30.12.2025 | 12:24
2075
“NEKI TOPGAN BO‘LSAM, TEATRDA TOPDIM”
O‘zbekiston xalq artisti Rixsi IBROHIMOVA bilan suhbat
– Ayajon, “Shoh Edip” – buyuk Shukur Burhon (Edip) hamda Sora Eshonto‘rayeva (Iokasta) bosh rolda bo‘lgan spektaklda Rimma Ahmedova ikkingiz ham sahnaga chiqqansiz. Yozib olingan tasvirlarni ko‘rib, odamni hayajon bosadi. Buyuklar bilan rol o‘ynash oson bo‘lmagandir, to‘g‘rimi?

– 71 yildan beri sahnadaman – bir inson umri. O‘zi 17 yoshga to‘lar-to‘lmas teatrga kelganman. Institutdagi dars bir tomon bo‘lsa, sahnada ko‘rib, o‘rganganlarim bir tomon bo‘lardi. Odam yoshligi o‘tgan joylarga bir umr bo‘lakcha mehr bilan qarar ekan.
Siz aytgan rol uchun ham raqobat kuchli edi. Lekin ikkalamizni tanlab olishdi. Ana shu buyuklar bilan bir sahnada rol ijro etish eng katta maktab bo‘ldi bizga. Nafaqat “Shoh Edip”, balki sahnadagi har bir yilim, har bir chiqishim yodimda turadi. To‘g‘ri, keyinchalik kinoga tushdim, televideniye va radioda chiqishlar qildim. Lekin teatrda, shoira Halima Xudoyberdiyeva ta’biri bilan aytganda, “eng shoh kunlarimni yashadim”.
Yaxshi-yomon kunlar o‘tdi. Kun o‘tgani mayli-ku, ne-ne ustozlar o‘tib ketdi. Bundoq desangiz, bugun tengdoshlarim ham sanoqli qoldi. Yomon alam qiladigani – shogirdlarning vafoti ekan. Ammo odam ko‘nar ekan, ko‘nikar ekan. Hayot mana shunday yo‘qotish va topish oralig‘ida o‘tarkan.
Yaxshi eslatdingiz, Iokasta cho‘risi rolida edim o‘shanda. Shu maktablardan o‘tgandan keyin bosh rollar ishonib topshirildi bizga. “Mirzo Ulug‘bek”da – Feruza, Gavharshodbegim, “Alisher Navoiy”da – Guli, “Hamlet”, “Qirol Lir”, “Otello”da – Ofeliya, Kardeliya, Emiliya, “Gang daryosining qizi” spektaklida Hemnoli obrazini o‘ynadim. Shuningdek, “Diyonat”, “Dunyoning ishlari”, “Alisher Navoiy” videofilmlari va “Shum bola”, “Olov qo‘ynidagi farishta”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Yuzsiz”, “Kecha va kunduz” badiiy filmlarida turli obrazlarni gavdalantirdim.
Teatrga endi kelgan paytimda Abror Hidoyatov olamdan o‘tgan edi. Men to‘g‘ri Sora opamning qo‘liga borib tushganman. Birinchi ustozim u kishi. Birin-ketin rollarini menga topshira boshladilar o‘shanda: “Endi mening ham ustozim, ham sahnadoshim o‘tdi. Sizni sekin tayyorlab boraman. Agar ba’zi joylari yoqmasa, mening uyimga kelib repetitsiya qilasiz”, degan paytlari bo‘ldi. Shu saboqlar bilan Moskvaga o‘qishga borganman. Ishonsangiz, o‘sha vaqtda markaziy matbuot: “Rixsi Ibrohimova degan o‘zbekistonlik aktrisa kashf etildi, tayyor aktrisa qabul qildik”, deb yozib chiqqan. Bu shov-shuvlar O‘zbekistonda ham aks sado bergan, albatta.
– Buncha shon-shuhrat, ustozlar siylovidan boshingiz aylanib qolmaganmi? Ochiqchasiga aytganda, “yulduzlik kasali”ga chalinganmisiz?
– Ko‘z oldingda ulkan tog‘, purviqor cho‘qqilar turganida, qirga chiqib boshing aylanadimi, ona qizim. Xursand bo‘lganmiz, dugonalarga, teng-to‘shlarga maqtanganmiz. Lekin teatr ostonasidan hatlashimiz bilan balandparvoz xayollardan yerga tushardik.
Tasavvur qiling, atrofingizda dunyoga mashhur san’atkorlar vazmin, sipo yurgan bir vaqtda sizning mashhurligingiz qayerga borardi? Ustozlar oldida hamisha shogird bo‘lib qolamiz. Chunki ulug‘larimiz ana shunday xokisor odamlar edi. Hozirgina sahnada qirol yo malika rolini o‘ynab, yarim soatlab olqish olgan bo‘lsa ham, grimxonadan chiqqach, oddiy odam sifatida gaplashib ketaverardi. Yuksak mukofot olib qaytgan paytlari ham na yurish-turishi, na gap-so‘zida kibrni sezmasdik. Ular, avvalo, SHAXS sifatida shakllangan edi.
