21.11.2025 | 10:28
1106
XUSHXABAR BERGUVCHI VA OGOHLANTIRUVCHI
Ikrom ISKANDAR

FOTO: «Qamarbooks» instagram
Qur’oni Karim ma’nolarining yangi izohli tarjimasi – “Anvorul-Qur’on: Fayzul-Furqon” haqida
Moʻtabar kitob – “Anvorul-Qur’on: Fayzul-Furqon” (Qur’oni Karim ma’nolarining izohli tarjimasi) mutolaasi har bir o‘quvchiga Yaratganning cheksiz qudratini anglatadi, insonning ojiz banda ekanini yana bir bor eslatadi. Zero, “ham xushxabar berguvchi, ham (oqibat haqida) ogohlantiruvchi (holida tushirilgan)” Qur’oni Karimda aytiladi (oyat ma’nosi): “Alloh so‘zning eng go‘zalini (ravonlik va ohangda, fasohat va balog‘atda) bir xil o‘xshashlikda bo‘lgan hamda (hukmlari) takrorli (xushxabar va tahdid – va’da va va’id, rahmat va azob, jannat va do‘zax kabi muqobil qiyosiy bayonli) bir Kitob holida nozil qildi. Undan (Qur’ondan) Rabbisidan qo‘rqadiganlarning (oyatlarni tinglab) badanlari titrar, keyin esa tanlari va qalblari Allohning zikri uchun yumshar. Ana shu (Kitob) Allohning (so‘nggi yuborgan) hidoyatidir…” (“Zumar” surasi, 23-oyat).
Islom dinining dunyoga kelishiga oid eng haqqoniy tarix ham ushbu Kitobdadir. Bayon etiladiki, islomdan oldin Ka’bada mushriklardan har bir qabilaning bittadan buti, chunonchi, Vadd, Suvo’, Yag‘us, Ya’uq, Nasr singari eng ulug‘ butlari bo‘lardi. Aslida, ular hazrati Odam alayhissallom o‘g‘illarining ismi bo‘lib, xalq bu qahramon zotlarni sevgani sababli vafotlaridan keyin ularni unutmaslik va termilib turish uchun rasmlarini chizib, uylariga osadi. Ishning mohiyati unutilgach esa keyingi nasllar ularni haykal sifatida butlashtirib, maydonlarda ularga sig‘ina boshlaydi.
Yuksak adabiy san’at shakllangan she’rlarida ham mushriklar “Bismil-Lot val-Uzzo” deya butlarini zikr qilar, butlarni ulug‘lash ta’limotlarining asosini tashkil etardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallamga Qur’on nozil bo‘lar ekan, mushriklar ul zotni yolg‘onchiga, majnunga chiqaradi. “Qur’onni o‘zi to‘qib olgan”, deyishgacha boradi. Ular “Biz bir majnun shoir uchun o‘z ilohlarimizni tark etar ekanmizmi?” deya tavhidga qarshi chiqar, tavhid kalimasini aytganlar mushrik-butparastlar tomonidan mavjud tuzumga qarshi deb topilardi. Qur’on tilovat qilinayotganda odamlar eshitmasin uchun mushriklarning shovqin-suron va baqir-chaqir qilib turishini tasavvur qiling. Ular yana Makkada Valid ibn al-Mug‘ira yoki Toifda Urva ibn Ma’sud singari odamlarni nazarda tutib: “Bu Qur’on ikki yurtdan bir ulug‘ kishiga nozil qilinishi lozim emasmidi?” der edi. Hatto Abu Lahab va uning xotini kechqurun u zotga ozor-aziyat yetkazish uchun yo‘llariga tikanlar tashlashadi.
Islom bayrog‘i yuksala borgani sari Abu Jahl va ba’zi Quraysh mushriklari tomonidan Rasulullohga o‘z amakilari vositasida: “Xohlasa, unga vazirlik beraylik, faqat bizning butlarimizga qarshi gapirmasin”, “Bir yil u bizning butlarimizga sig‘insin, bir yil biz uning Allohiga ibodat qilaylik”, deya turli takliflar ham aytiladi. Allohning Rasuli, tabiiyki, ularga Allohning bildirgan rad javobini beradi.
