15.01.2026 | 12:25
1413
IZZATLI ALLOMA
O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillaridan boshlab to hozirgacha aksar yozuvchilarning badiiy didi Abdulla Qahhorning estetik qarashlari ta’sirida shakllangan, desak xato bo‘lmaydi. Qahhorning keskin munosabatisiz qirqinchi-yetmishinchi yillarda adabiyotimizda xaltura yanayam ko‘proq bo‘lishi turgan gap edi. Chunki konfliktsizlik, soxta baxt taronasi rag‘batlantirilar, har qanday asardan (hatto besh-olti asr avvalgi turmush tasvirlangan bo‘lsa ham) bevosita yo bilvosita “kommunizm cho‘qqilari”ni tarannum etish talab qilinar edi. Yaxshiyam, Abdulla Qahhor bor edi, talay “tirik klassik”larning tomsuvoq puli uchun yozgan asarlariga ustara damidek keskir qalamidan uchgan ikki og‘iz gapi bilan haqiqiy baho berardi-qo‘yardi.

Bizga tengdosh adabiyotshunoslarning ilmiy zehniyati esa Izzat Sultonning, u kishining qavatida yurgan olimlarning so‘zshunoslikka oid munosabatlari orqali charxlangan. Chunki biz talaba, so‘ngroq yosh ilmiy xodim bo‘lgan kezlarda domla nafaqat adabiyotshunoslik, balki umuman filologiya sohasi peshvosi, oqsoqoli sanalar, har bir so‘zi ilmiy davralarda e’zozlab qabul qilinardi. Domla eng obro‘li adabiyot nazariyachisigina emas, shu bilan birga, umrining so‘ngigacha birinchi raqamli navoiyshunos, elliginchi yillarda iliqlik davri boshlanib Abdulla Qodiriyga yo‘l ochilgach, uning asarlarini nashrga tayyorlagan olimlarga bosh bo‘lgan siymo edi. Til va adabiyot institutining ilmiy kengashi bo‘ladimi, “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali tahrir hay’ati yig‘ilishimi, yo Fanlar akademiyasi prezidiumi anjumanimi, Izzat Sultonning chiqishlarini olimlar intiq kutishar, har bir nutqidan so‘ng har kim fikrda “bir nimalik” bo‘lib qolar edi.
Buning boisini o‘ylab, shunday xulosaga keldim: avvalo, Izzat Sulton hech qachon, hech qayerda keraksiz gapni, odamlarga ma’lum bo‘lgan narsani gapirmas, har bir so‘zi yangi, hali hech kim eshitmagan ilm bo‘lardi. Hatto kim bilandir chaqchaqlashib o‘tirganida ham zarurati bo‘lmagan gapni aslo aytmas, suhbatdoshini ham shunga undardi. Yaxshi esimda, fan doktori ilmiy darajasini beruvchi kengash raisi bo‘lgan Izzat Sulton, yoshi saksonlardan oshgan bo‘lsa-da, nihoyatda hushyor, minbarda “o‘tlab” ketayotgan olimlarning so‘zini bo‘lib, “Shoshmang, shu dissertatsiya bo‘yicha fikrlaringizni ayting, boshqa gaplarga o‘tmaylik”, deya, o‘zidan o‘n-o‘n besh yosh kichik, ammo qandaydir charchab qolgan olimlarni to‘g‘ri yo‘lga solar edi.
Ikkinchidan, ustoz o‘z fikrlariga hech kimga muyassar bo‘lmaydigan bir ifoda topishga mohir edi. Siz bilan bizning og‘zimizdan chiqsa jo‘n bir gapday qabul qilinadigan fikrlarni shunday aytar ediki, o‘sha mulohazaning hali biz payqamagan fazilatlari ham ochilib kelayotganday bo‘lardi.
