Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


11.06.2025 | 09:44

img597

“YIG‘LAY-YIG‘LAY TUGATDIM OXIR…”

Uchta hikoya bilan bir kitob chiqarish uchun ham yurak kerak. Taniqli adib Xayriddin Sultonning “Osmoni falaklarda” kitobi uchuvchilar hayotidan olingan uch hikoyadan iborat ekan. Bu ijod mahsuli, janriga qaramay, qissa yukini ko‘tarib turibdi. Nazariy tahlilni olimlarga qoldiramiz. Kitob nomining o‘ziyoq odamni entiktiradi, dilgir qiladi, o‘yga toldiradi…

Osmoni falaklarda… Oxirgi marta qachon osmonga termildim, cheksizlik, aql bovar qilmas o‘lchamlar va sirli ma’volar haqida xayol surdim, deb savol berdim o‘zimga. Yaqin orada bunday sakinat his qilmadim. Odamning oyog‘i yerdan uzilmasligi kerak, lekin yerga yopishib qolish ham yaxshilik keltirmaydi. Ayniqsa, kaftdek ekran ko‘pchiligimizning yer-u osmonimizga aylanib qolgan bir zamonda. Yozuvchi o‘quvchisini ana shu zaminiy tashvishlardan ko‘tarilib, osmoni falaklarda sayr qildirishni istagan bo‘lsa, ne ajab.

Bolalik osmonlarida oppoq ko‘pik iz qoldirib samolyotlar sharqdan g‘arbga, g‘arbdan sharqqa uchib o‘tardi. Ba’zan bosiq guvullash ham eshitilardi. Quyosh nurida yaltirayotgan bu fan-texnika mo‘jizasiga qarab kimningdir og‘zidan yodlab olganimiz bir qo‘shiqni xirgoyi qilardik o‘rtoqlar bilan:

Osmonda samolyot uchib ketyapti,
Ichida kennoyim yig‘lab ketyapti.
Kennoyi, yig‘lamang, o‘g‘il ko‘rasiz,
O‘g‘ilning ismini Otabek qo‘yasiz…

Ma’nosini tushunib-tushunmay aytaverardik. Endi o‘ylasam, bu quvnoq ohang ortida tirnoqqa zor ayolga yo‘llangan bolalarcha hamdardlik bor ekan.

Keyin shart yugurib, biror daftarni o‘rtasidan yirtib olardik. Zumda qo‘lbola samolyot yasab uchirardik, kimniki uzoqqa boradi, deb o‘zimiz ham ortidan chopib ketardik. Hafsalasi borlar samolyot qanotlariga O‘zbekiston bayrog‘ini chizib qo‘yardi. Chunki biz uchun samolyot albatta davlat bayrog‘i rangida bo‘lishi kerak. Bu, o‘sha, kinolarda ko‘rib o‘rganganimiz “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning uchoqlariga pinhona havas va hayrat edi.

O‘qituvchimiz “Katta bo‘lsang kim bo‘lasan?” desa “uchuvchi” degan ko‘pchilik. Ota-onalar ham qaytarmasdi shashtimizdan: orzu qilishga imkon berardi, orzularimizga sherik bo‘lib qog‘ozdan samolyotlar yasardik. Demak, odamda hech kim o‘rgatmasa ham yuksaklikka, osmonga, ta’bir joiz bo‘lsa, quvilgan jannatga intilish instinkti yashayverar ekan-da.

Osmonda quyosh, oy, yulduz, bulut, samolyot, o‘tgan bobo-buvilarimizning ruhidan tashqari yana bir do‘stimiz bor edi o‘shanda. Uning ismi Kichkina shahzoda bo‘lib, negadir, uning gaplarini Ekzyuperi degan odamga nisbat berishardi. Kamiga u haqdagi kitobning ichki muqovasiga ko‘rinarli qilib “Xayriddin Sulton tarjimasi” deb yozishardi. O‘zi o‘zbekcha bo‘lsa, nimani tarjima qiladi, deb o‘ylardik.

