Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.10.2025 | 09:36

img517

MA’NO MA’VOLARI

Hazrat Alisher Navoiy izidan

“Yurgan – daryo, o‘tirgan – bo‘yra”, deydi xalqimiz. Ilm talabida jahon kezmoq – bizga bobomeros odat. Safar asnosida rub’i maskunning sir-asroridan voqif bo‘lasiz, yangi bilimlar orttirasiz, hikmat sohiblariga oshno tutinasiz.

Yaqinda bir guruh o‘zbekistonlik navoiyshunos olimlar Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashabbusi va homiyligida Eron Islom Respublikasining Tehron, Mashhad, Tus, Gurgon kabi shaharlarida bo‘lib qaytdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-fevraldagi 43-sonli qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan navbatdagi ilmiy ekspeditsiya yangiliklarga boy bo‘ldi.

NAVOIYNING EHSON DASTURXONI HAMON OCHIQDIR
Dilnavoz YUSUPOVA,
filologiya fanlari doktori, professor:

– Buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy Eron madaniyati tarixida nafaqat ulug‘ shoir va mutafakkir, balki muhtasham inshootlar me’mori, saxovatpesha, xalqparvar amir sifatida ham nom qozongan. Safar davomida biz bunga yana bir bor amin bo‘ldik, Eron hududida hazrat bobomiz insho ettirgan ulug‘vor yodgorliklarga boqib, qalblarimiz faxr-iftixor tuyg‘usiga limmo-lim to‘ldi.

Mashhad shahri Imom Rizo me’moriy yodgorliklar majmuasi bilan dunyoga mashhur. Safarimizning ilk kunlarida ushbu ziyoratgohda bo‘ldik. Majmua eski va yangi hovli, Alisher Navoiy ayvoni, Imom Rizo maqbarasi, Gavharshodbegim masjidi, madrasa, muzey, kutubxona, karvonsaroy va boshqa inshootlardan iborat.

To‘rtta hovlidagi katta ayvonlar (uzunligi 46 metr) XV asr oxirida Alisher Navoiy tomonidan qayta qurilgan va hozirgi ko‘rinishga keltirilgan. Ayvonlardan birining peshtoqiga Sulton Husayn Boyqaro ismi bitilgan. Ayvonlarning ichki qismida Navoiyning shaxsiy xattotlaridan biri, “xattotlar sultoni” deya e’tirof etilgan Sultonali Mashhadiyning va Alisher Navoiy yoshlikda cheksiz mehr qo‘ygan, keyinchalik “Majolis un-nafois”da eng ma’rifatli temuriy hukmdor sifatida xotirlagan Abulqosim Boburning maqbarasi borligidan voqif bo‘ldik.

Xondamirning shohidlik berishicha, ayni shu maskanda qurilgan “Dor ul-huffoz” imoratini lojuvard va oltin, islimiy, xitoycha naqshlar va tasvirlar vositasida dabdaba ila bezaganlar. Bundan tashqari, o‘sha tabarruk maqbara hududida o‘ta hashamat va benihoya zeb-ziynat bilan bir ayvon (ayvoni maqsura) bunyod qilingan. Shuningdek, bir g‘alvirxona ham qurilgan bo‘lib, har kuni unda musofirlar, muhtojlar va yetimlarga taom ulashilgan. Hayratlanarli jihati, bu an’ana hozir ham davom etayotir, haligacha ehtiyojmandlar ushbu yemakxonadan taomlanar ekan. Safarimizning so‘nggi kunida Navoiy bobomiz besh asr oldin yozgan va bugungacha ochiq turgan ehson dasturxonidan tanovul qilish baxti bizga ham nasib etdi.

Tarixiy manbalardan ma’lumki, Navoiy qurdirgan binoi xayrlar orasida rabotlar – karvonsaroylar alohida o‘rin egallaydi. Xondamir “Makorim ul-axloq” asarida ulug‘ amir barpo ettirgan ellikdan ziyod rabotning nomini keltirgan.

