Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.06.2025 | 11:43

img571

“O‘TKAN KUNLAR”NI YOD BILGAN ADVOKAT

“O‘tkan kunlar”ni boshidan oxirigacha yoddan aytadigan, umrini qonunchilikda adolat ustuvorligi uchun sarflagan, xalqining ma’rifatli bo‘lishi, o‘z-o‘zini tanishi, anglashi yo‘lida qayg‘urgan bu insonni tez-tez yodga olaman. Vafotidan so‘ng deyarli chorak asr vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ishxonam eshigi ochilib, ko‘zlarining tub-tubida mahzunlik, ma’yuslik in qurgan bu inson kirib keladiganday tuyulaveradi. Adham Muzaffarov ism-sharifli bu kuyinchak zotni haligacha qo‘msayman. U kishining suhbatlarini sog‘inaman.

Men u kishini ancha yillardan buyon tanir edim. Ayrimlar uni qahri qattiq prokuror deyishardi. Yana birlari esa o‘z ishi qolib, adiblikni da’vo qilayotir, deya yanishardi. Men bo‘lsam… mudom serharakat, ikki og‘iz gapini aytish uchun vaqt topib, o‘g‘li, nevarasi tengilar oldiga keladigan bu odamda allanechuk bir sir bor deb o‘ylardim. Balki, o‘shanda bu xayolga nechuk borganimni hozir aniq aytib berolmasman. Lekin baribir uni sirli odamlar toifasiga qo‘shib qo‘yganim aniq. Ehtimol, gaplasha turib ko‘zlarining tubida zuhur etib turguvchi iztirob menda shunday tasavvur uyg‘otdimikan? Yoki bo‘lmasa uning har gal nimanidir aytishga shaylanishi-yu, lekin ming azob bilan bo‘g‘zida tutib qolishini sezganim tufayli sir izlay boshladimmi?

Qayta qurish yillari edi. Bu galgi suhbatimiz sovetlar hokimiyatidagi adolatsizliklar, butun dunyoda mustamlakachilik tugatilgani, lekin O‘rta Osiyo xalqlari hamon qaramligicha qolib, har kuni “erkin, baxtiyor davron” haqida qo‘shiqlar aytilayotgani to‘g‘risida ketdi.

Shunda uning ko‘zlariga qarab, qorachiqlaridagi og‘ir mungdan hayratga tushdim. Birpasdan so‘ng u meni lol qoldirib, istilochilik siyosati haqida so‘zlay ketdi. Shu-shu, Adham aka ikkimiz kabinetda yo tashqarida o‘zimiz qolsak, ozodlik, mustamlakachilik, shovinistlik mavzularida gaplashadigan bo‘ldik. Bundan uncha hayratlanmasdim, chunki o‘zini qadrlaydigan, oq-qorani ancha-muncha ajratadigan har bir o‘zbek ziyolisi qanday tuzumda yashayotganini yaxshi bilardi. Lekin baribir Adham akaning siri anchagacha ochilmay qolaverdi…

Nihoyat bir voqea sabab bo‘ldi-yu, u kishining hayoti haqida gap ketib qoldi va Adham aka menga bir dasta qo‘lyozma keltirib berdi. U o‘zbekistonlik taniqli bir dramaturgga yozilgan maktub ekan. Bu maktubdan men Adham akaning otalari Muzaffar mingboshining nohaq ayblanib, surgun qilingani, otasining ammasi Xudoyorxonga, o‘zining opasi esa Shermuhammadbekka xotin bo‘lganini bilib oldim. Sirli odamning sirlariga qiziqishim yanada ortdi…

Asli qo‘qonlik Adham Muzaffarovning ota avlodi Porsin (keyinchalik Shohimardon deb atalgan) qishlog‘ini obod qilgan aka-ukalardan biri – Murodning qavmidan bo‘ladi. Katta bobosi Qobil qozi nomi butun Farg‘ona vodiysida mashhur bo‘lgan. Bobosi Muhammadjon qirq besh yil mingboshi lavozimida turgan. Dadasi – Muzaffarjon Muhammadjon o‘g‘li avval Qo‘qonda, so‘ng Buxoroda o‘n yil, Istanbulda uch yil tahsil ko‘rgan. Xalqning o‘zi uni mingboshilikka saylagan.

Adham akaning “sirli odam”ga aylanishidagi keyingi voqealar aslida o‘sha davrdagi taloto‘plar, sovetning  qattol siyosati bilan bog‘liq.

