Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.07.2025 | 12:41

img1129

MA’RIFAT LIBOSIDAGI OZODLIK

Behbudiyning 1907-yilda Rossiya dumasiga yoki Musulmonlar fraksiyasiga topshirgan “Turkiston madaniy muxtoriyati” deb nomlangan loyihasini o‘qib, moziydagi muhim voqeliklarga sababchi bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy vaziyatlardan xabardor bo‘lamiz. Loyihaning bir bandida shunday yoziladi: “Turkistonga ko‘chmanchilarning olib kirilishi to‘xtatilsin”.

Har gal uni o‘qiganimda, bu o‘ta yirik loyiha uchun Behbudiy qancha izlangan, fikrlagan, maslahatlashgan ekan, deb o‘ylab qolaman. Madaniy muxtoriyat deyilgani bilan hujjatda siyosat-u iqtisod ham, din-u huquq ham – Turkiston xalqlari hayoti bilan bog‘liq barcha masala o‘rin olgan.

Yoki boshqa bandida “Ovrupoyi Rusiya musulmonlaridan ziyodaroq avtonomiyani Turkistong‘a berilmog‘i lozimdur”, deydi va bu fikrni “turkistonlilar hanuz doxilan o‘zini o‘zi idora edar va Ovrupoyi Rusiyadagi qardoshlarimizdan ixtiyorlidurlar”, deb asoslaydi. Turkiston nisbatan ozodroqdir, demoqda Behbudiy. Bu fikri uchun mustamlakachilar nega unga e’tiroz bildira olishmagan, nega uni jazolashmagan? Negaki, Buxoro amirligi, Xiva xonligi qog‘ozda mustaqil davlatlar hisoblangan. Aslida unday emasligini Behbudiy bilsa-da, vaziyatdan huquqiy jihatdan ziyraklik bilan foydalangan.

Loyihadagi “Turkiston maktablari va madrasalari hukumat nazoratidan ozod bo‘lsun” talabini olaylik. Maktab va madrasalarning chor hukumati nazoratida bo‘lganligi haqidagi hujjatlar arxivlarda turibdi. Mustamlakachilar mahalliy xalqning savodli bo‘lishiga mutlaqo qarshi bo‘lishgan.

Shuning uchun, ta’lim muassasasiga mudarrislar tayinlashda mahalliy xalq orasidan bilimli, vatanparvarlarga emas, balki poraxo‘r, kaltabin, chalamullalarga va mustamlakachining har qanday topshirig‘ini ortig‘i bilan bajaradigan nusxalarga e’tibor qaratilgan. Ular tarixga “qadimchi” nomi bilan kirgan va jadid maktablariga qarshi hujumlar aynan ana shu “tayinlangan”lar tomonidan amalga oshirilgan. Qolaversa, eski maktablarda bolaning umrini bekor o‘tkazadigan tartiblar, o‘qitiladigan darslar mazmuniga ham mustamlakachilar ana shu manqurt gumashtalari vositasida aralashgan.

Masalan, geografiya, tarix, aniq fanlar ta’lim dasturiga kiritilmasdan, bolalar yoshiga mos bo‘lmagan adabiyotlar o‘qitilgan. Bitiruvchilardan xalqning koriga yaraydigan yaratuvchi mutaxassis emas, bu dunyoning o‘tkinchiligini barvaqt tan olib, fikrlamasdan, o‘z ustida ishlamay, eplasa maishatga beriladigan qul yetishtirilgan. Aslida, Behbudiy millatni yo‘q qilishga, mangu qullikda saqlashga mo‘ljallangan katta fitnaga qarshi ushbu bandni kiritgan edi.

Yoki “Rus harfi musulmon millatig‘a jabriy bo‘lmasun” degan talabni tahlil qilib ko‘raylik. Bu harf oqibatida qancha millatlar o‘z yeridan, tarixidan mosuvo bo‘lgani misolida Behbudiy talabining naqadar to‘g‘ri ekanligini bugun ziyoli kishilar yaxshi anglaydilar, albatta.

Umuman, hujjatdagi har bir bandni chuqur tahlil qilish mumkin, ular sirtdan madaniy ko‘rinsa-da, asosan siyosiy talablardir va shu bois u chor hukumatining g‘aladonida qolib ketgan, jamoatchilikdan yashirilgan. Murojaati e’tiborsiz qoldirilganini anglagan Behbudiy uning mazmunini keyinroq gazetada maqola tarzida chop etadi.