Bolalik tugab, o‘smirlikning sirli fasllariga kirib bordik. Bu yerda parvoz uchun “temir qush” ham, uchuvchi ham kerak emasdi. Oshiq bo‘lsang kifoya. Oshiq bo‘ldik, pand yedik. Balki havas bo‘lgandir, lekin toza edi u tuyg‘ular. Tushunsak-tushunmasak,  Sherali Jo‘rayevning “Birinchi muhabbatim” qo‘shig‘i dilga cho‘g‘ tashlar, oh bo‘lib bo‘g‘zimizni kuydirib o‘tardi. O‘z-o‘zidan keyingi qo‘shiqqa o‘tib ketadigan ro‘yxatda esa tor va doiradan mutlaqo farq qiladigan  cholg‘ularda ijro etilgan musiqa xayolni olardi. Keyin xuddi cheksiz samoda uchib ketayotgan samolyot ovoziday vazmin ohang taralardi:

Oltin qanot qushlar uchsin,
Bizni mudom baxtlar quchsin…

Shu. Bu yog‘i oliy ta’lim, ish, turmush, tashvish. Osmonga qarashga ham, osmoniy xayollar surishga ham fursat qolmadi, fursat bo‘lganda zavq topilmadi. Zavqimizni telefon ekranlari tortib oldi. Qaytmas bo‘lib ketayotgan yoshlik yillari “ish-uy-ish” yo‘nalishida o‘ta boshladi. Sirojiddin Sayyid satri bilan aytganda, “Biz nima yo‘qotdik u asfaltlarda?”

Keyin uylanish vaqti yetdi. Oila, yangi hissiyotlar qanotida uchib yurganimda Xayriddin Sultonning “Osmoni falaklarda” kitobi qo‘lga tegdi. Yana osmonga qaytish boshlandi.

Bu osmonlarda “Kichkina shahzoda”lar ulg‘aygan, ularning oti Muhammadkamol Otaboyev, Rashod Shamshetov, Iskandar Isroilovga aylangan ekan.

Bir qarashda Xayriddin Sultonning erkak qahramonlari ojiz ko‘rinadi. Serandisha va sero‘yligi sababdir bunga. “Ko‘ngil ozodadur” qissasidagi Qunduzning G‘ulomga qarata “Nega meni ilgariroq urmadingiz, G‘ulom aka?!” degan xitobini eslang.

“Yozning yolg‘iz yodgori”dagi Adash karvon o‘g‘lining qotilini kechirishi yoki “To‘qchilik va yo‘qchilik” hikoyasidagi Rahmatullaning xotiniga gapini o‘tkaza olmasligi shunday taassurot uyg‘otadi. Bu birinchi taassurot, yuzaki xulosa, niqob. Ammo ushbu erkaklarning ichki dunyosi, ma’naviy qiyofasiga e’tibor berilsa, a’mollari din, millat va qonun tarozilarga solib ko‘rilsa, o‘z-o‘zidan ulardagi ruhiy quvvat va jasorat yuzaga chiqadi.

Yangi kitobdagi bosh qahramonlarda ham mana shunday “zaiflik”ni ko‘rish mumkin: Muhammadkamol Otaboyev (“Ikki karra qahramon”) – yagona, arzanda kuyovini samolyot salonida o‘ynashi bilan tutib olsa ham, hech bir jazo qo‘llamaydi, videoga olib, sharmandasini chiqarmaydi; Rashod Shamshetov (“Osmoni falaklarda”) – avval do‘st bo‘lib, keyin amalni ko‘tara olmay qolgan do‘stidan o‘ch olish payti kelganda foydalanmaydi; Iskandar Isroilov (“Bir kishilik aviahalokat”) – erli juvon bilan o‘ynashib, uni boshqa erkak bilan xiyonat ustida ko‘rganiga chidayolmay, yuragi to‘xtab qoladi.

Agar bu ssenariy Gollivuddagilarning qo‘liga tushib qolsa bormi, kamida bitta odam samolyot bortidan uloqtirilardi. Ishqilib, zinhor-bazinhor o‘zimizning ba’zi bemaza serialchilar qo‘liga tushib qol-masin. Darvoqe, ular o‘zi umuman kitob o‘qirmikan.

