18.08.2025 | 09:35
606
EL G‘AMXO‘RI
Hazrat Alisher Navoiy “Podshoh odil va haq niyatli bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi, gullab-yashnaydi”, deb yozadi. Yana qadimgi hikmatlarda naql qilinadiki, “Yurtboshining qadami yetgan joyga Tangrining rahmati yog‘iladi”. Bu so‘zlarning hayotiy haqiqatini Qoraqalpog‘iston misolida ko‘rib turibmiz. So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning g‘arbiy sarhadlarimizga qilayotgan har bir tashrifi biz uchun qator yangilik va imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Tashrif doirasida bo‘lgan xalq bilan muloqot odamlar kayfiyatini ijobiy tarafga o‘zgartirayotgan bo‘lsa, mas’ullar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishlar xayrli tadbirlarga yo‘l ochmoqda.

Yurtdoshim, Orolga bir nihol qada…
Tuz va qumlari Alyaska muzliklarigacha uchib borayotgan Orol muammosi uzoq vaqtdan beri yangicha yondashuvdagi yechim kutib yotgan edi. Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72- va 75-sessiyalarida Orol dengizi inqirozi chegara bilmaydigan global ekologik muammolardan biri ekanligini ta’kidlab, dunyo hamjamiyatini ogohlikka chaqirdi. Ana shunday taklif va tashabbuslar natijasi o‘laroq, 2018-yilning 27-noyabr kuni Nyu-York shahridagi BMT qarorgohida muhim tarixiy voqelik yuz berdi. BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondi tashkil etildi.
Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning e’tibori hamda yordami yaxshi natija bermoqda. Lekin asosiy ish mamlakat ichkarisida amalga oshirildi. Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish tashabbusining ilgari surilgani inson va iqlim foydasi uchun najot kemasi bo‘ldi, desak adashmaymiz. Ezgu tashabbus faqat mas’ul idoralar tomonidan amalga oshirilmadi. Unga hissa qo‘shishni istagan turli soha vakillari, xususan, yoshlar ko‘ngilli ravishda Mo‘ynoqqa oqib kela boshladi. Natijada, 1 ming 459 tonna saksovul, 73 tonna qoraburoq urug‘i yig‘ilib, Orolqumga bittalab qadab chiqildi.
Uchoq bilan 326,2 ming gektar, boshqa texnikalar yordamida 119,4 ming gektar va qo‘l mehnati bilan 15,3 ming gektar yer ko‘kalamzorlashtirildi. Orol dengizi tubida chuqur burg‘ulash ishlari olib borildi. Har bir artezian qudug‘idan suv otilib chiqqan sayin aholining quvonchi ham buloqdek to‘lib-toshaverdi.
Olmon shoiri Gyote “Umid bilan suqilgan tayoq, bir kun berar meva-yu yaproq”, deb yozgandi. Dastlabki yilning o‘zida saksovullar bo‘y ko‘rsatib, uning bag‘riga ko‘pdan beri ko‘rinmay ketgan noyob hayvonlar va qushlar qayta boshladi. Dengiz atrofida o‘sadigan o‘simliklar qayta ko‘kardi.
Agar “Yashil makon” umummilliy harakatining xaritasi tuzilsa, Orolqumdan tortib olinib ko‘kalamzorlashtirilgan maydonning o‘zi bir dengiz bo‘lib yastanib yotganini ko‘rishimiz mumkin.
BIR KELIB-KETING MO‘YNOG‘IMIZGA!
Tarixan qisqa vaqtda Davlatimiz rahbarining o‘ndan ortiq tashrifiga guvoh bo‘ldik. Biz uchun bir necha o‘nlab farmonlar imzolaganini, yuzlab qarorlar qabul qilganini ko‘rdik. Ayniqsa, Mo‘ynoq tumanini siyosiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari aks etgan ko‘rsatmalari qaqragan tuproqqa ham, tashna dillarga ham obi hayot kabi ta’sir qildi.
Bir vaqtlar mintaqada baliqchilik lokomotivi bo‘lgan Mo‘ynoqning fayzi Orol suvlari bilan chekingan edi. Iqtisodiy tanglik odamlarni tug‘ilib-o‘sgan uylarini tark etishga majbur qila boshlagandi…
Shavkat Miromonovichning “Madaniyat Mo‘ynoqdan boshlanadi!” degan shiori mayoq bo‘lib porlay boshladi. Uning yog‘dusi ko‘p o‘tmay keng va ravon ko‘chalar, ijtimoiy soha obyektlari, baland-baland turar joylar, korxonalarning ko‘rkam binolari uzra tarala boshladi. Qisqa vaqt ichida tuman markaziga chiroy kirib, rosmana shaharga aylandi. 250 o‘rinli madaniyat saroyi, 800 o‘rinli amfiteatr, muzeylar, shoirlar xiyoboni, hunarmandlar alleyasi, Ajiniyoz bog‘i, bolalar dam olishi uchun oromgohlar tashkil etildi. Yangi ish o‘rinlari ochildi.
