04.07.2025 | 09:16
1962
TILAK VA ISTAK
Jurnalistikaga qiziqish o‘quvchilik yillarimdan boshlangan. O‘sha kezlari juda ko‘p kitob o‘qirdim. Kitobga ishtiyoq asta-sekin yozishga qiziqish uyg‘otgan. Yuqori sinflarda tuman, viloyat va respublika gazetalariga “dalalardan daraklar” tarzida maqola va xabarlar jo‘nata boshlaganman.
U paytda tahririyatga kelgan har bitta maqolaga, albatta, javob yozilardi. Birgina xatning kelishi nafaqat maktabda, balki butun qishloqda shov-shuv bo‘lib ketardi: “Ey, falonchiga falon redaksiyadan xat kelibdi” degan. Odamlarda matbuotga ishonch, qiziqish kuchli edi.

Nima uchun e’tibor shu darajada baland bo‘lganini bilasizmi? Sababi – qishloqlarda televizor yo‘q, faqat radio bo‘lardi. Har bir uyga pochtachi bir qancha gazeta-jurnal berib ketardi. Odamlar ko‘p obuna bo‘lardi-da. Esimda qolgani, 7-sinfda edim shekilli, birinchi maqolam “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasida chiqqan. Tanqidiy ruhda edi. Nashrlar o‘z vaqtida yetkazib berilmayapti, degan masalani yozgandim.
Butun maktabda shov-shuv bo‘lib ketdi: “Falonchining maqolasi chiqibdi gazetada!” “Tangalik bolalar” filmida Zokirning she’ri bosilgan gazetani ko‘targancha yugurib ketayotgan Dostonni ko‘z oldingizga keltiring. Juda hayotiy, samimiy epizod bu. Eng qizig‘i, men tanqid qilgan pochtachi akamning yaqin o‘rtog‘i edi. Bir kun ko‘chada ko‘rib qoldim, salom bersam, alik oldi-da: “Sen meni tanqid qilib yozibsan-a? Mening oldimga o‘tgin, gap bor”, dedi. Rosa kaltak yesam kerak, deb o‘yladim. Lekin baribir bordim. Shunda u kulib, “Jo‘ramning ukasisan-da, bo‘lmasa tanqid qilish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yardim senga”, degancha yuzimga sinovchan qarab turdi, keyin: “Yozganingga pul kelgan”, deb qo‘shib qo‘ydi. Bu birinchi qalam haqim edi – bir so‘m-u qirq tiyin. Hech esimdan chiqmaydi. Uning qadri ham, o‘rni ham boshqacha bo‘lgan. Bir kuni Ahmedov degan nihoyatda madaniyatli, bilimli matematika o‘qituvchisi “Gazetada maqolang chiqibdi-ya?” dedi. “Ha”, dedim. “Nimaga kayfiyating yo‘q, agar yozganlaringda asos bo‘lsa, hech nimadan xafa bo‘lma, yana yozgin. Faqat, yozgan narsang, u tanqidiy bo‘ladimi, maqtov bo‘ladimi, asosli bo‘lsin. Yolg‘on bo‘lmasin”, dedi. Bu gaplar menga katta dalda bo‘lgan.
Shundan keyin turli gazeta va jurnallarda maqolalarim chiqa boshladi. Maktabni bitirib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kirdim.
Talabalik davrimda “O‘zbekiston madaniyati” gazetasi tahririyatiga ish so‘rab bordim. Bosh muharrir o‘rinbosari Sanjar Tilla degan odam suhbat qildi-da, “Seni ishga olamiz, lekin oyliging kamroq bo‘ladi”, dedi.
– Meni oylik qiziqtirmaydi, ish bo‘lsa bo‘ldi, – debman.
– Otang nima ish qiladi? – deb so‘radi. Bir boy-badavlat odamning o‘g‘li shekilli, deb o‘yladi chog‘i.
– Otam ishlamaydi, pensiyada, – dedim.
Sanjar aka menga g‘alati qarab, bosh chayqab qo‘ydi-da, qo‘limga qog‘oz va qalam tutqazdi.
– Yoz arizangni.