Lekin adibning mahorati shundaki, u yuzaki qarashlardan ustun kelib, asarida xarakter ochib beradi, ularni voqealar izmiga tashlab, xulosani o‘quvchiga qoldiradi. Hayotning o‘zi kabi…

Ayrim misollar. Muhammadkamol Otaboyev 2001-yil 11-sentyabr voqealaridagi jasorati uchun O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlanadi. Shuning o‘zi ham bir asarga yetgulik manba. Biroq muallif faqat shu bilan cheklanmay, buni hikoyaning birinchi qismida keltiradi, xolos. Chunki bu holda Otaboyevning jasurligi, nari borsa, o‘z ishining ustasi ekani ochilardi-da, yaxshigina ocherk bo‘lardi. Lekin ichki dunyosi qorong‘i bo‘lib, ma’naviy fazilatlari parda ortida qolib ketardi. SHAXS sifatida ochilmagan qo‘riq bo‘lib yotardi. Shuning uchun “Ikki karra qahramon” hikoyasida Kamolning faoliyati va shaxsiy hayotidagi ikki fojia yonma-yon qo‘yiladi. Shu tariqa o‘quvchiga qiyoslash uchun maydon ochiladi. Zero, samolyotni boshqarish uchun kasbiy ko‘nikma kerak, uning aniq ko‘rsatmalari bor. Ammo hayot uchog‘idagi falokatlar uchun hech kim yo‘riqnoma ishlab chiqmagan. Otaboyev har ikkala sinovdan yorug‘ yuz bilan o‘tib, asl qahramon ekanini isbotlaydi.

“Osmoni falaklarda” hikoyasi qahramoni Rashod Shamshetov esa qanchalar qo‘pol, qo‘rs va odamovi bo‘lmasin, ikkita sahna bilan uning asl insoniy qiyofasi ochib beriladi. Biri “O‘rtar”ni xirgoyi qilgan joyi bo‘lsa, ikkinchisi sobiq vazir bilan muomalasi. O‘shanda Shamshetov avval mohir uchuvchi bo‘lgan, keyinroq mansab tegib o‘zini yo‘qotib qo‘ygan Eshbekov bilan og‘ir vaziyatda yuzma-yuz keladi. Ya’ni jinoyati uchun qo‘lga olingan Eshbekovni xorijdan yurtga samolyotda olib ketish kerak bo‘ladi. Rulda esa Shamshetov. Ammo u qudratli tashkilot vakillari ko‘ziga tik qaragancha: “Men samolyotimda uchuvchi zotini xor qildirib qo‘ymayman, uqdingmi?” deb uzil-kesil qarorini aytadi. Tamom. Eshbekov vazirlarga xos izzat-ikrom bilan uchadi, ammo Shamshetov ham ko‘p o‘tmay joyidan “uchib ketadi”. Barcha Eshbekovdan yuz o‘girgan chog‘da, o‘rtalarida qancha gap o‘tgan bo‘lmasin, erkakcha yo‘l tutgan Shamshetov yuragidagi qasos o‘tini bosa olgani uchun ham qahramonlikka munosibdir. Garchi keyinroq u haqida turli gap-so‘zlar oralasa ham muallif ularga ishonmaydi, biz ham ishonmaymiz.

Kitobdagi hikoyalarning o‘z ohangi ham bor. Masalan, “Osmoni falaklarda” hikoyasini o‘qir ekansiz, qulog‘ingiz tagida Murodjon Ahmedovning hazin ovozdagi “O‘rtar”i yangrayotganday bo‘ladi. “Bir kishilik aviahalokat”da esa Dildora Niyozovaning “Faridam” taronasi dramatizmni yanada kuchaytiradi.

Yana bir gap. Uch qahramonning shaxsiyati bir nuqtada kesishadi, ya’ni burchga sadoqatda. Chunki, har qanday keskin voqea sodir bo‘lmasin, uchala uchuvchi ham samolyotlarini eson-omon yerga qo‘ndiradi.

* * *

Ba’zan bir dunyo hikoya o‘qiymiz, ammo hech vaqo esda qolmaydi. Ammo shunday hikoyalar bo‘ladiki, o‘zi bir dunyoga aylanib, sizni domiga tortib ketadi. Bora-bora ichki dunyongizning bir bo‘lagiga aylanadi.

Chexovning “Uyqu istagi”, Kortasarning “Biz Glendani shunday yaxshi ko‘ramiz”, Abdulla Qahhorning “O‘g‘ri”, Said Ahmadning “Qorako‘z Majnun”, Odil Yoqubovning “Yaxshilik”, Erkin  A’zamning “Chantramore”, Murod Muhammad Do‘stning “Dasht-u dalalarda” hikoyalarining o‘zi bir katta asar-ku!

Xayriddin Sultonning “Onamning yurti”, “Yo, Jamshid!”, “Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot!” hikoyalari ham shu safda. Shoir odam o‘zini to‘rt satrda ko‘rsatgani kabi, yozuvchi mahorati ham hikoyada ayon bo‘ladi.

