04.03.2026 | 16:43
1776
ILM YADROSI
O‘zFA S.A.Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti direktori Husniddin OLIMOV bilan suhbat

– Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimizning yoshlar bilan doimiy uchrashuv o‘tkazishi yaxshi an’anaga aylangan. Kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan navbatdagi muloqot ham yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratishi shubhasiz. Olimona nigoh uchrashuvda nimalarni ko‘ra oldi?
– Ushbu tarixiy muloqot ajoyib raqamlar bilan boshlandi. Bugun yurtimiz aholisining 22 milliondan ziyodini yoshlar tashkil etar ekan. Dunyoda fuqarolar nufusi yigirma millionga yetmaydigan davlatlar ko‘p. Bu juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchdir. Shuning uchun ham, Prezidentimiz har bir vazir, hokim, oliygoh rektori, texnikum, maktab direktori va boshqa mas’ullarga bu borada jiddiy vazifalarni belgilab berdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda yaratilgan imkoniyatlar natijasida mamlakatimiz yoshlari erishayotgan yutuq va muvaffaqiyatlar e’tirof etildi. Kelgusida bu ko‘rsatkichlarni oshirish, galdagi yutuqlarga yo‘l ochish, takliflar asosida yangi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha aniq maqsadlar hamda yoshlar manfaati ko‘zlangan 32 ta tashabbus ilgari surildi.
Bular tadbirkorlik, startap, ta’lim, xorijiy tillar, ijtimoiy himoya, volontyorlik, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik sohalarini qamrab oladi.
Gap tadbirkorlik haqida boradimi, ijtimoiy himoya haqidami, har bir tashabbus negizida ilm-ma’rifatga chorlov turganiga guvoh bo‘ldik. Yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida olim va ziyolilar ham hissa qo‘shadi. Bizning ilmiy muassasamizda ham yoshlar ulushi katta va ular bilan ishlash rahbariyatga katta burch va mas’uliyat yuklaydi.
– So‘zlaringizdan shoirning “Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi”, degan havasli satrlari dilingizdan o‘tganini sezish qiyin emas. Keling, mavzudan uzoqlashmagan holda, yoshligingiz, yadro fizikasi sohasiga kirib kelishingiz haqida suhbatlashsak.
– Bu fanga qiziqish bolaligimda, yadro fizikasi bo‘yicha olim bo‘lgan dadam sababli uyg‘ongan. U kishi meni bir necha bor o‘zi faoliyat yuritgan Fizika-texnika institutining Yuqori energiyalar fizikasi laboratoriyasiga olib borgan. Ilmiy muhit, laboratoriya sharoiti, olimlarning izlanishlari menda katta taassurot qoldirgan.
Tabiat va texnikadagi jarayonlarning qonuniyatlarini tushuntirib beradigan fundamental fan bo‘lgan fizikani maktab davridayoq chuqur o‘rganishga qaror qilganman. Ayniqsa, yadro fizikasi materiyaning tuzilishi va xossalarini eng kichik – yadrolar, protonlar, neytronlar va ularning tarkibidagi elementar zarralar, ya’ni kvarklar miqyosida o‘rganishi bilan nihoyatda sirli va jozibali ko‘ringan. Ushbu zarralar o‘rtasidagi kuchli yadroviy ta’sir qonuniyatlarini anglash menga katta ilmiy qiziqish bag‘ishladi.
Yadro fizikasi yadroviy to‘qnashuvlarda yadrolarning boshqa yadrolarga aylanishi, ularning parchalanishi, shuningdek, yulduzlarda kechadigan termoyadroviy reaksiyalarda yengil yadrolarning birikib, og‘irroq yadrolarni hosil qilishi kabi jarayonlarni o‘rganadi. Masalan, atom elektr stansiyalarida elektr quvvati uran yadrolarining neytronlar bilan to‘qnashuvi natijasida parchalanishidan ajralib chiqqan ulkan energiya hisobidan olinadi. Quyosh energiyasi ham markazida kechadigan termoyadroviy reaksiyalar – protonlarning geliy yadrolariga aylanishi natijasida hosil bo‘ladi.
– Ayni paytda qanday ilmiy loyihalar ustida ishlayapsiz? Bugungi faoliyatingizning asosiy yo‘nalishlari qaysi?
