05.08.2025 | 16:37
529
QO‘LIGUL TOSHTAROSH
Har insonning barmoq izi – uning genetik kodi. Bu kod faqat ungagina xos. Lekin dunyoda shunday sohir qo‘llar borki, ularning kodlari – mehnati o‘z egasi nomini abadiyatga muhrlaydi.
Sangtaroshlar sulolasining yettinchi avlodi bo‘lmish Tohir ota Rahimov mohir usta. U pardoztosh qazib olish va ishlov berishga ixtisoslashgan sanoat shahri – Gʻozg‘onda ikki o‘g‘li, bir qizi, o‘n nabirasi bilan istiqomat qiladi. Otameros hunariga yuksak ishtiyoqi bilan me’moriy san’at asarlarini yaratyapti. Mash’um qatag‘on qurboni bo‘lgan bobosi – xalq ustasi Abdurahim Turdiyev izidan borib, ulug‘lar maqbaralarini ta’mirlashda faol ishtirok etmoqda.

MARMARKENT
Marmar qatlamlari geologik jihatdan taxminan 400 million yillik tarixga ega qadim va navqiron G‘ozg‘onda tosh tilini topmagan odam yo‘q. Kichig-u kattasining qon-qoniga singib ketgan hunar bu. Ayniqsa, Buxoro amirlarining yozgi saroyi – Sitorayi Mohi Xosaga kiraverishdagi ikki marmar sher haykalini yasab, Buxoro xonlari e’tirofiga sazovor bo‘lgan Abdurahim muhandisdan qolgan sangtaroshlikning san’at tarxi g‘ozg‘onlikman deganning yuragiga o‘yilgan. Yo‘q degani tosh terib uy ko‘taradi, hovlisini toshdevor bilan mozaik-modern uslubda bezaydi. Shu sabab, bu ekzotik shaharchaga kelgan kimki bor, bir olam taassurot bilan ketadi.
G‘ozg‘on oq, qizil, kahrabo va gulrang – jami qirq besh tusdagi bebaho marmari bilan dunyoda mashhur. Eramizning VIII–IX asrlaridayoq G‘ozg‘on tabiiy kafellaridan masjid va madrasalar qurilishida keng foydalanilgan. Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlarining qadim obidalarini qayta ta’mirlash, Ostankino teleminorasi, Tretyakov galereyasi, Moskva hamda Sankt-Peterburg shaharlaridagi metro bekatlari kabi ko‘plab diqqatga sazovor joylarning bezak ishlarida ham ishlatilgan. Shuningdek, ko‘hna Samarqandning Registon, Shohi Zinda kabi tarixiy inshootlari, Toj Mahal ansambli, Vyetnamdagi Xo Shi Min mavzoleyiga ham shu zaminning oliy dekorativ toshlari muhtashamlik bag‘ishlab turibdi.
Qariyb yuz metr chuqurlikdan qazib olinadigan G‘ozg‘on marmari o‘ta issiqqa ham, o‘ta sovuqqa ham chidamliligi bilan dong taratgan. Ayniqsa, har xil turdagi marmar toshlarning bir hududda jamligi yer yuzining boshqa hech bir nuqtasida uchramaydi.
Mamlakatimizning eng kichik kentlaridan biri bo‘lgan G‘ozg‘on va uning bebaho konlari haqida gap ketar ekan, hayratlanarli faktlar ko‘p keladi. Misol uchun, bu yerdagi yuqori sifatli marmar zaxirasi hajmi 36 million metr kub, ya’ni shaharcha maydonidan qariyb 52 barobar katta. Bundan tashqari, 108,3 million metr kub granit ham ayni shu hududda joylashgan. Bu esa G‘ozg‘onning eksport salohiyatini xalqaro darajaga yana bir karra ko‘taradi. Faqat imkoniyatlardan keng va unumli foydalanish, manfaatli investitsiya samaradorligini oshirishga e’tiborni kuchaytirib borish zarur.
“G‘OZG‘ON TOSHI – ZAR”
Ha, yurtimizning har qarichida bir barakot bor. Shoir bejiz “Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi” demagan. G‘ozg‘onda tosh javohirga aylanadi, uni qo‘lga olib, taroshlagan ustaga zar tutadi, boylik beradi. Shuning uchun ham mahalliy aholi orasida “G‘ozg‘on toshi – zar, unga ishlov bermagan xor” degan naql yuradi. Bu har bir oilaning dasturilamal shiori, desak xato bo‘lmaydi.
Qolaversa, sangtaroshlik ota-o‘g‘il, ustoz-shogird an’analari bilan qorishib, sof mehnat muhitini yaratgan. Sulolaning yettinchi vakilini izlab “Marmar kamyob” xususiy korxonasiga borar ekanmiz, bunga yana bir karra amin bo‘ldik. Korxonada 15 nafar yosh usta o‘z ishiga band, biri hozirgina tog‘dan olib kelingan ulkan toshlarni tushirish, yana biri maxsus uskunada marmar yo‘nish, boshqasi granitdan plita va bloklar qirqish bilan ovora.
Tohir bobo Rahimov xalqning boy madaniy merosini asrab-avaylash, uni rivojlantirish va avlodlarga yetkazish ishlariga o‘zi ta’sis etgan ana shu korxona faoliyati bilan munosib hissa qo‘shmoqda.
