Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.04.2024 | 11:41

img423

FIKRLASH – IZTIROB BILAN YASHASH DEGANI

Taniqli adib va adabiyotshunos Nazar Eshonqul bilan suhbat

– Bundan o‘n yil oldin nashr etilgan bir maqolangizda: “Hayot va adabiyot bizdan chinakam iste’dodlarni va “men”larni talab qilmoqda”, deb yozgan edingiz. Bugun yoshlar orasida iste’dodli ijodkorlar ko‘p. Ammo Cho‘lpon, Qodiriy, Fitrat kabi ichida o‘z “men”i, aytar so‘zi borlarga, ya’ni shaxslarga hamon muh­tojdaymiz. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz? Axir biz ozodmiz-ku, shaxslarni yo‘qotishni maqsad qilgan mafkura boshimizda qilich o‘ynatib turgani yo‘q-ku? Yo siz o‘tgan o‘n yil mobaynida bu borada nimadir o‘zga­rish sezdingizmi?

– Bu gapni qayerda, qachon aytganim esimda yo‘q. Aytgan bo‘lsam, hozir ham shu fikrim o‘zgarmagan. Men bu yerda iste’dodning “men”ini topish orqali ijodiy shaxsga aylanishini nazarda tutganman. Iste’dodlar ko‘pligi bu hali ular o‘z “men”ini ham namoyish qilyapti, degani emas. “Iste’dod”ning o‘z uslubini topishi, so‘zga bo‘lgan e’tiqod paydo bo‘lishi – bu uning adabiy shaxsga aylanganini bildiradi. Ammo sizning savolingizda ijodkor­ning adabiy shaxsligidan ko‘ra shaxsning ijtimoiy maqomiga ko‘proq urg‘u berilyapti. Bu bilan bizda adabiy shaxsga emas, ko‘proq ijtimoiy maqomdagi shaxsga ehtiyoj baland ekani ayon bo‘lyapti. Demak, bizning ijtimoiy masalalarda savollarimiz ko‘paygan va biz shaxslar orqali ularga javob izlash istagidamiz.

Qadimda jang maydonida qon kam to‘kilishi uchun pahlavon o‘rtaga chiqib, “Kim talabgor bo‘lsa, o‘rtaga chiqsin” deb hayqirarkan. O‘n mingmi, yigirma mingmi, lashkardan besh yo o‘ntasi talab­gor bo‘lgan. Vaholanki, maydonga kelganlarning hammasi o‘zini “askar” deb hisob­lagan va ma’lum bir tayyorgarlik­lardan o‘tib, saralab olingan. Bugungi shaxsga bo‘lgan ehtiyojimiz menga o‘sha o‘ziga talabgor izlayotgan pahlavonni eslatadi. Bizning tasavvurimiz hamon “jang” holatida. Mabodo, shaxsga ehtiyo­jimiz bor va bu haqda keyingi paytda juda ko‘p yozilayotgan ekan, avvalo, kimlar shaxs­lik supasiga chiqa oladi, qaysi fazilatlar shaxs bo‘lganlik mezonlari yoki ko‘rsatkichi sanaladi, degan savolga ham javob izlab ko‘rish kerak. Ammo bugun insonning ruhiyati juda murakkablashib ketdi. Biz shaxsga tayyor shablon bilan baho berolmaymiz.

Bugungi ijtimoiy tarmoqning yaltiroq pufaklari ko‘zimizni qamashtirib turgan pallada biz tasavvur qilib kelgan shaxsga xos xususiyatlar xira tortganini tan olaylik. Olomon vasvasasi bilan shaxsning fazilatlarini farqlash tobora og‘irlashib boryapti. Shaxs haqida tasavvurimiz xos kishilarning maqomidan olomonchilik tarziga moslashib bormoqda. Biz shaxs­ning kushandasi bo‘lgan olomonchilik didi va saviyasi hukmronligi davrida yashayap­miz. Olomonchilik didining tomir yoyishi – oxir-oqibat shaxsning yo‘q bo‘­lib ke­tishiga olib keladi.

