13.01.2026 | 14:04
1375
SHATRANJDAN SHAXMATGACHA
So‘nggi yillarda O‘zbekiston sporti haqida gap ketganda, ko‘z oldimizda nafaqat shiddatli bokschilar yoki matonatli kurashchilarimiz, balki vazminlik bilan dona surib, dunyoning eng kuchli grossmeysterlarini shoshirib qo‘yayotgan navqiron shaxmatchilarimiz ham gavdalanadi. Bu bejiz emas. Zero, shaxmat – bu shunchaki o‘yin emas, bu – millatning intellektual quvvati, strategik fikrlash qobiliyati va sabr-toqatining ko‘zgusidir.

O‘tmishda shatranj deb atalgan bu ko‘hna o‘yin bizning yurtimizda azaldan ma’lum va mashhur bo‘lib, ko‘plab tarixiy va badiiy asarlarda, xususan, tarixchi Ibn Arabshoh “Ajoib ul-maqdur fi axbori Temur” (“Temur haqidagi xabarlarda taqdir ajoyibotlari”) kitobida shunday yozadi: “(Amir Temur) o‘z fikrini peshlash maqsadida muttasil shatranj o‘ynardi. Uning himmati kichik shatranj (o‘ynash)-dan oliy bo‘lib, katta shatranj o‘ynardi. Bu shatranj taxtasining eni o‘n bir, bo‘yi o‘n (xona)dan iborat edi…”
Bugungi kunda shaxmat sohasidagi yutuqlarimiz mamlakatimizning xalqaro obro‘sini yangi bosqichga olib chiqmoqda. O‘zbekistonlik shaxmatchilar dunyo sahnasida porlayotgani, jamoaviy musobaqalar, xususan, Olimpiada va Osiyo chempionatlarida kuchli o‘rinlarni egallayotgani yurtimizda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarining ijobiy samarasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda shaxmat rivojini yangi bosqichga olib chiqishda muhim rol o‘ynadi.
Qarorda “Maktabda shaxmat” loyihasini amalga oshirish, shaxmatga o‘qitish tizimini yanada rivojlantirish, iqtidorli yosh shaxmatchilarni tanlash va saralab olish tizimini tubdan takomillashtirish, imkoniyati cheklangan shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, shaxmat infratuzilmasini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bolalar-o‘smirlar shaxmat maktablarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilish va xalqaro talablarga moslashtirish, sohada malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, yuksak natijalarga erishgan trener va hakamlar hamda shaxmatchilarni rag‘batlantirish kabi dolzarb maqsadlar ko‘zda tutilgan edi. Shu bois, o‘zbek shaxmat maktabining bugungi yutuqlari tasodifiy emas, desak ayni haqiqatdir.
Jahon kubogi musobaqalarida mahorat ko‘rsatgan Javohir Sindarovning muvaffaqiyati butun dunyo shaxmat jamoatchiligini hayratda qoldirdi. Uning muayyan bosqichlardagi rekordlar va natijalar bo‘yicha eng yosh Jahon kubogi sohibi sifatida e’tirof etilishi Yangi O‘zbekiston yoshlarining yuksak salohiyatidan dalolat beradi. Javohir kabi yoshlarning g‘alabasi shuni ko‘rsatadiki, shaxmatda yosh chegarasi tobora qisqarib bormoqda, intellektual jang maydonida esa bilim va shijoat har qanday tajribadan ustun kela oladi.
Shaxmat bo‘yicha yutuqlarimizning bardavomligi 2025-yil dekabr oyida 9–17 yoshli shaxmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida yana bir bor isbotlandi. “Rapid” va “blits” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan ushbu musobaqada yurtimiz vakillarining 5 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritishi shunchaki raqamlar emas, bu – o‘zbek shaxmat maktabining dunyoda peshqadam ekanidan dalolatdir. Umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallash – Hindiston, Rossiya, Xitoy kabi shaxmat gigantlarini ortda qoldirish demakdir.
Nega biz shaxmatdagi g‘alabalarga bunchalik katta urg‘u bermoqdamiz? Buning sabablari bor, albatta. Birinchidan, shaxmat – intellektual kapital. Shaxmat bilan shug‘ullangan bola mantiqiy fikrlashga, qaror qabul qilishdan oldin uning oqibatlarini hisoblashga o‘rganadi. Bu esa kelajakda ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasida raqobatdosh kadrlar yetishib chiqishini ta’minlaydi.
Ikkinchidan, yutuqlar – milliy nufuzni belgilaydi. Xalqaro maydonda shaxmatchilarimizning g‘alabasi O‘zbekistonni “intellektual millat” sifatida tanitadi. Bu investitsiya va sayyohlik jozibadorligini oshiruvchi “yumshoq kuch” hisoblanadi.