Dastlab VIII-IX asrlarda Movarounnahr va Xuroson hududlarida paydo bo‘lgan rabotlar harbiy (sarhadda dushmanga qarshi mudofaa) va iqtisodiy-ijtimoiy (yo‘lchilar, savdogarlar va sayyohlarga boshpana) vazifalarni bajargan. Gʻaznaviylar davriga kelib, ular nafaqat yo‘lovchilar boshpanasi, balki so‘fiylik va ijtimoiy hayot markaziga aylangan.

Navoiy amirlik qilgan davrda rabotlarning jamiyat hayotidagi ahamiyati yanada ortgan. Chunki bu davrda karvon yo‘llari yanada rivojlanib, Sharq-u Gʻarb o‘rtasidagi savdo aloqalari kuchaygan, binobarin, rabotlarga ehtiyoj keskin oshgan. Shu tariqa rabotlar ilm, ma’naviyat markazlari sifatida ham xizmat qilgan. Navoiy qurdirgan rabotlar katta hovli, masjid, hammom, mehmonxona va omborxonalarga ega mukammal inshootlar bo‘lib, badiiy va me’moriy jihatdan ham alohida ahamiyat kasb etgan.

Ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston davrida har bir tumanda qad rostlagan “Ma’naviyat maskanlari” vazifasini hazrat Navoiy davrida u kishi bino etgan rabotlar bajargan, deyish mumkin.

Mashhad shahridan qariyb qirq chaqirim masofada joylashgan ko‘hna Sangbast rabotini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Gumbaz va minoraga ega bu bino Sulton Mahmud Gʻaznaviy zamonida Tus hokimi Arslon Jozib tomonidan milodiy 999 – 1030-yillar oralig‘ida qurilgan. Keyinchalik ushbu binoning asosiy qismi buzilgan va Amir Alisher Navoiy uning yonidan yangi bir rabot barpo etgan.

Davlatshoh Samarqandiy ushbu ko‘rkam va muazzam rabotni “Olam ko‘zi haligacha bunday imoratni ko‘rmagan edi”, deya ta’riflagan. Darhaqiqat, tarixiy obidaning asrlar hukmidan omon qolgan och yashil rangdagi go‘zal peshtoqlari muarrixning so‘zlari mubolag‘a emasligiga guvohlik berib turibdi.

SIRLI DAFINANING SOHIBI KIM?
Fazliddin MAHMADRAJABOV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘qituvchisi:

– Safar davomida Alisher Navoiy bir muddat hokimlik qilgan Astrobod (hozirgi Gurgon) shahrida ham bo‘ldik.

Shu o‘rinda mazkur jug‘rofiy nom etimologiyasiga aniqlik kiritib o‘tsak. Fors tilidagi manbalarda Astrobod so‘zi “Astarobod” shaklida keladi. “Astar” so‘zi pahlaviy tilida “xachir” degan ma’noni bildiradi. Lekin, aslida, bu nomning kelib chiqishi boshqa bir tarixiy hodisaga bog‘liq, ya’ni Ahmoniy podshoh Xashoyorshohning qizi malika Estar sharafiga shahar shu nom bilan atalgan ekan. “Estar” so‘zi qadimgi forsiyda “yulduz” ma’nosini anglatgan. Naql qilishlaricha, Xashoyorshoh qizi Estarga Astroboddan Ostoro (hozirgi Astraxan) shahrigacha bo‘lgan yerlar boshqaruvini topshirgan. Mahalliy aholining shahar nomini haligacha “Estarobod” tarzida talaffuz qilishi ham ana shu nuqtayi nazarni tasdiqlaydi.

Tarixiy Astrobod shahri yo‘lida boshqa tarixiy obidalarni ham ko‘rdik. Ulardan biri – Chinoron shahridagi Mili Rodkondir. Mazkur tarixiy obidani milodiy XIII asrda yashab ijod qilgan qomusiy olim Xoja Nosiriddin Tusiy qurdirgan ekan. Gunbadi Kovus shahridagi Qobus maqbarasi esa X–XI asrlarda hukmronlik qilgan Oli Ziyoriylar davlatining to‘rtinchi podshohi Qobus bin Vashmgir tomonidan barpo etilgan, tojdorning o‘zi ham shu yerga dafn qilingan ekan. Maqbara dunyodagi loy g‘ishtdan qurilgan eng baland bino sifatida ahamiyatlidir. Balandligi 52 metr bo‘lgan tarixiy obida 15 metrli tepalik ustida qad rostlagan.