O‘tgan asrning 90-yillarida Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning Nodir qo‘lyozmalar bo‘limida saqlanadigan “Samarqand” gazetasida “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?” (1913-yil, 30-iyul soni) maqolasini ilk marotaba o‘qib, vujudim titrab ketgandi. “Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda va gadoylikda. Boshqa millat ulamosiga tobe’ ekan, bizni ulamo bil’aks avomg‘a tobe’dur? Buning oxiri xarobdur”, deb yozadi Behbudiy. Buni arabiy alifbodan o‘girib, yana qayta-qayta o‘qiganman.

1917-yil taloto‘plarida “Samarqand xalqi ikkig‘a bo‘lindi. Bilkulli ikkiga emas, yuzg‘a bo‘lunib, xalqning ko‘ngli sovub, ba’zilarning so‘z va harakatidan nafratlanib, tarqalib ketdilar”, deya hurriyatni asrab qolish uchun Behbudiy zor qaqshab murojaat qiladi. Uni o‘qib, avvalgisidan-da, iztirobga tushganman: “Aziz hamshaharlarim, moʻtabar ahli vatanim, hammangiz bir bo‘lub, xalq va dinning rivoji uchun birlashub, oradaki nafratlarni tashlab, xudoning bergan hurriyat ne’matidan naf’ilanmoq harakatida bo‘lmoq kerak va alan bizning bu harakatsizligimiz bizdan hurriyatni ketkurib yana boshqalarg‘a bizni asirlik darajasiga tushurur va yuz yillar ila keyin ketarmiz va bizning avlodimiz hamda xalqi olam bizga rahmat o‘rniga la’nat o‘qurlar” (“Ulug‘ Turkiston”, 1917-yil 12-iyun). Darhaqiqat, ittifoqsizlik sabab taraqqiyotdan yuz yillar ortda qolganimiz rost.

Hozirchi, demoqchimisiz? Bugun Behbudiy davridan farqli o‘laroq, uning orzusidagi ozodlikka erishganmiz. Yoshlarimiz jadid bobolarimiz yetti uxlab tushida ko‘rmagan zamonaviy maktab, kollej, litsey va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqdalar. Millat rivojiga xizmat qilishga qaratilgan ta’lim muassasalarimiz soni jadidlar orzu qilganidan ham ziyoda. Qonun bor, Yurt rahbarining tegishli farmon va qarorlari yo‘lni ochib qo‘ygan. Eng muhimi, ularning zamon bilan hamnafas bo‘lishini ta’minlaydigan, qonunchilikda ham, ijroda ham va hatto sud hokimiyatida ham millatni yuzlab pog‘ona yuksaltiradigan masala mohiyatini anglovchi vatanparvar, tajribali va zukko mutaxassislar kerak. Bu juda qiyin, murakkab jarayon. Hammasini faqat Davlat rahbari zimmasiga yuklab yuraversak, barchamiz o‘z hissamizni birdek qo‘shmasak, birlashib uddalamasak, orzular hayotga tatbiq etilmay, orzuligicha qolib ketishi mumkin.

Behbudiy bobomiz 1908-yilda “Ta’rix va jug‘rofiya” nomli felyeton yozadi – millatimiz ravnaqiga to‘g‘anoq bo‘lgan va bo‘layotgan “e’tirozlar paradi” va hujumlarga qarshi. Atay murakkab tilda bitilgani bois felyeton bosh muharrir Nikolay Ostroumov senzurasidan omon o‘tib, Turkiston general-gubernatorligining nashri “Turkiston viloyatining gazeti”da bosilib chiqadi. Hamma mojaro shundan boshlanadi. Behbudiy ta’qib-u tazyiqlar ostida qolib ketadi.

Behbudiy ijodini o‘rgangan aksar tadqiqotchilar “Ta’rix va jug‘rofiya” felyetonining Markaziy arxivda saqlanib kelayotgan “Oxranka” (chor Rossiyasi maxsus xizmati) tomonidan rus tiliga o‘girilgan tarjimasini ko‘rishgan va u haqda shu paytgacha sukut saqlashgan. Hatto mazkur publitsistik asar yaqinda ikki jildga to‘plangan kitobga ham kiritilmadi. Ba’zilar kitobda shu nomda maqola bor-ku, deyishi mumkin. Bor, lekin u Behbudiyni sarson qilgan, qora ro‘yxatga tushirgan o‘sha maqolasi emas. Biz uni tabdil qilib, yaqinda “Oyina.uz” nashrida e’lon qildik.

