15.07.2025 | 11:52
1076
ADABIYOTGA YO‘L ZOMINDAN BOSHLANADI
“…Biz Zomin yoshlari kelgusida hayot va ijodda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishiga ishonamiz. Zero, ularga shaxsan Davlat rahbarining o‘zi “Yosh ijodkorlarning mustaqil Vatan adabiyotiga Jizzax diyoridan qo‘yayotgan qadamlari qutlug‘ bo‘lsin!”, deya ezgu tilaklarini bildirgan edi. Seminar shioriga aylangan bu so‘zlar zamirida esa davlatning adabiyot va adabiyot ahliga, kitobxonlikka berayotgan bemisl e’tibori va g‘amxo‘rligi mujassam…”

An’analar etadi davom…
Yosh ijodkor juda ko‘p kitob o‘qishi mumkin. Undan o‘ziga yarasha saboq, bilim oladi. Lekin bitta yetuk shoir yoki yozuvchining suhbatida bo‘lish unga yuzta kitob o‘qiganidan ko‘proq narsa beradi. Hatto dunyoqarashini o‘zgartirib, ijod imkoniyatlarini ochib yuborishi hech gap emas.
“Ammo professional adiblarning vazifasi beminnat xizmat ko‘rsatish byurosi xodimlarining vazifasidan jinday farq qilishi” bois ularning rejimi, ijodiy rejasi, zimmasidagi mas’uliyati, kayfiyati va fursati doim ham yoshlar bilan bafurja suhbat qurish imkonini bermaydi. Shu ma’noda Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminari ikki avlod vakillarini uchrashtirish, ularga sof ijodiy muhit yaratish yo‘lidagi beqiyos loyihadir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan seminar ilk bor 1997-yilda o‘tkazilgan edi. Oradan qariyb o‘ttiz yil o‘tdi. O‘sha paytda shogird sifatida ishtirok etganlarning aksari bugun ustoz maqomiga erishdi. Adabiyot bo‘stoniga esa yangi-yangi ijodkorlar qadam qo‘ymoqda. Ular ham Zomin shukuhidan bahramand bo‘lishga orzumand, astoydil harakatda.
Seminar joriy yilda ham an’anaga ko‘ra uch bosqichda o‘tkazildi. Sababi, mamlakatimizning eng chekka hududlarida badiiy ijod bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni ham aniqlash va adabiy jarayonlarga jalb qilish maqsad qilingan. Qolaversa, saralash bosqichlarining adolatli va shaffof o‘tishiga e’tibor qaratildi. Toki eng munosiblar tanlansin va boshqalar ham ularga havas qilib, kelgusi seminargacha o‘z ustida ishlab, harakatdan to‘xtamasin.
Davlatimiz rahbarining “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan atoqli adiblar nomi bilan yuritiladigan har bir ijod maktabidan ham 5 nafardan ijodkor o‘quvchi saralab olindi.
Jami 128 nafar yosh qalamkash Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Adiblar xiyobonida qad rostlagan buyuk bobomiz Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yishdan boshlangan adabiyot bayrami 7–9-iyul kunlari Jizzax viloyatining Zomin tog‘lari bag‘rida joylashgan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJga qarashli sanatoriyda davom etdi.
Yoshlar she’riyat, nasr, dramaturgiya, bolalar adabiyoti, badiiy tarjima, badiiy publitsistika, adabiy tanqid yo‘nalishlari bo‘yicha uch kun davomida ustozlardan saboq oldi, tengdoshlari bilan fikr almashdi.
An’anaga muvofiq “Zomin oqshomlari” she’riyat kechasi ham tashkil etildi. Bu kechada yoshlar ham, ustoz shoir-adiblar ham she’rlar o‘qidilar hamda o‘z hayotiy tajribalarini hikoya qilib berdilar. Bu jo‘shqin va unutilmas lahzalar tasvirlarga va ko‘ngillarga muhrlandi.
Seminar yakunida barcha ishtirokchilarga Xalq banki tomonidan ajratilgan esdalik sovg‘alar, ya’ni noutbuk, ijod maktabi o‘quvchilariga esa telefon, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Jizzax viloyati hokimligining pul mukofotlari, Yozuvchilar uyushmasining maxsus sertifikat, statuetka, kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.
Biz Zomin yoshlari kelgusida hayot va ijodda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishiga ishonamiz. Zero, ularga shaxsan Davlat rahbarining o‘zi “Yosh ijodkorlarning mustaqil Vatan adabiyotiga Jizzax diyoridan qo‘yayotgan qadamlari qutlug‘ bo‘lsin!”, deya ezgu tilaklarini bildirgan edi. Seminar shioriga aylangan bu so‘zlar zamirida esa davlatning adabiyot va adabiyot ahliga, kitobxonlikka berayotgan bemisl e’tibori va g‘amxo‘rligi mujassam.
Biz ham yoshlarni qutlab qolamiz. Ularning Zomin tog‘lari bag‘rida yangragan sara asarlarini sizga ham ilindik.
Farida AFRO‘Z,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari
* * *