Xullas, ishga olishdi. To‘g‘risini aytishim kerak, ana shu tahririyat men uchun ham hayot, ham ijod dorulfununi bo‘ldi. Bir umr u yerdagi talabchan, qattiqqo‘l va o‘rni kelsa mehribon ustozlardan minnatdorman…
Gohida yoshlar “jurnalist kuzatuvchimi yoki ishtirokchimi?” deb so‘rab qoladi. Bu kasbning aniq retsepti bormikan? Nazarimda, har ikki jihat mujassam bo‘lishi kerak jurnalistda. U jamiyatda bo‘layotgan voqealarni kuzatib, o‘zining xulosasini, fikr-mulohazalarini yozadi. Jurnalistning, umuman, ijod ahlining kuzatishi boshqalarnikidan farqli bo‘lishi kerak. Kuzatuv natijasini, o‘zining fikrini qo‘shib, odamlar ongiga ta’sir qiladigan nimalardir yozadi. Oxir-oqibatda kimgadir ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, kimnidir to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi.
Aslida, jurnalist ijodkor sifatida faqat qalami bilan emas, o‘zining amaliy, ijtimoiy faoliyati bilan ham jamiyat hayotida faol ishtirok etishi kerak. Buning uchun bayroq ko‘tarib chopishi, baqir-chaqir qilishi shart emas. Voqealarga o‘z vaqtida munosabat bildirsin, boshqalarni ham hushyorlikka chorlasin. Demoqchimanki, ziyoli hayotda katta figura, yetuk shaxs bo‘lishi lozim. Albatta, burungi va bugungi jurnalistika o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor. Sovet muhitida har bir qalamkash yagona ideologiyaga bo‘ysunib, chizilgan qizil chiziqdan chiqishga mutlaqo haqqi yo‘q edi. Aks holda, boshi balodan chiqmay qolishi hech gapmasdi.
Bugun muhtaram Prezidentimizning keng ko‘lamli islohotlari jurnalistikaga ham bevosita taalluqli, ta’bir joiz bo‘lsa, birinchi navbatda biz qalam ahli o‘zgarishlar mohiyatini xalqqa yetkazish vazifasini-da uddalashimiz kerak.
Islohotlarning ko‘lami shu qadar kengki, insonning aqli shoshadi. Baho berishga ham qiynalib qoladi odam. Kimning xayoliga kelgan edi oq paxtaning qora mehnatidan o‘qituvchi-o‘quvchilar ozod bo‘ladi deb? Ochig‘i, tasavvurga sig‘masdi! Qarang, qishloqlarimiz bu qadar obod bo‘lgani-yu odamlarga yaratilgan beqiyos sharoitlar kimning tushiga kirgandi? Asosiysi inson qadri siyosat darajasida yuksak tutilayotgani! Bular hammamizni hayratga soladi, qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini jo‘shtiradi.
Bugun turli sohalarda yangiliklar qilayotganlarga nisbatan “jadid” sifatini ishlatgimiz kelmaydi negadir. Yangilik qilayotgan odam, xalqni ma’rifatli qilaman deb kurashayotgan shaxs jadid bo‘ladi-da! Bugungi zamonning eng asosiy, bosh jadidi kim? Hech ikkilanmay Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev deyman! Yo‘lboshchimiz butun mamlakatni, jamiyatimizni ijobiy tomonga o‘zgartirib yubordi. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi so‘zda yoki qog‘ozda emas, amalda ro‘y beryapti-ku! Buni nainki xalqimiz, dunyo ko‘rib, e’tirof etayotir. Yana qaytarib aytaman, ma’lum bir sohalar emas, barcha jabhada, jumladan, bizning sohamizda ham qancha o‘zgarish va yangiliklar bo‘ldi va bo‘lmoqda. Ochiqlik siyosatini kim joriy etdi? Shavkat Miromonovich Prezident bo‘lib kelgan dastlabki kundan boshlab shu masalani o‘rtaga qo‘ydi. Ijodkorlarga, xususan, jurnalistlarga “Sizlar mening yordamchilarimsiz. Jamiyatimizdagi yutuqlarni ham, kamchiliklarni ham boricha aytinglar, menga yordam beringlar. Faqat halol bo‘lsin, to‘g‘ri va adolatli bo‘lsin”, dedi. Demak, zimmamizda juda katta mas’uliyat bor. Buni unutmaslik kerak. Faqat ochiqlik siyosati imkoniyatlarini suiiste’mol qilmaslik zarur.