Qadim Astrobod shahrida temuriylardan meros mahobatli masjid va bozor saqlanib qolgan. Saljuqiylar davriga mansub minoraga tutash masjid temuriy malika Gavharshodbegimning buyrug‘i va shafeligida barpo etilgan ekan. Ota-bobolarimizning bunyodkorligidan qalbimizda faxr tuyg‘usi uyg‘ondi. Qiziq ma’lumotni eshitdik: bir necha yil oldin masjid hovlisi ta’mir uchun qazilganida, bu yerdan katta tilla qozon topilibdi. Mahalliy aholi ta’biri bilan aytganda, Gavharshodbegim masjid qurish bilan kifoyalanib qolmay, uning yuz yillardan keyingi ta’miri uchun ham sarmoya qoldirib ketgan ekan! Darvoqe, temuriylar davriga mansub bozor ham hozirda “Na’lbandon” nomi bilan faoliyat yuritib kelmoqda.

Masjid hududiga kiraverishda so‘l qo‘ldagi ayvonda toshga o‘yib yozilgan e’lonlar taxtasiga ko‘zimiz tushdi. Peshlavhalar olis o‘tmishda Astrobodga yangi hokim bo‘lgan shaxslarni xalqqa tanishtirmoq uchun o‘rnatilgan ekan. Ehtimol, ular orasida Alisher Navoiyning Astrobodga hokim etib tayinlangani haqida e’lon ham bordir. Bu endi alohida tadqiqot mavzusidir. Masjidning yog‘ochdan ishlangan bezakdor eshigi shu yerdagi muzeyda saqlanar ekan. Mehmonlar masjid minbarlarini ham tomosha qilishi mumkin. Eronlik madaniy meros mutaxassisining aytishicha, bunday minbarlar faqat sunniylik mazhabiga xos hisoblanadi.

Qadim Astrobodda qozoqlar va o‘zbeklar yashaydigan mahalla ham bor ekan. Shu yerda Eron fuqaroligiga ega millatdoshlarimiz bilan hamsuhbat bo‘ldik.

Safar dasturiga muvofiq Mashhadga qaytishimiz kerak edi. Yo‘lda oriflar sultoni Boyazid Bistomiyning ona shahri – Bistomga kirib o‘tdik. Bistomiy dafn qilingan maqbara yigirmaga yaqin tarixiy binoni o‘zida jamlagan katta bir majmua tarkibida ekan. Ekspeditsiya a’zolari bilan tabarruk zot qabrini ziyorat qildik.

Eronning tarixiy shaharlarida temuriylarga oid obidalar, osori atiqalar bisyor. Buni qarangki, Boyazid Bistomiy maqbarasiga tutash madrasa ham Amir Temurning o‘g‘li Shohrux Mirzo tomonidan barpo etilgan ekan. Ulug‘ ajdodlarimiz nomi bilan bog‘liq me’moriy inshootni ko‘rib, qalbimizni yana bir ko‘tarinkilik chulg‘adi.

ZAMIN VA KOINOT ARO ROBITA
Karomat MULLAXO‘JAYEVA,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent:

– Sayohatimiz davomida Eron poytaxti Tehrondagi Ozodlik maydoni va uning muzeyida ham bo‘ldik. Muzeyning yuzlab osori atiqalari ichida meteorit bo‘laklari e’tiborimizni tortdi. Katta bir bo‘lmada turli hajmdagi samo jismlari jamlangan. 2023-yili Kirmon shahridan keltirilgan kattagina meteorit bo‘lagini ushlab ko‘rib, noodatiy vaznni his qildim. Tosh meni koinotning allaqaysi nuqtalari bilan bog‘lagandek bo‘ldi. Balki tasavvurga erk bergandirman, lekin nima bo‘lganda ham o‘zimiz uchun yangi ma’volarni ochishni ko‘zlagan safarimiz mobaynida kichik bir toshbo‘lak o‘zgacha quvvat bergani rost. Tunda Mashhadga yetib kelganimizda, Imom Rizo majmuasidan taralayotgan nurning butun shaharga o‘zgacha jilo berib tovlanishi esa sohir holatimizga yanada sirlilik baxsh etdi.

