07.08.2025 | 09:07
794
QOZI –TAROZI. RAIYAT ULARDAN ROZI EDIMI?
Inson paydo bo‘libdiki, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va qabohat unga hamisha hamrohlik qilib keladi. Aslida, hayot atalmish ne’matning o‘zi ushbu ikki kuch orasidagi kurashdan iborat. Ertak qahramonlari boshdan kechiradigan voqealar ham aynan shu asosga qurilgan.

Ta’lim-tarbiya va unga hamohang iqtisod mo‘tadil zamonlarda yaxshilik g‘olib kelsa, bid’at ufurgan, tarbiya izdan chiqqan tizim va saltanatlarda yomonlik davri davronini suradi.
Qozilik jamiyatda tarozi vazifasini bajarib, yomonlik yo‘liga kirgan bandalarni undan qaytarish va jazolash vositasi sifatida paydo bo‘lgan. Tabiiyki, hech bir banda o‘z aybini osonlikcha bo‘yniga olmaydi, qorani oq, oqni qora, deb oyoq tirab turadiganlar hamma davrlarda topiladi.
Shu sababdan, taqdiriga qozilik qilish yozilgan bandalar hamisha nadomat to‘foni ostida qolganlar va qoladilar. Eslang, atigi bir asr ilgari muomalada bo‘lgan kasb bilan bog‘liq atamaga kim, qachondir, nima maqsadni ko‘zlab tilga olishga uyaladigan “Onangni qozi zo‘rlasa…” matalini to‘qigan? Bilmaymiz. Bilganimiz shuki, buyuk jadid adibimiz Abdulla Qodiriy “…mavzuni tariximizning kir va qora kunlaridan tanladim”, degan ishtiboh bilan boshlagan bir-biridan go‘zal egizak romanlaridagi salbiy qahramonlari orasida amaldorlar, din vakillari, saroy mulozimlari, savdogar ahli ozmi-ko‘pmi uchragani holda salbiy qozi obrazi negadir yo‘q. “Mushtum” jurnalida chop qilingan ko‘pdan ko‘p tanqidiy maqolalari, feletonlarida ham qozilar bir chetda qolgandek.
Nega shunday? O‘sha “kir va qora zamonlarda” faoliyat yuritgan qozilar shu qadar adolatli edilarmi?
Arxiv hujjatlariga murojaat qilamiz:
“…1275-yil jumadil-avval oyining 11, 12sida Iskandarboy machitiga qarashlik Tangiberdi o‘g‘li Pahlavon Niyoz – bug‘doyrang, qo‘y ko‘z, egar qosh, soqoli oq, o‘rta bo‘yli – qonunga binoan quyidagilarga rozi bo‘ldi:
“Menki, Pahlavon Niyoz Iskandarboy o‘g‘li Abdulla mutavalliga butun huquq va imtiyozlar bilan o‘zimning ikki tanob yerimni og‘irligi bir misqol bo‘lgan besh qizil tilloga sotdim. Yerning kunchiqar tomoni ariq, kun yurish tomoni Boltaniyoz shayx yeri, tunyoq tomoni Muhammadniyoz yeri, kun botish tomoni katta yo‘l. Mazkur Abdulla bu yerni ijaraga qo‘yib, yiliga bir tillodan olishni shart qildi. Bu vasiqa Mulla Muhammad Yusuf Otajon xo‘ja va boshqalarning guvohligi bilan tuzildi”.
1858-yilda tuzilgan ushbu vasiqaga qozi muhri, guvohlar imzolari (ayrimlari barmoq bosishgan) qo‘yilgan.
Xiva xonligi arxivida bu kabi yuzlab vasiqalar saqlanmoqda.
Bir varaqlik huquqiy hujjat-vasiqadagi yerini sotayotgan odamning yuz qiyofasi tasviriga qoyil qolmay ilojimiz yo‘q. Hali fotografiya atalmish nimarsa paydo bo‘lmagan zamonlarda qozilarga murojaat qiluvchilar, turlik mojarolariga yechim izlaganlarning afti-angorini aslidagidek aks ettirish oson bo‘lmagan. Buning uchun qozida rassom nigohi bo‘lishi shart!