Insonlar manfaati uchun haq o‘laroq nozil qilinmish tabarruk Kitobda: “Axir aql yuritmaysizlarmi?”, “Ibrat olmaysizlarmi?”, “Sizlar naqadar oz fikr qilursizlar”, “Nechog‘ oz nasihat olursizlar!”, “Alloh qilayotgan amallaringizdan bexabar emasdir”, “Alloh qilayotgan amallaringizni g‘oyat ko‘rib turguvchidir” kabi ogoh etuvchi fikrlar eng ko‘p takrorlanib kelishi bejiz emas. Lekin bu tanbehlardan “faqat aql egalari eslatma olurlar”.
Qur’oni Karim insonlarni tinch-totuv yashashga chaqiradi. Quyidagi tabarruk oyatlar bunga misoldir: “Yer yuzida zinhor fasod qilmanglar!”, “Yer yuzida buzg‘unchilik qilmanglar!”, “Yer yuzida buzg‘unchilik qilib (nizolar chiqarib, tinchlik nizomini buzib) yurmanglar”, “Bir-birlaringiz bilan tanishingizlar (do‘stlashib, yordamlashingizlar) deya sizlarni xalqlar va qabilalar – elatlar qilib qo‘ydik”, “Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, najot va saodatga erishganlar ana o‘shalardir”, “Har bir shaxs o‘z qilmishining garovidadir (o‘z qilgan amaliga bog‘lab qo‘yilgandir)”, “Alloh adolat qilguvchilarni sevar”, “Alloh zolimlarni sevmas”, “Alloh haddan oshguvchilarni sevmas”, “Alloh fasodni sevmas”, “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, “Kimki yaxshi bir ishga vositachi bo‘lsa, undan o‘ziga bir nasib (savob) bor. Kimki yomon bir (ishga) vositachi bo‘lsa, (tag‘in) undan o‘ziga bir ulush (gunoh) bor”, “Yomonlikning jazosi o‘ziga teng yomonlikdir”.
Muqaddas Kitob bandalarni hamisha yaxshilikka undaydi: “Xayr ishlarida musobaqa qilinglar!”, “Kimki chin dildan bir yaxshi ish qilsa, muhaqqaq, Alloh Shokirdir – mukofotini berguvchidir”, “Alloh yaxshilik qilguvchilarni sevar”, “Alloh muhsinlarni – yaxshilik qilguvchilarni sevar”, “O‘zaro yaxshilik va ehsonni unutmanglar”, “Bunday (yaxshi) amal qiluvchi zotlarning mukofoti qanday go‘zaldir”, “Kim to‘g‘ri yo‘lga kelsa, faqat o‘zi uchun to‘g‘ri yo‘lga kelgan bo‘lur”, “Taqvo qilgan zotlarga “Rabbingiz nimani nozil qildi?” deyildi. Ular: “Yaxshilikni”, dedilar”, “Biz, albatta, amali go‘zal bo‘lgan kishining mukofotini aslo zoye’ qilmasmiz”.
Qur’oni Karimda yozilishicha: “Alloh o‘zi xohlagan kishiga behisob rizq berur (uning martabasini baland qilur)”, “Hech bir kishi toqatidan ortiq narsaga taklif qilinmas”, “Alloh o‘zi xohlagan kishining (niyat va amallariga ko‘ra) rizqini keng qilur va tor qilur”. Bas, shunday ekan, noshukur banda Allohga xush kelmaydi. Zero, ne’matning shukrini ado qilmoq ne’matdan ham ulug‘dir. Shu bois, qayta-qayta eslatma beriladiki: “Noshukurlik qilmanglar”, “Shukr qilguvchilarni mukofotlarmiz”, “Naqadar oz shukr qilursizlar!”, “Biz noshukurdan boshqani jazolarmidik!”, “Biz unga (insonga) to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatdik: xoh shukr qilguvchi, xoh nonko‘r-noshukr bo‘lur”. Aksincha, har bir mushkulotga sabr qilmoq – eng ulug‘ savob. Chunki: “Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir”, “Alloh sabrli (va sabotli)larni sevar”, “Sabr qilmog‘ingiz sizlar uchun yaxshiroqdir”, “Kimki sabr qilsa va (yomonlikni) kechirsa, albatta, bu himmatli (xayrli) ishlardandir”.