Uchinchidan, g‘olib shaxmatchilarimiz – yoshlar uchun motivatsiya. Iste’dodli o‘g‘il-qizlarimizning ta’lim va sportdagi yutuqlari tengdoshlari uchun o‘rnak bo‘lmoqda. Ular vaqtni behuda sarflash emas, balki o‘z ustida ishlash orqali dunyoni zabt etish mumkinligini anglamoqda.
Yoshlar jamiyat taraqqiyoti va mamlakatimiz kelajagini belgilab berar ekan, bizning vazifamiz ularning jismoniy va ruhiy tarbiyasiga, sog‘lom turmush kechirishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga jiddiy e’tibor qaratishdir. Ta’lim muassasalarida tashkil etilgan fan, hunar va sport to‘garaklari ham aynan farzandlarimizning porloq istiqbolini belgilashning muhim omili ekanini yaxshi tushunishimiz kerak. Yoshlarning bo‘sh vaqti – dushmanlarning ish vaqti ekanini yaxshi anglab yetishimiz lozim.
Mamlakatni dunyoga tanitishda, shuningdek, yosh avlodni jismonan va ma’nan barkamol qilib tarbiyalashda sportning o‘rni beqiyos ekanini yaxshi bilamiz. Sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Bu sohada erishilgan yutuqlar mamlakatni dunyoga tanitadi, barcha yurtdoshlarimizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.
Bir yodga olaylig-a, ilgari bugungiday zamonaviy suzish havzalari, tennis kortlari yoki gimnastika zallari yetti uxlab tushimizga ham kirmas edi. Misol uchun, suzish deganda, ariq yoki kanallarda, oddiy sanitariya talablariga ham javob bermaydigan loyqa suv va hovuzlarda cho‘milishni tasavvur qilar edik. Buning oqibatida respublikamiz aholisi, eng yomoni, bolalar o‘rtasida og‘ir kasalliklar nihoyatda ko‘payib ketgani, onalar va bolalar o‘limi bo‘yicha O‘zbekiston sobiq ittifoqda eng oldingi o‘rinlarda turgani ham kechagi tariximizdan yaxshi ma’lum.
Shu ma’noda, Prezidentimizning sportga qaratayotgan e’tibori haqida gapiradigan bo‘lsak, avvalo, ko‘z oldimizga maktablarda, qishloq joylarda, mahallalarda ochilayotgan sport to‘garaklari, yangidan qurilgan yoki tubdan qayta ta’mirlangan, zamonaviy jihozlangan sport inshootlari keladi.
Bugun ularda minglab uka-singillarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz o‘z irodasini toblab, jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lib voyaga yetmoqda.
Yosh avlodni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda xalqaro musobaqalarda ulkan natijalarni qayd etayotgan sportchilarning boy hayotiy tajribasi, mahorati va salohiyatidan keng foydalanish yaxshi samara beradi. Ana shu maqsadda Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari, jahon, Osiyo chempionlari bo‘lgan sportchilar tuman va shaharlarga biriktirildi, sport maktablariga rahbarlik lavozimiga tayinlandi.
Keyingi yillarda aholi o‘rtasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni keng targ‘ib qilish borasida ko‘p ishlar qilindi. Mahallalarda, ko‘p qavatli uylar atrofida “Salomatlik yo‘laklari”, sport maydonchalari qurildi, ta’lim muassasalarida sport to‘garaklari ochildi, maktab-internatlar ish boshladi. To‘g‘ri ovqatlanish borasida aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Pirovardida, xalqimizning o‘z salomatligi va sportga bo‘lgan qarashlari tubdan o‘zgardi.
O‘zbekistonlik sportchilar, xususan, shaxmatchilarimizning erishayotgan zafarlari – Yangi O‘zbekiston ravnaqining munosib ifodasidir.
Bugun yosh chempionlarimizning g‘alabalari ortida minglab tengdoshlarining orzu-umidlari va shijoati yotibdi. Zehn o‘tkirligi va aql bovar qilmas matonat talab qiluvchi bu sport turida erishilgan natijalar shuni anglatadiki, O‘zbekiston farzandlari har qanday sohada, xoh ilm-fan, xoh san’at yoki sport bo‘lsin, eng yuqori cho‘qqilarni zabt etishga qodir. Bizning asosiy boyligimiz – mana shunday bilimli va azm-u shijoatli yoshlarimizdir. Galdagi vazifa ushbu muvaffaqiyatlar zanjirini uzmaslik va shaxmatning har bir xonadonga, har bir maktabga kirib borishini ta’minlashdan iborat.
Jamoliddin BADALOV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 9-yanvardagi 2-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
98
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607