15.08.2025 | 16:48
793
MEHNATNING NONI TOTLI
Saodat SHERMATOVA,
“Toshshahartransxizmat” AJ 8-avtobus saroyi elektrobus haydovchisi:
– Ayol kishi birovning qo‘liga qarab yo osmondan chalpak yog‘ishini kutib o‘tirmasligi kerak. Sog‘ligi joyidami, kuch-quvvati bormi, harakatda bo‘lsin: institutda o‘qisin, ishlasin, hunar o‘rgansin. Xoh aqliy, xoh jismoniy mehnat odamni toblar ekan. “O‘tirgan – bo‘yra” deb bejiz aytishmagan.

Ellik yoshga kirdim. Shu paytgacha birovdan ta’ma qilmadim. Afsus, sharoit bo‘lmagani uchun oliy ta’lim olish nasib qilmadi. Taqdir ekan, hayotning baland-past yo‘llaridan ikki bolam bilan yolg‘iz yurishimga to‘g‘ri keldi. Shundayam tushkunlikka tushmadim. Tinchlik va sog‘liq bo‘lsa, odamda nolishga sabab qolmas ekan.
Bolalikdan haydovchilikka qiziqqanman. Ammo ota-onam “Qiz bola temir-tersakka o‘ralashib nima qiladi?”, deb qo‘ymagan. Keyinroq, baribir, rulga o‘tirishimga to‘g‘ri keldi. Umr oqar suv ekan. Mana, yigirma yildan buyon sevimli kasbim bilan bandman. Turli texnikalarni boshqardim. Hozirda elektrobus haydovchisiman.
Har sahar odamlarni manziliga yetkazish uchun hissa qo‘shayotganimni o‘ylab, quvonch bilan ishga yo‘l olaman. Jamoat transportini boshqarishning mas’uliyati katta. Avvalo, avtobuslar osonlikcha “jilovi”ni sizga bermaydi, chambarakni burish uchun ham kuch kerak. Qolaversa, kuniga yuzlab yo‘lovchi tushib-chiqadi, ularning kayfiyati, talab va istaklari turlicha. Barchasini hisobga olib haydash kerak.
Yo‘lga qarash bilan birga salon tozaligi, ichki tartib ham xayolingizning bir chetida turadi. Injiq yo‘lovchi uchrab qolsa, uni ham rozi qilish kerak. Chunki u aynan avtobus xizmatini tanladi, to‘lov qildi, demak, iste’molchi sifatida haq-huquqlarini talab qilishga haqqi bor.
Odamlarni kuzatishni yaxshi ko‘raman. So‘nggi yillarda xalqimizning kayfiyati ijobiy tomonga o‘zgardi. O‘z ishimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, poytaxtning qator berk ko‘chalari ochildi va odamlarning yo‘li qisqardi, yo‘llar muntazam ta’mirlanyapti va kengaytirilyapti, jamoat transporti harakati uchun qulayliklar joriy etilyapti. Yangi rusumdagi avtobuslar keltirilib, aholiga xizmat darajasi oshirilmoqda.
Ayniqsa, elektrobuslar jonning rohati, men sizga aytsam. Saloni keng va qulay, qishda issiq, yozda salqin, arzon va to‘lov qilish oson, shovqinsiz harakatlanadi.
Shuning uchun ham ko‘plab yurtdoshlarimiz shaxsiy ulovini qoldirib, jamoat transportida harakatlanishni afzal ko‘ryapti. Bu yo‘lda kamtarona hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman.
Mehnatimga yarasha maosh ham olaman, albatta. Halol rizq bilan farzandlarimni voyaga yetkazdim. Ulardan umidim katta.
“Yolg‘iz ayol yoki ona sifatida maxsus daftarlarga kiritaylik, moddiy yordam beraylik”, deb kelishadi mas’ullar ba’zan. Rahmat aytib, qaytarib yuboraman. Chunki ishlayman, ro‘zg‘orni ta’minlashga yetadigan daromadim bor. Boqimandaga aylanib qolishdan qo‘rqaman. Mehnatim bilan o‘zimga ham, boshqalarga ham foyda keltirsam, shu mening baxtim.
Yo‘ldagi odamman. Bir nuqtada qotib qolishni istamayman. Yurganim uchun sog‘ligim ham, kayfiyatim ham yaxshi, tirikchiligim joyida. Barcha yo‘ldagilarga safari bexatar bo‘lishini tilab qolaman!
Yana kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Asablarim dam oladi, bahri dilim ochiladi mutolaadan keyin. Bolalarimga ham har maoshimdan kitob sovg‘a qilaman. Ayniqsa, she’rlarni ovoz chiqarib aytsam ruhim yengil tortadi, o‘zimda qandaydir qo‘shimcha kuch his qilaman. Betakror shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaning quyidagi satrlarini doimo takrorlab yuraman:
To‘xtama, to‘xtasang tamom sen,
To‘xtagan soatga o‘xshama.
To‘xtasang o‘liksen, tamomsen,
Yurganim uchunam yaxshiman.
Zarnigor IBROHIMOVA yozib oldi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 8-avgustdagi 32-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
602
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600