06.10.2025 | 14:52
1305
SUQ
Bolalikda: “falonchining ko‘zi bor, kinnasi bor”, “bolam yoki molim suqlandi”, “suq kirdi” kabi gaplar ko‘p quloqqa chalingan. Deylik, qarashi yomonroq yoki o‘tkir biror kimsa bo‘lsa, “bu odamning ko‘zi bor”, deb gumon qilinardi. “Falonchi chaqalog‘imga bir qaragandi, bolam ertalabgacha yig‘lab chiqdi”, “falonchining suqi kirib, sigirimning qorni damlab ketdi” va hokazo…

Qizig‘i shundaki, bolaning qorni og‘risa, shamollasa, yiqilsa, turtinsa ham, “yomon ko‘z” sabab bo‘lishi mumkin edi. Ayni paytda, “yomon ko‘z”ga qarshi butun boshli himoya tizimi ham bo‘lib, deylik, bolaning beshigi, do‘ppisi, bilagi, bo‘yniga ko‘zmunchoq, tumorlar taqib qo‘yilar, nafaqat yosh bola, balki ko‘zga yaqin yigit-qiz, ot-ulov, qoramollarga ham ko‘z tegmasin deb ko‘zmunchoq, tumor taqib qo‘yish udumi bor edi, “bor edi”mas, to‘g‘rirog‘i, hozir ham bor, misol uchun, shaxsiy avtoulovlarda hozir ham shu kabi jihozlarni ko‘rib qolamiz.
Aslida, “yomon ko‘z” degan tasavvur faqat musulmon o‘lkalarida emas, balki yer yuzidagi aksariyat xalqlarda bor va uning ildizi nihoyatda chuqur bo‘lib, bundan besh ming yil oldin yer yuzidagi ko‘pgina din va madaniyatlarning poydevorini qo‘ygan shumerlarga, balki undan ham oldingi davrlarga borib taqaladi. Keyinchalik bu tasavvur Bobil, qadimgi Misr, yahudiylik, nasroniylik, Islom kabi dinlar asosida shakllangan madaniyatlarga ham o‘tib, Afrika, Ovrupa va Osiyo bo‘ylab keng yoyilgan. Shu bois “yomon ko‘z” degan so‘z hozir ham deyarli barcha tillarda bor, deylik, ingliz tilida “evil eye”, fransuz tilida “mauvais œil”, rus tilida “сглаз”, arab tilida “ko‘z” va “yomon ko‘z” ma’nosida: “al-ayn” va “aynul-hasuda”, turk va fors tillarida “nazar” va hokazo…
Qadimgi turkiy yodgorliklarda “yomon ko‘z” degan ibora uchramaydi, ammo “suq” so‘zi hozirgiga nisbatan ancha faol bo‘lib, Koshg‘ariy bobomiz “Devonu lug‘atit-turk”da unga shunday izoh beradi: “suq – suq ӭr – suq, ochko‘z, past odam. Shahodat barmog‘ini “suq ӭrңäk” – “suq barmoq” deyish ham shundan. Chunki u ovqatga hammadan oldin uzaluvchi ochko‘z barmoqdir”. “Devon”da yana bir o‘rinda “suqluq” so‘zi ham keltirilib, shunday izohlangan: “suqluq – suqlik. Ovqat, mol va boshqalar ustida ochko‘zlik”.
Mazkur misollardan ham ko‘rinadiki, qadimgi turkiyda “suq” so‘zi faqat “ochko‘z” degan dunyoviy ma’noga ega bo‘lgan va hech qanday xurofiy ma’no bildirmagan. Shuningdek, “suq” so‘zining ilgari “yolg‘iz” degan ma’nosi ham bo‘lib, bu ma’no hozir faqat “suqqabosh” so‘zida saqlangan.
“Suq” so‘zi ayniqsa, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida “ochko‘z” ma’nosida ko‘p uchraydi. Bir bobda hatto suqlikka alohida bir parcha bag‘ishlanib, unda “suq kishi”ga – “tuq kishi”, ya’ni “ko‘zi och kishi”ga “ko‘zi to‘q kishi” qarama-qarshi qo‘yiladi. Menimcha, unda bildirilgan mulohazalar hozir ham dolzarbligini yo‘qotmagan:
“Toḋumsuz bolur-ul kөzi suq kishi,
Kөzi suqqa yetmǝz bu dunya ashi”, –
Ma’nosi: “Ko‘zi suq kishi to‘ymas bo‘ladi, (hatto) bu dunyo ne’matlari unga yetmaydi”.
“Bu suqluq ig-ul bir, oti yoq, emi,
Ani emlǝyүmǝs bu dunya qami”, –
Ma’nosi: “Bu suqlik bir kasallikdir, uning dorisi (o‘ti), davosi (emi) yo‘q, bu dardni bu dunyo emchilari emlay olmaydi”.
Guvohi bo‘lganimizdek, mazkur parchada adib “kөzi suq” bilan birga “kөzi ach” iborasini ham ma’nodosh sifatida qo‘llagan. Ammo keyinchalik negadir “ochko‘z”, “ko‘zi och” so‘zlari faollashib, shu ma’nodagi “suqli”, “suqatoy”, “suqqi” kabi so‘zlar biroz arxaiklashgan. Shuningdek, nutqimizda “havas bilan” yoki “ochko‘zlik bilan qaramoq” ma’nosidagi – “suqlanmoq”, “suqlanib qaramoq” fe’lini ham ishlatamiz.
Ushbu o‘rinda yana bir tarixiy hujjat – “Moniylik tavbanomasi”da (“Xuastvanift”) “suq” so‘zining qo‘llanishiga e’tibor qaratmoqchiman. Moniylik inonchiga oid bu asar eron tillaridan biridan qadimgi turkiyga qilingan tarjima bo‘lib, unda “suq” so‘zi har gal “shayton”, “iblis”, “dev”, “jin” yoki g‘arbdagi “demon”ga o‘xshash bir yaratiq – “yek” nomi bilan birga: “suq yek”, ya’ni “ochko‘z yek” shaklida, ko‘p o‘rinlarda: “tudunchsiz, ovutsiz suq yek”, ya’ni “tuturiqsiz, uyatsiz ochko‘z yek” deb tilga olinadi va uning makridan saqlanishga chaqiriladi (Umuman, qadimgi turkiydagi “yek” personaji ham qiziq, ba’zi manbalarda u: “shayton”, “iblis”ga to‘g‘ri keladi; ba’zi manbalarda: “jin” yoki “dev”ga o‘xshash bir yaratiq. Mutaxassislarga ko‘ra, “yek” so‘zi etimologik jihatidan turkcha – “yemoq” fe’lidan yasalganligi ehtimolga yaqin, chunki nasroniylikka oid manbalardagi “demon” (inglizcha: “demon”, fransuzcha: “démon”) ham qadimgi turkiyda “yek” deb, qon so‘ruvchi “vampir” esa – “ichkek” (“ichmoq”dan) deb berilgan).
Yana bolalik xotirasiga qaytadigan bo‘lsam, “suq” so‘zini, yuqorida ta’kidlanganidek, “ochko‘zlik” deb emas, nazar orqali kishining ichiga kirib ta’sir ko‘rsatadigan g‘ayritabiiy kuch, sehr, jodu deb bilganmiz. “Yomon ko‘z” borasidagi tasavvurlarning kelib chiqishi, jug‘rofiyasi haqida esa so‘zimiz boshida biroz to‘xtaldik.
Abduvohid HAYIT
“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
100
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
329