Davlatimiz tomonidan odamlarga har taraflama imkoniyatlar yaratilyapti. Prezident so‘zi bilan aytganda, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”. Va bu amalda bo‘lmoqda. Lekin xalqning o‘zi ham, o‘zbekcha aytganda, olma pish, og‘zimga tush, deb yotavermasligi kerak. “Davlat yordam berar ekan”, deb boqimanda bo‘lib o‘tirish yarashmaydi.
Jurnalistlarga yaratilgan imkoniyatni-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Ammo, afsuski, ayrim hamkasblarimizda izlanish, o‘qib-o‘rganish talab darajasida emas. Xususan, so‘zning ma’nosini tushunish, har bir kalimani o‘z o‘rnida ishlatish mas’uliyatini his etish borasida. Ular qahramon shoirimiz Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobini qayta-qayta o‘qib, yod olishsa yomon bo‘lmaydi. So‘z zargarining bu zabarjad asari nafaqat jurnalistning, balki har bir ijodkorning stolida turishi shart. Jurnalistning quroli til, so‘z.
Bu kasb egalarining fikr doirasi keng bo‘lishi kerak. Jurnalistlarni ixtisoslashtirish tarafdoriman. Chunki “universal” jurnalistlar ko‘payib boryapti. Bugun san’atni yozadi, ertaga sanoatni, indinga tibbiyotni, undan keyin sportni… Hamma sohani mukammal bilish mumkin emas-ku. Ixtisoslashgan jurnalist o‘zi yozayotgan sohaning nozik tomonlarini, o‘ziga xos xususiyatlarini, murakkabliklarini, muammolarini chuqur biladi va ifoda etadi.
Umuman, odam jurnalist bo‘ladimi, boshqa kasb egasi bo‘ladimi, o‘zi yashayotgan jamiyatda uning ham mas’uliyati borligini his qilishi darkor. Shu jamiyatning a’zosi sifatida atrofimizda bo‘layotgan yaxshi ishlarga ham, kamchiliklarga ham daxldor ekanimizni unutmasligimiz lozim. Yutuqlarda mening ham hissam bor deb, kamchiliklar bo‘lsa shu mening ham kamchiligim, deb qarashimiz shart. O‘zini jamiyatdan tashqarida his qilish mumkin emas. Bu loqaydlik bo‘ladi. Loqaydlik – eng yomon illatlardan biri.
Ijodkor yengil yo‘ldan yurmasligi, manmanlikka, hoy-u havasga, mukofot-u unvonlarga uchmasligi kerak. Tilagim – har bir jurnalistning qalami o‘tkir, barakali bo‘lsin, Alloh hamma tomondan omadini bersin.
Hamkasblarimiz, ayniqsa, yoshlar qancha ko‘p yutuqqa erishsa, men shu sohada ozroq mehnat qilgan bir inson sifatida xursand bo‘laman. Gazetalarni yoki televideniye, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, yoqadigan biron narsa o‘qisam shodlanaman. Ba’zilarini qidirib, telefonda bo‘lsa-da, tabriklab qo‘ygim keladi.
Endi shunday bayram kuni aziz ustozlarni yodga olmasak bo‘lmas. Bu borada omadim kelgan desam bo‘ladi. Professor Laziz Qayumov, O‘zbekiston xalq yozuvchilari Asqad Muxtor va Odil Yoqubovdek ulug‘ adiblar bilan birga ishladim. Men ularning ijodiy mahorati bilan birga insoniy fazilatlariga: bag‘rikenglik va zahmatkashligiga havas qildim. Ayniqsa, bir xulosam borki, ijodkor qancha buyuk bo‘lsa, shuncha kamtar hamda halol bo‘larkan. Men topgan eng katta hikmatlardan biri mana shu. Jurnalist izdoshlarimizga ham ana shunday yuksak maqomlarga erishish baxtini tilayman!
Mamatqul HAZRATQULOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
Zarnigor IBROHIMOVA yozib oldi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 27-iyundagi 26-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605

