30.09.2025 | 12:27
817
TARIXNI TIKLASH MASHAQQATI
Akademik Ahmadali ASQAROV bilan suhbat
– Domla, Mustaqillik davri avlodi Siz yozgan darsliklar orqali Vatan tarixidan boxabar bo‘ldi. Sizning faoliyatingizda ustozlaringiz armoni ushaldi. Ayting-chi, sovetlar tomonidan tahrir qilinib, tanib bo‘lmas holga kelgan tarixni tiklash qanday kechgan?

– Ha, men baxtli olimlardanman. O‘zbekiston Istiqloli tarix fanini ham mutelik zanjirlaridan xalos qildi. Shu bilan birga, olimlar oldiga milliy tarixni xolis va faktlarga asoslanib tiklash, xalqqa qaytarish vazifasini qo‘ydi. Baholi qudrat bu sharafli ishga hissa qo‘shdik.
1994-yilda shaxsiy tashabbus ko‘rsatib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutining direktori sifatida o‘rta maktab o‘quvchilarining 5–10-sinflari uchun ilk bor o‘zbek tilida “O‘zbekiston tarixi” darsliklarini yaratish majburiyatini oldim. O‘z vaqtida tayyorlangan darsliklarimiz 1994-1995-yillarda har biri 100 ming nusxadan nashr qilindi. 5-sinf darsligini arxeologik materiallar tahlili asosida o‘zim yozdim. Bu kitob o‘zbek, rus, tojik, qirg‘iz, turkman, qozoq, qoraqalpoq tillarida chop etildi. Shuningdek, Vatanimiz Mustaqil bo‘lgan kundan boshlab Toshkentdagi Lenin muzeyini O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga aylantirish bo‘yicha deputat sifatida qattiq kurashdim va pirovardida bu ezgu niyatga erishdim ham.
– Ilmiy faoliyatingizning qariyb yarmi Istiqlol davriga to‘g‘ri keladi. Mana shu o‘tgan 34 yil mobaynida arxeologiyamizda qanday ishlar amalga oshirildi?
– Bu avvalgi savolingizga bog‘lanib ketadi. Chunki tarixni tiklash, yangi ma’lumotlar asosida darslik yozish arxeologiyasiz bo‘lmaydi. Qisqacha sarhisob qiladigan bo‘lsak, yomon natijalarga erishmadik.
Birinchidan, Sopollitepa, Jarqo‘ton, Bo‘ston kabi qadimgi dehqonchilik madaniyati yodgorliklarini o‘rganish va ulardan topilgan noyob arxeologik artefaktlarning yangicha tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonning janubiy viloyatlari jez davridan e’tiboran Qadimgi Sharqning birlamchi sivilizatsiyalar tarkibiga kirganligi ilmiy isbotlandi. Ular Janubiy Turkmaniston va Shimoliy Afg‘oniston yodgorliklari bilan birgalikda jahon tarixiga Oks sivilizatsiyasi nomi bilan kiritildi. Avvallari tarixshunoslikda bunday g‘oyani aytish amrimahol edi. O‘zbek deganda dashtda yashovchi turkiyzabon chorvador tushunilar edi.
Ikkinchidan, tarixshunoslikda O‘zbekistonda jez davrida tarkib topgan qadimgi shaharsozlik madaniyati va o‘zbek davlatchiligining asoslari dastlab Erondan kirib kelgan, degan g‘oya fanda hukmronlik qilib keldi. Hatto shu davr kulolchiligining yuksak rivojlangan mahsulotlari to‘g‘ridan to‘g‘ri “Ahmoniylar keramikasi” deb yuritildi. Endilikda birlamchi arxeologik materiallarni g‘oyaviy tazyiqsiz yangicha tahlil etish natijasida tarixiy haqiqat tiklandi. Ya’ni, miloddan avvalgi VI asrga qadar Markaziy Osiyoda jez davri birlamchi sivilizatsiya yutuqlarining qayta tiklanish davri bo‘lganligi ilmiy isbotlandi.