Maqsad-muddaomiz – Alisher Navoiy hayoti va faoliyati bilan bog‘liq maskanlarni ziyorat qilish, o‘rganish, u zotga aloqador bugungacha saqlanib qolgan inshoot va boshqa yodgorliklar haqida ma’lumotlar to‘plash edi. Ayni chog‘da, mushtarak tariximizga oid muhim inshoot, tarixiy obida va ilmiy-adabiy manbalarni nazardan qochirmaslikka qaror qilganmiz. Mashhaddagi Firdavsiy universitetida ma’ruza qilish, Imom Rizo majmuasidagi qo‘lyozmalar bilan tanishish, xalqaro ilmiy seminarda ma’ruza qilishdek muhim vazifalarni bajarishga tayyorlanar edik. Qo‘lyozmalar bilan tanishish asnosida turkiy tilda bitilgan to‘rt yuzdan ziyod qo‘lyozmani aniqlashga muvaffaq bo‘lishimizni hali bilmasdik…

Firdavsiy  universitetidagi uchrashuv va suhbatlardan so‘ng Tusga yo‘l oldik. “Shohnoma” muallifining daxmasi qoshida ko‘nglimizdan Navoiyning bu zotni alqab yozgan: “Bu maydonda Firdavsiy ul gurd erur, / Ki gar kelsa Rustam javobin berur”, degan misralari kechdi. Mashhaddan ancha olisda joylashgan Gurgon – Astrobodga yo‘l olar ekanmiz, Alisher Navoiyning “surgun qilinishi” haqida ilmda hamon oxiriga yetmagan bahslarni esladik.

Turli davr tamaddunlarini bir-biriga tutashtirgan Eron davlati hududlarida islom va undan oldin amalda bo‘lgan e’tiqod-u ta’limotlarga oid osori atiqalar hamon saqlanib turibdi. Bu, ayniqsa, Gurgonda yaqqol kuzatiladi. Tog‘lar orasida, dengizdan u qadar olisda bo‘lmagan kentga yetguncha yo‘lda Burji Nosiriy va Gumbazi Kovus kabi tarixiy minoralarni ko‘rdik. Har birining maxsus o‘rganishga arziydigan uzun va qiziqarli tarixi bor.

Keyingi kuni ko‘hna xarobalar osha Turkman sahrosi tomon yo‘lga tushdik. Uzoq yo‘l yurib, biyobondan o‘tib, Maxtumquli Firog‘iy qabrini ziyorat qildik. Bu yerda umrguzaronlik qilayotgan forsigo‘y turkmanlarning hayot tarzi ham o‘ziga xos ekan. Navoiy hazratlarining barakoti tufayli safarimiz fayzli va manfaatli kechayotganidan mamnun edik.

Yana bir dovon oshib, yangi ma’no ma’vosiga ravona bo‘ldik. Xondamir “Makorim ul-axloq”da tasvirlaganidek, bu yerda bir kunda to‘rt faslning ob-havosini ko‘rish mumkin edi. Alhol, tayfuriya tariqati asoschisi Boyazid Bistomiy maqbarasi ziyorati qalblarga sakinat indirdi. Ziyoratlardan so‘ng Sabzavor va Nishopur orqali Mashhad sari yo‘lga tushdik. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) tavalludining 1500 yilligi munosabati bilan muqaddas ziyoratgoh hududida tashkil etilgan “Samarqanddan Tusgacha: Eron va O‘zbekiston umumiy madaniy merosiga bir nazar” mavzusida xalqaro ilmiy seminarda qatnashdik.

Bir haftalik ekspeditsiyamiz kelgusida salmoqli ilmiy tadqiqotlarga poydevor bo‘ladi, degan umiddamiz.