Felyetonning bosh muharrir senzurasidan omon o‘tganligiga kelsak, unda asosan Yevropa davlatlarining Osiyo xalqlariga bosqinini Behbudiy katta planda ko‘rsatgani bilan bog‘liq. Chor Rossiyasining azaliy raqiblari Yevropa davlatlari mustamlakachiligi qilmishlari tahlili va tanqidi muharrirga yoqqan. Dunyoning yangi qiyofasi fonida Turkistonning ham Rossiya tomonidan bosib olingani to‘g‘risidagi ma’lumot ikkinchi planda sezilmay qolgan. Behbudiy maqolasiga asosiy e’tiroz ana shu – u bosqinchiga oyina tutgan.

Behbudiyni idoralariga chorlab “siyosatga nega aralashasan” deya savolga tutishmaganda, keyingi “Tavzeh” (izoh) sarlavhali maqolasida quyidagilarni yozmagan bo‘lardi: “Rusiyani kim va qandayligini bilmaydurg‘on nodonlardan emasmiz va ammo “Ta’rix va jug‘rofiya” unvonlik maqolamiz ta’rix va jug‘rofiya o‘qumoqni diniy jilva etdirmoq va yoinki sarf ilmiy va voqeiy bir maqola edi. Siyosiy va taassubiy emas edi…”

Allomaning taqdiriga, davr ziyolilariga sezilarli ta’sir qilgan mazkur maqolani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra tartib beriladigan Behbudiyning “Tanlangan asarlar” to‘plamiga kiritish muhim deb hisoblayman.

Chunki aynan shu maqola va unda ilgari surilgan g‘oyalar mustabid hukumat fitnalari va ular tayinlagan ba’zi chalamullalarning “da’vat”lariga qaramasdan, jamiyatni uyg‘otishga xizmat qilgan. Shu tufayli Behbudiy zamon illatlariga qarshi kurashishda yangi yo‘llar izladi va xalqning e’tiborini ilmsizlik keltirib chiqargan muammolarga qaratish maqsadida teatr san’atidan unumli foydalandi. U birinchilardan bo‘lib xalqni ma’rifat sari chorlovchi “Padarkush” dramasini yozdi.

To‘g‘ri, “Padarkush” haqida ko‘p yozildi. Mazmuni ham barchaga ayon: bir boy farzandini yaxshi tarbiya qilmagani uchun o‘z o‘g‘li uning qotiliga aylanadi. Lekin oila (Turkiston) tanazzuli otakushlikdan (Mirzo Ulug‘bek davridan) boshlanganini jadidlar rasman aytishmagan bo‘lsalar-da, asarlarida, darsliklarida ishoralar qilishgan. Sharq davlatlari, jumladan, Turon… Turonning xonliklarga bo‘linishlari, birodarkushliklar, ilm-ma’rifat asosida rivojlanish o‘rniga kibrga, aysh-u ishratga berilishlar… Keling, parchalanish sabablari haqida va ushbu drama yaratilganiga qadar aytilgan, ya’ni Behbudiy xulosasiga quloq tutamiz: “Ta’rix deyurki, bir zamon keldiki, ulamo va umaroi islom jubun va tanbal, ayshi beparvo, digar tarafdan bir-birlari ila muxolif bo‘ldilar. Ta’lim va tadrisi ulamoyi din lodonlar majlisini tarjih (ustun – H.S) etdilar. Umaro va salotini islom nohaq yerg‘a yuz minglab ahli islom qonini to‘kub, taraf-taraf bo‘ldilar. Ulamo bo‘lsa, umaro nonig‘a va maoshig‘a ko‘z tikib, muqobillarining takfirlariga qadar ilgari ketdilar. Xusumati mazhabiyya va ta’sib ilmiyyag‘a ahamiyat berdilarki, nasroniyat olamidaki va papaliq zamonindaki ixtiloflarg‘a monand nizolar olami islomni parchalanmoqig‘a sababiyat berdi” (“Ta’rix va jug‘rofiya”dan).