Uchinchidan, sovet davri tarixshunosligida Aleksandr Makedonskiyning Sharqqa harbiy yurishlari tufayli O‘zbekistonning avtoxton asosga ega qadimgi shaharsozlik madaniyati va davlatchilik ildizlari antik davr Yunon-Rim sivilizatsiyasi bilan bog‘langan edi. Antik davrda an’anaviy o‘zbek davlatchiligiga innovatsiya sifatida kirib kelgan ellinizm amalda mahalliy me’moriy madaniyatda, tovar-pul munosabatlarining shakllanishi, diniy qarashlar, yozuv madaniyatida o‘z aksini topgan bo‘lsa-da, aslida bu yuksaklikning zaminida qadimgi Sharq madaniyatiga xos jez davri Sopolli madaniyatining an’ana va omillari yotardi.
To‘rtinchidan, jez, ilk temir va antik davrlarda yuz bergan innovatsiyalar tufayli Markaziy Osiyo etnosiyosiy hayotida turkiy ruhiyat, madaniyat va ma’naviy rivojlanish har jabhada real ko‘rina boshlagan. Antik davrdan boshlab o‘zbek xalqining etnogenezi va davlatchiligi jadal rivojlanish bosqichiga ko‘tarilgan. Bu mustaqillik siyosati ilk o‘rta asrlardan to arablar bosqiniga qadar davom etgan. Bu tarixiy jarayonlar arxeologik va antropologik materiallarda yorqin aksini topgan va uning qiyosiy lokalizatsiyasi kankiya va kangar, xu va rung, tiyek va g‘uz, xunnu va usun kabi turkiy etnik atamalarda o‘z ifodasini topgan. Bu haqda xanzulashtirilgan qadimgi Xitoy yozma manbalari aniq ma’lumotlarni beradi.
Beshinchidan, arxeologlarimiz to‘plangan materiallarni yangicha qarashlar asosida talqin va tahlil qilib, qator yangi xulosalarni olg‘a surishga muyassar bo‘lishdi. Masalan, qadimgi shaharlarning kelib chiqish ildizlari, xronologik ketma-ketlikda davriy sanalash, ularning tarixiy bosqichlarga bo‘linishi va boshqa masalalar jiddiy izlanishni talab etdi. Oddiy qilib gapirganda, har bir arxeologik artefaktni gapirtirish kerak edi.
Oltinchidan, avvallari ko‘chmanchi chorvachilikning kelib chiqishi ilk temir davri tarixiy jarayonlari bilan bog‘lab kelindi. Endilikda esa bu tub o‘zgarishlar rosa ming yil avval sodir bo‘lgani aniqlandi.
Yettinchidan, chorva mollariga yem-xashak ehtiyoji kun sayin ortib borishi natijasida chorvadorlar yangi yaylovlar qidirib, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishga majbur bo‘ladilar. Bu esa, bir tomondan yaylovlar uchun qabilalar o‘rtasida to‘qnashuvlarni keltirib chiqarsa, ikkinchi tomondan yashash uchun kurash xo‘jalik sohiblarini bir-biriga iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘lab qo‘yadi va bu jarayon tovar-pul munosabatlariga asoslangan bozorning paydo bo‘lishiga, o‘z navbatida, bozor qabilalararo savdo karvon yo‘llarining tarkib topishi va ular bo‘ylab qadimgi shaharlarning qad ko‘tarishiga olib keladi.
Men xalqimiz tarixida yuz bergan birinchi va ikkinchi sivilizatsiyalar davri yutuqlariga e’tibor qaratdim. Ammo shunday tahliliy xulosalarni shonli o‘tmishimizning har bir davri misolida keltirish mumkin.
– Ustoz, shoir-yozuvchilar kabi olimlarning ham shoh asari bo‘ladi. Sizning ilmiy faoliyatingiz bilan tanishib, “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitobini ana shunday shoh asar degim keldi.
– E’tirof uchun rahmat, qizim. Kitob O‘zbekistonning mahalliy xalqi, o‘zbek millati va uning davlatchiligi tarixining uzoq vaqt davom etgan o‘zaro ijtimoiy-iqtisodiy, etnomadaniy aloqalar, siyosiy boshqaruv va tarixiy mafkura bazasida, murakkab etnoslararo qorishuvlar asosida shakllanishiga bag‘ishlanadi. Dastlab bu haqda oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun maxsus darslik yozishga jazm qildim. 1997-yilda “O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi” nomli o‘quv qo‘llanmani chop ettirdim. Ilmiy jamoatchilik va keng o‘quvchilar ommasi asar haqida iliq munosabat bildirdi, turli munozaralar bo‘lib o‘tdi. O‘rtaga tashlangan fikrlardan kelib chiqib, tanqidlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, keyingi davrda aniqlangan faktlar asosida darslikni boyitdim.