Uchinchidan – xotira quvvati! Institut majlislarida nutq so‘zlar ekan, “professor falonchining 1946-yilda chop etilgan falon asarida mana bunday gap bor edi”, deya o‘sha iqtibosni rus tilida yod aytar, uning o‘sha manbada aynan shu tarzda bitilgani esa shubhasiz bo‘lardi.
Ilmiy fikrni eng ixcham va mukammal yetkazish Izzat Sultonga xos edi. Bunga fan doktori, professor Sharif Yusupovning hayotiy hikoyasini misol keltirish mumkin:
“Bir safar Izzat Sultonga olti yuz yo‘llik maqola yozib berishni so‘rab murojaat qildik, – degan edi Sharif aka “O‘zbekiston madaniyati” tahririyatidagi faoliyatini eslab. – Domla maqolani yozib yubordi, linotipda terdirsak, oz ham emas, ko‘p ham emas, naq olti yuz satr chiqib turibdi-da! Sahifada shuncha joy ajratilgan edi, quyilibgina tushdi. Biroq ertasiga ishga kelsak, TASSdan shu sahifaga oid bir surat yuborilgan ekan. O‘ta shoshilinch narsa bo‘lganidan, ha endi, o‘sha betdagi Izzat Sultonning maqolasidan biron o‘n satrini qisqartirsak, surat joylashadi-qoladi, degan to‘xtamga keldik.
Ammo… buni qarangki, to‘rt jurnalist ertalabdan peshingacha – besh soat muk tushib o‘tirib, maqoladan to‘rt yo‘l ham qisqarta olmadik. Har jumlaning “yuk”i bor – bir fikrni tashiydi, “kessangiz”, o‘sha fikr uzilib qoladi. Noiloj, boyagi suratni berishdan voz kechdik, nima bo‘lsa-bo‘ldi, deb tavakkal qildik. Holbuki, Maskov yuborgan biron narsani qoldirish o‘sha paytlarda katta siyosiy xato deb hisoblanardi…”
Izzat Sulton nafaqat adabiyot, balki til va uslub sohasida ham o‘rnak edi. 1978-1979-yillarda chop etilgan ikki jildlik “Adabiyot nazariyasi” kitobining domla qalamidan chiqqan boblarida chinakam akademik o‘zbek tili manaman deb ko‘zga tashlanadi. Men hatto unda “tayin” degan so‘zning ilgari hech ko‘rilmagan ma’noda qo‘llanganini, buning ustiga, o‘sha fikr mazkur so‘z orqali eng maqbul ifoda topganini ko‘rib, lol qolgan edim: “…adabiyotshunoslik tomonidan o‘rganilishi lozim bo‘lgan faktik materiallar juda ham xilma-xil bo‘lib, ularning qaysi turi asosida bugungi adabiyotning spetsifikasini tayin etish kerak, degan savolga javob topmasdan turib, bu muammoni o‘rganishga kirishish mumkin emas”.
Til boyligi, ba’zilar o‘ylaganidek, leksikon ko‘pligidagina emas, balki mavjud so‘z va ifoda vositalaridan unumli foydalanishda ham namoyon bo‘ladi, yuqoridagi misol buni yaqqol dalillaydi.
Hammaga ma’lum, 1926-yilda professor Fitratning “Adabiyot qoidalari” nashr etilgan. Fitrat qatag‘onga uchragach, uning shogirdi Izzat Sulton oradan o‘n uch yil o‘tib, 1939-yilda birinchi “Adabiyot nazariyasi” kitobini e’lon qildi.
Adabiyot tarixida shogirdlarning ustoz boshlagan ishni davom ettirganiga misol ko‘p. Chunonchi, Cho‘lponga shaxsiy kotiblik qilgan Mirzakalon Ismoiliy shoir otilib, asarlari taqiqlanganidan keyin, oradan yigirma bir yil o‘tib, “Farg‘ona tong otguncha” romanini nashr qildirdi. Bu asarni, aslida, Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanining davomi desa bo‘ladi. Qarangki, hatto ularning nomiga qadar mazmunan bir xil.