OLTI ASRLIK BULOQ
Umedullo MAHMUDOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD):

– Mashhad shahrida joylashgan Ostoni Qudsi Razaviy kutubxonalar, muzeylar va hujjatlar markazida ilmiy-ma’rifiy muloqotlar qildik. Markaz direktori doktor Sayid Jalol Husayniy temuriylar davrida Mashhadni obodonlashtirish, shaharni so‘lim va betakror manzilga aylantirish bo‘yicha ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilgani haqida so‘zlab berdi.

“Mashhad ahli qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan kezlarda Sulton Husayn Boyqaroning vaziri, yaqin do‘sti Amir Alisher Navoiy shaharga suv torttirib kelgan va bu yerda bir ayvon ham soldirgan. Hozirda u “Ayvoni Navoiy” nomi bilan mashhur. Hazrat Navoiy ochgan chashma suvi esa Imom Rizo haramining markazida hali-hamon odamlarning chanqog‘ini qondirmoqda”, dedi Sayid Jalol Husayniy mamnuniyat bilan.

Ushbu muazzam kutubxonada jami ikki million nusxa kitob mavjud bo‘lib, ulardan yuz mingi qo‘lyozma asarlardir. Bu yerda hatto ming yillik tarixga ega Qur’oni Karim ham saqlanayotir. Kutubxona xazinasida turkiy tildagi nodir qo‘lyozmalar ham ko‘p ekan. Xususan, ekspeditsiyamiz a’zolari o‘rganishlari natijasida Ostoni Qudsi Razaviy kutubxonasida to‘rt yuz nusxada turkiy qo‘lyozma mavjudligi aniqlandi. Ular orasida Qur’oni Karimning ikkita tarjimasi va tafsiri, duolar kitobi, mumtoz adabiyotga oid asarlar bor.

Tasodifiy tanlab olingan qo‘lyozma nusxasini qisqa fursatda o‘rgandik. U Alisher Navoiyning terma devoni bo‘lib chiqdi. To‘plamdan shoir qalamiga mansub g‘azal, musaddas, qit’a va ruboiylar o‘rin olgan. Devon “Xazoyin ul-maoniy”dagi: “Ashraqat min aksi shamsil-ka’si anvorul-xudo, Yor aksin mayda ko‘r, deb jomdin chiqti sado” matlali ilk g‘azal bilan boshlanadi. Har bir sahifada matn o‘n ikki qatordan joylashtirilgan. Devonning oxiridagi ba’zi sahifalar (kolofon) mavjud emas. Shuningdek, qo‘lyozma xotimasida keltirilgan ruboiylarning oxirgisi tugallanmay qolgan. Quyidagi ruboiyning ikki misrasi bilan devon yakuniga yetgan:

Berahmdurur olam-u zolim aflok,
Bemehrdurur anjum-u davron bebok.

Ushbu devon taxminan XIX asrda kitobat qilingan.

Alisher Navoiyning vafotidan olti asr o‘tgan bo‘lsa-da, Eronda ulug‘ mutafakkir ijodiga qiziqish aslo kamaymagan. Olimlar, hatto oddiy odamlar shoirdan meros qolgan moddiy, ma’naviy obidalarga o‘zgacha ehtirom ko‘rsatishini alohida qayd etmoq o‘rinlidir.

Imom Rizo ziyoratgohiga keladigan minglab ziyoratchilarning chanqog‘ini qondirayotgan olti asrlik chashmani Alisher Navoiyning o‘lmas ma’naviy merosiga mengzadik. Zero, asriy bo‘ronlardan omon chiqqan buloq kabi ulug‘ bobomiz qoldirgan bebaho bisot ham ma’no ahllarining tashnaligini qondirib kelmoqda.

Hazrat Navoiy ochgan chashma suvi qiyomatga qadar qurimasin, buyuk mutafakkir asarlari butun insoniyatga ma’rifat, hikmat va hidoyat mayog‘i bo‘lib qolsin, deya duoyi xayr qildik.

Davra suhbatini Olimjon DAVLATOV olib bordi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600