“Qizillar”ning ta’qibi tufayli Muzaffar mingboshi oilasi faqat Shohimardondan emas, balki butun Farg‘onadan bosh olib chiqib ketishga majbur bo‘ladi. O‘shanda Adham to‘rt yashar bola edi, ko‘p narsani bilmasdi, lekin aqlini tanigani sari voqealar oydinlashib boraverdi. Oila uzoq yillar O‘zbekistondan olisda, avval Bishkek, so‘ng Jalolobodda yashashga majbur bo‘ldi. 1937-yilgi “qama-qama”lardan yurak oldirgan Muzaffar mingboshi xastalikka chalinib, 1938-yili vafot etadi.

Mingboshi o‘limidan oldin uyidagi arabiy harflarda yozilgan kitoblarning hammasini o‘tga tashlatadi. U garchi bor mol-mulkidan ajralgan bo‘lsa-da, qayerga ko‘chmasin, kitoblarini asrab-avaylab olib yurardi. O‘shanda o‘n uch yoshga to‘lgan Adhamning ko‘z o‘ngida ayasiga kitoblarni yoqishni buyurgan otasining yum-yum yig‘lagani-yu, ulkan golland pechida oltin suvi yuritilgan Navoiy “Xamsa”sining “oh-voh” chekayotganday chirsillab yonishi qolgan. Otasi faqat muqaddas “Qur’on”ni va yana uch-to‘rt kitobni yoqishga bermaydi. Yosh Adham esa Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” kitobini otasidan so‘rab oladi. Otasi bu kitob boshingga balo keltirmasin, deganida hech kim topolmaydigan yerga avaylab ko‘mib qo‘yishini aytib, bir amallab otasini ko‘ndiradi. Adham akaning keyinroq anglashicha, otasi “qama-qama”lar hademay ularning ham boshiga yetib kelishi, o‘zidan keyin bolalarining joni shu kitoblar tufayli azobda qolmasligi uchun ularni o‘tga tashlattirgan ekan. Lekin baribir u o‘z hayoti farzandlariga xavf solishining oldini ololmadi. Bunga imkoni ham yo‘q edi. Chunki inson chumolicha qadrlanmaydigan jaholatli tuzumda odamning ishiga qarab emas, aksincha, otasi kim bo‘lgan-u, qarindoshlari kim o‘tganiga qarab baho berilardi.

Faqat otaning emas, opaning o‘tmishi ham Adham Muzaffar o‘g‘lini uzoq yillar davomida “Kommunistik partiya va Sovet davlati uchun ishonchga molik shaxs emas”ga aylantirdi. Garchi u sobiq tuzum davrida “Ulug‘ Vatan urushi” deb atalgan Ikkinchi jahon urushida jonini jabborga berib jang qilgan, kommunistik firqa safiga kirgan bo‘lsa-da!

“– Nega tarjimayi holingda o‘tmishni yashirding?
– Nimani yashiribman?
– O‘zingni go‘llikka solma! Nega otang, pochchang haqida bir og‘iz ham yozmading?
– Mana, yozganman-ku!
– Yozish bunday bo‘lmaydi! Bilmasang, yoz, men aytib turaman! “Otam – Muzaffar mingboshi, chor Rossiyasining amaldori,  opam Karomat – bosmachilar harakatining qo‘mondoni Ko‘rshermatning xotini…” Hm-m, Shermuhammadbek emish-a! Dushmanni buncha boshingga ko‘tarib hurmatlaysan?”

Qalam qaltiraydi, yurak titraydi, qog‘oz og‘riqdan “oh” chekaveradi. Adham yozganlariga qarayolmaydi, ko‘z oldi qorong‘ilashib ketaveradi. Umri davomida qalami qancha qaltiramadi, yuragi qancha titramadi. Bora-bora qo‘li ko‘nikib ketdi. Lekin yurak qurg‘ur hech ko‘nikmasdi. Bo‘lmasa, u shuncha voqealardan keyin ham sovet davlati adolatiga ishondi, qo‘liga qurol olib, Ikkinchi jahon urushida jang qildi, og‘ir yaralandi.

