22.07.2025 | 12:28
959
TANDIRDA TOBLANGAN TOR
Yakkaxon ijroda torning o‘rni beqiyos. “Shashmaqom”dan tortib, barcha mumtoz qo‘shiqlarimiz musiqasi ijrosida tor sasi alohida ajralib turadi. Shu bois, tor cholg‘usi hofiz-u go‘yanda, qo‘shiqchi-yu xonanda ahli tanasining bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan. Odatda, “umrida tor ushlab ko‘rmagan” iborasining o‘zidan “yulduz” yasab olgan otarchilarga nisbatan ishlatilishi ham uning milliy qo‘shiqchilik san’atimizdagi o‘rni, nufuzi naqadar yuksak ekanini ko‘rsatadi.
Musiqa cholg‘ulari bilan savdo qiladigan do‘konda qatorlashtirilib qo‘yilgan torlarning narxi bilan qiziqdim.

Sotuvchi yigit turli yaltiroq nimarsalar qistirilgan bir torni ko‘rsatib, “Bunisi eng qimmat turadi – bahosiga yarasha qiymati bor. Barmog‘ingiz tegmasdan jaranglaydi”, deb ta’riflay ketdi. Sotuvchi maqtagan torni qo‘limga olib, u yoq-bu yog‘ini ko‘rgandek bo‘lib savol bilan yuzlandim: “Bu tor tandir tagida necha yil toblangan?”
Sotuvchi savolimdan ajablandi. Sezdimki, bu yigitning haqiqiy tor qanday tayyorlanishidan mutlaqo xabari yo‘q.
Bundan o‘ttiz yillar muqaddam ulug‘ hofiz Komiljon Otaniyozovning xonadoniga borganimda u kishining turmush o‘rtog‘i Imsinoy opa Polvonova qiziq voqeani so‘zlab bergan edi: “Komiljon akaning vafotidan o‘n yillar o‘tgach, u kishining shogirdlari o‘zaro musobaqa uyushtirishdi. G‘olib chiqqan kishi ustozning torini bosh sovrin sifatida olishiga kelishildi. Men ham e’tiroz bildirmadim: olsa shogirdlari oladi, qolaversa, torlari necha yillardan beri xonasida devorga osilig‘lik turibdi-ku, degan fikrga bordim.
Musobaqa g‘olibi torni olib ketgan kuni tunda Komiljon aka tushimga kirdi. Kayfiyatsiz bir holatda turibdi. Men so‘rashmoqchi bo‘lsam, u kishi “Tor qani?” dedi, xolos. Uyg‘onib ketdim…
Shu kuniyoq o‘sha shogirdini uyiga bordim va ko‘rgan tushimni aytib, torni olib qaytdim. Komiljon aka bu torni meni yaxshi ko‘rgan darajada yaxshi ko‘rardi”.
Imsinoy ayaning yaxshigina nazmiy iqtidori bor edi – yagona she’riy to‘plamini umri nihoyasida chop etishga jazm qilganlar. Ayadan “Yoshlik paytingizda she’r yozgan ekansiz-u, ammo nega birorta she’ringizni Komiljon aka qo‘shiq qilmagan?” deb so‘raganman. Aya kulgan: “Akangizning didi baland edi. Qo‘shiq uchun she’r-g‘azalni chertib-chertib tanlardi. Menga o‘xshagan havaskor shoirlar u kishiga yaqin kelishga ham cho‘chirdi”.
Hofizning yuz yilligi Prezidentimiz tashabbusi bilan keng nishonlandi, yashagan uyi muzeyga aylantirildi. O‘sha mashhur tor hozirda hofizning uy-muzeyini bezab turibdi.
Komiljon aka ardoqlagan bu torning qanday sehri bor dersiz? Judayam bor! Bor bo‘lganda ham mo‘jiza mahsuli u.
Ma’lumki, tor yurtimizga ozarbayjon qardoshlarimizdan kirib kelgan va dastlab Buxoroda qo‘llanila boshlangan. Bu sozning Xorazmga keltirilishi va voha qo‘shiqchiligining ajralmas qismiga aylanishida Komiljon akaning xizmatlari beqiyos. Hech bir istisnosiz aytish mumkinki, torni Komiljon aka kabi maromiga yetkazib sayratgan boshqa hofizni topish qiyin. Tor uning qo‘lida o‘zgacha jaranglagan, mumtoz ashulalarimizning tinglovchilarga to‘la-to‘kis yetib borishida, qo‘shiq matnidagi har bir so‘z va hatto, lofi bilan aytsak, vergul-u nuqtasi qaydaligini anglashlari, qalblariga misli obi hayot kabi quyilishi va yurak pardalarini ko‘pirtirib yuborishgacha borib yetgan. Hofiz kuylayotgan daqiqalarida minglab qo‘shiqsevarlarning sel bo‘lib o‘tirishi, egil-gan boshlarini ohista tebratishlari sababi sohir tovushdan tashqari tordan chiqayotgan sehrli ohanglar hamdir.
