Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.10.2025 | 14:35

img522

JAVOBGARLIK JASORATI

Yetmish yillik umrimning uchdan ikki qismi shu tahririyatda o‘tdi. Musahhihdan bo‘lim mudirigacha bo‘lgan uzun yo‘lda o‘n uch nafar bosh muharrir rahbarligida ishlagan bo‘lsam, ular orasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning o‘rni alohida. Taniqli adib Xayriddin Sulton “Navoiy-30” kitobida Odil aka bilan birga ishlagan davridagi ta’sirli voqealarni keltirib o‘tgan. Kamina esa gazeta muharriri sifatidagi faoliyati haqida yozmoqchiman.

YANGI NOM VA YANGILANGAN JAMOA

2024-yil 1-yanvardan “Jadid” nomi ostida chop etilayotgan gazetamiz 1956-yil 4-yanvarda “O‘zbekiston madaniyati” sifatida tashkil etilgan. 1981-yil (Asqad Muxtor rahbarligi davrida) nashr nomi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ga o‘zgardi. Gazeta nomi o‘zgargach, tahririyat oldiga yangi vazifalar qo‘yildi. Ularni ado etishga jamoaning quvvati yetmay qoldi. Asqad Muxtor ichki madaniyati yuksak shaxs sifatida xodimlar ko‘nglini og‘ritib qo‘yishdan, xato-kamchiliklar uchun jazo qo‘llashdan o‘zini tiyardi. Hatto, malomat toshlariga ham qoyaday sukut saqlardi.

Vaziyat taqozosiga ko‘ra, 1982-yilda gazetaga atoqli yozuvchi Odil Yoqubov bosh muharrir etib tayinlandi. Bu vaqtda u kishi “Ulug‘bek xazinasi” romani muallifi sifatida shuhrat qozongan, qator ijodiy tashkilotlarda muharrirlik qilib, boy tajriba to‘plagan so‘z zargari edi. Albatta, hammamiz yangi bosh muharrirning asarlarini o‘qigandik, yaxshi tanirdik. Shunday bo‘lsa-da, baribir, barcha xodimlar sarosimada, nima bo‘lishini kutib, taraddudda yurak hovuchlab turardi.

Odil aka jamoa bilan tanishgach, ish jarayoni qizib ketdi. Ikki haftada tahririyat xodimlarining yarmidan ko‘pi almashdi. Ba’zilar boshqa ishga o‘tkazildi, ba’zilar o‘z ixtiyori bilan ketdi, ba’zilarga esa rosmana chora ko‘rildi. Eh-he, issiq o‘rnini, qilayotgan (yoki qilmayotgan) ishini davom ettirmoqchi bo‘lganlar ne nayranglar o‘ylab topmadi, “yuqori”dan qancha qo‘ng‘iroqlar bo‘lmadi, deysiz. Ammo barchasi Odil akaning olmosday o‘tkir va mustahkam qat’iyatiga tegib, xom kesakday parchalanib ketdi.

Jamoa o‘rtasida vazifalar qayta taqsimlandi. Taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻafurov bosh muharrir o‘rinbosari, Mamatqul Hazratqulov mas’ul kotib sifatida ish boshladi. O‘zgarishlar meni ham chetlab o‘tmadi. Odil aka maqolalarimni kuzatib yurgan ekanmi, ko‘p o‘tmay san’at bo‘limiga ishga o‘tkazdi. Diplom ishim dublyaj san’ati haqida bo‘lgani uchun bu sohaga juda qiziqardim.

Xullas, jamoada har jihatdan tartib-intizom o‘rnatildi. Harbiy tilda aytganda, jamoa jangovar holatga keltirildi.

ADOLAT MANZILI

O‘sha paytlarda, 1982–1987-yillarda gazeta adadi salkam bir million nusxaga yaqinlashdi. Ustoz zamon nafasini teran va nozik his qilar, dolzarb mavzularni o‘z vaqtida belgilar va kim qaysi masalani to‘laqonli yorita olishini aniq bilardi. Ma’lumki, u vaqtlarda tanqidiy, dadil tahliliy maqolalarni e’lon qilish oson emasdi. Lekin shunday vaziyatda ham Odil aka qaltis, ammo zarur materiallarni taqdim etishning yo‘lini topardi. Ishda talabchan va qattiqqo‘l bo‘lgan ustoz hayotda nihoyatda oqko‘ngil, bag‘rikeng, samimiy inson edi.

Odil Yoqubov qisqa muddatda ishchan, ilmli, iste’dodli jurnalistlar jamoasini to‘pladi, yoshlarga alohida e’tibor qaratdi. Ular har songa jamiyatning eng og‘riqli muammolari, kechiktirib bo‘lmas vazifalar haqida aniq faktlar bilan boyitilgan shov-shuvli maqolalar tayyorlab, bosh muharrir stoliga qo‘yardi.