Mo‘ynoq turistik hududga aylandi. Chet ellardan sayyohlar kela boshladi. Qurilish, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish sohalari rivojlantirildi. Ayniqsa, baliq mahsulotlaridan tayyorlanadigan 99 xil taom festivali mahoratli oshpazlarni kashf qiladigan katta maydonga aylandi.
“Qorajar” qishlog‘ining tarixida birinchi marta tosh yotqizilgan yo‘l qurildi. “Tuyamo‘yin” suv omboridan “Qizil jar”, Hakim ota, Bo‘zatov, Amudaryo, Qipchoqdaryo, Uchsoy, Aliy ovul, Do‘stlik ovul, Talliq ovul, To‘qman ota ovullariga toza ichimlik suvi yetib bordi. Keng tabiat qo‘ynida qad rostlagan “Aq keme” bolalar oromgohi o‘smirlar dam oladigan huzurbaxsh maskanga aylandi.
Eng muhimi, “Madaniyat Mo‘ynoqdan boshlanadi!” mayog‘ining yog‘dusi odamlar qalbini nurafshon qildi. Bugun biz Mo‘ynoqqa yangilanayotgan emas, to‘laqonli yangi sifatini ishlatamiz.
BO‘ZATOV OVOZI
Tikilgan o‘tov – oydin kelajak
Ketadigan bo‘ldik yana yo‘l solib.
Omon bo‘l, xayr endi, Bo‘zatov.
– deya “oh” chekkan Ajiniyoz shoirning dardli nolasi faqat kitob sahifalarida qolib ketganiga ko‘p bo‘ldi.
Bo‘zatov butun boshli Boltiqbo‘yi davlatlari sig‘adigan hududga ega. Tuman qayta tashkil etilgach, ellikka yaqin muassasa va korxonalar ish boshlab, ko‘plab mutaxassislar ish o‘rinlariga ega bo‘ldi. 135 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik rivojlandi.
Hozir bu yerda o‘ttizga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. “Oq Eden” qishlog‘ida qurilayotgan 200 o‘rinli sanatoriya binosi bitsa, Bo‘zatovda yana 150 ish o‘rni ochiladi.
2019-yil Bo‘zatov tumani tashkil etilgach, Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh iste’dod egalari mana shu go‘zal maskanga kelib, tumanning obro‘yini, dovrug‘ini butun O‘zbekistonga tanitish uchun “Bo‘zatov FEST” Yoshlar ovozi tanlovini yuksak saviyada o‘tkazishdi. Bu tanlov an’anaviy san’at festivaliga aylangani mintaqa yoshlariga qaqnusqanot baxsh etayotgani bor gap.
BU YO‘LLAR KO‘P YANGI YO‘LLARDIR!
Avtomobil yo‘llari – iqtisodiyotning “qon tomiri”. So‘nggi sakkiz yilda sohaga 58 trillion so‘m ajratilib, 2 ming kilometr yo‘l qurildi, 100 ming kilometri ta’mirlandi. Loyiha hujjatlarining namuna standartlaridan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatidan kelib chiqish uslubiga o‘tildi. 1 ming 700 ta maxsus texnika xarid qilinib, yo‘l xo‘jaligi korxonalarining ta’minot darajasi oshirildi. Yangi turdagi asfalt-beton, sement-beton qoplamalar joriy etildi. Ularning holati 42 turdagi ko‘rsatkich bo‘yicha tekshirib boriladi.
Jahon bankining grant mablag‘lari hisobidan olib kelingan texnikalar yo‘lning fizik xususiyatlarini baholash va yerosti kommunikatsiya tarmoqlari holatini qoplamani buzmagan holda tekshirish imkonini beradi. Har mavsumda yo‘llarning ikki chetiga har xil turdagi daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Shuningdek, yashil makon doirasida ishlarni yanada jadallashtirish uchun yo‘llar bo‘yidagi yer maydonlarini ijaraga berish joriy etildi.
2025-yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur belgilangan bo‘lib, rejaga ko‘ra, joriy yilda jami 782,1 kilometr avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun 577,6 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi belgilangan. Bu ishlar natijasida transport aloqalari yaxshilanishi, harakat xavfsizligi oshishi va aholi uchun qulay sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgan. Amalga oshirilayotgan ishlar esa Prezidentimiz tomonidan belgilangan yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi qat’iy siyosat Qoraqalpog‘istonda ham samarali davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
“YASHIL ENERGETIKA” RIVOJLANMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi “Respublika hududlarida mikro gidroelektr stantsiyalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘istonda 5 ta yangi mikro gidroelektr stansiya foydalanishga topshirildi.
