Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.12.2025 | 15:35

img546

“JARAYON” SHUNCHALIK ZO‘R ASARMI?

Avstriyalik adib, modernizm yo‘nalishining taniqli vakili Frans Kafkaning “Jarayon” romanini o‘qir ekanman, uning qahramonlarni shuncha gap-so‘z, nutq va va’zxonlik maqomidagi uzundan uzoq savol-javoblar bilan ta’minlash mahoratiga qoyil qoldim. Asarda tasvir tiniq, jumlalar pishiq-puxta, so‘zlar zanjiri mustahkam, dramatizm, psixologizm kuchliligini ham tan olmasdan iloj yo‘q. Roman yozuvchining ashaddiy muxlisi Vafo Fayzulloh tomonidan o‘zbek tiliga qoyilmaqom o‘girilgan, bu borada e’tiroz yo‘q. Gap shundaki… Kitobni o‘qish uchun ketgan vaqtim evaziga nima oldim, degan savolga aniq javob masalasida boshim qotdi.

Kafka asarlarini qayta-qayta, alohi­da tayyorgarlik bilan o‘qish zarurligi to‘g‘risida yozadilar. Menim­cha, masa­lan, “Jarayon”, “Evri­lish” asarlarini tadqiqotchilar qayta o‘qisalar kerak. “Qishloq vrachi” hikoyasida ko‘ngil­ni behuzur qila­digan manzaralar tasvirlansa, “Evri­lish”ni o‘qiyotib, o‘zining ana shu asar qahramoni bo‘lmish maxluq qavmidan ekanligi uchun jirkanib ketganday bo‘ladi kitobxon. Bu toifadagi asarlardan qanday estetik zavq olish mumkin?

“Jarayon”ning qariyb 20 sahifasi advokatlik va advokatlarning sama­rasiz faoliyatlari haqidagi (orada sud jarayoni to‘g‘risida uzuq-yuluq gap chiqib qoladi, ammo jarayon­dan nom-nishon yo‘q) uzundan uzoq yarim nazariy, yarim taxminiy, yarim kuzatuvlar xulosasi bo‘lmish mulohazalardan iborat. Taxminan 160-betlarda: “Shunday bir girdobga tushib qolgan ediki, omon qolish uchun faqat kurashish kerak edi”, degan jumla bor. Vaholanki, qanday girdob haqida gap boryapti, kim yoki kimlar bilan kurashish kerak – noma’lum. Lekin ayni o‘sha jumladan keyin haqqoniy bir gap yozilgan: “Shunga qaramay, vahima qilib, ayyuhannos soladigan hech bir voqea sodir bo‘lgani yo‘q”.

Darhaqiqat, shungacha tergovchi bilan ikki-uch og‘iz savol-javob qilgani e’tiborga olinmasa, hech kim bosh qahramon Yozef K.ni qoziga olib borayotgani, hatto bu haqda o‘ylayotgani yo‘q, muallif yozganiday, vahimadan boshqa hech nima sodir bo‘lgani yo‘q. 300 sahifalik romanning 120 sahifasi davomida aybdor tergovchi bilan bir marta uchrashadi, xolos, unda ham tayinli gap bo‘lmaydi. Voqealarning tergov jarayoniga, mavzuga daxli sezilmaydi. Yozef K. g‘irt ovsar, Dostoyevskiyning “telba”si – Mishkinni eslatadi, un­dan ham dovdirroq, xatti-harakatlari, gap-so‘zlari bilan ensani qotiradigan odam­lar sirasiga kiradi…

Bunday asarlarni o‘qishdan ko‘ra, ularning zo‘rligini isbotlashga urinish­lar ko‘proq hayron qoldiradi kishini. Masalan, “Jarayon” kitobiga yozilgan so‘zboshida (iste’dodli adib Xurshid Do‘stmuhammad) ta’kidlanishicha, romanni “o‘zbek tilida o‘qish imkoni tug‘ilishi o‘zbek adabiyoti tarixida alohida voqea”, “Har qanday milliy adabiyotning nufuzi “Jarayon”ning o‘sha tilga o‘girilgan-o‘girilmaganligi bilan ham belgilanar” ekan!.. “Jarayon” tarjimonining yozishicha esa, “Kafka ijodi noinsoniy, insonning oliy tuyg‘ulariga yot” deganlar nohaq, “Jarayon” sirasidagi asarlar “ma’naviy taraqqiyotimiz uchun juda zarur”…