Bu sehrli ohang o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Bu mo‘jaz cholg‘u – torning zuvalasi juda mustahkam pishitilgani natijasi!
Xorazmda besh yuz yilcha yashaydigan Balx tuti ko‘p o‘sadi. Umrboqiylikda gujum bilan bellashadigan tutni “temir daraxt” deb ham ataydilar. Bejiz emas. Tut tanasiga urilgan boltaning tig‘i sinishi mumkin. Unga eng o‘tkir uchli mixni ham qoqish qiyin.
Torning ohang taratadigan, jarangdorlik paydo qiladigan qismi – kosasi tut yoki o‘rikdan yasaladi. Yasaladi, deb aytdik-qo‘ydik, aslida bu ko‘p yillar davom etadigan jarayon.
Tor yasaydigan hunarmand usta ko‘p yillik tut yoki o‘rik daraxtining sog‘lom qismini kesib olib, po‘stlog‘ini archimasdan suv to‘la hovuzga tashlab qo‘yadi. Bu daraxt tanasida mavjud ozroq havo chiqib ketishi uchun qilinadi. Po‘stlog‘i archilmagan daraxt tanasiga toblanish vaqtida yoriq tushmaydi.
Og‘och hovuzga bir necha yil tashlab qo‘yiladi. So‘ng hovuzdan olinib yerga ko‘miladi va ustiga yertandir quriladi. Tandirda kamida yetti yil non yopiladi.
Shundan keyingina maromiga yetib “pishgan” daraxt tanasidan tor yasaladi.
Tasavvur qilyapsizmi, bir tor yaralishi uchun hunarmandning kamida o‘n yil umri o‘tadi. O‘sha o‘n yil toblatish torga ming yillik umr bag‘ishlaydi va usta sabr-toqati uchun munosib taqdirlanadi ham. Bu usulda yasalgan torning narxi juda yuqori turadi.
Torning dastasi ham tut va o‘rikdan yasaladi.
Ulug‘ shoir, rahmatli Matnazar og‘a o‘g‘iz lahjasida yozgan she’rlaridan birida tor yasalishini shunday ta’riflagan:
Tutning shoxosinnon dutor dastasi,
Tutning yo‘rpog‘innon dutor torlari.
Shoxo bilan yo‘rpoq qo‘shilishg‘ondo
Bag‘ringni azadi chakkan zorlari.
Shoxo boltalonor dasta vo‘lmoqa,
Yo‘rpoqlar qurta yem tor bo‘lamiz dab.
Nadagan azob-la chakdik san bilan
Ikkimiz o‘luncha yor bo‘lomiz dab.
Hozirda Xorazmning ko‘pchilik xonadonlarida devorga osig‘liq turgan torga ko‘zingiz tushishi mumkin (Bizning xonadonda bir emas, uchta tor bor). Ammo bu torlarning aksariyati bir vaqtlari qaysidir musiqa cholg‘ulari tayyorlaydigan fabrikada konveyer usulida ishlab chiqarilgan. Aynan ishlab chiqarilgan, yasalgan emas. Bugun konsert zallarida kuylayotgan hofizlar yoki oynayi jahonda har kuni ko‘zimiz tushadigan qo‘shiqlar kliplarida xonandalar qo‘lidagi torlarning nechtasi “tandir tagida toblangan”, degan savolga javob olish mushkul. Hatto hofizlar torlarini maqtashda bir-biridan o‘zishadi ham. Boshqalarnikidan farqlanishi uchun tor dastasiga tillo suvi yuritganlari, simlariga zarhal tus berganlari qancha.
To‘g‘ri, xorazmlik hunarmandlar orasida buyurtma asosida tor yasaydigan ustalar haliyam bor. Ular mahorat bilan yasagan torlar fabrika (yoki sex)larda ishlab chiqarilgan cholg‘ulardan sifati, jarangdorligi, ko‘rinishi, umrboqiyligi borasida bir necha karra ustun turadi, ammo…
Bir gal mashhur hofiz Otajon Xudoyshukurovdan qo‘lidagi torning narxini so‘raganimda u kishi qisqa javob qilgan: “Buning bahosi o‘zim minib yurgan “Jiguli”dan qimmatroq”.