Shu bilan bir qatorda, Odil aka hamisha tahririyatga kelayotgan xatlarga jiddiy e’tibor berish kerakligini ta’kidlardi. Xatlarning deyarli hammasini shaxsan ko‘rib chiqishga harakat qilardi. Hatto, “Kuyunchak gazetxonlardan xatlar” deb nomlangan rukn uchun murojaatlarni o‘zi saralagan vaqtlar ham bo‘lardi. Shikoyatlarga alohida e’tibor bilan munosabatda bo‘lar, ko‘pincha holatni o‘rganish uchun xodimlarni joylarga xizmat safariga yuborar, so‘ng gazeta sahifalarida xalq ko‘nglidagi gaplar, umummillat muammolari va jamiyat illatlari aks etgan maqolalar paydo bo‘lardi. Shunday qilib, gazetamiz adolat manzili sifatida dong taratdi, davrning oshkoralik minbariga aylandi. Bu adolatparvarlik Odil Yoqubovga qimmatga tushganini keyin-keyin bildik. O‘tkir tanqidiy maqolalar, sud ocherklari, jurnalistik surishtiruv kabi materiallar yuzasidan so‘roq-savollar bo‘lsa, hamma javobgarlikni bosh muharririmiz o‘z zimmasiga olardi. O‘zlari ham e’tirof etishsa kerak, Mamatqul Hazratqulov, Ashurali Jo‘rayev, Karim Bahriyev, Kamol Matyoqubov, Sharifa Salimova va boshqalar Odil Yoqubov maktabidan chiqqan jurnalistlardir.

Odil akaning odilligi yana shunda ediki, o‘rtamiyona materialga toqatsiz bo‘lib, kim yozishidan qat’iy nazar, ularni sahifaga yo‘latmasdi. Qalam haqi “cho‘g‘li” bo‘lgani uchun ba’zi mualliflar maqolaning hajmini ko‘paytiraman deb, laqmalikka o‘tib ketardi. Bunday matnlar muharrirning o‘tkir qaychisidan omon qolmas, tahrirdan keyin nastaringulday ochilib, gazetani bezab turardi.

“MEN JAVOB BERAMAN!”

Odil akaning o‘zi aytganidek, “Xotin jafosiz bo‘lmas, kitob xatosiz”. “Adabiyot va san’at” sahifalarida ham har qancha sinchkovlik va ehtiyotkorlik qilmaylik, xatolar o‘tib ketardi.

…Navbatdagi son muhokamasida ma’lum bo‘lishicha, birinchi sahifadagi maqolada yirik partiya arbobining familiyasidan bir harf tushib qolibdi. Hammamiz zudlik bilan bosh muharrir xonasiga yig‘ildik. Xona jimjit. Barcha sahifaning bir nuqtasiga qarab turibdi. Birdan hukumat telefonidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Odil aka vazminlik bilan go‘shakni ko‘tardi. “Ha, men – Odil Yoqubov”, dedi xotirjam. Narigi tomondan asabiy tovushlar eshitila boshladi. So‘zlovchini eshitib turgan rahbarimiz e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan qilib: “Men javob beraman!” deb gapni kesdi. Trubkani jahl aralash joyiga qo‘ydi. U tomonning aytadigan gapi ichida qoldi.

Ustoz kimning sahifasi edi, navbatchi kim, deb o‘tirmay, Markazqo‘mga ketdi. Garchi “oshkoralik davri” deb atalsa ham, hamon qattol tuzumning qilichi qonsirab turardi. Bosh muharrir bu vaziyatda tartib bo‘yicha aybdorni topib, unga tegishli chora ko‘rib, bayonnomasini yuborsa ham, hech kim e’tiroz bildira olmasdi. Ammo bir harf mojarosi ideologiya mas’ullariga aloqador bo‘lgani uchun oddiy odamni yanchib tashlashi hech gap emasdi. Odil Yoqubov azamat chinor ediki, uncha-muncha bo‘ron yiqolmasdi.

Markazda bosh muharrirga qanday munosabat bo‘lganini bilmadik, o‘zi ham aytmadi. Minnat qiladigan odati yo‘q edi ustozning. Keyin ma’lum bo‘lishicha, qo‘l qo‘yilgan sahifada hammasi to‘g‘ri bo‘lgan. Sexdagi sahifalovchi gazetaga qo‘l qo‘yib bo‘lingandan so‘ng o‘sha rahbarning familiyasini qayta terganida xato ketgan ekan.

FIDOYILIK

Odil Yoqubovning tarjimayi holiga e’tibor bersangiz, 1982-1987-yillarda birorta yirik asari va kitobi chop etilmagan. “Ko‘hna dunyo” romani bosh muharrirlikka kelgan yili, keyingi kitobi – “Oqqushlar, oppoq qushlar” esa 1988-yilda chiqarilgan. Chunki bu besh yillikda katta adibimizning bor kuchi, diqqat-e’tibori gazetaga qaratilgan edi. Shunday bo‘lsa ham, ish jarayonida bo‘lajak kitoblari uchun material to‘plashdan to‘xtamadi. Bunga qanday ulgurishiga hayron qolardik. Balki ulug‘lik siri ham shundadir.

Adib hayotidagi muhim voqealardan biri aynan gazetada ishlagan davriga to‘g‘ri keladi. 1985-yilda Odil Yoqubovga “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni berildi. Keyingi yili nufuzli ordenga loyiq ko‘rildi.

1987-yilda Odil Yoqubov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi birinchi kotibi lavozimiga o‘tkazildi. U kishining ketishini qabul qilish tahririyat uchun og‘ir bo‘ldi. Bosh muharrirlikka Ahmadjon Meliboyev kelgach, yuragimizdagi hovur biroz pasayganday bo‘ldi. Ahmadjon aka ustoz boshlab bergan yo‘lni munosib davom ettirdi.

Buyuklar haqida yozish oson emas. Xotiramning qirq yillik sahifalarini baholi qudrat varaqlashga harakat qildim. Bu – dengizdan tomchi, xolos. Kelgusi yili Odil Yoqubov tavalludiga 100 yil to‘ladi. Bu sana katta adabiyot bayramiga aylanishiga ishonaman.

Gulchehra UMAROVA

“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-oktyabrdagi 42-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604