Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.10.2025 | 10:13

img733

DUO

Rus tilidan Abdulla A’ZAMning erkin tarjimasi.

– Assalomu alaykum, – telefonda bog‘chada tarbiyalanayotgan bolalarga xos ovoz eshitildi, – bu yo‘qolgan buyumlarni topib beradigan idorami?
– Ha, kichkintoy. Nima yo‘qotding?
– Oyimni.
– Oyimni? – ajabsindi topilmalar byurosining xodimi. – Oying qanaqa edi?
– Juda chiroyli, judayam mehribon. Ha, yana mushuklarni yaxshi ko‘rardi.
– Bo‘ldi-bo‘ldi. Kecha xuddi shunday oyi topgan edik. Sening oying bo‘lsa kerak. Qayerdan telefon qilyapsan?
– Uchinchi bolalar uyidan.
– Yaxshi. Hoziroq oyingni jo‘natamiz. Kutib tur.
Ayol Qo‘zivoyning xonasiga kirib kelganda, u eshikka termulib o‘tirar edi. Ayol chindan ham go‘zal, yuzidan shunday mehr yog‘ilib turar, yana, deng, qo‘lida mushukcha ko‘tarib olgan. Qo‘g‘irchoq emas, jonli.
– Oyi! – Bola o‘zini ayolning quchog‘iga otdi. Ayol ham uni ko‘tarib bag‘riga bosdi. Bola uning yelkalariga osilib, shunday qattiq quchoqladiki, shunday qilmasa, yana yo‘qotib qo‘yadiganday. – Oyijon!
Bola o‘zining qichqirig‘idan o‘zi uyg‘onib ketdi. O‘tirgan ko‘yi jovdirab atrofga qaradi, keyin hafsalasi pir bo‘lgan odamday bo‘shashgancha to‘shagining ichiga kirdi. U har kuni shunday tush ko‘radi. Har kuni tushi ro‘yo bo‘lib chiqadi. Bolakay yostiqchasining ostidan surat olib, unga termuldi: “Oyijon, qayerdasiz?
Ancha bo‘ldi, bola suratni hovlida o‘ynayotganda topib olgan. O‘shandan beri uni avaylab-asraydi. Suratdagi ayol mening oyim deb ishonadi, uni kutadi. O‘ngida ham, tushlarida ham. Bola suratni silagancha uxlab qoldi. Bolalar uyi mudirasi har kuni ertalab birma-bir xonalarni aylanishga odatlangan – bolalarni uyg‘otib chiqadi, shu bahona ulardan xabar oladi.  Bugun ham u aylanar ekan, Qo‘zivoyning xonasiga kirganda, ko‘zi polda yotgan suratga tushdi. Uni qo‘liga oldi-da, bolaning yelkasini silab uyg‘otdi:
– Qo‘zivoy, bu suratni qayerdan olding?
Bola ko‘zlarini ishqalab oldi-da, javob berdi:
– Hovlida yotgan ekan.
– Nega uni asrayapsan? Kiming bo‘ladi?
– Oyim. Qarang, juda chiroyli, mehribon. Mushuklarni yaxshi ko‘radi.
Mudira ayolni tanidi – suratda yoshi kattaroq bo‘lib ko‘rinsa ham, o‘zi navnihol qiz, ismi Xayri edi. Ancha bo‘ldi, bolalar uyini otaliqqa olgan universitet talabalari bilan kelgan, yetim bolalarga ayricha mehribonlik ko‘rsatgan – o‘yinchoqlar sovg‘a qilgan. O‘shandan buyon u tez-tez keladigan bo‘lib qoldi – tarbiyalanayotgan bolalardan birini asrab olish uchun hujjatlar to‘plar edi. Chamasi, rasmi o‘sha tashriflardan birida tushib qolgan bo‘lsa kerak. Bir necha marta arizasini rad qilishga majbur bo‘lishdi. Sababi, hali turmush qurmagan edi.
Mudira Qo‘zivoyga dalda berganday g‘udrandi:
–  Sening oying bo‘lsa, uni topamiz…
Xonaning eshigi taqillab ochildi-da, Xayri ko‘rinish berdi.
– Kiraver, bemalol, – lutf qildi mudira.
Xayri ishora qilingan stulga omonatgina o‘tirdi.
– Mana, – dedi u qo‘ltig‘iga qistirilgan jildni stol ustiga qo‘yar ekan. – Aytganlaringizning hammasini yig‘dim.
– Ma’qul, singlim, – mudira unga sinovchan tikildi. – Senga savollarim bor. Nima qaror qilayotganingni tushunayapsanmi? Qanday mas’uliyatni zimmangga olishingni anglayapsanmi? Qarindosh-urug‘ing nima deydi? Atrofingdagilar? Axir, bola – bir kunlik qo‘g‘irchoq emas. Bu – bir umrga…
– Hammasini tushunaman, opa. Rosa o‘ylaganman. Qarindoshlarim yo‘q. O‘zim ham… – duduqlandi Xayri. – Hammasi yaxshi bo‘ladi, Xudo xohlasa. Ishoning, opa.