Yer yuzida toki tiriklik, hayot mavjud ekan, Yaratganning o‘z bandalarini isrofdan saqlanish va insofni saqlashga da’vat etguvchi xitobi hamisha dolzarbdir: “Yenglar, ichinglar, faqat isrof qilmanglar. Chunki Alloh isrof qilguvchilarni sevmas”, “O‘lchovni to‘liq o‘lchanglar va kamaytirguvchilardan (birovning haqini yeguvchilardan) bo‘lmanglar”, “To‘g‘ri tarozi bilan tortinglar”, “O‘lchov va tarozida hiyla qiluvchilarning holiga voy!”, “Insonlarga narsalarini (haqlarini) kamaytirib bermanglar”.
Insonni yaratgan, unga Qur’onni o‘rgatgan, yer-u osmonni, jamiki jonzot, o‘t-o‘lan-u daraxtlarni bunyod etgan, ikki dengizni uchrashtirib, oralariga bir to‘siq qo‘ygan, do‘zax va jannatni barpo etgan ulug‘ Rabbimiz qudratiga oid “Rahmon” surasidagi jami 78-oyatning 31-oyatida: “Rabbingizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?” degan savol ajib fasohat bilan takrorlanib keladi.
Muqaddas Kitobda “Tag‘obun” surasi bor. Tag‘obun kuni – ayb-u qusurga yo‘l qo‘ygan inson oxiratda o‘z gunohlarini ko‘rib, bu dunyoda aldanganini tan oladigan kundir. Hazrati Umar roziyallohu anhu vafotlaridan oldin: “Rabbimning azobidan emas, Unga mahjub (xijolat) holda borishdan qo‘rqaman”, degan ekanlar. “Qof” surasi mazmuniga ko‘ra, jahannamning bag‘ri keng “U kun jahannamga: “To‘ldingmi?” dermiz. U: “Yana qo‘shimcha bormi?” der” (30-oyat).
Alloh huzurida eng og‘ir gunohlardan biri bandasining kibrga, manmanlikka berilmog‘idir. Bir vaqtlar Muso va Horun alayhissalomdan keyin Tavrotni eng yaxshi bilgan shaxs afsonaviy boylikka ega Qorun edi. “Qasas” surasida ma’lum qilinishicha, Alloh taolo tomonidan unga shunday xazinalar berilgan ediki, uning kalitlarini ko‘tarib yurishning o‘ziyoq baquvvat jamoaga og‘irlik qilardi. “Bu boylik menga faqat o‘zimdagi ilm tufayli berildi”, deya kerilardi Qorun. Oqibat, uni butun mulki bilan qo‘shib yer yutdi. Arab shoiri Hofiz Ibrohimning: “Go‘zal axloq bilan ziynatlanmagan ilm o‘z egasini pastga otadigan ulov hayvoni kabidir”, degan mazmundagi baytlari kibr bandalariga mos va muvofiqdir.
“Mutaffifiyn” surasida bayon etilishicha, Allohning amridan chiqqanlarning kitobi bor, u Sijjiyn deb ataladi. Unga yomon amallar bitib boriladi. Yaxshilarning kitobi esa Illiyyundir. Har banda yaxshilikni shior bilsa, “Hashr” surasidagi “ularning qalblari tarqoqdir” sifatidan yiroq bo‘lsa, amallari Illiyyun sahifalarini bezab tursa, aslida, yashamoqdan bosh maqsad shu emasmi?
Qur’oni Karim – buyuk hikmatdir. “Baqara” surasining 269-oyatida yozilganidek: “Kimgaki hikmat nasib etgan bo‘lsa, muhaqqaq, unga ko‘p yaxshilik berilibdi”, “Agar bilmasangizlar, zikr ahlidan (muttaqiy va dinda sobitqadam bo‘lgan olimlardan) so‘ranglar” (Anbiyo surasi 7-oyat), deya eslatma beriladi Kitobda.
“Anvorul-Qur’on: Fayzul-Furqon” kitobi 2024-yili “Irfonnashr” nashriyotida chop etilgan. Tarjimon hamda qo‘shimcha izohlar muallifi zahmatkash olim, zakiy adib Mirzo Kenjabekdir. Kitobning o‘zbek tilidagi mazkur yettinchi tarjimasi hurmatli ustozimizning 23 yillik mashaqqatli mehnatlari samarasidir. Izohdan ma’lum bo‘lishicha, tarjima ishlari 2009-yilda nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, uning so‘nggi tahriri 2021-yili tugallangan. Yakuniga yetgan tarjima ustida yana uch yil tahrir ishlari olib borilgani ham tarjimonning ishga g‘oyat yuksak mas’uliyat bilan yondashganidan dalolat beradi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-noyabrdagi 46-soni.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605
