Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2024 | 18:05

img1873

ALLA

Xalq orasida “alla” so‘zi “Alloh” ismidan, go‘dak qulog‘iga “Alloh” ismini singdirish uchun shunday aytilgan, degan qarash bor. Ammo Shavkat Rahmatullayevning “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da “alla”ga shunday izoh berilgan: “Bu ot qadimgi turkiy tildagi “tinchlanish” ma’nosini bildirgan ala (ala-ala) undov so‘zidan o‘sib chiqqan; o‘zbek tilida “a” unlilari “ä” unlilariga almashgan, “l” undoshi qatlangan: ala-ala › alla › ällä”.

Chindan ham, “Devon-u lug‘otit-turk”da “ala” so‘zi bor va shunday izohlangan: “ala – sekin, shoshilmay; ala-ala deydilar. Sekin-sekin, asta-asta. Bu so‘zga “k”, “l” qo‘shib ola kel ham deyiladi”. Ushbu izohdan ang­lashiladiki, “ala” so‘zi biror ish-harakatni sekinlashtirish, aytaylik, shoshayotgan, g‘azablanayotgan odamga nisbatan tinchlantirish maqsadida aytilgan bo‘lishi mumkin. Ammo uxlayotgan bolaga “ala-ala”, ya’ni “sekin-sekin” deyish g‘alizroq tuyuladi.

“Devon”da Koshg‘ariy “alla” ma’nosida boshqa bir so‘zni keltiradi: “balu-balu – ona­lar bolasini beshikda uxlatish uchun qo‘llay­digan alla o‘rnidagi so‘z”. Agar “alla” turkiy etimologiyaga ega bo‘lsa, aynan ana shu “balu-balu”dan keyinchalik alu-alu – alla-alla shakllariga o‘tgan bo‘lishi ehtimoli ko‘proq. Qolaversa, tatarlarning beshik jirida hozir ham mavjud bo‘lgan “elli-belli, beu-beu, bellu-beu” kabi aytimlar – “balu-balu”dan “alla-alla”ga o‘tish bosqichini ifodalashi mumkin.

“Balu-balu” ruslarning “bayu-bay”iga ham o‘xshab ketadi. Bu so‘zdan rus tilida “(u)bayukat”, ya’ni “alla aytish” fe’li ham yasalgan. Maks Fasmerning “Etimologicheskiy slovar russkogo yazika” lug‘atida “bayu” va “(u)bayukat” so‘zlariga beril­gan izoh, bizningcha, qoniqarli emas. Xususan, M.Fasmer mazkur so‘zlarni bir o‘rinda “gapirish” ma’nosidagi slavyancha “bayat” fe’lidan desa, boshqa o‘rinda turkiy “bay” (“boy”) bilan aloqador degan fikr bildirgan. Aslida, ruscha “bayu bayushki bayu” ko‘proq rus kazaklariga tegishli beshik aytimidir. Ma’lumki, “kazak” ismining o‘zi turkiy so‘z, “Boburnoma”da ham “qazaq” so‘zini ko‘p uchratamiz, shuningdek, kazaklar orqali rus tiliga “ataman”, “yesaul” (“yasovul”), “kosh”, “kuren” (“ko‘ch”, “ko‘ron”), “domb­ra” (“do‘mbira”) kabi yuzlab turkiy so‘zlar o‘tganligi ma’lum. Ehtimol, M.Fasmer “Devonu lug‘otit-turk”dagi “balu-balu”dan xabardor bo‘lmagandir. Ammo “Devon”dagi ushbu so‘z va tatar aytimlari­dagi: “elli-belli, beu-beu, bellu-beu” shakllari ruscha “bayu-bay”ning turkiy o‘zakka egaligi ehtimolini ko‘chaytiradi. Ba’zan bir tilda yo‘qotilgan so‘z boshqa tilda yashab qoladi. Aytaylik, “kirpich”(“kirpich”), “ötүk” (“utyug”), “avya” (“ayva”) kabi ko‘plab turkiy so‘zlar hozir ham rus tilida yashab kelmoqda va “balu-balu” (“bayu-bayu”) ham, o‘ylaymizki, shunday so‘zlar sirasiga kiradi.