Tohir usta kasbini yana bir xayrli ishga yo‘naltirgan: tabarruk qadamjolarni obod qilish ishlarida esini taniganidan buyon beminnat xizmat qilib keladi. Xususan, Abul Mu’in Nasafiy, Hakim Termiziy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xo‘jai Azizxon, Boboyi Samosiy, So‘fi Olloyor, Xo‘jayi Jarroh, Zangi ota va Anbar otin, Suzuk ota, Shayxontohur maqbara va majmualarini ta’mirlashda asosiy vazifani bajardi. Bunyodkor shoh Zahiriddin Muhammad Bobur ziyoratgohiga 5 tonnalik ramziy qabr o‘rnatilishida bor mahoratini ishga soldi. Usta Afg‘onistonda hazrat Navoiy maqbarasi uchun sag‘ana va eshik, mavlono Lutfiy qabriga marmardan yodgorlik yasaganini hayajon bilan eslaydi:
– Bir kun kelib kimdir Tohir deganlari tosh taroshlab kuni o‘tdi-da demaydi, har holda, – deydi Tohir ota Rahimov. – Yoshim oltmish beshga qarab ketyapti. Viloyat Kengashi deputatligiga ham saylab qo‘yishgan. Bizning G‘ozg‘onda tirikchiligidan noliydigan odam yo‘q. Toshning mehnati o‘ziday og‘ir, lekin g‘ozg‘onliklarning bastini marmar ko‘targan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, boshqa joylardagiday saylovchilarim meni mayda-chuyda maishiy muammolari bilan bezovta qilmaydi. Yoshlar yangidan, nuroniylar eskidan bilganlariga ko‘ra, yaxshi-yaxshi takliflar aytadi. Yuzdan oshiq shogirdim bor. Ularni ham gapga solib, G‘ozg‘onda aholining turmush tarzi yanada yaxshilanishi uchun yana nimalar qilish mumkinligiga doxil rejalar tuzaman.
Tohir bobo aytganicha bor: “G‘ozg‘onda turmushidan arz qilib idorama-idora yurgan odamni ko‘rmaysiz”. Usta yangi loyihasi ustida zo‘r berib ishlamoqda. Shuni aytsa kerak-da, band odamdan balo chiqmas deb.
– Taqdirni qarang, – suhbatda davom etdi bobo. – 1914-yilda Amir Olimxon Abdurahim bobomizga Sitorayi Mohi Xosa hovlisiga o‘rnatish uchun marmardan favvora yasashni buyurgan. Bobom buyurtmani bajargan, ammo kutilmaganda amirlikning qulashi sabab favvora G‘ozg‘onda qolib ketgan. Har xil sabab bilan favvora bir necha yeridan uchgan, bir qismida darz yegan joyi bor. Xullas, mo‘rtlashgan. Respublika Madaniy meros agentligiga shu favvorani qayta tiklash vazifasi topshirildi. Bir yuz-u o‘n yildan keyin bobomning qolib ketgan ishini men yakuniga yetkazar ekanman.
BOBOMEROS BAXT
Darvoqe, “Jadid” muxbiriman deganimga bo‘lsa kerak, Tohir bobo gap orasi “Bobomni bilasizmi?” deb qayta-qayta so‘radi. “Albatta, sizning bobongizni bilmagan odam bormi?” deyman.
– O‘sha bobomga Amir Olimxon ellik gektar uzumzor, Fayzulla Xo‘jayev patefon va miltiq sovg‘a qilgan, – deydi usta. – Bobomizni qamab yo‘q qilib yuborishdi, lekin mana, uning nomi o‘chmadi. Mehnat qilgan ertami-kechmi elda aziz bo‘laverarkan. Meni ham davlatimiz orden va medallar bilan mukofotladi. Bobomizning sharafi bir aylanib menga do‘ndi.
Tohir ota qilgan ishlariga kerilmaydi, oldinga qarab, hali niyatlarim ko‘p deydi. To‘mtoq toshga qadoq qo‘li bilan emas, go‘zal qalbi bilan shakl beradi. Uning mo‘jaz ustaxonasidagi san’at darajasida yasalgan toshbuyumlar ustaning yuksak didi, ajib fasohatidan darak beradi. Xalq amaliy san’atining nodir namunalari bo‘lib qolajak ota yasagan laganlar-u shamdonlarni tomosha qilib, inson murodi hosil bo‘lishiga jahd qilishi kerakligini angladim.
Shahar maqomini yaqinginada olgan “oq oltin” diyori – G‘ozg‘on safari ham tugadi. Lekin bizning yo‘llarimiz aslo tugamas. Bu yo‘llar qadimdan bugunga, bugundan esa kelajakka olib boruvchi yaxshiliklar yo‘liki, undan fozil-u fuzalolar, daho-yu darg‘alar, hunarmand-u oqillar ezgulik o‘rnatib ketmoqdalar, kelmoqdalar. Ana shu yaxshilik hayotga G‘ozg‘on marmarlaridek jilo berib turibdi.
Muhayyo RUSTAMOVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-avgustdagi 31-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600