– Har bir iste’dodning o‘z badali, to‘lovi bor, deyishadi. Rixsi aya qanday badal berdi san’at olamiga qo‘ygan qadami uchun?
– Onam o‘sal yotgan kunlar edi. Menga rol berilgan. Bosh rejissyorimiz Aleksandr Ginzburg. Boradigan holim ham, imkonim ham yo‘q. Katta opam doktor edi. “Bugun ketma, onam tonggacha yetib borishiga ko‘zim yetmayapti”, dedi. Bu yoqda rejissyor qo‘ymayapti. Xat yuborgan: “Ибрагимова, дорогая. Никто тебя не заменит. Машина за тобой приедет в семь трицать. После спектакля сразу, без грима, seni uyingga olib borib tashlaydi. Bugun kelmasang bo‘lmaydi, mehmonlar bor”.
Ilojsiz, bordim. Spektaklning yig‘laydigan joyida-ku, ho‘ngrab-ho‘ngrab yosh to‘kaman. Kuladigan joyini qanday amallaganman, haliyam bilmayman. Grimni yuvishga ham toqat qilmay shifoxonaga qaytib kelganman. Kelsam, hamma onamning boshida o‘tiribdi. Meni ko‘p so‘rabdi, nedir demoqchi bo‘lgan ekan. Men kelganda o‘zida emasdi. Nafas olishlari har xil. “Onasi, onasi, qizing keldi, Ruxsor keldi, Ruxsor keldi”, dedi dadam. Onaginamning ko‘zlari katta-katta bo‘lib ochildi. “Voy, oyim ko‘zlarini ochdi”, dedim. Menga tikilib qaradi-yu, shu lahza birdan ko‘zi yumildi… Mening aktrisalikka to‘lagan eng katta badalim – onamning so‘nggi so‘zlarini eshita olmadim, mehribonimning dardi ichida ketdi. O‘sha soatlarni eslasam, mana to‘qsonga kiryapman, haliyam muzlab ketaman.
Sahnada ona o‘layotganda dod-voy qilar ekanmiz-u, hayotda ichga oqdi yoshlarim. Ko‘rgansiz, aktrisalar onaning o‘ligini siltalab, u yog‘iga uradi, bu yog‘iga uradi, “Turing, ko‘zingizni oching!” deydi. O‘zingizning onangizni shunday qilib ko‘ring-chi?! Onani urib bo‘ladimi, qizim? O‘sha holat ifodasini faqat Abdulla Oripovdan topdim:
Birovlar motamida oh-u
faryod aylagan erdim,
Sening-chun, ey, g‘aribim,
ich-ichimdan bo‘zlagaydurman.
– Odatda, yoshi ulug‘lar yoshlardan noliydi. Bu holat sizga ham tanishmi?
– Joyi kelsa pand-nasihat berish, xatosini ko‘rsatish, kamini to‘ldirish kattalarning burchi. Bu faqat ezmalikka o‘tib ketishi kerak emas, jo‘yali fikr aytib, to‘g‘ri yo‘lga solib yuborish kerak. Masalan, yoshlardan ko‘nglim to‘ladigan o‘rinlar ko‘p. O‘zbek Milliy akademik drama teatri bosh rejissyori Asqar Xolmo‘minovni bilsangiz kerak. Shu yigitning ijodi menga juda ma’qul tushyapti. Ustoz ko‘rgan – Olimjon Salimovning shogirdi. Qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Aql yoshda emas, boshda, deb bekorga aytmagan.
Yosh rejissyor atrofiga yosh va yangi talantlarni yig‘adi. Bizga o‘xshagan keksalar yangi avlodni to‘g‘ri tushunishi kerak, yo‘l berishi kerak ularning g‘oya va takliflariga. Ba’zilar o‘zi ham bir paytlar yosh bo‘lganini unutib qo‘yadi. Agar o‘z vaqtida ustozlarimiz o‘zini chetga tortib, bizni yuzaga chiqarmaganlarida soyada qolib ketardik. O‘sha yaxshiliklarni endi shogirdlarga qaytarish fursati yetdi.
Davlatimiz rahbari bugun yoshlarga ishonyapti. Demak, biz ham ularga ishonamiz. Doim ularning yonidamiz, maslahatimiz kerakmi, ijromizmi, qo‘llab-quvvatlaymiz.
Jadid bobolarimiz ham teatr kelajagini yosh yigit-qizlarda ko‘rgan. Butun o‘lka bo‘ylab iste’dodli yoshlarni yig‘ib, ta’lim-tarbiya bergan. O‘zbek teatrining zamini jadid dramaturgiyasidir.
– Har bir rol farzandday aziz, deydi san’atkorlar. Lekin, baribir, ijodkorning yuragiga yaqin ijrolari bo‘ladi.
– To‘g‘ri aytilgan gap. Har bir rol – xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, aktyor hayotining bir parchasiga aylanadi. Bitta pyesani bir umr ijro etganlar bor. Odamlar sizni shaxsiyatingiz bilan emas, rolingiz bilan eslab qoladi.