Tom HIRONS
AYNI DAM
Chechaklar qiyg‘os gullar, gullar gullar ayni dam,
Quyosh bosh ko‘taradi, bosh ko‘tarar hilol ham,
Chaqaloqlar jilmayar, jilmayib boqar olam,
Qarshilikka qaramay qarshi chiqar qaydadir,
Ikki yosh bir-biriga dil rozini aytadir.
Tamaki va hazilni bo‘lishar yoshullilar,
Suv yuzida o‘ynaydi, o‘ynaydi sho‘x shu’lalar,
Shu’lalardan rang olib taralar ashulalar,
Xavf tug‘ilsa, tirsaging tutaman, ayrilmayman,
Men seni o‘pganman-ku, qoshingdan qayrilmayman.
Yurak doim intilar, intiladi sevishga,
O‘lim farishtasini kiritmagil sen tushga,
Yonoqlarim ulgursin kipriklaring sezishga,
Yorqin edi ilk nigoh, yorqin edi ilk so‘zlar,
Shu sabab qayta sevdik ko‘hna dunyoni bizlar!
Ingliz tilidan Guljahon ILASHEVA tarjimasi

TABASSUMING SABAB
Qayg‘ular ko‘ngilni etadi mayib,
Omonat lahzalar o‘tmasin g‘amgin.
Sen kulib yashagin, mayin jilmayib,
Tabassuming sabab bu hayot rangin.
Qalbing darvozasin shodliklarga och,
Quvonchlar to‘kadi yurakning zangin.
Quyoshday borliqqa kulgularing soch,
Tabassuming sabab bu hayot rangin.
Asov hislaringga hokim bo‘l o‘zing,
Jimgina kuzatma tuyg‘ular jangin.
Olam yog‘dulanar kulganda ko‘zing,
Tabassuming sabab bu hayot rangin.
Gajdum sitamlarni ko‘ngildan quvib,
Chiqargin hasratning ming yillik changin.
Poklagin qalbingni kulguga yuvib,
Tabassuming sabab bu hayot rangin!
Feruza RAHMATOVA
Sirdaryo

