Istanbulda nashr etilgan gazeta va jurnallar, noyob kitoblar bor edi. Akbarbek millatni istiqlol, mustaqillik sari yetaklagan Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, tog‘alari Mirmulla, Mirmuhsin, Mirmuslim Shermuhamedovlar, Elbek, Abdulla Qodiriy, Shokirjon Rahimiy kabi jadid mutafakkirlar asarlari bilan ilk bor shu maskanda tanishdi, millatning istiqlol sari intilishiga bosh bo‘lgan jadidlik harakati nafasini tuyib ulg‘aydi.

U o‘z taqdirini kutubxonadan ayro tasavvur qilolmas, shu bois 1927–1929-yillarda Toshkent kutubxonachilik kursida tahsil olib, o‘zi mehr qo‘ygan “Turon”da ishlay boshlaydi. 1930-yillarda Akbarbek ta’limni davom ettirish maqsadida Toshkent davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiradi. Bu davr Dolimovlar oilasi uchun nafaqat ilm olish, balki ular hayotida murakkab siyosiy tahdidlar kuchaygan sinovli palla ham edi. Aka-ukalar mahalla-ko‘y, hukumat odamlari ko‘rmasin uchun haftada, o‘n kunda bir (shunda ham qosh qoraygach) ota-onasi quchog‘iga oshiqib, tong yorishmasdan o‘qish-o‘qishiga jo‘nab ketardi. Ular ming mashaqqat bilan birin-ketin oliy o‘quv yurtlarini bitirib, xalq xizmatiga kirishdi.
Akbarbek Dolimov “Oktyabr” kutubxonasida bibliograf sifatida ish boshlab, tez orada kutubxona rahbari darajasiga ko‘tariladi. Ha, bu o‘sha – “Turon” kutubxonasi. Rasmiy hujjatlarda “Oktyabr” nomi bilan keladi, 64 yil (1928–1992) shu nomda atalgan. Bu o‘zgarishdan muddao bor edi, albatta. “Turon” o‘zbek xalqining qadim Vatani, boy tarixi va o‘zligini ifoda etardi. Sovet mafkurasi uchun esa bu atama shu holicha xavf tug‘dirar, shu bois ushbu nomni o‘zgartirish orqali hukumat uni xalq xotirasidan o‘chirishni, tarixiy merosni anglashga to‘siq qo‘yishni maqsad qilgan edi. Akbarbek Dolimovning faoliyati esa tubdan ushbu siyosiy urinishlarga zid yo‘nalishda kechdi. U kutubxonani milliy tarix va millat xazinasi bilib, asrashga intildi.
Qahramonimiz kutubxonada bir necha yil direktor bo‘lib ishlarkan, uning boshchiligida o‘zbek matbuotining ilk namunalari – jadidlar davriga mansub gazeta va jurnallarni yig‘ish, tizimlashtirish va saqlash borasida samarali ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, “Turkiston viloyatining gazeti”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Tujjor”, “Shuhrat”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Turon”, “Xalq dorilfununi”, “Samarqand” kabi gazetalarning, “Oyina”, “Al-isloh”, “Al-izoh”, “Yer yuzi”, “O‘zgarishchi yoshlar”, “Maorif va o‘qitg‘uvchi”, “Yangi yo‘l” kabi jurnallarning to‘liq boylamlari shakllantiriladi.
Akbarbek Dolimov 1934-yilda Fayzulla Ubaydullayev bilan hamkorlikda 252 sahifadan iborat “Mukammal ilmiy bibliografiya” kitobini O‘zbekiston davlat nashriyotida bosmadan chiqaradi. Mazkur asar o‘zbek bibliografiyasi sohasida yaratilgan ilk kitob bo‘lib, unda 1920–1934-yillarda o‘zbek tilida nashr etilgan uch mingga yaqin kitobning umumiy tavsif va tasnifi berilgan. So‘ngra 1937-yili respublika kutubxonachi va bibliograflariga metodik yordam sifatida “Unli klassifikatsiya” (Sobir Solihov bilan hammualliflikda) asarini yozadi. Shu o‘rinda har ikkala kitobda birinchi muallif sifatida qahramonimiz ism-sharifi qayd etilganini ta’kidlab o‘tamiz.
1930-yillarda u bilan birga kutubxonada ishlagan atoqli manbashunos Abdulla Nosirov (Nosixiy) so‘zicha: “Akbar Dolimov kutubxonachilik ishining katta bilimdoni edi. “Turon” kutubxonasining respublika miqyosida e’tibor qozonishida, ulkan ma’rifat o‘chog‘iga aylanishida uning hissasi salmoqli bo‘lgan. O‘sha yillarda “Oyina”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Turkiston” taxlamlarini tartibga solish ancha og‘ir kechgan. U Samarqandda Hoji Muin Shukrullo, Abduqodir Shakuriy; Qo‘qonda Po‘latjon domla Qayumiy, Abduvahob Ibodiy; Toshkentda Abdulla Avloniy, Muhibul qori Orifiylar bilan aloqada bo‘lib, ulardan yetishmayotgan numirlarni olib to‘ldirdi”.
