Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.12.2025 | 13:28

img1176

JUR’AT SABOG‘I

Iste’dodli olim, izzatli adabiyotshunos Izzat Sultonning “Navoiyning qalb daftari” kitobi o‘z vaqtida juda katta izlanishlar va olimning tinimsiz mashaqqatli mehnati evaziga maydonga kelgan. Asar bugungi kunda qayta nashr etilib, o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Kitobda bir qator o‘ziga xosliklar bor. Unda olim buyuk shoir diliga kotiblik qiladi, Navoiyni so‘zlatadi – o‘zi xususida shoirning o‘zi so‘zlaydi. Kitob uslubiy jihatdan “buyuk insonning o‘zi haqida aytgan iqrornomasi va shahodatnomasi” yo‘lida yozilgan.

Olim me’yorni saqlagan holda, “yozuvchining tarjimayi holi – uning asarlaridir” degan tamoyilga amal qilib, Alisher Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyatini yoritishda, avvalo, shoir asarlaridagi ma’lumotlarga murojaat qiladi. Shuningdek, zamondoshlari yozib qoldirgan ilmiy, adabiy va tarixiy asarlardan jamlangan biografik ma’lumotlar beriladi. Kitob kompozitsion jihatdan Alisher Navoiyning “Chor devon”i strukturasiga tayanadi. Bunda sahifalar inson umrining fasllari bilan chegaralab olinadi.

Yaqin tarixda Alisher Navoiy xususida bor haqiqatni aytish uchun izn berilmas, xususan, Amir Temur va Temuriylar davrida badiiy adabiyot yuksalganini ochiqcha ta’kidlash mumkin emas edi. Olim bunday o‘rinlarda ham bor mas’uliyatni Alisher Navoiy zimmasiga yuklaydi va ora-orada “Navoiy fikricha”, “Navoiy tushunchasicha”, “Alisher Navoiyning tarixiy nazari… falon voqelikka tushdi” kabi ta’birlarni qo‘llaydi.

Masalan, imkon topib, Xoja Abduqodir bilan Amir Temur o‘rtasidagi ibratli bir hodisani keltiradi: “Xojaning kamolotidin biri Qur’on hifzi va qiroat ilmi erdi, filhol biyik un birla Qur’on o‘qimoq ­bunyod qildikim, ul hazratning (Amir Temurning) g‘azabi lutfg‘a mubaddal bo‘lib, fazl va kamol ahli sori” qarab, “Qalandar qo‘rqqanidan mus’haf (Qur’on)ga chang soldi”, mazmunli misrani o‘qiydi. So‘ngra shoirga yuksak ehtirom ko‘rsatadi. Bunday misollarni davr tarozisi, kitob tab’i va tabiati ko‘targancha, juda ehtiyot bo‘lib yozadi olim.

Bir dunyo ma’lumotlar, jumladan, ramziy ma’nodagi “Qaqnus va qaqnusbacha” – ustoz-shogirdlar, shoirning “Cherik chekmay Xitodin to Xuroson”ni olgani, shunday shon-shuhrati sarhadlari, o‘nlab turkigo‘ylar ahvollari, shoirning necha yoshida “she’rning parishon savdosig‘a giriftor bo‘lgani” va “nazmning parokanda vosvosiga mashg‘ul” bo‘lgani qayta esga olinadi kitobda.

Bir sahifada Alisher Navoiyning aruzni sabzavor­lik Darvesh Mansurdan o‘rgangani aytiladi. Shoir yigitlik chog‘ida “she’rda sehrsoz va nazmda fusunpar­doz shuaroning shirin ash’ori va rangin abyotidin ellik mingdan ortuq yod tutubmen”, degan e’tirofi quvvayi hofizasining cho‘ngligidan darak beradi. Ayni chog‘da, u zotga zamondosh sohibi devon shoir Hiloliyning o‘ttiz-qirq ming bayt yod bilganidan hayratga tushamiz.

Albatta, bu tarixiy dalil shoirlik yo‘liga kirgan ­bugungi ijodkorlar, ayniqsa, yoshlar uchun naqadar ibratga loyiq ekani xayolga keladi.

Hazrat Alisher Navoiy o‘z dahosi, iqtidori, Xudo bergan talanti ko‘lamini o‘zi juda teran anglagan, yaxshi bilgan, badiiy tafakkurining qamrovini sezib turgan. Aks holda, Firdavsiyning “Shohnoma”ni yozish uchun o‘ttiz yil sarf qildim”, degan so‘zlariga munosabat bildirib, “Xamsa” uchun menga o‘ttiz oy kifoya”, degan gapini aytmagan bo‘lardi. Yana bir masnaviysida: “O‘tuz yilki oni Nizomiy demish, Qoshimda erur ikki-uch yil ish”, deb ta’kidlaydi. Darhaqiqat, 1482–1485-yillar orasida shoh asar – “Xamsa” yozildi.

