19.04.2024 | 10:48
370
QISHLOQ QABRISTONI

1979-yili maktabni bitirib, Toshkent davlat universitetiga hujjat topshirgach, imtihonlarga tayyorlanadigan kunlar orasida Chig‘atoy qabristonini ham ziyorat qilishni rejalashtirdim. O‘sha paytlarda “Axborot” televizion dasturida mashhur insonlarning vafoti haqida xabar berilganida marhum Chig‘atoy qabristonida dafn etilishi ham aytib o‘tilardi. Serdaraxt, yo‘laklari asfalt qilinib, ikki chetida gullar ekilgan qabristonning mashhur kishilar uchun ajratilgan qismida Gʻafur Gʻulom, Shayxzoda, Oybek, Abdulla Qahhor kabi adiblar, Abror Hidoyatov singari aktyorlar, dongdor akademiklarga bag‘ishlangan yodgorliklar archalar soyasida, odam bo‘yi atirgul butalari qurshovida turar edi. Ziyorat chog‘ida qishlog‘imiz qabristoni esimga tushdi: hammayoqni yantoq, shuvoq, tizza barobar xas-xashak bosib yotgan, oyog‘ing ostidan ilonlar, kaltakesaklar har tomonga qochadigan ikki-uch gektarlik fayzsiz hudud… Sug‘oriladigan qismida o‘riklar ostiga beda ekilgan, mayitlar qo‘yiladigan qismida biror daraxt tugul, buta ham yo‘q. Ilgari qishlog‘imiz kichikroq edi, yilda uch-to‘rtta janoza bo‘lib turardi. Shu siyrak janozadan keyin o‘tadigan marhumning yettisi, qirqi, yili, albatta, o‘ta yig‘i-sig‘ili bo‘lardi. Uyimiz adir ostida edi, tong saharlab ko‘tarilgan yo‘qlov-yig‘ilar aks-sado berib, adirlar ichida janoza bo‘layotgandek tuyulib, vahima uyg‘otardi. Harbiy xizmatdan qaytganimda onam vafot etgani uchun deyarli har kuni mozoriga borishimga to‘g‘ri kelgan. Chunki volidamning qabri boshida xuddi Chig‘atoydagi singari atirgul ekkan edim. Gullar qurib qolmasligi uchun ishdan qaytgach yoki tong saharda bir chelak suv ko‘tarib o‘sha yoqqa yo‘l olardim. Tikon-u ilonlardan himoyalanish uchun oyog‘imga etik kiyib olishimga to‘g‘ri kelardi. Mozor shayxi bir kuni qabrlar oralab suv tashiyotganimda o‘lganlarni oyoqosti qilish yaxshimasligini aytib, ekilgan gullarimni o‘zi sug‘orib turishga va’da berdi. Qabr ustidagi qurigan xas-xashaklarni olib tashlaganimni ham ma’qullamay, go‘r ustida chiqqan hamma narsa shu marhumniki, dedi. Bunday qarash o‘sha paytlari urf bo‘lgani uchun qabrlarning ustini qurigan o‘t-o‘lan bosib yotardi. Tosh qo‘yilgan qabrlar kamdan-kam topilar, asosan tepasiga eski chinni, sopol tovoq, shokosa to‘nkarib qo‘yilgan, bir cheti uchgan choynaklarning burniga yasama gullar tiqib qo‘yilgani bois bir qarashda qabriston eski-tuski idishlar makoniday taassurot uyg‘otardi. Mozorning eski qismidagi go‘rlar deyarli cho‘kib, o‘pirilib tushgan. Eng boshida biror yuz yillar burungi ikki ko‘hna qabr uzra marmar va pishiq g‘ishtdan tiklangan sag‘ana nurashga yuz tutgan, qabrlar kimga tegishliligi yozilgan arabcha imloga birovning tishi o‘tmasdi. 