– Hozirda shogirdlarim bilan Shveysariyadagi Katta adron kollayderidagi yuqori energiyali og‘ir yadrolar to‘qnashuvlariga oid katta hajmdagi eksperimental ma’lumotlarni fizikaviy tahlil qilish bilan shug‘ullanmoqdamiz. Faoliyatimiz Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobidan institutimizning Yuqori energiyalar fizikasi laboratoriyasida yuqori tezlikda ishlaydigan, kuchli hisoblash quvvatiga ega zamonaviy hisoblash klasteri tashkil etildi. Bu orqali murakkab nazariy modellar va hisob-kitoblarni onlayn amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Tadqiqotlarimiz yuqori energiyali yadroviy to‘qnashuvlar natijasida hosil bo‘ladigan o‘ta issiq va zich materiya, xususan, kvark-glyuon plazmaning termodinamik va gidrodinamik xususiyatlarini o‘rganishga qaratilgan. Ilmiy natijalar nufuzli xorijiy jurnallarda chop etilmoqda. Hozirga qadar xalqaro darajadagi manbalarda 109 ta ilmiy maqolam e’lon qilindi.
Ilmiy faoliyatim davomida Germaniyaning Bonn universiteti hamda Pokistondagi COMSATS universitetida 8 yil tadqiqot olib bordim. Shu bilan birga, professor sifatida talabalarga yadro fizikasi va hisoblash fizikasi fanlaridan ma’ruzalar o‘qidim.
Ilmiy rahbarligim ostida 4 nafar shogirdim yuqori energiyali yadro fizikasi sohasida PhD dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Ayni paytda esa 3 nafar bazaviy doktorant rahbarligimda ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Yuqori energiyali yadro fizikasi sohasida Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Pokiston va Braziliya olimlari bilan xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu mamlakatimiz ilm-fani nufuzining oshishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yosh olimlar va doktorantlar uchun ilg‘or ilmiy bilim, amaliy ko‘nikma va xalqaro tajriba orttirish imkoniyatini yaratadi.
– Fizika-texnika instituti hayotida yangiliklar bormi? Qanday ilmiy yo‘nalishlar va loyihalar ustida ish olib borilmoqda?
– Hozirda institutimizning 7 ta ilmiy laboratoriyasida davlat byujeti hamda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar doirasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, 4 ta fundamental, 4 ta amaliy, 1 ta innovatsion va 1 ta O‘zbekiston-Belarus qo‘shma xalqaro loyihasi amalga oshirilmoqda.
Tadqiqotlar asosan uchta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi: yarimo‘tkazgichlar fizikasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yuqori energiyali yadro fizikasi.
Institutda buyurtmalar asosida quvvati 40 Vtdan 4 kVtgacha bo‘lgan kremniyli quyosh panellari asosidagi fotoelektrik qurilmalar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, havo, tuproq va suvda radioaktiv radon konsentratsiyasini onlayn rejimda o‘lchaydigan milliy radonometr uskunalari yaratildi. 2021-yilda institut tarixida ilk bor mazkur radonometrga “O‘zdavstandart” agentligi sertifikati olindi. Hozirga qadar 12 ta radonometr ishlab chiqarilib, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlariga yetkazib berildi. 2022-yilda institutning “Quyosh va issiqlik energetik qurilmalari” laboratoriyasi olimlari tomonidan Katta quyosh pechida termokimyoviy usulda vodorod yoqilg‘isi olishga mo‘ljallangan reaktorning tajribaviy nusxasi yaratildi. Ushbu ishlanma “InnoWeek–2022” ko‘rgazmasida “Eng yaxshi texnikaviy ixtiro” deb e’tirof etilgan.
So‘nggi uch yilda Innovatsion rivojlanish agentligi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan institut laboratoriyalari umumiy qiymati qariyb 1 million AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Jumladan, kichik va katta Quyosh simulyatorlari, skanerlovchi elektron mikroskop, mikropayvand uskunasi, Xoll effektini o‘lchash asbobi hamda magnetron purkash uskunasi xarid qilindi.
2025-yilda institut olimlari 350 million so‘mlik xo‘jalik shartnomalari doirasida Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarining yangi konlaridan olingan namunalarni skanerlovchi elektron mikroskop orqali tahlil qilib, ularning strukturasi va element tarkibini aniqlab berdilar.
2016-yilga nisbatan 2025-yilda institutning davlat byujeti hisobidan moliyalashtirish hajmi taxminan to‘rt barobarga oshdi. Ilmiy xodimlarning oylik maoshlari ham o‘rtacha to‘rt barobarga ko‘paydi. Shuningdek, PhD va DSc ilmiy darajasiga ega xodimlarga ilmiy natijadorlikka qarab mos ravishda 30 va 60 foizgacha ustamalar to‘lanmoqda. Natijada 2025-yilda institut olimlari tomonidan “Web of Science” va “Scopus” bazalarida indeksatsiyalangan jurnallarda chop etilgan maqolalar soni 2016-yilga nisbatan qariyb to‘rt barobarga oshdi.