Demakki, qozilar nafaqat diniy, dunyoviy bilimi, balki inson ichki va tashqi dunyosini anglovchi salohiyatga ega kishilardan tayinlanishi talab qilingan. Qozi bir vaqtning o‘zida islomiy huquq hamda dunyoviy bilimlarni to‘la egallagan bo‘lishi shart qilinganki, bu uning faoliyatida xatogarchilik, soxtakorlikka yo‘l qo‘ymasligiga kafolat hisoblangan. Madrasa sabog‘ini tugatgan toliblar xonning shaxsan o‘zi, vazirlari, ulamolar ishtirokida imtihondan o‘tishgan va ular orasidan Qur’oni Karimni, sahih hadislarni yod bilganlariga oxund darajasi berilgan. Qozilar aynan oxundlar orasidan tanlangan.
Mazhabimiz boshlovchisi Imomi A’zam nega qozi bo‘lishga rozilik bermadi va bu rad javobi uchun oltmish darra bilan jazolandi? Imomi A’zam qozilik nafaqat martaba, balki mas’uliyat ekani, biror mojaro yoki jinoyat ishini ko‘rishda beixtiyor xatolikka yo‘l qo‘ysa, oxiratda javobi og‘ir bo‘lishini anglagan.
Qozilar jinoiy ishlarni ko‘rganlarida o‘lim hukmidan boshqa har qanday jazo berish vakolatiga ega bo‘lishgan. Qozi tomonidan aniqlangan og‘ir jinoyati uchun o‘lim jazosiga loyiq deb topilgan shaxsni xon yoki amir shaxsan sud qilib, so‘ng oliy jazo bergan. Bu tartib qozilarning huquqlarini bir qadar cheklagandek taassurot uyg‘otadi. Aslida esa bu tartib sud tizimining g‘oyatda mukammal va adolatli bo‘lganidan darak beradi. Inson taqdirini bir shaxs – qozi mustaqil hal qila olmaydi. Bu jarayonda yanada yuqoriroq mahkama – saroy oxirgi so‘zini aytishi kerak (Hozirda amalda bo‘lgan qonunchilikda ham ayni shu qadim sud tizimi an’anasini ko‘ramiz. Birinchi sud bosqichi chiqargan har qanday hukm ustidan ayblanuvchi yuqori instantsiyaga shikoyat qilish huquqiga ega. Apellatsiya, kassatsiya bosqichlaridan o‘tgan hukm qonuniy kuchga kiradi).
Ammo sovet davrida chop qilingan ayrim kitoblarda go‘yo “Bag‘dodning bosh qozisi vafot etgach, o‘rniga qozi tayinlanishi uchun e’lon berilgani, bunda bir kun ishlagach, ertasiga boshi tanasidan judo qilinishi shartligi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan qozi bo‘lish uchun qator navbatda turishgan” qabilidagi rivoyat qaydan paydo bo‘lgan?
Yoki sovet zamonlarida yaratilgan ayrim kinolarda ham qozilarning salbiy obrazlariga ko‘plab duch kelamiz. Yana deng, bu obrazlar bachkana tarzda tasvirlanadi.
…Chor Rusiyasi 1865-yilda tashkil qilingan general-gubernatorlikka Turkistonni boshqarish to‘g‘risida vaqtinchalik nizom ishlab chiqqan. Ikki yildan so‘ng bu nizom qayta to‘ldirilgan. Unga ko‘ra “ma’muriy va harbiy hokimiyat bir-biridan ajratilmasdan bir kishining qo‘lida bo‘lishi shart” deya belgilangan. Turkiston general-gubernatorligiga go‘yo mustaqil subekt darajasida huquqlar berilgan: qo‘shni davlatlar bilan aloqani mustaqil hal qilish, aholiga solinadigan soliqlar miqdorini belgilash, chor Rusiyasi fuqaroligiga qabul qilish, mahalliy aholi ustidan chiqariladigan o‘lim hukmlarini tasdiqlash” va boshqa huquqlar.
Ushbu nizomda bir-biriga qarama-qarshi holatlarga ham duch kelamiz, ya’ni Turkiston general-gubernatorligi o‘z qo‘l ostida bo‘lgan hududlar hamda Buxoro amirligi va Xiva xonligida yashayotgan fuqarolarga Rossiya fuqaroligini berardi. Bundan ko‘rinadiki, bir qarashda mustamlaka bo‘lgan Turkiston ahli bor bo‘yicha chorizm davlati fuqarolari emas. Unda ular kimlar? Vaqtincha bosib olinganlarmi? Unday desak, ularni o‘limga hukm qilish uchun general-gubernatorlikka nega huquq berilgan? O‘z fuqarosi bo‘lmagan kishilarga o‘lim jazosi berish o‘sha vaqtda mavjud xalqaro qonunlarga to‘g‘ri kelarmidi? Yo‘q, albatta!