“Bir kishilik aviahalokat” hikoyasini esa yangi kitobning qalbi, deb o‘yladim. Hikoya Chingiz Aytmatovning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim” qissalari, Stendalning “Parma ibodatxonasi” romani va Lev Tolstoyning “Anna Karenina” epopeyasini eslatdi. Bularda oila va sevgi munosabatlari zid kelib qoladi. Qahramonlarni na qoralab, na oqlab bo‘ladi. Umuman olganda, har doim ham yaxshi yo yomonga ajratish to‘g‘rimi? U holda nisbiylik nazariyasi qayerda qoladi?

Hikoya boshidagi litseyni bitirayotgan qoni qaynoq o‘smir Iskandarning dilbar qiz Sadaf bilan ustoz-shogird bo‘lishi, boz ustiga, ikkalasi deyarli ko‘p vaqt yolg‘iz qolib ketishi bo‘lg‘usi bir falokatga ishora qilganday bo‘ladi. His-tuyg‘ulari shakllanayotgan yigitcha repetitori Sadaf timsolida o‘zi anglab yetmagan holda barkamol ayol siymosini ko‘ra boshlaydi (Bu yangilik emas. Maktab paytida o‘qituvchisini yaxshi ko‘rib qolgan o‘quvchilar bo‘lgan-ku). Kamiga Sadafxonim ham ingliz tilini tez o‘rgatish uchun abituriyent bilan “oshiq-ma’shuq” o‘yinini boshlab yuboradi. Yigitcha bosh-adog‘i yo‘q labirintga tushib qoladi.

Sadafga kelsak, u achinarli qismat egasi. Iskandarning aviatsiya bilim yurtiga tayyorlanayotgani, shu bois tashqi ko‘rinishi ham ko‘rkam va qizlar diliga cho‘g‘ tashlashga qodir ekanini hisobga olsak, “qariqizlikka ishonchli nomzod” bo‘lgan Sadaf undan erkak mehri va e’tiborini kutgan bo‘lishi mumkin. Bu yerda shahvoniy his haqida gap bo‘lishi mumkin emas, shunchaki, kunda-kunora yonida sog‘lom va aqlli yosh yigitni ko‘rish uning ayollik izzat-nafsiga kifoya qilgan. Shuning uchundir, keyinroq u qo‘shimcha darslarni bepul o‘tadi, uni o‘z yonida qoldirish uchun turli rejalar tuzadi. Bularning barchasi boshda Iskandar foydasiga ishlagan, albatta.

Hikoyani aytib berish niyatim yo‘q. Faqat e’tibor tortgan nuqtalariga to‘xtalmoqchiman. Xullas, vaqt o‘tib ikkalasi ham ajralishadi, o‘z yo‘lidan ketib oila quradi. Iskandar Yaxshigul ismli yaxshi qizga uylanadi. Ayolining ismi Sadafning ona shahri bo‘lmish Qirguli nomini yodga soladi. O‘rtada nedir bog‘liqlik borday.

Qirguli va Yaxshigul bir-biriga teskari dunyo. Qirdagi o‘simliklar kurashuvchan, sabr-bardoshli, ildizi mustahkam, tirik qolish uchun turli hiylalardan xabardor bo‘ladi. Yaxshi gullar esa xonaki bo‘ladi. Ular beozor, ko‘zni quvnatuvchi, sadoqatli va ko‘nuvchan. Agar qirdagilar suvga yetish uchun ildizini yoysa, tonggi shabnamlarni kutib tursa, xonaki gullar sohibi marhamatiga zor turadi. Achinarlisi, qirdagi gullar qancha chiroyli bo‘lmasin, ko‘pincha mol-holga yem bo‘ladi: muhabbat bo‘stoniga sigir oralab ketadi…

Sadaf esa xotini o‘lgan mehnat muhojiriga turmushga chiqadi, ammo baxt topmaydi. Iskandarning ham dardi ichida. “Yashash kerak, sevish shart emas” (Muhammad Yusuf).