“HAR NE ISTARSEN, O‘ZUNGDIN ISTAGIL”
(esse)
Bir paytlar inson o‘zini anglash uchun yuragiga quloq tutardi. Hayot yo‘lini topishda aqlni bir eshitsa, qalbni ikki tinglardi. Ko‘ngil mulkidagi Vijdon, Insof, Adolat, Andisha kabi yuksak qadriyatlar insonning ichki kompasi edi go‘yo. Biroq bugun inson o‘zini topishda, anglashda tabiiy mezonlardan anchayin uzoqlashib, tashqi omillarga bog‘lanib qoldi. Taassuf, bugun u o‘ziga o‘zgalar qarashi va qarichi bilan baho bermoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizda tobora keng palak yoyib borar ekan, bu qarich-u qarashlar qurshovidan sarmastmiz, chiqib ketolmayapmiz. Biz qanday yashayapmiz, nima yeb, nima ichyapmiz, egnimizga shu bugun nima ildik – “layk” sanaymiz. Turmush tarzimizga “kuzatuvchilar soni”, “trendlar” ta’sir o‘tkaza boshladi. O‘zganing baxt hikoyasidan o‘z hikoyamizni to‘qishga urinadigan bo‘lib qoldik. Lekin bu jarayonda eng katta yo‘qotish nima bo‘ldi? Qalb! Ha, aynan qalb va uning sodda, samimiy ehtiyojlari.
Bugun ko‘pchilik sahifasida yuzlab layk yig‘ib-tersa-da – yolg‘iz. Sahifasi minglab kuzatuvchi tomonidan ko‘rilsa-da – yolg‘iz. Kulib turgan chehra ortida ichki kurashlardan toliqqan, ammo hech kimga ko‘rsatgisi kelmas qiyofa bor.
Yetmaganiga, do‘st-u dugona bir-birini “raqamli” yo‘qlaydi, bir piyola choy ustida suhbat qurish tobora favqulodda voqeaga aylanib borayotgandek, nazarimda. Muloqot virtual, munosabatlar yuzaki, samimiyat esa sun’iy tus olgan.
Bu insonning nainki ijtimoiy hayotiga, ruhiyatiga ham ta’sir qilmoqda. Chunki inson tabiatan mehr-muhabbat, e’tibor va jonli muloqotga muhtoj. Ko‘z ko‘zga tushib gaplashgan bo‘lak.
Albatta, bu texnologiya yomon degan xulosa bermasligi kerak. Ular hayotni yengillashtirmoqda, axborot olish, ulashish, o‘rganish uchun ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. Lekin qalb boshqa me’yor bilan yashaydi. U raqamlarga qarab emas, mehrga qarab qadrlaydi. Birgina samimiy suhbat, nigoh, so‘z ko‘ngilni shod etadi. Shuning uchun ham ko‘plab odamlar telefonda soatlab vaqt o‘tkazsa-da, o‘zini baxtli his qilmaydi.
Shu uchun inson o‘z qadrini o‘zidan izlashi lozim. Qachonki qalb ovozini eshitgan inson raqamlar emas, tuyg‘u yetovida bo‘ladi. U baxtni sun’iy sharoitlardan emas, xotirjamlikdan topadi.
Zamonaviy hayotda biz ko‘p narsalarga erishishimiz mumkindir: minglab obunachilar, mashhurlik, pul, mansab… Ammo bular ichida eng noyob va eng keraklisi samimiyatdir. Samimiyat bilan yashagan inson hayotda adashmaydi. Chunki u o‘zini bilib, o‘zini sevib, o‘zini tan olib yashaydi. Va ana shunda u boshqalarni ham chin qalbdan sevishga qodir bo‘ladi. Zero, buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy aytganidek:
O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsen, o‘zungdin istagil.
Mashhura BOTIROVA
Andijon

TANDIR
Qo‘shni uyga kelgan mehmon
Devorimdan mo‘ralaydi.
Yigit qo‘shni tandirgamas,
Yuragimga o‘t qalaydi.
Asta mendan gap olmoq-chun,
So‘zlarini saralaydi.
Hovlimizga boqib nuqul
Tandiriga qaramaydi.
Men yuribman shod-u xurram,
Uni sevgi oshno etdi.
Bilmam, neni xayol surar?
Bir bog‘ o‘tin yonib ketdi.
Dilso‘zin ayttirmoq uchun
Balki otashkurak kerak…
Yo‘q! Aslida tandirdayin
Yonib turgan yurak kerak!
Savol hamda kelar yig‘i,
Bilmam, qanday joyga yetdi?
Tandirga o‘t yoqqan yigit
Yuragimni yoqib ketdi…
Ro‘zixon O‘RINBOYEVA
Toshkent viloyati