Ayni paytda 25 nafar ilmiy xodimimiz mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida fizika va texnika sohasiga oid fanlardan ma’ruzalar o‘qimoqda. Har yili 100 nafardan ortiq talaba institut laboratoriyalarida amaliyot o‘tab, magistrlik dissertatsiyalari bo‘yicha tadqiqot olib boradi.
– O‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilarning xalqaro reyting va nufuzli ilmiy jurnallardagi faolligini oshirish borasida bugun qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Yana nimalarga e’tibor qaratish zarur, deb hisoblaysiz?
– Bu yo‘nalishda 2017-yildan buyon Innovatsion rivojlanish agentligining xorijiy amaliyot dasturi amal qilib kelmoqda. Mazkur dastur asosida tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan yosh olimlar davlat byujeti mablag‘lari hisobidan jahonning yetakchi ilmiy markazlari va universitetlarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shu asosda ular zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar, ilg‘or tadqiqot usullari va innovatsion texnologiyalar bilan yaqindan tanishib, orttirgan tajribasini O‘zbekistondagi ilmiy muassasalar va universitetlarda joriy etyapti.
Yosh olimlar xalqaro ilmiy maydonda yanada mustahkam o‘rin egallash va ilg‘or ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishlari uchun, avvalo, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ingliz tilidagi zamonaviy darsliklar va ilmiy adabiyotlarni muntazam o‘qib borishi, xalqaro jurnallarda chop etilayotgan eng so‘nggi ilmiy natijalardan doimiy ravishda xabardor bo‘lib borishlari talab etiladi. Zamonaviy ilm tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda, shuning uchun global ilmiy axborot makonidan uzilib qolmaslik muhim ahamiyat kasb etadi.
– Bu borada, albatta, ustozlarning o‘zi namuna ko‘rsatayotgani shubhasiz. Bugun yadro fizikasi bo‘yicha jahon olimlari qanday ilmiy muammolar ustida bosh qotirmoqda?
– Sohada hozirgi kunda bir nechta fundamental va amaliy ahamiyatga ega dolzarb muammolar mavjud.
Birinchidan, kvarklarning nima sababdan erkin holda mavjud bo‘la olmasligi va ularning proton hamda neytronlar tarkibida qanday tarzda bog‘lanishi masalasi to‘liq va mukammal tushuntirib berilmagan. Bu muammo kvant xromodinamikasi doirasida o‘rganiladi va kuchli o‘zaro ta’sir tabiatini chuqur anglash bilan bog‘liq fundamental vazifa hisoblanadi.
Ikkinchidan, o‘ta og‘ir elementlar sintezi muhim yo‘nalishlardan biridir. Xususan, atom raqami 119 va undan yuqori bo‘lgan yangi elementlarni yaratish orqali Mendelyeyev davriy jadvalini yanada kengaytirish yadro fizikasining muhim ilmiy maqsadlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Yana bir yirik muammo – boshqariladigan termoyadroviy sintezni amalga oshirish bilan bog‘liq. Ya’ni, yulduzlar, jumladan, Quyosh markazida kechadigan termoyadroviy reaktsiyalarni yer sharoitida barqaror va xavfsiz energiya manbaiga aylantirish uchun zarur fizik va texnologik muammolarni hal qilish talab etiladi. Shuningdek, koinotdagi nukleosintez jarayonlarini o‘rganish ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, neytron yulduzlarining birlashishi paytida og‘ir kimyoviy elementlar qanday hosil bo‘lishi masalasi zamonaviy astrofizika va yadro fizikasi kesishgan nuqtadagi dolzarb mavzulardan biridir.
Amaliyot nuqtai nazaridan esa ilg‘or va xavfsiz yadro reaktorlarini yaratish, yadro chiqindilarini samarali qayta ishlash hamda tibbiyotda yadro texnologiyalaridan kengroq foydalanish kabi vazifalar ham dolzarbligicha qolmoqda.
– Suhbat davomida Siz rahbarlik qilayotgan muassasa yildan-yilga jahonga bo‘ylashib, unda global loyihalarni amalga oshirish bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilganidan xabardor bo‘ldik. O‘ylaymizki, sanab o‘tilgan murakkab masalalar yechimida o‘zbekistonlik olimlar ham munosib hissa qo‘shadi. Bu yo‘lda Siz va shogirdlaringizga sabr-toqat, kuch-quvvat va omad tilab qolamiz!
Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-fevraldagi 9-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