1985-yili mozorlarni obod qilish tashabbusi boshlanib, xalqni hasharga chaqirishdi. Biz ham qo‘llarda o‘roq, ayri bilan eski qabrlar uzra yurib, yantog‘-u shuvoqlarni o‘rib, qurigan xaslarni uyib ketaverdik, ortdagilar ularni tashqariga tashishdi. Mozorning adirga tutash qismini daraxt, jangal bosib ketgandi, qurigan shox-shabbalarni tozalash ham kun bo‘yi davom etdi. O‘shandan beri o‘tgan yillar mobaynida qabriston atrofi devor bilan o‘raldi, chetan o‘rniga darvoza o‘rnatildi, turli ma’rakalar o‘tkazish uchun oshxona, katta ayvon, uylar qurildi. Odamzodning shu sur’atda ko‘payib borishi turarjoy taqchilligini keltirib chiqaradi. Qabristonlarga sug‘orma, tekis joy ajratish qiyinlashadi. Tog‘ qishloqlarida azaldan qabriston uchun adirlar yonbag‘ri tanlanadi. Ilgari shaharlarda ham xilxona – oilaviy qabr joylarini ijaraga olish urf bo‘lgan. Eski mayitning so‘ngaklari sopol xumga yig‘ilib, sirtiga kimniki ekani yozilar va xilxonaning tokchasiga qo‘yilar, uning o‘rniga nabirayu abirasi qo‘yilaverardi. 1970-yillari adirda qo‘riq yer o‘zlashtirilayotgan paytda buldozer kattagina sopol xumning og‘zini ochib ketadi. Bu xumni kovlab olishganida, ichida uch ming yil burun o‘tirgan holida dafn etilgan marhumning so‘ngaklari chiqdi. Uning yonidan turli ro‘zg‘or anjomlari, tangalar topildi. Bunday xumlardan yana anchagina aniqlandi. Bu joy qadimgi davrda qabriston bo‘lgan. Sopol-u ro‘zg‘or anjomlari, tangalardan bu joylarda bir paytlar kattagina shahar bo‘lganini taxminlasa bo‘lardi. Ustoz adib Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” turkumiga kirgan “Dahshat” hikoyasi qabriston bilan bog‘liq. Qabristonga bir o‘zi borib, o‘t yoqib, qumg‘onda suv qaynatib, choy damlab kelish evaziga qari eridan taloq olishga jazm qilgan yoshgina juvonda otning kallasidek yurak bo‘lishi yoki hushi o‘zida bo‘lmasligi kerakday. Yana bir o‘tmish rivoyati shoir Hofiz Sheroziy bilan bog‘liq. Uning dastlabki yozgan g‘azallari ko‘pchilikning tanqidiga sabab bo‘lardi. Hali uylanmagan yosh shoir o‘tib ketgan ustozining qabri boshiga boradi-da, omadsizligidan nolib, ustozining haqqiga duo qiladi va beixtiyor ko‘zi ilinadi. Tushida ustozini ko‘radi va uning talabiga ko‘ra yangi yozgan g‘azalini o‘qib beradi. Navqiron shoir uyg‘onib ketib, tun cho‘kkanini ko‘radi va uyida xavotir olib o‘tirgan onasining oldiga yuguradi. Ertasi kuni u yana o‘zini masxara qilmoqchi bo‘lgan izdihom qarshisida kecha tushida yozgan g‘azalini o‘qib beradi. Bu galgi g‘azal shu qadar pishiq-puxta va go‘zal ediki, oqibatda olomon uni she’r o‘g‘risiga chiqaradi. Hofizning keyingi g‘azallari ham tobora kamol kasb eta boradi va olamga yangi bir zabardast shoir kelganidan darak beradi. Ulug‘lar ziyorati ana shunday nekbinlikka sababchi bo‘lsa qanday soz: “Go‘riston gulistondir, Muqimiy aytgan misol” (Abdulla Oripov). Xulosa qilib aytganda, qabristonlar kishiga umr g‘animat, o‘lim muqarrar ekanligini eslatish bilan birga, uni yaxshi ishlar, yangi ijodiy rejalarga undaydi. Umuman, qabriston ham o‘z girdini o‘rab turgan devor tashqarisidagi hayotning bir qismi hisoblanadi. Tashqaridagi hayot, turmush obodligi qabristonda ham aks etishi tabiiy. Hozirgi qabristonlarimiz tobora obod bo‘lib, dorilomon davrimiz ko‘zgusiga aylanib bormoqda. Har yili Xotira va qadrlash kunida bu joylar odamlar bilan gavjum bo‘lib, yangi nihollar, gullar ekiladi. Endilikda bu maskanga avvalgidek qo‘rquv bilan emas, hayotga muhabbat ruhi bilan qadam qo‘ymoqdamiz.
Olloyor BEGALIYEV
“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605