VATAN
Chappar urib gullagan bog‘in
O‘par edim Vatan tuprog‘in.
Hamid OLIMJON
Ko‘ksimni bahorga belagan go‘sha,
Yaproqlar titrog‘in ruhimga qo‘sha,
Men ham shu dunyoda odamday yashab,
Tog‘laringga yuzim burmabman, Vatan,
Tuprog‘ing ko‘zimga surmabman, Vatan.
To‘rt fasl muttasil – bahor, kuz kelgay,
Norg‘ul yigit kelgay, suluv qiz kelgay,
Moziydan azamat bir ulus kelgay,
Kechir, kimligimni bilmabman, Vatan,
Bosh egib, qoshingga kelmabman, Vatan.
Birida bayt bo‘lib, birda she’r bo‘lib,
Birda Bobur, birda Alisher bo‘lib,
Bobolarim osmon, o‘zim yer bo‘lib,
Gunohkor boladay yig‘larman, Vatan,
Bari gunohimni oqlarman, Vatan.
Razm solar bo‘lsam “O‘tkan kunlar”ga,
Qodiriy qon bilan bitgan kunlarga,
Yetguncha jadidlar kutgan kunlarga,
Qancha armonlarni ko‘rmading, Vatan,
Qancha qurbonlarni ko‘rmading, Vatan?
Dorilomon ayyom boshimda Humo,
She’r dardi, yurt baxti yuragimga jo,
Kuychi bir shoiring bo‘lgayman illo,
Yuragim so‘zini bitdim men, Vatan,
Senga qasamyodlar etdim men, Vatan.
Bahodir JOVLIYEV
Qashqadaryo

AVGUST
Avgust bo‘yi ketmagan ko‘cha,
Yog‘holvaday cho‘zilgan tunlar.
Soyang bilan gaplashdim necha,
Necha bora dil bo‘ldi xunlar…
Sen yurgan yo‘l – unda o‘zim bek –
Mening baxt-u taqdir yo‘lim-da.
Tomir otib borayotgandek,
Avgust chechaklari dilimda.
Oqib kirdi bag‘rimga shamol,
Ko‘kragimda – yozning ufuri.
Munkillaydi menga tanish chol,
Tanish bola kelar yugurib…
Ojizligim sira olmam tan,
Karvon-karvon o‘tib borar kun.
Men avgustni qo‘msab yashayman,
Shu manzildan o‘tganing uchun.
Qalblar aro ko‘rinmas parda,
Sendan ko‘cha qolgan xotira.
Sen bosgan bu tosh yo‘laklardan
Avgust atri ketmaydi sira…
Sutga botgan tunlarning bari,
Men simobrang bargga o‘xshayman.
Izlaringdan ketmasman nari –
Avgustlarni kutib yashayman.
Muhammad HODIYEV
Buxoro
* * *
TAASSUROT
Zomin. Bu nomni ilgari juda ko‘p marta eshitganman, lekin bu gal menga bu so‘z o‘zgacha eshitildi. Yuragimda sirli, yorqin iz qoldirdi.
Bu yilgi an’anaviy Zomin seminari – yosh ijodkorlar uchun haqiqiy bayram, so‘z san’atini yuragida ardoqlaganlar uchun ilhom manbayi bo‘ldi. Har bir ishtirokchi bu yerda o‘zligini, ichki dunyosini topdi, qalamini sinovdan o‘tkazdi. Men ham ularning biri sifatida bu muqaddas maskandan bir umrga yetadigan ruhiy boylik va bilimlar bilan ilhomga to‘lib qaytmoqdaman.
Seminar meni ilk kunidanoq quvonch, iliqlik kayfiyati bilan qarshi oldi. Zominning beg‘ubor tabiati, tog‘ havosi, o‘ziga xos sukunati va shovuri yuragimga ilhom uchqunini soldi. Har qadamda she’r yozging, har nafasda ijod qilging keladi. Shu darajada so‘z va muhabbat uyg‘unlashgan edi bu muhitda.
Seminarda bizga ustozlik qilgan fidoyi ijodkorlar Zulfiya Mo‘minova, Dilfuza Shomalikova, Noriniso Qosimova va Nargiza Asadovaga o‘zimning chuqur minnatdorligimni izhor etaman. Ularning har bir tavsiyasi yurakdan, har bir tanqidi samimiy, har bir ko‘rsatmasi ustozlik mehri ila yo‘g‘rilgan edi. Shoʻbalarda she’r o‘qidik, bahslashdik, xatolarimizni ko‘rdik, o‘rgandik. Va eng muhimi o‘zimizga bo‘lgan ishonchni uyg‘otdik.
Seminar doirasida o‘tkazilgan mushoiralar, adabiy uchrashuvlar, mahorat darslari, tog‘ bag‘rida o‘tkazilgan suhbatlar, kitoblar taqdimoti – barchasi qimmatli saboq bo‘ldi. Ayniqsa, Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Farida Afro‘z kabi yurtimiz faxri bo‘lgan ijodkorlar bilan bir sahnada she’r o‘qish orzum edi. Bu orzu Zominda ro‘yobga chiqdi. Topgan do‘stlarim, tinglagan she’rlarim, yozgan satrlarim, yuragimdan o‘tgan hislarim – barchasi menga hayot yo‘limda unutilmas xotira bo‘lib qoldi. Endi men ijodkor sifatida “Shoiraman!” deb dadil ayta olaman. Chunki menga ustozlarim ishonishdi. Men esa bu ishonchni, albatta, oqlayman.
Zomin – endi men uchun jo‘g‘rofiy joy emas. Bu ma’vo yuragida o‘ti bor yosh ijodkorlarning ilhom maskani. Bu joy bir dunyo xotiralarga to‘lib-toshgan makon. Bu yerdagi xotiralar yuragimda bir umr saqlanib qoladi.
Bu tansiq saodat uchun Yurtboshimga yurak-yuragimdan rahmatlar aytaman! Bizga berilgan bu imkon u kishining adabiyot kelajagiga ishonchi, umidi va g‘amxo‘rligidir. Biz kabi yosh ijodkorlar bu oliy e’tiborni yurakdan his qilib turibmiz.
Fotimaxon ILYOSOVA
Toshkent shahri