Xususan, Nukus tumanida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida 3 ta mikro GES qurilib, ishga tushirildi. “Aqterek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Bo‘zatov kanali oqimidan foydalanilgan holda quvvati 15 kVt bo‘lgan mikro stansiya qurildi. Bu qurilma yiliga 85 ming kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lib, mahallaning elektr ta’minotini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “Kerder” ovul fuqarolar yig‘iniga qarashli “Qizil uy” ovulidagi To‘rtko‘l kanalining suv resurslari asosida quvvati 30 kVt/soat bo‘lgan yana 2 ta mikro GES faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
KIROYI SHAHAR SHUNDAY BO‘LSA…
Taxtako‘pir tumanining shimoli-sharqiy tomonida joylashgan Qorateran ko‘li bo‘yidagi “Dehqon qishloq”liklar ilgari Bo‘rchi tog‘ning tepasiga chiqib quyoshni hammadan oldin ko‘ramiz deb maqtanadigan bo‘lsa, endi “Prezident bizga shahar qurib berdi”, deb huzurlanadigan bo‘ldi.
Ko‘l atrofi va yaqin qishloqlar ko‘p yillardan buyon qarovsiz qolib, ijtimoiy obyektlar, uy-joylar, infratuzilma obyektlari yaroqsiz ahvolga kelib qolgan, ishsizlik odamlarni qiynayotgan eng katta muammolardan biriga aylangan edi. Taxtako‘pir markazidan ko‘lgacha olib boruvchi 18 kilometr yo‘lga qum-shag‘al aralashmasi to‘shalib, asfaltlandi. Ko‘l bo‘yiga 223 dona beton tayanch ustunlari o‘rnatildi va suv tozalash inshooti qurildi.
Bo‘rchitov tog‘iga chiqish uchun uzunligi 130 metr, balandligi 80 metr, kengligi esa 3 metr, temir-betondan ishlangan 272 ta zinapoyadan iborat yo‘l bunyod bo‘ldi. 30 milliard so‘mlik ushbu turistik maskan Qorateranga keluvchilarning mazmunli dam olishi uchun sevimli bir joyga aylandi.
“BUNDA BULBUL KITOB O‘QIYDI”
Nukus shahrida Prezident maktabining ochilishi tarixiy voqea bo‘ldi. O‘qish STEM yo‘nalishida Kembrij va mahalliy o‘quv dasturi asosida qoraqalpoq va ingliz tillarida olib borilyapti.
Buning yonida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov nomidagi til o‘rganishga ixtisoslashtirilgan maktab ham birinchilardan bo‘lib iste’dodli o‘g‘il-qizlarni o‘z bag‘riga oldi. Ota-onalarining orzularidagina bo‘lgan bu maktabda bugun ikki yuzga yaqin bola ta’lim-tarbiya olyapti.
Bundan tashqari, bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili minglab yoshlar kvota asosida oliy o‘quv yurtlarining talabalari bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lmoqda.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali, opera va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati yo‘lga qo‘yilgani bir yon bo‘ldi, Berdaq nomidagi davlat musiqali drama teatriga akademik teatr maqomining berilishi bir yon bo‘ldi.
Hozirda 24 ta musiqa maktabida tajribali ustozlar iqtidorli yoshlarga saboq bermoqda.
Adabiyotda erishgan yutuqlari uchun o‘nga yaqin qoraqalpoq yozuvchi-shoirlari davlat mukofotlariga loyiq ko‘rildi. Yana bir tarixda ko‘rilmagan voqea: “Qoraqalpoq adabiyotining durdonalari” ko‘p jildligini chiqarishga ko‘rsatma berildi.
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida qo‘r to‘kib turgan Berdaq, Ibroyim Yusupov, To‘lepbergen Qayipbergenov haykallariga boqib faxr tuyamiz. Mumtoz shoir va taraqqiyparvar Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 200 yilligini nishonlash haqidagi Prezident qarori e’lon qilindi. Toshkent shahrida, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida “Qoraqalpoq adabiyoti kunlari” bo‘lib o‘tdi. Bularning barchasi adabiyotimizga ehtirom namunasi, mehr va hurmatning belgisi.
* * *
Ulug‘ shoir Berdaq bir she’rida shunday yozadi:
“El-yurtini o‘ylagan
El g‘amxo‘ri kerak menga”.
Bugun ana shunday el g‘amxo‘ri yurt boshida turgani bizga faxr va quvonch bag‘ishlaydi. Ezgu ishlarning yakuni bo‘lmaydi. Yaxshi odamlar bor ekan, yaxshi ishlar davom etaveradi.
Beknazar YERNAZAROV,
Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 15-avgustdagi 33-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599