Navoiyning ijod olami bilan birga, ijtimoiy faoliyati, qurdirgan inshootlari, ularning son-sanog‘i, mol-dunyosining miqdori Izzat Sulton nazaridan chetda qolmaydi: “Uning vaqfining miqdori besh yuz tumandan ortar edi” (1970-yillarda bu miqdor 5 million rubl bo‘lgan ekan). Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy” asaridan dalil: “Alisherning bir kunlik daromadi (“hosili amloki”) o‘n sakkiz ming shohruhiy dinor edi va u bu daromadning hammasini xayrli ishlarga sarf etar edi”.

Izzat Sulton juda ko‘p tarixiy dalillarga, shoirning o‘z iqrorlariga, ijod psixologiyasiga, muhim nazariy qarashlarga, hatto ayrim bahsli masalalarga ham e’tibor qaratadi. O‘rni kelganda, shoh va shoir Husayn Boyqaroning qo‘chqor, xo‘roz urishtirishlari, kaptarbozliklari-yu ichkilikka berilishlarigacha eslab o‘tadi. Xalq orasida yurgan rivoyatlarni mavzu doirasiga singdiradi.

Bir o‘rinda Navoiyning topqirligi, donoligini shunday bayon etadi:

“Chorvador Navoiy bozorga mol olib kiradi va bozorda mollarini nasiyaga sotmoqchi ekanini e’lon qiladi”. Xaridorlarning: “Pulini qachon to‘laymiz?” degan savoliga: “Qarzingizni podshoh Husayn Boyqaro o‘lgan kuni to‘laysizlar”, deydi. Bu gapni shotirlar podshohga yetkazishadi.

Navoiyni zudlik bilan podshoh huzuriga olib keladilar. Savol beriladi: “Nega bu gapni aytgansiz?” Navoiy javob beradi: “Podshohim! Mendan nasiyaga mol olgan har bir kishi endi har kuni besh mahal namozi chog‘ida: “Ey Xudo, podshoh Husayn Boyqaroni o‘ldirma, men qarzimni to‘lamay”, deb duo qiladi. Zero, shunday duolar ijobat topib, Xudo sizning umringizga umr qo‘shsa. Molimni nasiyaga sotishdan niyatim shu”. Podshoh qahr minbaridan yerga tushib, muloyim tortadi – Navoiyning lutfidan mamnun bo‘ladi.

Kitobni o‘qish davomida bir fikr xayolga keldi. Agar otaxon adabiyotshunos bu asarini bugungi ma’naviy muhit ob-havosidan emin-erkin nafas olib yozganida, Alisher Navoiy “qalb daftari”ning diniy-e’tiqodiy sahifalarini ham, sirli-ilohiy nuqtalarini ham kengroq va chuqurroq ochib bergan bo‘lar edi. Ehtimol, yangi davrda olim: “O‘zlarining dunyoviy mazmuni bilan Navoiyning g‘azallari diniy e’tiqodlarga zid bo‘lgan fikr va tuyg‘ularning adabiyotda chuqur o‘rin olishiga xizmat etadilar” (186-bet) kabi gaplarni aslo yozmagan bo‘lar edi. Bunday fikrlar tarixiy shart-sharoit va tarixiylik tamoyilining o‘ziga xos mezonlari bilan izohlanadi, albatta.

Izzat Sulton oqil va donishmand olim edi. Uning mazkur asari yashayotgan va yashaydigan, bugungacha o‘qilgan va kelajakda ham o‘qiladigan kitoblar sirasiga kiradi.

Ildirgi: 1995-yili 7-iyunda nomzodlik dissertatsiyamni himoya qilganimda, Izzat Sulton Kengash raisi edi. Himoya ko‘ngildagidek o‘tdi. Rais Vadud Mahmudning tanqidchilik faoliyati xususida yaxshi, iliq gaplar aytdi. Rasmiy hujjatlarni hozirladim. Domlaning imzosi zarur edi. Bir joyga majlisga ketgan ekan. Izlab bordim. Hali yig‘ilish boshlanmagan, ammo domla Prezidumda majlis ahliga yuzlanib o‘tirgan ekan. Ulkan zalning bir chetidagi bo‘sh o‘rindiqqa borib joylashdim. Oldiga borishga tortindim. Kutib o‘tiraverdim. Majlis boshlandi. Undagi gaplar men uchun uncha qiziq emas, imzo esa muhim. Oradan bir soatlar o‘tib, tanaffus bo‘ldi. Domlani xoli topib, yoniga borib salom berdim, keyin hujjatlarga ishora qildim. Imzo qo‘ya turib, Izzat Sulton mening allaqachon kelib, ancha kutib qolganimni nazarda tutib: “Bunday mahalda dadilroq bo‘lmoq kerak. Vaqtni qadrlash lozim”, deb nasihat qildi. Bu inson juda zukko va sezgir edi. Izzat Sulton domladan shunda jur’at sabog‘ini olgandim. Buni imzotalab yoshlarga nisbatan hali-hanuz qo‘llayman.

Bahodir KARIMOV,
filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-dekabrdagi 50-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600