Bu gaplarni o‘qib, o‘ylanib qoldim. Nahotki, buyuk ma’naviyat va madaniyat sohibi bo‘lgan, dunyo tan olgan allomalarni, jadidlardek ulug‘ ma’rifatparvarlarni yetishtirgan xalq Kafka va uning tabaqasiga mansub yozarmanlarsiz ma’naviy taraqqiyotdan to‘xtab qolsa? “Qo‘shni­ning tovug‘i g‘oz ko‘rinadi”, degan­lariday, boshqalarni o‘zimizdan zo‘r bilishimiz, sermulozamat va taqlid­ga o‘chligimiz, milliy g‘urur borasi­dagi oqsoqligimiz bu borada ham pand beradi, shekilli-da… Yoki biz barcha sohada hammadan quyida, orqaroqdamizmi?..

Bobur xalqaro ilmiy ekspedit­siyasi bilan Hindistonga safarlarimizda (1993 va 2000-yillar) martabali ziyoli-olim­larning o‘zbek adabiyoti haqidagi tushunchalari haminqadarligidan ular emas, biz mulzam tortgan edik. Axir bizda bir necha o‘nlab hind yozuvchi-shoirlarining kitoblari qayta-qayta nashr qilinadi-ku!

Muloqotda “Bizning o‘quv yurt­larimizda bir qancha hind klassik adiblari o‘qitiladi. Sizlarda ham o‘zbek adabiyoti namoyan­da­lari o‘qiti­ladimi?” degan savolimizga J.Neru nomidagi universitet­ning Mar­kaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassisi (u 1987-yili O‘zbekistonda bo‘lgan ekan) Muzaffar A’lam shunday javob bergan edi: “Biz Navoiyni va shubhasiz, Boburni bilamiz, ular umumiy darslarimizdan qisqa bo‘lsa ham o‘rin olgan, lekin keyingi yuz yil ichidagi o‘zbek adabiyotidan, to‘g‘risi, bexabarmiz…” O‘shanda ko‘nglim­dan kechgan o‘ylarni “Hind sorig‘a” degan safarnomada shunday bit­gan ekanman: “Boshqalarnikini ibrat qilib, bayroq qilib ko‘z-ko‘zlayvermay, o‘zing­nikini boshqalarga ko‘rsatishni ham o‘ylash, bilish kerak, shekilli…”

Men, albatta, yuqoridagi­day “olam­shumul” ijodkorlarning qadriga yeta olmayotganim (balki ularning muvaffaqiyatlari sirini anglay bilma­yotganim) uchun juda xijolat torta­man, ammo… “Men-ku, nari borsa, Lev Tolstoyning ixlosmandiman, lekin o‘shanday fikrlari, dunyoqarashi keng qamrovli, yozish san’atining piri komili ham Shekspirdek dunyoga mashhur dramaturgni (va yana ayrim o‘z davrining klassiklarini) tan olmagan-ku”, deb o‘zimga taskin bera­man. Shubhasiz, Tolstoy hasaddan yo dunyoqarashi cheklanganidan inkor etmagan Shekspir yo Nekra­sov­ni, axir u Pushkinni, Turgenevni ulug‘lagan-ku!

