12.09.2025 | 12:38
1466
UMRIM KO‘CHKILARDAY JIMJIT, SHIDDATLI

* * *
Hali biror ishni uddalamadim,
hali hech kimsani qilmadim rozi,
behuda o‘tibdi go‘zal umrimning
qanchalab chiroyli bahori, yozi.
Farog‘at borligin unutib qo‘ydim,
bag‘rimga chaqinlar tegdi daf’atan,
Sendan-da ulug‘roq narsa yo‘qligin
sochim oqarganda angladim, Vatan!
Buncha kech angladim,
nega muncha kech…
Anglasam loaqal o‘ttiz yil avval,
loaqal tug‘ilmay turib anglasam…
Ko‘rgan bo‘larmidim seni mukammal.
Hali asl Vatan bo‘lmog‘ing uchun
ovozi toshlarni yorar kuychilar,
qanchalab sehrgar shoirlar kerak,
qancha bilim kerak,
qancha kuch-chidam.
Umrim ko‘chkilarday jimjit,
shiddatli,
butkul tinmoq uchun bir kun bemalol
faqat yaxshi bo‘lmoq judayam kamdir,
juda kamlik qilar yashamoq halol.
Naqadar kechikib angladim seni,
chaqinlar yo‘q qilsa meni daf’atan,
ayt, qandoq chidayman bunday xo‘rlikka,
ayt, qandoq yotaman qa’ringda, Vatan!
HOZIRGI YOSHLAR
Hozirgi yoshlarda
pokizalik bor,
tirik qalblariga diyonat ega,
go‘yo pok tabiat yomon ko‘zlardan
asrab qo‘yganlarin shularga bergan.
Agar tirik bo‘lsa, bir chetda turmay,
hozirgi yoshlarga sardor bo‘lardi,
goh ko‘kdan yog‘ilgan,
goh yerdan chiqqan
tuhmat-u baloga qalqon bo‘lardi.
Hozirgi yoshlar ham turarmidi jim,
yig‘ishtirib qo‘yib shaxsiy hasratin,
o‘z nafsi yo‘lida har nega qodir
yuvuqsiz kaslardan uni asrardi.
Sindirib tashlardi uning bo‘g‘ziga
o‘rlagan qo‘llarni bittama-bitta,
bor ovozi bilan polonchilarmas,
xalqning bolasiman degan yigitlar.
Qodiriy o‘ylanar yuksak-yuksakda,
payqamay vaqtning to‘s-u to‘slarin,
poyiga qo‘yadi qo‘llari titrab
qarigan gullarin sodiq do‘stlari…
Ammo u yuksalgan ulug‘vor toshday,
ko‘rmas do‘stlarining yig‘inlarini.
Eshitmas jomlarning jaranglari-la
otashin alyor-u yig‘ilarini.
Bilmadim, do‘stlarin tanirmidi u,
poyiga barini haydab keldi vaqt…
Bas, ey, Qodiriyning poyidagilar,
u do‘stlar ovozin eshitar faqat.
Vaqt kelib, qarisa hozirgi yoshlar,
to‘la uzmoq uchun umrlik qarzin:
voy, do‘stim, jigarim, birodarim
Qodiriy poyida yig‘lasa arzir.
Shunda bir seskanib,
chin do‘stlariga
o‘zining moziydek quchog‘in ochib,
yuksakdan egilar,
ming bor egilar,
tuproqqa tekkuncha nuroniy boshi.
YOSH O‘ZBEK SHOIRLARIGA
So‘zlarni qayraylik, obdan toblaylik,
Idrok-la sovutib tag‘in qayraylik,
O‘zbekning qorako‘z bolalariga
bitta dunyo qolsin hayratlik.
Bitta dunyo qolsin mustahkam,
eshilgan po‘latday daryolar qolsin,
chaqilmas toshlarday bir tog‘lar qolsin,
musaffo xayollar, samolar qolsin.
So‘zlarni qayraylik, do‘stlar, jo‘ralar,
g‘aflat to‘shagida yotmay, shoshaylik:
yashamoq, kurashmoq, o‘lmoq sirlarin
bolakaylar uchun ochaylik.
Bitta dunyo qolsin mustahkam,
unga posbon bo‘lsin o‘tkir she’rimiz,
tokim bu daryolar bemalol oqsin,
bolalarga qolsin jannat yerimiz.