Urushdan qaytgach, unga yana o‘tmishini eslatib qo‘yishdi. U ona yurtiga borolmay, Xo‘jandga keldi. 1946-yili Moskvadagi huquqshunoslik institutiga o‘qishga kirdi. Katta akasi Ko‘lob taraflarda edi. O‘qishni bitirgach, uni orqa qilib Ko‘lobga yo‘l oldi. Uch yil Parxorda ishladi. Keyin yana Xo‘jandga qaytdi. 1985-yilgacha huquq organlarida mehnat qildi. Orada “Sen falonchining o‘g‘li, falonchining qaynisi ekansan”, deya bir-ikki yil ishdan bo‘shatishdi. Lekin o‘z ishining ustasi ekanimi, bilimimi, tajribali kadrlar yetishmasligi boismi yoki ayrim yaxshi odamlarning sharofati tufaylimi, tag‘in ishga chaqirib olishdi.

1952-yili akasini firqadan o‘chirishgach, bu haqda Xo‘jandga xabar yuborishdi. O‘shanda prokuror yordamchisi bo‘lib ishlayotgan yosh va serg‘ayrat Adhamni ham partiyadan o‘chirib, ishdan bo‘shatmoqchi bo‘lishdi. Uni urush qatnashchisi ekani asrab qoldi. Baribir hech qanday sababsiz qat’iy “hayfsan” berishdi.

U uyga shalviragancha qaytdi-yu, o‘ylandi. Otasi ko‘z o‘ngida paydo bo‘lib, goh “Farhod va Shirin”dan, goh “Saddi Iskandariy”dan so‘zlaganda ko‘ngli biroz taskin topdi. Lekin ota yana Navoiyning oltin suvi yuritilgan bebaho “Xamsa”sini o‘tga tashlashni buyurib, o‘zi bir chekkada yum-yum yig‘laganida, ko‘ksini bir nima qattiq g‘ijimlab oldi.

Adham aka o‘z vazifasini ijro etish mobaynida sobiq tuzumning xufiyona ishlariga juda ko‘p duch keldi. KGB ko‘proq uyida arab hurufotidagi kitob saqlaganlarni, islomdan dars berayotgan domlalarni tutib kelar va prokuraturaga ular ustidan jinoiy ish qo‘zg‘ashni buyurardi. Shunday dushman izlashlar natijasida “qo‘lga olingan” “zararli diniy kitoblar” yo‘q qilinardi. Adham aka oyoq ostida ezilib yotgan, aslida ko‘pi diniy emas, devonlar, bayozlarni… aziz kitoblarni bildirmay olar va uyiga olib ketardi. Lekin aynan shu kitobdo‘stligi tufayli ham vaqti kelib baloga qoldi. 80-yillar boshida uning ustidan yozilgan “yumaloq xat”da uyida g‘arazli maqsadda diniy kitoblar saqlayotgani ham aytilgan edi. Tekshir-tekshirdan so‘ng Adham aka Jaloloboddagi golland pechida yonayotgan Alisher Navoiy kitoblarini o‘rtanib eslab, yillar davomida to‘plab, asragan xazinasi – yuzdan ortiq kitobni Respublika Fanlar akademiyasiga yubordi… Keyinchalik esa “yumaloq xat” “ijodkori”ni bir so‘ksa, o‘zidan ikki ranjib yurdi.

– Shuncha yil huquq sohasida ishlab, nega qonunsizlik haqida gapirasiz, – deb so‘ragandim bir gal akadan.
– Bilasizmi, garchi men qonun asosida ish ko‘rgan bo‘lsam-da, undagi ko‘pgina moddalar menga qattiq azob berardi. Quruq tuhmatni dastak qilib otamni jazolashdi. Keyin bilsam, uni ayblashda tatbiq etilgan o‘sha modda qonunda umuman yo‘q ekan. Men 1933-yilda o‘g‘rilik uchun hatto o‘lim jazosigacha hukm qilingan, 1947-yilda arzimagan mevani yegani uchun odamlarni avaxtaga tiqib, davlat va jamoat mulkini o‘g‘irlagan, deb 25 yilgacha qamalganlarga achinaman, – degandi Adham aka.

Adham Muzaffarov yaxshi ishlardi. Jinoyatchilikka qarshi halol va ayovsiz kurashardi. Lekin har gal davlat mukofotlariga kelganda, uni chetlatishardi. Qimmatbaho buyumlar bilan taqdirlashardi, lekin aslida unga berilishi zarur orden-medallar boshqalarning ko‘ksiga taqilardi. U temir nishonlarga o‘ch ham emas, zor ham emas edi. Faqatgina o‘ziga bildirilgan navbatdagi ishonchsizlikdan goh kuyib, goh kulardi.