2015-yilda “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” nomi ostida fundamental monografiyani e’lon qildim. Hozirgi kunda ushbu asar o‘zbek tilida 25 ming, rus tilida 4 ming, xitoy tilida ming nusxada chop etildi. Joriy yilda 5 ming nusxada turk tilida nashr qilish rejalashtirilgan.
Mavjud qarashlardan farqli o‘laroq, asarda o‘zbek xalqi etnogenezining boshlang‘ich nuqtasi jez davridan boshlangani (bundan 4 ming yil avval) ilmiy asoslangan. Xalq tarixi bilan millat tarixi o‘rtasidagi farqlar birinchi bor ushbu kitobda o‘z aksini topgan. Eron va Turonda o‘tgan tarixiy jarayonlar xronologik ketma-ketlikda obyektiv bayon etilgan. O‘zbek xalqining sug‘diy, xorazmiy, boxtariy va sak-skif asoslari, turkiytil ajdodlarimizning iqtisodiy-xo‘jalik hayoti, etnomadaniy qiyofasi, ko‘p etnik komponentligi asoslangan.
– Dunyo ilmiy jamoatchiligi bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, xorijiy ilmiy yangiliklardan boxabar olimsiz. Shulardan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda arxeologiya sohasiga bo‘lgan bugungi munosabatni qanday baholaysiz?
– Bugun akademik ilm-fan qayta tirildi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlarining oylik maoshi davlat byudjetiga o‘tkazildi. Laboratoriyalar zamonaviy texnika bilan ta’minlana boshladi. Zamonaviy talabdan kelib chiqib, Toshkentda Milliy arxeologiya markazi tashkil etildi, unga bino ajratilib, ta’mirlab berildi. Xodimlar arxeologiya izlanishlari bilan bog‘liq birlamchi ilmiy-texnika asbob-uskanalari bilan ta’minlandi. Maxsus himoya kengashlari tashkil etilib, arxeologiya mutaxassisligi bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashga katta e’tibor berilmoqda.
Milliy arxeologiya markazi mutaxassislari va Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti bilan birgalikda 2030-yilgacha ilmiy sohada qilinadigan ishlar rejasini tuzdik. Bu yo‘lda bir nechta takliflarimiz ham bor. Mavridi bilan ularni hayotga tatbiq etib boramiz.
– Ijtimoiy tarmoqlarda arxeologik obyektlar qarovsizligi yoki bila turib ularni buzib tashlashlar sodir bo‘lmoqda, degan xabarlar uchrab turadi. Bunga nima deysiz?
– Ijtimoiy tarmoqlarning bu masalada jar solishi mutlaqo to‘g‘ri. O‘zim ham bu mavzuda qator faktlar keltirilgan bir necha maqolalar bilan matbuotda chiqishlar qildim, telekanallar orqali tanqidiy mulohazalar bildirdim, tegishli idoralarga murojaat qilaverib charchadim. Madaniy meros agentligi, qolaversa, sud, prokuratura organlari, mahalliy rahbarlarning beparvoligi yoki masala mohiyatiga chuqur kirib bormasligi vaziyatni og‘irlashtiradi. Ko‘p kuzatiladigan holat – fermer xo‘jaliklari o‘z-o‘zidan arxeologik obyektlarni o‘zlashtirib olmaydi-ku. Bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish shart!
Xalqimizda “Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘” degan dono maqol bor. Bugun muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har bir jabhada tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bu sohadagi nuqsonlarni bartaraf etish yo‘lida boshlangan sa’y-harakatlar ham yaqin orada o‘z samarasini beradi, deb ishonamiz.
Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.
TAHRIRIYATDAN: Aziz mushtariy! Ushbu suhbat sahifalanayotgan chog‘da rasmiy manbalar orqali xushxabar oldik. Ardoqli olim, jonkuyar ziyoli domlamiz Ahmadali Asqarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga ko‘ra “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Biz ko‘p ming sonli gazetxonlarimiz nomidan ham millat oydini bo‘lgan hurmatli akademigimizni yuksak mukofot, e’tirof va e’tibor bilan muborakbod etamiz! U kishiga tanisihatlik, xotirjamlik va ilhom-u g‘ayrat tilab qolamiz!
“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