1873-yilda (Xiva xonligi ham to‘la istilo qilingach) Kaufman taklif qilgan yangi loyihada “ma’muriy huquqlarni kuchaytirish” bandlari paydo bo‘ldi.
1886-yilgi nizomda sud tuzilishi to‘g‘risida asosiy qoidalar belgilandi va bu bilan qozilarning huquqlari bir qadar cheklandi.
Chor Rusiyasi Turkistonni bosib olgach, bir qator ma’muriy o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Ammo yuz yillardan oziqlangan shariatcha sud tizimi – qozilikni yo‘q qila olmaydi. Faqat uning nomini “xalq sudi” deb o‘zgartiradi. Bu o‘sha qadimgi sud bo‘lib, o‘troq aholi orasida qozilik, ko‘chmanchi qavmlarda esa biylar ko‘rinishida saqlanib qoladi. Qozilar va biylar volost vakillari o‘tkazgan qurultoylarda uch yil muddatga saylanishgan va nomzodlarni gubernator shaxsan tasdiqlagan. Biylar odatga, qozilar shariatga asoslanib hukm chiqarishlari tartibi saqlanib qolavergan.
Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, 1899-yil Toshkentning Sebzor dahasi qoziligiga Muhiddinxo‘ja ismli inson ko‘pchilik ovoz bilan saylangan. Vakillardan 62 nafari uning nomzodini qo‘llagan, faqat 12 vakil qarshi ovoz bergan. Nizomga ko‘ra, vakillar saylagan qozini viloyat general-gubernatori tasdiqlashi kerak edi, ammo Muhiddinxo‘ja nomzodini general-gubernator tasdiqlamaydi. Sababi, Muhiddinxo‘ja erkin fikrli kishi sifatida “qora ro‘yxat”ga tushib ulgurgandi. Jadidlar otasi Ismoil G‘asprali Toshkentga kelganida uni uyiga taklif qilgan, izzat-hurmat bilan yelkasiga sharqona to‘n yopgandi…
Bu bir-ikki misol orqali o‘sha zamonlarda barcha qozilar adolat bilan ish yuritgan degan da’vodan yiroqmiz. Ularning orasida nafsiga erk bergan, tanish-bilishchilik qilgan, rishva evaziga tarozi posangisini nohaq tomonga bosganlari ham bo‘lgan, albatta.
1952-yil chop qilingan “O‘zbekiston SSR tarixi” ko‘p tomli kitobning ikkinchi bobida Turkistondagi sud tizimi haqida faqat salbiy fikrlar berilgan. O‘qiymiz: “…Qozi va biylikka, odatda mahalliy sudxo‘r boylar turli hiyla va nayranglar ishlatish va poralar berish yo‘li bilan saylanar edilar. Odatga ko‘ra, da’vogar va javobgar to‘laydigan haq hisobiga qozi va biylar talay daromad olar edilar. Mirzalar (qozi yordamchilari) ko‘rilgan har bir ish yuzasidan 10-12 tiyindan, yasovullar javobgardan 25 tiyindan olganlar. Yasovullar ko‘pincha javobgarlardan pora olganlar va “javobgar topilmadi”, deb bahona ko‘rsatganlar.
Qozi va biylar “rivoyatlar” asosida hukm chiqarar edilar; bunday “rivoyatlar”ni da’vogar va javobgar uchun muftiylar yoki vakillar tayyorlab berar edilar. Rivoyatlarni ko‘rib chiqishda a’lamlar qatnashardi.
Shunday qilib, Turkistonning xalq sudlari deb atalgan sudlari – qozi va biylar sotqinlik va poraxo‘rlik bilan shug‘ullandilar, ekspluatatorlarning manfaatlarini himoya qildilar hamda qoloq feodallik munosabatlarini saqlab keldilar”.
Ushbu tarixyozarmanlar aytmish iddaolari isboti uchun birorta fakt yoki holatni ko‘rsatishmagan – quruq tuhmatona fikrlari bilan cheklanishgan. Nahotki, ular qozilar hukm chiqarishda foydalanadigan Qur’oni Karim oyatlari, sahih hadislar, islom huquqi asoslari belgilab berilgan “Hidoya” asaridan bexabar bo‘lishsa?
