14.11.2025 | 10:25
801
ILM UMMONINING G‘AVVOSLARI
Vahob RAHMONOV
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

“Qomus” arabchadan olingan bo‘lib, asliyatda ummon, lug‘at, so‘z boyligi kabi ma’nolarni anglatadi. Izohli lug‘atga ko‘ra, o‘zbek tilida uch xil ma’noda qo‘llanadi: mukammal, to‘liq lug‘at; ensiklopediya, ensiklopedik lug‘at; hayotning yoki bilimning biror sohasiga oid to‘liq asar; majmua. Qomus ustida butun boshli jamoa mehnat qiladi. Unga kiritilgan har bir maqola butun bir asarga teng bo‘ladi. Shuning uchun ham aksar hollarda qomuschi olimlarning ism-shariflari ilmiy doiralarda qolib ketadi, el orasida yoyilmaydi. Bu safar ikki yirik qomuschi – Qodirjon Ergashev hamda Sayfiddin Rafiddinov haqida yozmoqchiman.
Sovet davrida navoiyshunos deyishsa Porso Shamsiyev, Aziz Qayumov, Hamid Sulaymonov, Abduqodir Hayitmetov, Vohid Abdullayev, Natan Mallayev, Botirxon Valijo‘jayev, Suyima G‘aniyevalarni bilganlaridek, biz keyingi davr olimlaridan Ibrohim Haqqulov, Boturxon Akramov, Nusratullo Jumayev, Shuhrat Sirojiddinov, Ergash Ochilov, Olimjon Davlatovlarni taniymiz. Holbuki, mutaxassislar bu ro‘yxatni o‘n baravar ko‘paytirib tasavvur etadi. Katta anjumanlar va yubiley sanalari munosabati bilan matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda nomlari bayroqday hilpiraydigan yirik olimlar safida ko‘pchilik bilmaydigan fidoyilar borki, ularning ismlari mualliflik kitoblaridan ko‘ra qomuslarning jamoaviy ro‘yxatida ko‘rinadi.
Ana shunday fidoyi olimlardan biri filologiya fanlari doktori Qodirjon Ergashevdir. Navoiyshunoslik va boburshunoslik osmonining kichik sayyoralaridan biri bo‘lgan bu olimning adabiyotshunoslikka qo‘shib kelayotgan hissasi kattadir.
Ushbu olimning kam tanish bo‘lganining birinchi sababi: o‘ta kamtar va kamsuqumligi. O‘zbek hamda rus tili va adabiyotidan mukammal xabardor qahramonimizning ilmiy faoliyati ko‘proq qomuschilikka daxldorligi buning ikkinchi sababidir.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi til, adabiyot va folklor ilmiy-tadqiqot institutining katta ilmiy xodimi Qodirjon Ergashevning ulug‘vor siymosi ikki muhtasham qomus – “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” va “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”dagi xizmatlari salmog‘ini aytishimiz zahoti ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.
“Alisher Navoiy ensiklopediyasi”da – 300 ta maqola, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”da – 750 ta maqola – bu sanoqlar nimani ko‘rsatadi? Buning uchun qomus nimaligi va undagi maqola mohiyatidan so‘z ochaylik.
Qomus kimning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan bo‘lsa, o‘sha shaxs tarjimayi holi, asarlarining har tomonlama ilmiy tahlili, asarlarida uchragan shaxslar, janrlar, asarlari haqidagi eng qisqa, eng mukammal ilmiy davlat hujjatidir.
Agar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodlari va tarjimayi hollari haqidagi ma’lumotlarni bir xona to‘la kitob holida tasavvur etsak, qomus o‘shalardagi ilmning asosi, qaymog‘idir.
Bunday qomuslarga maqola yozadigan olim Navoiy va Bobur ijodi, o‘sha davrda yaratilgan tarixiy asarlarni, zamondoshlari munosabatlarini mukammal o‘qib chiqqan bo‘lmog‘i shart. O‘shalardagi minglab ma’lumotlardan o‘z maqolasida foydalana bilish mahorati ham qomuschi uchun zarurdir.