“Alla” kalimasini aytish bizda qachondan urf bo‘lgani ma’lum emas, ammo turli xalqlarda uning turlicha qo‘llanishiga ko‘ra hududlarga ajratish mumkin. Aytaylik, O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari o‘rtasida aytiladigan alla (“allayo-alla, alla, bolam (bacham), alla”) deyarli bir xil (faqat Toji­kistonning ba’zi hududlarida “lalayik” shakli mavjud), ammo turkmanchada “alla” so‘zi ortidan “hu” tovushining ham eshitilishi (“alla hu alla”) bizga “Alloh” ismini ham eslatadi. Umuman, turkiy xalqlarda onalar allani har doim ham so‘z bilan aytishmagan, balki ko‘pincha allalar “hayya-huv, hiy-uv, hu-viy” kabi tovushlar ishtirokidagi musiqadan iborat bo‘lgan. Turkmancha “hu” ham shunday tovush bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, boshqirdlarning beshik jirida bu tovushlar yaqqol ko‘zga tashlanadi: “elli (h)u, elli(h)u vuuv, veliyi-veleyi vay, eveyii-eveyii vey”.

Ammo Afg‘oniston xalqlari, xususan, pushtunlarning allasida ham “alla hu alla” so‘zlari takrorlanadi va “Alloh” ismiga yana ham yaqinroq talaffuz etiladi. Demak, Afg‘oniston, Turkmaniston hududlarini, shartli ravishda, “alla hu” hududi deb belgilashimiz mumkin.

Qozoq va qirg‘izlardagi “aldi-ay, aldi” – o‘z­bekcha “allayo alla”ning qozoq va qirg‘iz tillariga moslab qabul qi­lingan shakli ekanligi anglashiladi. Aytaylik, “mulla” so‘zi ham qirg‘iz va qozoq tillari­ga “moldo” shaklida, ikkinchi “l” tovushi “d”ga aylantirib qabul qilingan.

Ozarbayjonlar esa allani – “layla” deyishadi va “alla” o‘rnida “layi-lay” deb kuylanadi, bunda eroncha alla – “la-layi” ta’siri seziladi, demak, Eron va Ozarbayjonni bir alla hududiga mansub deyish mumkin.

Ammo turk “go‘dak allalari” (“bebek ninnilari”) farqli ko‘rinishga ega. Turklarda chaqaloq tilidan olingan so‘z – ninni – “alla” ma’nosini bildiradi, “dandini dandini danali bebek”, deb boshlanadigan turkcha asosiy alla qo‘shig‘idagi “dandini” esa fransuzcha: “tebratmoq, qo‘ng‘iroqni ipidan tortib harakatga keltirmoq, dangillatmoq” ma’nosidagi “dandiner” so‘zi­ning turkchaga o‘zlashgan shaklidir. Bu esa turkcha “dandini” qo‘shig‘i keyinchalik paydo bo‘lganligidan darak beradi.

Arablarning an’anaviy allasi: “yalla binam”, ya’ni “qani, uxla” so‘zlari bilan boshlanadi. Ammo undagi “yalla” so‘zi arab­cha “yo Alloh” ma’nosidagi iborasidanmi yoki “kecha”, “kech bo‘ldi” ma’nosida arabcha “layl” so‘zidan yasalganmi, bu bizga qorong‘i.

Bizningcha, “alla” so‘zi islomdan keyin paydo bo‘lgan va “Alloh” ismi zikri bilan aloqador, degan fikr haqiqatga yaqinroq. Ma’lumki, o‘tmishda bolalar o‘limi nihoyatda ko‘p bo‘lgan, shu bois farzandi sog‘lig‘ini Allohdan tilagan onalar tilida “Alloh” zikri qo‘shiqqa aylangan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, “alla”ning forscha “lala”ga ham o‘xshashligi, ba’zi ovro‘po tillari, xususan, ingliz tilida “lalabay” (“lul­laby”) de­yilishi, barcha holatlarda “l” tovushining ishtiroki va takrorlanib kelishi, ular qadimiy bir arxetipga borib taqalishi mumkin, degan farazga ham olib keladi.

Xullas, tilimizdagi “alla” so‘zining kelib chiqishida yuqorida keltirilgan dalillarning birortasi yoki hammasining qisman ta’siri bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, xalq og‘zaki ijodining bu turi juda qadim za­mon­lardan mavjud bo‘lgan va bizgacha yetib kelgan eng birinchi alla – bu bundan to‘rt ming yil avval sopolga mixxat etib o‘yilgan shumerlarning allasidir.

Abduvohid HAYIT

“Jadid” gazetasi 2024-yil 22-mart 13-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600