Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.12.2025 | 16:52

img1517

BUYUKLIK ODDIYLIKDADIR

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Naim Karimov umri davomida Vatan mustaqilligi uchun kurashgan jadid namoyandalarining mashaqqatga to‘la hayoti va serqirra ijodi haqida qator ilmiy-adabiy tadqiqotlar yaratdi.

Olim “Kitob dunyosi” gazetasida 2015-yil 25-noyabrda chop etilgan “Otam, bolalik va ilk maqola…” nomli xotirasida: “She’riyatga mehrim ko‘proq bo‘lgani uchun yaxshi ko‘rgan she’rlarimni bir o‘qishda yodlab olib, uyda hech kim bo‘lmagan paytda bor ovoz bilan o‘qib, rohat qilardim”, deb yozadi. Adabiyotga muhabbati keyinchalik uni Cho‘lpon, Hamza, Usmon Nosir, Elbek, Botu, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Zulfiya, Mirtemir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari yirik shoirlar ijodini chuqur o‘rganish va tadqiq etishga undadi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida adabiyotshunos olimning ilmiy faoliyati yuksak pog‘onalarga ko‘ta­rildi. U bu davrda XX asr o‘zbek adabiyotining hali qo‘l urilmagan jihatlariga e’tibor qaratib, salmoqli ilmiy-adabiy tadqiqotlar yaratishga erishdi. “XX asr o‘zbek adabiyoti­ning taraqqiyot tendensiyalari va milliy istiqlol mafkurasi” mavzusida doktor­lik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Turli yillarda “Ma’rifat­par­var­lar jamiyati”, “Mustamlaka­chi­lik davri qurbonlari xotirasini abadiy­lash­tirish” bo‘yicha jamoatchi­lik komis­siyasi, “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi rayosatiga raislik qildi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyini boshqardi.

Fidoyi olimning qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida olib borgan muhim xizmatlaridan biri “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyiga asos solishdagi hissasidir. U eksponatlarni boyitish, qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatiga oid manbalarni yig‘ishga samarali ulush qo‘shdi.

Naim Karimov badiiy tarjima sohasida ham barakali ijod qilib, xususan, arman shoirlari Shushanik Kurginyanning “Qandillarni o‘chiring”, Avetik Isaakyanning “Xastaman, azizam”, belarus shoiri Yakub Kolasning “Talash bobo”, tojik shoiri Abdusalom Dehotiyning “Feruzaxon uxlaydi” asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girdi.

Olimning yirik tadqiqotlaridan biri – “XX asr adabiyoti manzaralari” nomli birinchi kitobida jadid adabiyotining yetuk vakillari, ularning hayoti va ijodi haqida batafsil ilmiy ma’lumotlar berilgan. Olim mazkur kitobga tartib berishda umri davomida olib borgan izlanishlaridan kelib chiqib, mavzuning tadqiqotchilarga kam ma’lum bo‘lgan jihatlarini yoritishga, shu bilan birga, har bir yozuvchining hayoti va ijodiga nazar tashlash orqali XX asrdek murakkab davr manzarasining eng muhim siyosiy-ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy lavhalarini yoritib berishga muvaffaq bo‘lgan.

Muallif tadqiqot jarayonida shoir-yozuvchilarning turk adabiyoti namuna­laridan ta’sirlangan jihat­lari, adabiy aloqalari haqida ham ma’lumot berib o‘tadi. Xususan, Fitrat ijodining shakllanishida Turkiya safarining ta’sirini shunday yoza­di: “1909-yilda Buxoroda tashkil etilgan “Tarbiyayi atfol” jamiyatining yordami bilan bir necha buxorolik yoshlar bilan birga Turkiyaga borib, Istanbuldagi dorulmualliminda o‘qidi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, shu davrda hatto uning o‘zi ham Istanbuldagi o‘quv yurtlardan birida dars bergan. Fitrat ayni paytda “Buxoro tamimi (umumiy) maorif jamiyati”ni tashkil etib, Turkiyaga o‘qishga kelgan vatandoshlarining shu jamiyat atrofida uyushishi va tahsil ko‘rishiga rahbarlik qildi. Eng muhimi, safar taassurotlari va yosh usmonlilar harakati ta’sirida Fitrat dunyoqarashida keskin o‘zgarish yuz berdi”.

Akademikning Oybek hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy-adabiy izlanishlari ham diqqatni tortadi. Oybek xastalik tufayli yotib qolganda ham ijoddan to‘xtamaganini, adib uchun iste’dod barobarida iroda ham naqadar zarur ekanini ibrat ma’nosida ta’kidlaydi.

Oybek satrlarida aks etgan kuchli iztirob va qalb tug‘yonlari, kelajakka bo‘lgan umid va ishonch olimga ham bitmas-tuganmas ilhom bag‘ishlaydi. “Ilhom chashmasining ajib mavjlari (Oybek ijodxonasiga bir nazar)”, “Oybek gulshanida qolgan g‘unchalar (Oybekning tugallanmagan asarlari to‘g‘risida)”, “Oybek (Mashhur o‘zbek adibining hayoti va ijodidan lavhalar)”, “Oybek va Zarifa” singari yirik tadqiqotlar shular jumlasidan.

Zahmatkash olim Mahmudxo‘ja Behbudiy, Xislat, Miskin, Tavallo, Hoji Muin, G‘ulom Zafariy, Abdulla Qodiriy singari o‘zbek jadid adabiyotining darg‘alari hamda o‘sha davrlardagi adabiy harakatlar, ularning maqsad va vazifalari haqida ham jiddiy izlanishlar olib bordi. Bu izlanishlar uning “Cho‘lpon”, “Maqsud Shayxzoda”, “Hamid Olimjon”, “Usmon Nosir” singari ma’rifiy romanlarida ham aks etib turibdi.

Atoqli olim Ozod Sharafiddinovning: “Hoy, yaxshilar, tevarak-atrofingizga qarang – oddiylik qiyofasida yurgan ulug‘larga befarq bo‘lmang! Ularning qo‘lini olib, suhbatidan bahramand bo‘ling!” degan gaplari bor. Biz uchun Naim Karimov shunday – oddiy qiyofada yurgan buyuk inson edi. Ustozimizning o‘z kasbiga misl­siz sadoqati, fidoyiligi hammamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun o‘rnak bo‘lishi zarur.

Poshshajon KENJAYEVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, filologiya fanlari doktori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-dekabrdagi 50-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604