So‘zlarni qayraylik, tag‘in qaraylik,
tokim keskir bo‘lsin bamisli olmos,
o‘tkir so‘z qolmasa shoirlaridan,
o‘tkir so‘z qolmasa… hech narsa qolmas.
QIYOS
Kuzatdim –
har olma rangin sayyora,
sollanib turar hur shabbodalarda,
limillagan anhor eshilib oqar –
shamolda tebrangan
shalabbo parda.
Tun kelar,
qadimiy osoyishta tun,
oy haydar bulutlar –
tevalarini,
sanoqsiz qoramtir qalqonlar bilan
daraxtlar yashirar mevalarini.
Yerdagi koinot parchasi – bog‘da,
buzila boshlaydi to‘satdan sukun,
tinimsiz to‘pillar…
Saharga qadar
rangin olmalarni o‘ynab otar tun.
BIROVNING GULI…
Devor-la o‘ralgan hovli ichida
ariqcha labiga egilgan ko‘yi,
atirgul o‘rtanar kimning ishqida,
epkindan qaltirar,
to‘zg‘igan o‘yi.
Ey desam,
atirgul yomon titradi,
to‘kilib ketdimi dedim hidlari,
nuragan devorning bergi yog‘ida
buzilgan yuragim nozik pitradi.
Shundoq gul…
kimsasiz hovli ichida,
begona nigohdan titraydi muncha.
Munchalar xokisor kimning ishqida,
avjida ochilgan,
emasdi g‘uncha…
Shundoq gul…
haliyam boqar hayosiz,
axir sal yashirsa deyman dardlarin,
eh, sho‘rlik,
tobora quyosh ayovsiz,
hademay to‘kilar baxmal barglari.
Bir o‘tli nigohdan titraydi yomon,
jur’atli bir qo‘lning sadqasi, quli.
O‘ziyam gulmisan gul edi, ammo
birovning guliydi,
birovning guli…
DO‘ST
Odam uzoq yashar,
Judayam uzoq,
Agar do‘sti bo‘lsa suyanadigan,
Agar do‘sti bo‘lsa har qutlug‘ sahar
Bahaybat quyoshday uyg‘onadigan.
Bugun men umrimning qoq o‘rtasida
Dildan tuygancha bir haqiqatni,
Sevinib, sog‘inib yashay boshladim
Soatga cho‘zilgan har daqiqani:
Umrim uzaygani muborak bo‘lsin,
Rost bo‘lsin oylarday teran kunlarim.
Umrday bahorlar,
Bahor bo‘ylarin
Taratgan o‘zgacha rangin ko‘zlarim.
Osmonday dalani to‘ldirib nurga
Bebaho tilsimlar o‘stirgan do‘stim,
Yuz ming yelkalarim,
Yuz ming qo‘llarim,
Yuz ming yuraklarim seniki bo‘lsin!
Bag‘rida ezgulik urug‘lari-la,
Asrdan asrga o‘tayotgan, do‘stim,
sen uchun jonim ham jismimni yorib,
Yuz mingta xanjarday
Jaranglab o‘sdi.
Umrim uzaygani muborak bo‘lsin.
Oqari rost bo‘lsin to‘kin daryoday.
Endi kunlarimning qat-qatlarida
Aslo o‘limlar yo‘q,
Faqat hayot bor!
FARISHTALI
Chol-u kampir
shoshilmay salkam
bir asrni ham yashab qo‘yishdi.
Kunjaraga, zog‘ora, patir,
tomoshaga rosa to‘yishdi.
Kampirini eshitmaydi chol,
eshitmaydi cholni kampiri.
Bir-biriga suyanib qolgan,
biri ketsa,
yiqilar biri.
Lek ko‘zlari hamon kuladi,
yuzlarida aylanar ziyo.
Buziladi dunyo tasviri
chol-u kampir bo‘lmasa go‘yo.
Har narsaga qodir tabiat
asramagin bunday qarishdan!
Ikkisining kiftidan ketmas,
sakson yildir
ikki farishta.
MANZARA
Oq sukunat portlar saharda,
kun nurida yonib, yaraqlab,
chopib kirar sovuq shaharga
yalangoyoq yashil daraxtlar.
Bir zumdayoq devorlar oshib,
Ko‘chalarga tarqab ketdilar.
Darchalarga yuzlarin bosib,
bolalarday qarar kattalar.
Shavkat RAHMON
“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-sentyabrdagi 37-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604