Men uchun eng sevimli rollarim ustozlarim bilan birga o‘ynaganlarim. Masalan, “Alisher Navoiy” asaridagi Guli obrazi. “Mirzo Ulug‘bek”da Shukur akam bilan birga o‘ynaganmiz.
– Teatr va kinoda sanoqli aktrisalarga millat onasi obrazini shakllantirish baxti nasib etgan. Ularning ijrosi xalqqa shu qadar singib ketganki, ko‘rganda beixtiyor “aya”, “ona”, “oyi” deb yuboradi kishi. Siz ham ana shunday onalardan birisiz.
– Siz aytgan onalar qanday ulug‘ siymolar bo‘lgan ekan, deyman bugun ortga nazar solib. Menimcha, bu obraz Lutfixonim Sarimsoqovadan boshlandi. U kishi “Sen yetim emassan”da Fotima, “Mahallada duv-duv gap”da Mehrixon rollarini qiyomiga yetkazdi. Undan avval Ikkinchi Jahon urushi davrida suratga olingan hujjatli filmlarda ona obrazida ko‘rindi va chehrasi xalq diliga muhrlanib qoldi. Keyingi davrda Zaynab Sadriyeva (Farmon bibi, Anzirat buvi), Maryam Yoqubova (O‘zbek oyim) yaratgan obrazlar ham ona siymosini yangi bosqichga olib chiqdi.
O‘zimni ularga tenglashtira olmayman. To‘g‘ri, “Dunyoning ishlari” videofilmida, “Shum bola”da Ona rolini o‘ynadim. Agar xalqqa ma’qul kelgan bo‘lsa, xursandmiz.
Millat onasi obrazi degani – bu, juda ulug‘ rutba. Menga millat ayoli obrazi haqida gapirish osonroq. Bu borada Yayra Sa’dullayeva, To‘ti Yusupova, Dilbar Ikromova ijrolariga tan bermay ilojingiz yo‘q. Boshqalarni kamsitmayman, lekin Ona, Ayol rolini ijro etgan odamning insoniy fazilatlari ham yuksak bo‘lishi kerak hayotda. Chunki san’atkorning san’atidan ko‘ra hayoti, undagi ikir-chikirlar ko‘p gapiriladi. Ana shu tomonini o‘ylash kerak. Muxlislar muhabbati, obro‘ topish yuz mashaqqat bo‘lsa, uni saqlab qolish ming mashaqqat, aylanay qizim.
– Bu borada yana bir jihat: uzoq yillar “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvida qatnashganingiz bo‘lsa kerak. Bugun telenovella deb saviyasi haminqadar kartinalar ham tomoshabinga taqdim etilyapti.
– Bugungi bozori chaqqon, ammo tezda yonib-o‘chadigan teleseriallarni ko‘rib, yoqa ushlayman. Rosti, ularni ko‘ra turib, ayniqsa, “aktrisa” deb nisbat berilayotganlarning suratlariga boqib, dahshatga tushaman. Yarim yalang‘och holida xalqning huzuriga chiqayotganlar bor. Qo‘rqib ketaman. Chunki ochiq behayolik, haddan ortiq bo‘yoqlarga belanish, hayosiz harakatlar, betiyiq noz-ishvalar, ayniqsa, bir dumalab rejissyor bo‘lib olgan noinsoflarning bir hafta yoki oyda suratga olib tashlagan maza-matrasiz “film”lari meni qo‘rquvga soladi.
Telekanallarda paydar-pay berilayotgan novellalarni ham qaytadan ko‘rib chiqish kerak. Aksariyati talabga javob bermaydi. Ammo bormi bu ishlar uchun bosh qotirib, “Hoy, bola, qayoqqa ketyapsan?” deydiganlar, kinobuzarlarni tartibga, insofga chorlaydiganlar, biz katta san’atkor bo‘lib, unvonlar olganimizda ham, ustozlarimiz qarshisida yaproqdek titrab, hayiqardik, hayajonlanib turardik.
– Ayajon, Sizga ixlos qo‘ygan xalqimizga onalik dil izhorlarini so‘rasam bo‘ladimi?
– Men neki topgan bo‘lsam, shu teatrda topdim, nima yo‘qotgan bo‘lsam ham – shu yerda yo‘qotdim. Mehnat daftarchamda faqat bitta ish joyi ko‘rsatilgan – O‘zbek Milliy akademik drama teatri! Mening bor-yo‘q boyligim mehri daryo xalqimizning e’tibori, e’tirofi. Ana shu sharafni bir umr avaylab, dog‘ tushirmaslikka harakat qilib yashadim. Sizlarga ham menga berilgan tole nasib etsin!
O‘zbekistonni butun dunyo taniydigan zamon keldi. Yoshlarimiz turli sohalarda ulkan yutuqlarga erishyapti. Prezidentimizning o‘zi ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib berdi va qo‘llab-quvvatlayapti.
Yaxshilik o‘lmasin! Yaxshi asarlar bitilsin! Ustozlardan o‘tadigan shogirdlar bo‘lsin! Odamlar “Ustozidan o‘tib ketibdi, ustoziga rahmat” desin!
Suhbatdosh: Zarnigor IBROHIMOVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