Charxi kajraftor aylanar ekan, yaralari bitib borayotgan bir pallada, yozuvchi ta’biri bilan aytganda, “saodatsiz bir ayyomda” ular yana uchrashadi. Munosabatlar chuqurlashgandan chuqurlashib, chohga yaqinlashtiradi. Hatto o‘rtadagi farzandlar ham ularning o‘zaro munosabatlariga to‘sqinlik qilolmaydi. Quyidagi parchaga e’tibor bering:

“…Harqalay, Iskandarning qalbida zig‘irdek bo‘lsa-da, insof saqlanib qolgan ekan, Sadaf, yaxshimi-yomonmi, bir bechora musofirning xasmi ekanini o‘ylab, vijdoni qiynalardi. Ammo Sadaf bir og‘iz gap bilan uning ko‘zini moshdek ochib qo‘ydi.

– Rahming kelyaptimi? – deb so‘radi mahbubining qo‘ng‘iroq sochlarini silab yotarkan.

– Ha, – deb chin dildan iqror bo‘ldi Iskandar.

– Agar u sening o‘rningda bo‘lganida, senga rahm qilarmidi?

– Bilmadim.

– Xotin kerak bo‘lsa, uch yilda loaqal bir marta kelmasmidi? Nima, o‘ylaysanki, u Novosibirskda beliga bog‘lab yuribdimi? Ko‘nglingni to‘q qilaver, hoynahoy, bironta Mashanimi, Dashanimi topib olgandir. Sen undan ko‘ra bechora xotiningga achinsang bo‘lardi, – deb iljaydi Sadaf. – Esongulmidi oti? Darvoqe, qizing necha yoshga to‘ldi, suratini ko‘rsatmaysanmi?

– Menda surati yo‘q, – dedi Iskandar. – Bo‘lsayam, hech kimga ko‘rsatmasdim.

– Nega?

– Qo‘rqaman. Ko‘z tegadi.

– Him-m… Surati bo‘lmasa, ismi bordir?

Iskandar javob bermadi.

– Ha, nega indamaysan, oti yo‘qmi? – deb so‘radi ayol labini burib.

– Oti… oti Sadaf.

– Nima?! Rostdanmi?.. – Sadaf sapchib tushdi. – Aqling joyidami seni?

Iskandar bosh chayqadi:

– Albatta joyida emas.

– Tavba! Qizing kimga o‘xshaydi, sengami, onasigami?

– Umi? Senga o‘xshaydi.

– Jinniliging aniq. Qanday qilib menga o‘xshasin?

– Bilmasam. Ishqilib, o‘xshaydi-da. Xudoning qudratiga shak keltirmassan?

– Unda, men ham xushomad uchun, Matlabxon senga o‘xshaydi, deyishim kerak ekan-da?

– Shart emas, – dedi Iskandar kulimsirab. – Shundoq ham bilaman o‘xshashini.

– Ajab! Qachondan buyon genetikada bunday yangilik? – Sadaf yuzini xushtorining ko‘ksiga mehr bilan bosdi…”

Ko‘rinib turibdiki, Sadaf va Iskandar muhabbati qanchalik kuchli bo‘lmasin, real olib qaraganda, ikkalasi ham xiyonatkor. Hatto, Iskandar bu borada “lider”. Garchi qarindoshlari yigitni “kofir yurtlarda shuncha yurib ham buzilib ketmagan” deb hisoblasa-da, Iskandar “qirchillama yosh yigit, u, tabiiyki, qanotsiz farishta emas, Rigada ham, Toshkentda ham Sadaf va Yaxshiguldan o‘zga ne-ne jononlarni ko‘rgan”. Sadafning Iskandar olib bergan kvartirada boshqa erkak bilan qo‘lga tushib qolishi ana shunga javobday. Iskandar Sadafning xiyonatini ko‘tara olmay, yuragida kuchli og‘riq bilan o‘zi boshqarayotgan samolyotni qo‘ndiradi-yu vafot etadi. Kema sardori Iskandar Isroilov so‘nggi safar uchun osmoni falaklarga otlanadi. Faqat qaytmas bo‘lib…

Balki bu yakun jahon adabiyoti bilimdonlariga ma’qul tushmas. Lekin bor gap shu. Baribir, millatni o‘z tomirlaridan uzib tashlab, adabiyot yaratib bo‘lmaydi. Kimgadir yoqsa-yoqmasa, xiyonat hech qachon oqlanmaydi.

Kitobni o‘qib bo‘lgach, yozuvchi uni qanday yozgan ekan, deb o‘yladim. Chunki kamina “Osmoni falaklarda”gi safarimni “yig‘lay-yig‘lay tugatdim oxir” (Alisher Navoiy).

Otabek BAKIROV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 6-iyundagi 23-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605