Olomonda shaxsini tasdiqlovchi fikr bo‘lmaydi. Fikrli bo‘lish esa bu iztirob, uqubat bilan yashash degani. Fikr darddan tug‘iladi, fikr qilish – ilohiy anduhni qabul qilish degani. Olomon esa hamisha tayyor iste’molchi bo‘ladi, u tayyorini qabul qiladi, shaxs kabi o‘zi yaratmaydi. Shaxs qo‘li kishanda, jismi iskanjada bo‘lsa ham fikr qiladi, shu bilan u o‘zini ozod qilish yo‘lini izlaydi. Insonning haqiqiy erkinligi Olam parchalangandan, bo‘lingandan keyin paydo bo‘lgan va ming yillar davomida shakllanib bo‘lgan irsini boshqarib turgan olomonchilik iskanjalaridan o‘zini o‘zi ozod qilishi bilan belgilanadi. Tarix guvohlik beradi: ijtimoiy inqiloblarning hammasi olomonchilik didi va hukmronligining hosilasi bo‘lib kelgan. Uning vositasi hamisha zo‘rlik bo‘lgan. Shaxs esa zo‘rlikning har qanday ko‘rinishi bilan ke­lisha olmaydi. Yana o‘sha tarixga boqsak, Ijodiy inqiloblarning barchasini shaxslar sodir etgan. Bu inqiloblarning vositasi hamisha fikr bo‘lgan.

Umuman, biz negadir keskin xulosa chiqarishga ruju qo‘ydik. Kuni kecha “haromi”, “o‘g‘ri”, “sotqin” kabi haqoratlar bilan salkam vatan dushmaniga chiqarilganlarni sal o‘tmay “dardi bor ekan”, “uzoqni ko‘zlagan ekan”, “rostgo‘y ekan”, “katta shaxs ekan”, deya boshlaymiz. Xullas, baho berayotganda qutbning yo u burchida, yo bu burchida turishni istaymiz. Aslida bu ham olomonga xos bo‘lgan xohish-irodadan boshqa narsa emas.

– Yuqorida aytganingizday, biz shaxs­ga tayyor shablon bilan baho berolmaymiz. Ammo yosh avlodga ibrat qilib ko‘rsatish mumkin bo‘lgan kimdir bo‘lishi kerak-ku. “Kimlar shaxs­lik supasiga chiqa oladi, qaysi fazilatlar shaxs bo‘lganlik mezonlari yoki ko‘rsatkichi sanaladi?” degan savolga javobni o‘zingizdan so‘ramoq­chiman…