KITOBNING ARZI
Yotaverib sumkangda
Juda zerikib ketdim.
O‘qishga hech hushing yo‘q,
Tushundim, anglab yetdim.
Chuqur bilim olmoqqa
Aqling yetmas – juda kam.
Darsga tayyorlanmaysan,
O‘qimaysan bir bet ham.
Nega olmaysan qo‘lga
Emasman-ku yaroqsiz.
Hayf ketar har daqiqang,
Bir nazar sol, quloqsiz!
Mehr bilan o‘qiydi
Sinfdoshing kitobin,
Sen esa ilg‘amaysan
Aslo mening xitobim.
Ha, aytgancha, senga bop
Bir kitob bor – aqida.
Juda qiziq: bir yalqov,
Tanbal bola haqida.
Mohidil ALIMOVA
Jizzax
* * *
BU DUNYODA
Gʻunchalar ham gullab qo‘yar ishq totini,
Saman yo‘rg‘a saqlab yurar ot zotini,
Qoyalardan asrar qirg‘iy qanotini,
Inson bilmas ko‘hna dunyo sinoatini,
Bu dunyoda nima qolar siz-u bizdan?!
Tunda ko‘kni barkash bo‘lib oy bosadi,
Irmoqlarni to‘lg‘ontirib soy bosadi,
Ot toliqsa, uning o‘rnin toy bosadi,
Tanbal yo‘rg‘a ko‘zlarini moy bosadi,
Bu dunyoda nima qolar siz-u bizdan?!
Ko‘ngil ko‘rki ko‘zlarimni kuydiradi,
So‘lim sahar suyumligim suydiradi,
Mendan oldin chopog‘on vaqt yuguradi,
Milyon yilki, Sulaymon tog‘ jim turadi,
Bu dunyoda nima qolar siz-u bizdan?!
She’rparastim – zamondoshim, umri aziz,
Vatanim deb, sayrasa gar qumri aziz,
Shu diyordan ketib, bo‘lgan bormi aziz,
Yermi aziz yo o‘tkinchi qormi aziz,
Bu dunyoda nima qolur siz-u bizdan?!
Qir-adirlar karvon surgan nor tuyaday,
Sog‘gim kelar bulutlarni oq biyaday,
Goh xayollar ergashadi-ku soyaday…
Shukur, Vatan suyab turar cho‘ng qoyaday,
Bu dunyoda nima qolur siz-u bizdan?!
Mohinurxon TURSUNOVA
Farg‘ona

“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-iyuldagi 28-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