Chunonchi “Zahiriddin Muhammad Bobur” kitobidagi Navoiy haqidagi har bir ma’lumotni Qodirjon Ergashev Mirza Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Xondamirning “Makorim-ul axloq” va “Habib-us siyar”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat-ush shuaro” va zamonaviy navoiyshunoslar asarlaridagi ma’lumotlarni ham hisobga olgan holda aniq, qisqa, lo‘nda, muhim fikrlarnigina yig‘ib maqola holiga keltiradi. Bu jarayonni bir qomusiy maqola yozish uchun muallif o‘nlab o‘qigan kitoblaridagi faktlarni yig‘ib, qisqa ifodalash uchun mashaqqat chekadi.
Qodirjon Ergashev – ilm asalarisi. U minglab kitobni o‘qiy-o‘qiy qomus uchun ilm bolini hormay-tolmay yig‘adi va qomus maqolasi holida elimizga tutadi.
Biz hali Qodirjon Ergashevning o‘nga yaqin kitobidan so‘z ochmadik. Hazrat Alisher Navoiy nasriy asarlari xususidagi rus va o‘zbek tillaridagi asarlari navoiyshunoslik va boburshunoslikka qo‘shgan hissasi bilan har qanday maqtovga arzirlidir.
* * *
Istiqlol zamoni navoiyshunoslikning haqiqiy to‘laqonli tadqiqodlar silsilasi ekanligini isbotladi. Zabardast ilm fidoyisi Olimjon Davlatov sa’y-harakati bilan navoiyshunoslarning o‘ttiz jildlik asarlari nashr etildi. Bu fanning buyuk tantanasi bo‘ldi. Alisher Navoiyning butun ijodi islomiy-irfoniy e’tiqod bilan zarhallangani ilmda va mutafakkir shoirning “To‘la asarlar to‘plami” o‘n jildligida (2011, 2013) aniq ko‘zga tashlanadi.
Navoiy asarlari nashrga tayyorlovchilaridan biri Sayfiddin Rafiddinov Alisher Navoiy “To‘la asarlar to‘plami”ning dastlabki to‘rt jildi: “Xazoyin-ul maoniy”ning har bir devoniga tasavvufiy so‘zlar lug‘atini ilova qildi.
O‘zi yozgan “Majoz va haqiqat” monografiyasida ham tasavvuf asoslarini izchil yoritib berishga harakat qildi.
Sermahsul olim keyingi o‘ttiz yilda yozgan o‘nlab kitoblari, turk tilidan tarjima qilgan asarlari bilan o‘zini to‘laqonli tasavvuf olimi sifatida ko‘rsata oldi. Uning “Yetti pir”, “Muhammad (s.a.v) vasiyatlari” va boshqa kitoblari fikrimizning yorqin dalilidir.
Tasavvufshunos olimning bu sohadagi bilimlarining cho‘qqisi “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning to‘rt jildidagi ikki yuzdan ortiq ilmiy maqolalarida ko‘zga tashlanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu qomusiy maqolalarda olim tasavvuf atamalari mohiyati, tasavvuf allomalari hayoti va ijodi haqida asosli ilmiy-nazariy fikrlarini bayon etadi. Ayniqsa, uning bu qarashlari Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maqolalar qismida yanada yorqinroq aks etgan.
Olimning uzoq yillik mahsuldor ilmiy xizmatlari tufayli Sayfiddin Rafiddinov yaqinda o‘zi xizmat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi til, adabiyot va folklor instituti “O‘zbek adabiyoti tarixi” bo‘limiga mudir etib tayinlandi.
* * *
Beruniy hazratlari “Men g‘avvos-u, ilm bo‘ldi ummonim” deb yozgan edi. Modomiki, qomus ma’nolaridan biri ummon ekan, zahmatkash olimlarimizni ilm ummonining teran qatlariga kirib boruvchi g‘avvosga o‘xshatish o‘rinli bo‘ladi. Ikki yirik olimga sihat-salomatlik va ijodiy parvozlar tilaymiz!
«Jadid» gazetasining 2025-yil 7-noyabrdagi 45-soni
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
80
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132