Mudira qizning samimiyatidan, dadilligidan rohatlandi, baribir, ogohlantirish burchi edi:
– Hali turmush qurmagansan. Erga tegsang, farzand ko‘rasan – buyog‘ini ham o‘yladingmi?
– Ha, opa, – dedi Xayri yana dadillik bilan. Javobidan izohsiz ham bu haqda ko‘p o‘ylagani sezilib turar edi. –  Hali qachon turmush quraman-u… Erga tekkan dugonalarimdan bittasi bir yil o‘tar-o‘tmas, yana biri qirqi chiqmay ajrashib ketdi.
Mudiraning kayfiyati tushdi. Yetim qizlarga osonmas, hech kimi yo‘q deya kamsitadiganlar ko‘p.
– Unaqa dema, yaxshi yashab ketayotganlari ham bor, – mudira shunday dedi-yu, bir xo‘rsinib oldi. – Xo‘p unda. Qachon tanlamoqchisan?
– Tanlamayman. O‘zim tug‘sam, tanlab tug‘armidim? Bolani Xudo beradi, deyishadi-ku. Qaysi ota-ona tug‘ilajak bolasini tanlaydi? Chiroylimi, xunukmi, soppa-sog‘mi yo… Qanaqa tug‘ilsa ham, yaxshi ko‘rishi kerak-da, ona bo‘lgandan keyin…
Xayrining so‘zlari mudirani hayratga soldi. U ichida: “O‘zingga shukr, Xudoyim” deb qo‘ydi. Keyin Xayriga yuzlandi:
– Sen tanlamaydigan bo‘lsang, seni tanlab bo‘lishgan. Ismi Qo‘zivoy.  Istasang, hoziroq olib kelaman.
– Ha-ha. Mayli, opa, hozir bo‘lgani yaxshi, – dedi Xayri boyagiday qat’iy.
Mudira xonadan chiqib, ko‘p o‘tmay Qo‘zivoyni yetaklab qaytdi:
– Qo‘zivoy, bu sening oying…
Mudira so‘zini tugatmasdan, Qo‘zivoy o‘zini Xayrining bag‘riga tashladi:
– Oyi, oyijonim!
Xayri bolani bag‘riga bosib, yelkalarini silay boshladi:
– O‘g‘lim, o‘g‘ilginam. 
Xona sukunatga cho‘mganday edi. Jimlikni Xayri buzdi:
– Hujjatlar… Qachon olib ketsam bo‘ladi?
– Endi taomilga ko‘ra, bir necha kun kelib, bolani o‘zingga o‘rgatishing kerak. O‘zing ham ko‘nikishing…
– Yo‘q, – dedi Xayri yana o‘sha fe’lini namoyish qilib, – ruxsat bersangiz, hozir olib ketaman.
– Mayli, roziman, – dedi mudira avvaldan qaror qilib qo‘yganiga muvofiq. Uning yana bir tarbiyalanuvchi taqdiridan ko‘ngli to‘q, ertalabki rasm voqeasidan bezovtalangan ko‘ngli yorishgan edi.
Ochiq qolgan eshikning u tomonida g‘ujg‘on bo‘lib kuzatayotgan tarbiyachilar, enagalar, hamshiralar ham yelib-yugurib qolishdi – biri Qo‘zivoyning narsalarini yig‘ishtirib keldi, biri qog‘oz xaltaga u-bu yegulik soldi. Boshqalari ham mamnun, hatto ko‘zyoshlarini dastro‘molga artib ham olishdi.
– Qo‘zivoy, kel, men bilan xayrlash…
– Mehmonga kelib turgin, xo‘pmi?..
– Bizni uzoq sog‘intirma…
Taqdir topishtirgan ona-bola yetaklashib ko‘chaga chiqishdi. Ularning oldidan malla mushuk yugurib o‘tdi. Qo‘zivoy shubhalanganday asta so‘radi:
– Oyi, mushuklarni yaxshi ko‘rasiz-a?
–  Bo‘lmasam-chi. Uyga borsang, o‘zing ko‘rasan.
Bola quvonganidan bir-ikki sakrab oldi. Xayri ham unga qo‘shilib, qo‘lidagi ikki xaltani aylantirib raqsga tushganday bo‘ldi.
Bu manzarani derazadan kuzatib turgan mudira ko‘kka boqdi. Osmon ufqqacha oqish-qo‘ng‘ir bulut bilan qoplangan edi.
Mudira duoga qo‘l ochdi:
– Ilohim, ularni o‘z panohingga ol, bir-biriga mehr-u muhabbat ato et! Shunday qalbi pok bandangdan saxovatingni darig‘ tutma! O‘ziga o‘xshagan pok niyatli, mehr-sadoqatli, iymonli umrdosh ato et! Norasidalarni ona mehridan, ota tarbiyasidan mosuvo qilma!
Mudira kaftlarini yuziga tortar ekan, quyosh yog‘dusi bulutlar orasini yorib, chor-atrofni yashnatib yubordi – farishtalar “Omin!” deganday.

Rus tilidan Abdulla A’ZAMning erkin tarjimasi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605