Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.07.2025 | 13:39

img853

MANNON RAMZIY

Yaqin tarixning og‘riqli, kam o‘rganilgan sahifalarida qatag‘on qurbonlari haqidagi ma’lumotlar tobora oydinlashib borayotir. XX asrning 30-yillarida minglab o‘zbek ziyolilari, ma’rifatparvarlar qatorida asossiz ayblovlar bilan fojialar qurboniga aylangan jadidlardan biri Mannon Ramziy bo‘ladi.

Bu nom ilk bor mustaqillik yillarida tadqiqotchilar e’tiboriga tusha boshladi. 2009-yili G‘afur G‘ulom nashriyotida chop etilgan “Tarixning noma’lum sahifalari. Hujjat va materiallar. Birinchi kitob” to‘plamidan o‘rin olgan tarix fanlari doktori Qahramon Rajabov maqolasida Ramziy haqida ayrim ma’lumotlar keltiriladi. 2012-yili “Sharq” nashriyotida bosmadan chiqqan “O‘zbekistonda sovetlarning qatag‘on siyosati va uning oqibatlari (Birinchi kitob)” asarida uning hayotiga teranroq nazar tashlanadi.

Ayni paytda ushbu ikki manbadan boshlangan sa’y-harakatlar orqali Mannon Ramziy shaxsiyati, faoliyati va fojiali qismati haqida ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yuzaga keldi. Boshqacha aytsak, ilmiy tadqiqotlar va arxiv manbalari asosida uning hayoti tarix sahifasiga qayta yozilmoqda.

Mannon Ramziy 1896-yili Samarqand shahrida dunyoga kelgan. Ayrim manbalarda uning Toshkentda tug‘ilgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Har ikki shahar o‘z davrida Buxoro amirligi va Turkiston general-gubernatorligi tarkibida bo‘lgan bo‘lsa-da, ma’naviy jihatdan mustaqil yashagan, bilim va taraqqiyot markazlari sifatida tanilgan. Shu jihatdan qaraganda, Ramziyning bolalik muhiti qaysi shaharga to‘g‘ri kelishidan qat’i nazar, uning fikr va tafakkuri jadidlik ruhi bilan sug‘orilgan muhitda shakllanganini taxmin qilish qiyin emas.

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Samarqand va Toshkent jadid maktablari keng ommani savodli qilishga bel bog‘lagan paytlar edi. Shaharlarda Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy va boshqa ma’rifatparvarlar ta’sis etgan yangi uslubdagi maktablar faoliyat olib borardi.

Rasmiy maktab yoki madrasada o‘qigani alohida qayd etilmagan bo‘lsa-da, Ramziyning keyinchalik davlat va jamoat ishlarida, matbuot va ta’lim sohalarida tutgan o‘rni, o‘z davridagi murakkab masalalarga teran yondashuvi uning puxta bilimga ega shaxs bo‘lganini yaqqol tasdiqlaydi.

Mannon Ramziy 1918–1930-yillarda partiya va davlat idoralarida ishlab, o‘zini yuksak salohiyatli, tashabbuskor va ishonchli kadr sifatida namoyon etdi. 1922-yili u Toshkent shahri Eski shahar ijroiya qo‘mitasiga rahbar etib tayinlanadi. Tabiiyki, bu lavozim o‘sha yillarda hududdagi ijtimoiy va siyosiy jarayonlarni to‘g‘ri boshqarishni talab qilardi. Aynan ana shu ishonch va salohiyat 1924-yili qahramonimizni yanada mas’uliyatli vazifa – Pomirga xizmat safariga yuborilishiga asos bo‘ladi. Shu tariqa Ramziy butunlay boshqa dunyoqarash, boshqa madaniyat, boshqa turmush tarziga ega jamiyat ichiga kirib boradi. U mahalliy aholi orasida ta’lim masalasini kun tartibiga olib chiqqan ma’rifatparvarlardan biridir. Pomirda orttirgan tajriba Ramziyning keyingi faoliyatiga, ayniqsa, ta’lim va maorif sohasidagi ish uslubiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

Mannon Ramziy jamiyatda yangicha fikrlash tarzini shakllantirish, ijtimoiy o‘zgarishlarni tushuntirish va muammolarni ochiq yoritishda matbuotni asosiy vosita sifatida ko‘radi. 1927–1929-yillar oralig‘ida “Turkiston”, “Kambag‘al dehqon”, “Qizil O‘zbekiston” gazetalari, shuningdek, “Yer yuzi” va “Maorif va o‘qituvchi” jurnallarida muharrir sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Bu nashrlar o‘z davrida jamoatchilik uchun asosiy axborot manbayi hisoblangan. Arxiv materiallarida Ramziyning maqolalari muntazam chop etilgani, ularda ta’lim, madaniyat va ma’rifat sohalariga oid masalalar muhim o‘rin egallaganini kuzatamiz. U o‘z chiqishlari orqali el orasida o‘ta kuyunchak, boshqaruv salohiyatiga ega rahbar va muammoni amaliyotda hal qilish qobiliyatini o‘zlashtirgan shaxs sifatida tilga tusha boradi.

Aynan matbuot orqali namoyon bo‘lgan ushbu malaka natijasida 1927-yili Mannon Ramziy O‘zbekiston SSR Maorif xalq komissarligiga tayinlanib, ta’lim rivojiga katta hissa qo‘shadi.