Garchi oyog‘ida jang maydonida orttirilgan og‘ir jarohatlar bo‘lsa-da, unga urush nogironi guvohnomasini yillar davomida sudrab-sudrab, faqat Tojikiston mustaqil bo‘lgachgina berishdi.

Mamlakatlarimiz qizil imperiya asoratidan qutulgach, Adham aka ochilib-sochilib gapiradigan bo‘lib qoldi. Lekin tashvishi yanada ortdi. “Bilasizmi, men odamlarimizda siyosiy, huquqiy madaniyatning pastligidan kuyinaman. Fitrat kabi olimlar asr boshida tushungan gaplarni biz hamon tushunmayapmiz. Ishoning, menga bir burda non va bir piyola suv bo‘lsa, bas. Moddiy ezilishga chidasa bo‘lar-u, lekin ma’naviy ezilishga chidash qiyin…”

Bu gaplarni menga saksonni qoralagan, boshidan ko‘p azob-uqubatlarni o‘tkazgan, 1942-yilda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”ini Farg‘onadagi polk maktabida bir necha kun davomida yoddan aytib bergan va ayni paytda nohaq qamalayotganlar sudida, tergovida qatnashib azoblangan, o‘zi bir necha roman, qissa va hikoyalar ijod qilgan va umrining salmoqli qismini tarjimayi holini qayta-qayta yozishga sarflagan Adham aka – Muzaffar mingboshining kenja o‘g‘li aytgan. U rahmatli otasining katta salohiyati bo‘la turib Jaloloboddagi veterinariya stansiyasida santexnik bo‘lib ishlagani, ayrim odamlarning Shermuhammadbekni hamon “bosmachi” deb atayotganliklaridan kuyinib so‘zlagandi…

O‘zini hech qachon jadid deb atamagan, lekin jadidlar istagan ezgu ishlarni amalga oshirib yurgan Adham Muzaffarov haqidagi dastlabki maqolam 1992-yilda “Xalq so‘zi” gazetasida bosilgan edi. Oradan o‘n kuncha o‘tib ishxonamizga Adham aka kirib keldi. Matoga avaylab o‘ralgan kitobni ko‘rsatdi. U “O‘tkan kunlar” edi. Adham aka qaltis yillarda yer ostiga avaylab ko‘mib qo‘ygan, keyinchalik ko‘z qorachig‘idek asragan buyuk roman edi u. Lotin harflarida terilgan kitob. Men uni varaqlarkanman, Abdulla Qodiriyning o‘lmas asarini asrab-avaylagan va uni boshdan oyoq yod olgan, qarshimda ko‘zlarini yumib olgancha Otabekning Kumushga yozgan xatini berilib yoddan o‘qiyotgan insonning jasoratiga ham, hofizi xotirasiga ham qoyil qolardim.

Adham aka sakson yoshga kirib dunyodan o‘tdi. Shu yoshda ham kitobni ko‘zoynaksiz o‘qirdi. U kishi Xo‘jandning eng kuchli advokatlaridan biri edi. Shu bilan birga, viloyatga qaysi bir prokuror kelmasin, Adham akaning sohadagi tajribasi, huquqiy bilimlarni suv qilib ichganini eshitib, ishga taklif etardi. U kishi advokatlik bilan birga prokuror maslahatchisi bo‘lib ham ishlardi.

Mustaqillik davrida Adham Muzaffarovning yana bir orzusi ushaldi. U kishining romanlari va boshqa asarlari nashr etildi. Kitoblariga “O‘tkan kunlar… o‘tib ketmas”, deb nom berdi. Asarlaridan biri – hujjatli qissa “Armiya, front, tutqunlik va GULAGda 14 yil” deb ataladi. Bu asarning qahramoni chekkan azoblar o‘ta jonli tasvirlangan. Chunki muallifning o‘zi ham bundan kam dardni, ayniqsa ruhiy azobni boshidan kechirmagan edi.

Xo‘jand ko‘chalarida kezib yurarkanman, nogahon shundoqqina qarshimdan o‘ychan Muzaffar aka chiqib qoladiganday bo‘laveradi. U kishi buyuk Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”ini bir boshdan yoddan o‘qiy boshlaydi. Yonib-yonib o‘qiydi, asar oxiriga, Otabek avlodlari taqdiriga kelganda alamdan ovozi titraydi…

O‘rinboy USMON
Xo‘jand

“Jadid” gazetasining 2025-yil 30-maydagi 22-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img64

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img587

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img584