“Padarkush”ni shu fikrlarni muntazam takrorlab yurgan inson sifatida mutolaa qilsak, asardan har birimiz o‘zimizga mos ramzlarni topa olamiz. Masalan, padarkush atamasining o‘zi yurtimiz tarixidagi ulkan fojiani eslatadi. Behbudiy dramani nega “Padarkush yoxud buyuk saltanat fojiasi” deya nomlamadi? Mustamlakachi senzurasi bunday asarni chop ettirmasligi aniq edi. Hatto pyesani senzuradan o‘tkazolmay ikki yil sarson bo‘lgach, 1812-yilda ruslarning fransuzlar ustidan Borodino jangida g‘alaba qozonganligining 100 yilligiga “bag‘ishlagan”idan keyingina ruxsat olgani fikrimizga asosdir. Qolaversa, buyuk saltanat fojiasi haqida yozilsa, jadidlik harakatining maqsadi ayonlashib, uning namoyandalari avvalroq qatag‘onga uchrashi muqarrar edi. Shu bois jadidlar yaratgan asarlarda asosiy fikr ramzlar vositasida aytishga harakat qilinadi.

Ramzlar “Padarkush” asarida yetarli. Masalan, “3 parda, 4 manzarali, milliy birinchi fojia”. Muallif “milliy birinchi fojia” deya faqat asarning dastlabkisi ekanligini ta’kidlayapti, desak Behbudiyga munosib baho bermagan bo‘lamiz. Bu gapni “birinchi milliy fojiamiz” yoki “milliy fojiamizning birinchi qadami”, deya o‘qisak ma’no yanada kengaymaydimi? Asardagi Boyning millat ziyolisiga munosabati Mirzo Ulug‘bek qatli va hatto, undan avvalroq Amir Temur barpo etgan saltanatni jaholat sabab bo‘lib olgan hukmdorlar fojiasining ramzidir.

Xalqimizning ilmga intilmaydigan, to‘y va ma’rakalardan bo‘shamaydigan toifasi bugun ham katta muammo. Bundaylar o‘zlarigagina zarar qilsalar mayli edi, taassufki, ularga o‘xshashga zo‘rma-zo‘raki intiluvchilar sonining ko‘payishi millatni tanazzul botqog‘iga botiradi.

Agar Behbudiy bizning zamonamizga kelib qolsa, u bugungi kun o‘zbek ziyolilariga qanday da’vat bilan chiqqan bo‘lar edi? Shu savol meni ko‘p o‘ylantiradi. Shukrki, jadid bobolarimiz orzulagan hurriyatga erishganmiz. Bugun ma’rifat yo‘lida yanada mas’uliyatli va sadoqatli bo‘lish vazifasi har birimizning zimmamizda turibdi. O‘ylayman, Behbudiy – dunyo tarixi va taraqqiyoti, anbiyolar, ixtirolar haqida chuqur bilimga ega, donishmand siyosiy arbob, hozir ham ma’rifat yo‘lidan qaytmagan bo‘lardi. U Mendeleyev jadvalida uchraydigan barcha kimyoviy elementlar O‘zbekiston zaminida borligini ro‘kach qilish bilan kifoyalanmasdan, ularning har birini o‘zimiz qazib oladigan texnikalardan tortib, qayta ishlaydigan va eng asosiysi, xomashyo sifatida sotib kun ko‘radigan emas, balki ularni tayyor mahsulotga aylantirib, ham xalq, ham davlat xazinasini boyitadigan, atrofdagi gegemon davlatlar xurujlaridan o‘z himoyasi uchun zarur bo‘ladigan betakror qurol yaratishdan tortib, millat koriga yaraydigan zamonaviy zavodlar qurib, ularni boshqaradigan komil mutaxassislarni tayyorlashgacha bo‘lgan masalalarni ziyolilarimiz oldiga qo‘ygan bo‘lardi, menimcha.

Ul zotning o‘zi deganidek, “Zamona har kuni yangilashur. Yangi ilm va yangi fikrlar va fununi zamoniyani darbar (o‘zida saqlagan, tashuvchi) qilgan odamlarni talab qilur!”

Muxtasar TOJIMAMATOVA yozib oldi.

Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-iyuldagi 27-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605