1930-yillarning ikkinchi yarmidan qama-qamalar avj olgach, 1941-yilning noyabr oyida NKVD xodimlari “Oktyabr” kutubxonasining biryo‘la to‘rt nafar xodimi – Akbarbek Dolimov, Rahimjon Ibrohimov (o‘sha yili direktor bo‘lgan), Asad Ubaydullayev, Ahad Tursunovni qamoqqa oladi. Dastlabki tergov bir hafta uzluksiz davom etadi. Tergovda huquqiy me’yorlarga umuman amal qilinmas, Akbarbek Dolimovda esa jamiki qiynoq, so‘roqlarga javob bitta edi: “Menga yopishtirilayotgan ayblarning birortasini qabul qilmayman”. Shunga qaramasdan, 1941-yil 26-noyabrda tuzilgan ayblov qarorida quyidagilarni o‘qiymiz: “Aksilinqilobiy kayfiyatda bo‘lgan Akbarbek Dolimov 1939-yildan sovet hukumatiga qarshi yig‘in (gap)larda qatnashgan va aksilsho‘roviy ruhdagi guruhlar bilan partiya siyosatini tanqid qilgan”. Qarangki, ayni paytda Ikkinchi jahon urushi avj pallasiga kirayotgan, SSSRning taqdiri tobora chigallashayotgan, nemis armiyasi Maskov ostonasida turgan bir tahlikali vaziyatda Akbarbek Dolimov kabi o‘zbek ziyolilarini qamash, tergov qilish, qiynoqqa solish ishlari parallel olib borilganki, sovet ma’murlari milliy oydinlar timsolida fashistdan kam xavf-xatar ko‘rmagan. Ana shu xavotir bois qahramonimiz va Rahimjon Ibrohimov ustidan otuvga hukm o‘qilib, mol-mulki musodara qilinadi. Ahad Tursunov va Asad Ubaydullayev esa 10 yil ozodlikdan hamda 5 yil saylash va saylanish huquqidan mahrum etiladi.
Dolimovlar sulolasidan urushga ketgan aka-ukalar uyiga qaytdi hamki, Akbarbekning taqdiridan bexabar jigarlari uni janggohlarda bedarak ketgan, degan gumonga borishadi. O‘zbekning birinchi bibliograf olimi o‘ttiz yil bedarakligicha qoldi. Toki…
1972-yil. Yoz kunlaridan birida Noʻmon Dolimovning eshigi bemahal taqillaydi. Bemavrid kelgan kishi o‘zini Davlat xavfsizligi qo‘mitasining polkovnigi Kazakov deb tanishtiradi. U qizining universitetga o‘qishga kirayotganini aytib, yordam so‘raydi. Shunda Noʻmon Dolimov qo‘ldan kelgancha yordam berishini bildirarkan, yillarki yechilmayotgan tugun – ukasi Akbarbekning taqdiri nima bilan tugaganini hujjatlar asosida bilib berishini polkovnikdan iltimos qiladi. Yigirma kuncha vaqt o‘tib, Kazakov Akbarbek Dolimovning 1942-yil 26-avgustda “xalq dushmani” sifatida otib tashlanganligi haqida hujjatni akaning qo‘liga tutqazadi.
Inson qadrini ko‘ring, otib o‘ldirilganiga 30 yil bo‘lgan o‘g‘lonning o‘limini oila a’zolariga bildirishni lozim hisoblashmagan. Hatto uning Xrushchev davrida oqlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumot ham ayon qilinmagan. Yo‘qsa, 1945 yili urush tugagach, onaizor Marziya Qozoqboyeva vafotiga yaqin, chiqmagan jondan umid deb o‘g‘li Akbarbekning taqdirini aniqlash uchun O‘zbekiston Ichki ishlar xalq komissarligiga so‘nggi bor murojaat qiladi. Mushtipar ona o‘z murojaatiga javoban dilbandining Krasnoyarsk o‘lkasiga surgun qilingani xabarini oladi. Aslida esa u Toshkentda otib o‘ldirilgan edi. Onaizor “surgun”dagi o‘g‘lini kuta-kuta uziladi. Momoning nabirasi Ulug‘bek Dolimov keyinchalik o‘sha mash’um kunlarni xotirlar ekan: “1946-yil. Qishning ayozli kechasi. Marziya buvim: “Yulduzla-a-r, jigargo‘sham Akbarga salom aytingla-a-r!” deya iltijo qilib, hayotdan ko‘z yumganlari hamon ko‘z oldimda” deydi…
“Turon” kutubxonasining fidoyilari ko‘p edi. Kutubxona haqida gap ketsa, ko‘z oldimga Akbarbek Dolimov barobarida yana bir shaxs keladi. Bu inson – Ikkinchi jahon urushidan yarador qaytgan To‘xta aka Sodiqov. Uning hali isitish tizimi yo‘q eski binoni qishning qirchillama sovug‘ida qanday qo‘riqlagani haqida aytib berganlari esimdan chiqmaydi sira. “Qo‘lyozma va nodir kitoblarni tutantiriq uchun o‘g‘irlab ketishmasin deb kechasi bilan o‘qsiz miltiq ko‘tarib, qo‘rib chiqar edik”, degan edi rahmatli. Shunday fidoyi shaxslar sharofati bilan nodir kitoblar, gazeta-jurnallar bizgacha yetib keldi. Shuning o‘zi aslida kitob bo‘lgulik jasorat. Nazar tashlansa, mana shu jasorat kitobining har sahifasida jadid bobolarning muqaddas so‘zlari, tabarruk izlari, oydin yuzlari ko‘rinadi.
Vazira SOBIROVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 16-maydagi 20-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604