Izzat Sulton ham 1934-yildan to 1978-yilgacha – qirq to‘rt yil davomida adabiyot nazariyasi masalalaridan bir kun ham xoli yashamadi, asosiy ish joyi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining “Adabiyot nazariyasi” bo‘limi bo‘ldi. Butun bir avlod nazariyachi ilmiy xodimlarni yetishtirib, adabiyot nazariyasi fanini o‘zbek adabiyotshunosligining mustaqil ilm tarmog‘iga aylantirdi. Akademik “Adabiyot nazariyasi”ni nashr ettirdi va shu bilan ustozi Fitrat xotirasiga ulug‘ bir haykal tikladi.
Razm solsak, Izzat Sulton bir umr ustozi Fitratning yo‘lidan yurishga, unga mudom ergashishga, ishlarini davom ettirish va takomillashtirishga intilib yashaganini ko‘ramiz. Chunonchi, o‘zbek adabiyoti vakillaridan aynan Fitrat bilan Izzat Sulton adabiyot nazariyasi bilan shug‘ullangan va har ikkovi ham adabiyot nazariyasida “so‘z san’atining oliy turi” deb ta’riflanadigan dramaturgik ijod bilan bir umr mashg‘ul bo‘lgan.
Sababi, Fitrat ijod qilgan XX asr boshlarida aksari savodsiz bo‘lgan mehnatkash ommaga sahna asarlarining ta’siri beqiyos edi. Odamlarga yangi g‘oyalarni sahna orqali singdirish ma’qul topilgan, elni yangi madaniyat sari yetaklash uchun sahnadan foydalanish ko‘zlangan. Bu hol keyin ham o‘sha avj bilan davom etdi. Qirqinchi-elliginchi yillarda o‘zbek teatri (jumladan, o‘zbek dramaturgiyasi ham) yanada yuksaldi, davr olg‘a surgan dunyoqarashni elga singdirishda asosiy vositaga aylandi. Uyg‘un bilan Izzat Sultonning 1940-yilda sahna yuzini ko‘rgan “Alisher Navoiy” dramasi o‘zbek xalqiga shoirni tanitishda beqiyos rol o‘ynadi.
Navoiy va Bobur zamonidan keyin to XX asr boshlarigacha yurtimizdagi umumiy tushkunlik, jaholatning avj olishi bois, Alisher Navoiydek shoir ham avom nazaridan birmuncha uzoqlashib qolgani bor gap. Cho‘lpon 1924-yilda yozgan “500 yil” degan maqolasida buni ta’kidlab o‘tgan. Shuning uchun ham, Navoiyni elimiz qayta inkishof etishi darkor edi. Aynan “Alisher Navoiy” dramasidan so‘ng millionlab odamlar Navoiyni sevib qoldi, bu asardan olingan parchalar to‘ylarda, adabiy-badiiy anjumanlarda yod o‘qilardi. Ehtimol, undagi “Navoiy va Guli sevgisi” uydirmadir, Navoiy bilan Majididdin mojarolari ko‘pirtirilgandir, biroq sakson yil avval busiz iloji yo‘q edi. Baski, o‘tmishda yashab o‘tgan har bir odamni bizning zamonga emas, o‘zidan avvalgilarga qaraganda qanday yangi narsa berganiga qarab baholash lozimligi haqida aytilgan gap nihoyatda to‘g‘ri.
Bugungi kunda Izzat Sulton yozgan dramatik asarlarni (u “Alisher Navoiy” bo‘ladimi, “Imon”mi yoki “Ko‘rmayin bosdim tikonni”mi, boshqami) o‘qir ekanmiz, har qaysisi o‘zbek jamiyati oldida ko‘ndalang turgan katta bir masalani san’at asari orqali muhokama qilish, bunga elning o‘zini jalb qilish maqsadida bitilganiga iqror bo‘lasiz.