Qozilar yordamchilari oladigan 10-12 tiyinni pesh qilar ekanlar, hech bo‘lmaganda chor Rusiyasi tayinlagan “xalq sudlari har oyda falon rubl maosh olishardi”, deb qistirib ketishganida davlat to‘laydigan maoshga qanoat hosil qilmay yana pora olishganiga ishonishimiz mumkin edi. Aslida, qozilarga davlat hech qanday maosh to‘lamagan, ular o‘zlari ko‘rgan ish uchun belgilangan ish haqi – har bir ishdan 10-12 tiyin olish orqali ro‘zg‘orlarini yuritishgan. Va yana xalqaro huquq me’yorlariga taqqoslasak, mirzalar oladigan tiyinlar bugungi kunda amalda bo‘lgan davlat boji to‘lovi hisoblanadi.
Ushbu asarni yozgan tarixchilar qozilar ustidan kulish uchun dala chetida, yerga ko‘rpacha to‘shagancha ish ko‘rayotgan qozilar suratini ilova qilib, unga “Toshkent uyezdida qozilar sudi” deb nom taqashgan.
Yuz yillarki, amalda bo‘lgan “qozixona” qayga ketdi? Ma’lumki, har bir qozining fuqarolar arzlarini tinglaydigan maxsus qurilgan qozixonasi bo‘lgan.
Tuhmat ham evi bilan-da!
Sovetlar hokimiyatni qo‘lga olgach, qozilik tizimini tugatib, yevropacha andozadagi sud tizimini yaratishga kirishadilar. “Ishchi-dehqon hokimiyati” atalgan tuzumda ilk sudyalik kursisiga huquq ilmidan bexabar, “sovet tuzumi uchun faol kurashgan” ishchi-dehqonlar o‘tirishgan. Va oqibati uzoq kuttirmagan.
Bog‘ot tumani misolida aytadigan bo‘lsak, 1930-yilda yangi tuzilgan tumanga Shukur ismli ayol sudyalik lavozimiga qo‘yiladi. Bor-yo‘g‘i to‘rtinchi sinfni bir amallab tugatgan bu ayol ikki yildan so‘ng “ishda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun” vazifasidan bo‘shatiladi va qatag‘ondan qo‘rqib, daryo ortiga qochib ketadi. Shukur so‘t laqabli momo o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida vafot etdi. Momodan o‘zi ishlagan davrlar haqida so‘raganimda “Bizlarga tepadan ko‘rsatma yuborilardi: necha oti, sigiri bor oilalarni “quloq” qilish, bir vaqtlari bosmachilar safida qatnashganlarni necha yilga kesish kerakligi yozib qo‘yilardi. Shu ko‘rsatmadan chiqa olmasdik”, degandi.
Shukur momodan so‘ng tuman sudyasi vazifasiga bizning qishloqlik faol kolxozchi Qurbonniyozov “saylangan”, aslida tayinlangan.
Qurbonniyozov qanday sudya bo‘lganligini u kishi haqida hali-hamon odamlar xotirasida yashab kelayotgan latifanamo voqealar ko‘rsatadi. Mana o‘sha voqealardan biri:
Eshagini o‘g‘irlatgan bir banda melisalarga murojaat qiladi. Melisa xodimlari eshak o‘g‘risini topib, tergov qilib ishni sudga oshiradi. Ammo, eshak topilmaydi – o‘g‘ri uni sotib yuborgan bo‘ladi.
Qurbonniyozov ochiq o‘tgan sud majlisida o‘g‘rini besh yil qamoq jazosiga hukm qiladi va uni sud zalidan olib chiqishni buyuradi. Eshagini o‘g‘irlatgan sodda dehqon sudyaga qarata: “Men eshagimni o‘g‘irlatib… endi quruq qolaveramanmi?” deb iltijo bilan murojaat qilganida Qurbonniyozov “Bor, senga ham uch yil!” deb uni ham qamatib yuborgan.
…Bizning Qulon Qorabog‘ qishlog‘imizda “Qozi ovul” atalgan elat bor. Qariyalar atama kelib chiqishiga xonlik davrida shu yerlik bir kishi qozi bo‘lgani sababligini aytishadi. E’tiborlisi, sovet zamonida qishlog‘imizdan ilk oliy ma’lumot olgan inson aynan shu elatdan – qozilar avlodidan edi. Ha, qozilar orasida ilmtalab, ma’rifatparvar millatdoshlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Faqat mafkuraga bo‘ysundirilgan cho‘pchaklarga ko‘pam ishonaverish kerak emas.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-avgustdagi 31-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
85
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
600
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
598