Hay, Kafkaning Tolstoyga teng­lash­­tirilishi(?)ga ham (so‘z­boshi­larda shun­day taqqos bor) toqat qilish mumkin, axir bu ham shaxsiy fikr-da, degan xulosa odamni yupantiradi (garchi o‘nlab Kafkalar birgina Tolstoy­ning o‘rnini bosa olmasa ham). Boring­ki, tadqi­qotchilarning “kashfiyot”lari ham rost bo‘la qolsin. Xo‘sh, kitob­xonlar-chi? Ular “Jarayon”dan qan­day manfaat oladi, qanday yombini qo‘lga kiritadi? Kitobni o‘qi­gan o‘quvchi jig‘ibiyron bo‘lishi, azoblanishi, bir dardini ikki qilib olishi kerakmi? Umuman, yozuvchi kitobxonga ma’naviy zavq berishi lozimmi yo uning boshini qotirishi, asablarini egovlashi kerakmi? Kafka “insoniyatning ma’naviy hayotidagi xavflardan ogohlantirgan” ekan, “Jarayon” yozilganidan beri  o‘tgan salkam bir asr davomida o‘sha xavf barham topdimi yo aqalli kamayib qoldimi? Aksincha emasmi?

So‘zboshida romanga nisbatan e’tirozli mulohazalar ham bildirilgan. Masalan: “Jumla tuzilishi, gap qurilmasi, fikrni ifoda etish uslubi ezmalikka, hatto mijg‘ovlikka moyil”. Unda adiblarimizdan birining: “Ha, endi Kafka deganlari kasal bir odam-da”, degan gapi kinoya bilan esga olingan. Aftidan, o‘sha adib gapning indallosini aytganga o‘xshaydi. Odatda, noxush xasta­likka chalingan kimsalarda boshqalarga muhabbat hissi yuqori bo‘lmasligi mumkin. Kafkaning kasalligini ta’kidlagan adibimiz balki masalaning shu jihatini – yozuvchining alamzadaligini ham nazarda tutgandir. Axir o‘z otasini qoralash, uning ustiga botmon-botmon “mag‘zava ag‘darish” uchun bir dunyo oq qog‘ozni qora siyohga bulagan (“Otamga xat” essesi) yozuvchiga yana qanday ta’rif berish mumkin?

Menimcha, agar “Jarayon” boshqa bir, aytaylik, mahalliy, tanilmagan­roq ijodkor qalamiga mansub asar bo‘lganida, ayrim …shunoslar “syujet, kompozitsiya qani, perso­najlar nutqidagi individuallik, mantiq qani, romandagi uzundan uzun safsatalar nimaga kerak?” kabi savollarni qalashtirib, muallifning boshida yong‘oq chaqarmidi?

Boshqalar ko‘kka ko‘tarayot­gan asarlar to‘g‘risida nomaq­bul(roq) mulohazalar bildirish noqulay, albatta. Lekin o‘z dunyoqarashimdan kelib chiqib yozyapman bu gaplar­ni. Umuman olganda, “Jarayon” romani­ni tahlil qilmoqchi emas­man, balki u haqdagi maqtovlarga asosan qo‘shilgan holda, ba’zi musho­hadalarimni bayon etdim, xolos.

Kafka yoki Joys asarlaridan qoniqish hosil qilmaganlarni tushun­maslikda ayblash va ularga ta’na toshlarini otish shart emasdir. Axir Kafka ko‘targan masalalardan biri inson huquqi-ku! Kitobxonning kimlar­gadir yoqmasligini andisha qilib, o‘z fikrini, ko‘nglidagi gapni aytmasligi, uni bu huquqidan mahrum qilishga urinish ham adolatdan emas. Aslida, rang-barang fikr qo‘zg‘ashining o‘zi asarning yutuqlaridan biri emasmi?

Xullas, “Jarayon”, nazarimda, huzur qilish, ma’naviy oziq olish uchun emas (albatta, hamma asar shunday bo‘lishi shartmasdir, omadi gap-da), sabr-bardoshdan bel bog‘lab, tishni tishga qo‘yib, “o‘qish kerak-da”, degan majburiyat bilan o‘qiladi­gan, omma emas, xos kitobxon­larga atalgan asarlar sirasidan. Shu ma’noda, kaminaning shaxsiy, nisbiy mulohazalari ham hammaga mo‘ljallanmagan.

Qamchibek KENJA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, Andijon davlat universitetining faxriy professori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-noyabrdagi 48-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604