Masalan, “Ko‘rmayin bosdim tikonni” – turmush qurgan ikki ziyoli inson hayotidagi drama, hatto aytish mumkinki, garchi unda inson hayotining chuqur kolliziyalar oqibatida fojiali ravishda yakun topishi ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, mohiyatan tragediyadir. Shuning uchun uni tomosha qilgan kishi ruhan tozaradi, ma’naviy ruh oladi. 1975-yilda sahnaga chiqqan bu asar 1958-yilda Chingiz Aytmatov o‘rtaga qo‘ygan masala – sevgisiz bo‘lsa ham turmush kechiravergan yaxshimi yoki kishi o‘z muhabbatini qidirishi darkormi, degan bahslarga o‘zbek adibining javobi bo‘ldi. O‘zbek turmushidan olingan bu asarda Izzat Sulton Chingiz Aytmatov qarashlarini yoqlab chiqdi.
Biroq, afsuski, asarning ana shu g‘oyasini aksar tomoshabinlar tushunmadi yo “hazm” qila olmadi. Shu to‘g‘rida o‘ylar ekanman, mening o‘zim ham u yo bu pozitsiyaga qat’iy o‘tishim dushvor (o‘zbekmiz-da, baribir). Lekin boshqa bir jihati bor: “Ko‘rmayin bosdim tikonni” dramasi, undagi barcha olijanob, qalbi pok personajlarning taqdir sinovlari qarshisidagi iztiroblari bois, tomoshabin ma’rifatini o‘stirishi, unga mo‘l-ko‘l ma’naviy oziq berishi e’tibori bilan juda balandda turadi. Ayniqsa, oilaviy mojarolardan masxarabozlik qilib bo‘lsa ham “kulgi” yasab chiqayotgan bugungi ko‘p sahna asarlari oldida…
Bu asarning estetik jihatdan fazilati shundaki, unda bironta ham “salbiy obraz” yo‘q, asar kolliziyasi “ijobiy” va “salbiy”larning kurashi negiziga qurilmagan, dramatizmni hayotiy vaziyatning o‘zi yuzaga keltirgan. Bu mazkur asarning badiiy yuksakligini ko‘rsatadigan muhim dalil.
Domlaning 1959-yilda chiqqan “Pesalar, maqolalar” degan kitobi bor. Albatta, o‘sha yillarda nashr masalalari qiyin bo‘lganidan, ikki kitob bir muqovada chop etilgan. Ammo shu nom, shu nashr Izzat Sulton ilmiy va ijodiy ishni baravar olib borganini ko‘rsatadigan oyinadir.
Ba’zilar, domla faqat ilm bilan, faqat nazariy tadqiqot bilan shug‘ullanganida fanga yanada ko‘proq hissa qo‘shgan bo‘lardi, deb yoki aksincha, Izzat Sulton badiiy ijodning o‘zigagina hayotini bag‘ishlasa, qancha muhtasham drama va tragediyalar yozishi mumkin edi, deb o‘ylashi mumkin. Balki bu mulohazalarda ham jon bordir. Biroq aksar odamlarning ijodiy qobiliyati turfa yo‘nalishli bo‘ladi. Biz da Vinchi yoki Gyote kabilarni emas, ustozi Fitrat domlaning o‘zini misol keltirsak kifoya qilar, u – yozuvchi, tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, san’atshunos va siyosatshunos olim, davlat va jamoat arbobi edi.
XX asr o‘zbek adabiyotshunosligi ikki ulug‘ nazariyotchi olimning teran tadqiqotlari tufayli yuksak ilmiy-nazariy poydevorga ega bo‘ldi. Izzat Sulton har sohada, fanda ham, badiiy adabiyot yo‘nalishida ham ulug‘ ustozi Fitrat boshlagan ishlarni davom ettirdi va yangi davrda ularni imkoni boricha yangi bosqichga ko‘tarishga harakat qildi.
Zuhriddin ISOMIDDINOV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 9-yanvardagi 2-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600