O‘sha vaqtlari “Jiguli” degan matoh o‘n ming dollar atrofida turardi. Demak, Otajon og‘aning qo‘shiqchilik san’atida yuksak maqomga ko‘tarilishida o‘zining ulkan iste’dodi bilan bir qatorda “tandir ko‘rgan tor”ining ham o‘rni beqiyos bo‘lgan.
Vohaning dilbar adibi, shoir, dramaturg va tarixchi, rahmatli Komil Avaz san’atga oshno inson edi. U kishi torda mumtoz musiqalarni maromiga yetkazib ijro qilar, yaxshigina ovozi ham bor edi. San’atga ixlosi o‘laroq uzoq yillar Xorazm viloyati musiqali drama va komediya teatriga rahbarlik qilgan.
Komil og‘a tandirda toblangan torning yasalishi haqida shunday gurung bergan edi: “Tor – ajib musiqiy asbob. Uning kuy yaratadigan qismi, ya’ni chanog‘i inson boshiga va unga tutash yurakka o‘xshaydi. Bosh chanog‘i deymiz-ku, axir! Tandir tagida yetti yil toblangan tutdan o‘sha chanoq kattaligidagi qismi kesib olinadi va uning ichi g‘ovak shaklida o‘yiladi. Xorazmda yog‘och o‘ymakorligi ko‘p qadim ildizlarga ega. Yog‘och o‘ymakorlar yasagan jilvakor ustunlar, darvoza qoblari asrlarki Xiva obidalarini bezab turibdi. Ammo torning chanog‘ini yasashga yog‘och o‘ymakorlar ishlatadigan uskunalar ojizlik qiladi. Haykaltarosh tosh, marmardan haykal yasaganida o‘tkir cho‘kichdan foydalanadi. Torning bosh chanog‘i ichini g‘ovak holatga keltirishda ham aynan o‘tkir cho‘kich ishga solingan. Tasavvur qilyapsizmi, tut yoki o‘rikning qattiqligini? Rahmatli otam Samandar buva xivalik tor yasovchi bir ustaning chanoq ichini o‘yganini ko‘rganini aytib berardi. “Qarab o‘tiribman, usta cho‘kich bilan yog‘ochga har urganida go‘yo toshdan chiqqanidek uchqunlar chiqadi”. Buni biz hozirda lof deb bilamiz. Aslida shunday bo‘lgan. Aynan tosh misol qattiq chanoq ustiga tortilgan sigir yoki ho‘kizning yurak pardasi sehrli, mo‘jizakor ohanglar chiqara olgan”.
Xorazmda surnay chalish bo‘yicha maktab yaratgan ustoz san’atkor, ikkinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Yo‘ldosh surnay Tojiyev mo‘jaz tor yasash borasida qiziq fikr bildirdi: “Torning kosasi (uni ba’zan “torning qorni” ham deyishadi) va dastasini mevali daraxtdan yasash rusm bo‘lgan. Bo‘lmasa vohada tanasi qattiqlikda tut yoki o‘rik bilan bellashadigan qoramon yoki gujum daraxtlari ham bor. Bunda ham ramziylik aks etgan: mevali daraxtdan yasalgan tor uni qo‘liga ushlagan hofizga umri davomida ko‘plab “mevalar” beradi – qo‘shiqlar yaratadi-da!”
Dunyo musiqa tarixida italiyalik Stradivari yasagan skripkalar juda mashhur sanaladi. Har biri noyob osori-atiqaga aylangan bu skripkalarning narxi bir necha million AQSh dollariga baholanadi. O‘sha cholg‘ularni Stradivari aynan bizdagi ustalar kabi yillar davomida toblab, har birini san’at asari darajasiga yetkazib yaratgan. Ha, aynan yaratgan!
Zamonaviy texnologiyalar rivoj topgan hozirgi davrda ustomon ishbilarmonlar ahli “vaqtni qaritish”ning hadisini olishgan. Har qanday buyum, tabiiy o‘simlikni kimyoviy unsurlar yordamida daqiqalar ichida “yoshartirib” yuboriladi. Stradivari kabi bir skripka yasashga necha yil umrini zoye qilib o‘tirishmaydi. Ammo ular qadimgi ustalar o‘n yillab umrini sarflab, sabr-toqat bilan yaratgan tor va boshqa musiqa cholg‘ularidan taraladigan ohang, yaraladigan betakror musiqa totini bera olmaydi.
Komiljon akaning o‘sha mashhur tori kimoshdi savdosiga qo‘yilsa qanchaga sotiladi, deb o‘ylaysiz? Kamida yetti raqamli sonlarda ifodaladigan narxga chiqadi, so‘zsiz! So‘mda emas, albatta!
Mumtoz san’atimiz ildizlari qaydan oziqlanganini anglagandirsiz?
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-iyuldagi 29-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605