Biroq  uning mustaqil qarashlari siyosiy ayblovlar bilan to‘qnash kelib, 1930-yilning 1-sentyabr kuni “Narkompros ishi” deb nomlangan soxta ayblovlar to‘plami asosida hibsga olinadi.

Hujjatlarga ko‘ra, Ramziy 1933-yil 31-martda Moskvada o‘tkazilgan yopiq sud majlisida dastlab to‘qqiz nafar ayblanuvchi qatorida o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Bir necha oy o‘tib, hukm qayta ko‘rib chiqiladi. O‘lim jazosi 10 yil ozodlikdan mahrum etish bilan almashtiriladi. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, bu qaror O‘zSSR KP(b) Markaziy Komiteti birinchi kotibi Akmal Ikromovning shaxsiy aralashuvi bilan amalga oshiriladi. Mana shu holatning o‘ziyoq Ramziyning maorif sohasidagi beqiyos mavqeyi va mehnatidan darak beradi.

1934-yilda ozod qilingach Ramziy yurtga qaytish imkonsizligi bois Rostov-Don shahriga jo‘natiladi. O‘sha yerda u “Rostselmash” zavodida kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida ish boshlaydi. Chetdan qaraganda, uning bilim va tajribasiga yana ishonch bildirilgandek tuyulsa-da, bu ishonch ortidagi o‘yinlar ko‘p o‘tmay ayon bo‘la boshlaydi.

1937-yil 17-avgust kuni O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligidan kelgan xatga asosan Mannon Ramziy tag‘in hibsga olinadi. Turar joyi tintuv qilinib, soqchilar kuzatuvida Toshkent shahriga, ichki ishlar xalq komissarligi ixtiyoriga jo‘natiladi. Tergov hujjatlarida Ramziy “Milliy istiqlol” tashkiloti a’zosi sifatida tilga olinar ekan, bu tashkilotning mavjudligi, maqsadi va tarkibi haqidagi ma’lumotlar yozma guvohliklar orqali shakllantirilib, unga ko‘ra, Ramziy Botu, Oltoy va boshqa shaxslar bilan birga sovet hokimiyatiga qarshi faol kurash olib borgan deb ko‘rsatiladi.

Uning faoliyati, hatto bir paytlari yozgan maqolalari, matbuotdagi ilg‘or chiqishlari – hamma-hammasi kutilayotgan hukm uchun yetarli dalil o‘laroq sinchiklab ko‘rib chiqiladi. Milliylikka oid har qanday fikri “millatchilik” deb baholanib, tanqidi “aksilinqilobiy harakat” sifatida hujjatga tikiladi.

To‘g‘ri, mazkur tergov jarayoni Mannon Ramziy uchun ilk sinov emas edi. Bunga qadar “Narkompros ishi” ortidan bir bora o‘lim yoqasidan qaytgan qahramonimiz ma’lum  bir muddat shaxsiy hayotini yo‘lga solishga urindi, ammo bu galgi tergovda uning ustidan yog‘dirilgan soxta ayblovlar Ramziyni o‘lim changalidan olib qololmadi.

1938-yil 27-aprelda Moskvadagi yopiq sud majlisida Ramziy RSFSR Jinoyat kodeksining 58–1a, 58–7, 58–8 va 58–11-moddalari asosida aybdor deb topiladi. Sud majlisiga guvohlar chaqirilmaydi, himoyachilarning ishtirok etishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Hukm o‘sha kuniyoq chiqarilib, Mannon Ramziy otib tashlanadi.

Oradan yigirma yil o‘tib, 1956-yil 26-sentyabrda Mannon Ramziyning rafiqasi Tursunoy Ramziyeva SSSR Bosh prokurori nomiga ariza yo‘llaydi. U o‘z murojaatida umr yo‘ldoshiga nisbatan chiqarilgan qaror yuzasidan adolatli yechim so‘raydi. Arizada uning partiyaga sadoqati, jamiyat oldidagi xizmatlari va ma’rifatparvarlik faoliyati haqida yozar ekan, “o‘zbeklar orasidagi birinchi ma’rifatchi kommunistlardan biri”, deydi.

Hayot yo‘lini halol yashab o‘tgan insonning ismini oqlashga urinish so‘rovi javobsiz qoladi. Xullas, Mannon Ramziy o‘z taqdiri misolida butun bir tarixiy avlodning kurash va intilishlarini ifodalagan shaxsdir. U jadidlar safida istiqlol g‘oyalari, ta’lim, ma’rifat va milliy qadriyatlar uchun faol xizmat qilgan. Uning hayoti va faoliyati bugungi kun uchun xotira emas, tom ma’noda o‘rganish, tahlil va xulosa chiqarish manbayi hamdir.

Ramziyga oid ma’lumotlar orasida hali to‘liq ochilmagan, tadqiqtalab sahifalar bisyor. Shu bois agar kimda kim Mannon Ramziyning farzandlari, qarindoshlari yoki u haqidagi yangiliklarga ega bo‘lsa, “Jadid” gazetasi tahririyati yoki Andijon davlat universiteti qoshidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga murojaat qilishini so‘raymiz. Bu borada siz-u biz qo‘shadigan har qanday hissa va ulush tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi umumiy mas’uliyatimizdir.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605