– Shaxs haqida so‘z ketganda negadir Mirkarim Osim ko‘z oldimga kelaveradi. O‘zim ko‘rganim yo‘q. Menga aytib be­rishgan. Juda xokisor kishi bo‘lgan ekan. Umrida birovning ko‘ziga qarab gapirgan emas. Surgundan qaytgandan so‘ng bir nashriyotda kamsuqumgina vazifada ishlagan. Uning bor-yo‘qligini birov bilmagan ham. Boshliqlarga hech qachon ovoz chiqarib qarshi turmagan, gazeta­larda odamlarni junbushga soladigan maqolalar yozmagan, davralarda so‘z olib, e’tiqod-u adabiyot haqida so‘zamol­lik qilmagan. Birovga malol keladigan qilig‘i bo‘lmagan. Shunchaki, ko‘zga tashlanmay, o‘zini bildirmay, talotumlardan bir chetda yashab o‘tgan. O‘sha roviyning aytishicha, Mirkarim Osim birovga xalaqit bermaslik uchun yo‘lakning eng cheti­dan, devorga taqalib yurar ekan. Yelkasi tegib yurganidan yillar o‘tib devor to‘g‘ri chiziq bo‘lib sidirilib qolgan ekan. Agar bugungi ijtimoiy tarmoq to‘lg‘og‘i tutgan qarashlarimiz bilan qarasak, u qo‘rqoq, dami ichiga tushgan, mute va tovushi chiqmaydigan ojiz, har qanday zulmga ko‘nikkan notavon odam bo‘lib chiqadi. Shu sifat bilan baho bersak, uni shaxs deganning yoniga ham yo‘latib bo‘lmaydi. Ammo men Mirkarim Osimni XX asr o‘zbek adabiyotidagi katta shaxs deb bilaman. Chunki u shu xokisor yashashi bilan ichini hech kimga sotmagan. Kimlardir unvonlar-u martabalar, e’tiroflar-u e’tiborlar uchun kommunistik obrazlarni ilohiylashtirib, jild-jild asarlar bitib yotganida, u o‘sha o‘zining burchagiga tiqilib olib, Shiroq, To‘maris, Torobiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy haqida yozgan, ohak yuqqan yelkasini devorga surkab, halim­lik bilan o‘tayotganda u millatning unu­tishga mahkum siymolari haqida xayol surgan. Tasavvur qiling, adib bu asarlarni “Sening tarixing yo‘q, senlar savodsiz olo­mon bo‘lgansanlar, senlardan daholar chiqmagan”, degan siyo­sat yurgizilib, aks fikrlovchilar zulm tig‘iga ro‘para qilinayot­gan bir pallada yozgan va shu iddaosi bilan ma’nan har qanday jazoga tayyor bo‘lgan, qulatilgan millat ustunlarini o‘zi­ning halim ko‘rinishi orqali tiklashga kirishgan. U bu bilan ichdan chirkin muhitga o‘z isyonini, o‘z qarashlarini bayon qilgan. Beozor qiyofasi orqali butun boshli saltanat mafkurasiga qarshi turgan. Davrdosh bo‘lgan, unvonu martabalardan salobatlashgan siymolar oldida uning nomi ko‘rinmay turadi. Ammo Mirkarim Osim sotmagan va sotib olinmaydigan fazilatlarini asarlarida – o‘z “men”ida namoyon qilgani, ijodkor sifatida qarshi tura olgani bilan menga katta Shaxs bo‘lib ko‘rinadi. Zamona ijtimoiy inqilobni madh etib turganda u o‘z ichidagi ijodiy isyoni bilan birga qola bildi.

Xo‘sh, bugungi kunda ham bizning e’ti­borimizdan chetda qolgan, siz na­zar­da tutgan shaxslar yo‘qmi? Men “bor” yoki “yo‘q” deb keskin xulosa qilishdan ti­yil­gan bo‘lardim. Bizning baholash mezonlarimizni Mirkarim Osimga o‘xshash shaxslarning sukuti va kamsuqumligi fosh qilib qo‘yadi.

Shunga ko‘ra, men davrimizning shaxs va shaxssizligi haqida tugal xulosa ay­tish tarafdori emasman. Suv loyqalanib turganda uning tagidagi baliqlarning katta-kichikligi ko‘zga tashlanmaydi.

Biroq bu istiholamiz shaxsning fazilat va xususiyatlarini, unga qo‘yilgan talablarni zarracha xiralashtirmaydi. Sel pay­timi yo sokinlik faslidami, qay davrda yashashidan qat’i nazar, shaxs hamisha o‘zining daxlsiz hududida turadi. Shu talabdan qaralsa, iste’dodlarning hammasi ham shaxs bo‘la oladi, deb xomtama bo‘lmaylik. Iste’dod o‘zining daxlsiz hududiga o‘ta olgan bo‘lsa, unda u men qachonlardir nazarda tutgan “men”ini topgan. U hududga yetib borolmagan bo‘lsa, unda uning oddiy hunarmand bo‘­lib qola­yot­ganidan ajablanmaslik ke­rak. Shuning uchun meni ichida isyon chatnab turgan (avval ham aytganman, men “isyon” deganda noroziligini panshaxa ko‘tarib chiqish orqali ifoda qiluvchini emas, balki qay­si sohada bo‘lmasin, eskini yangilashning, yaroqsizni tuzatishning va tasavvur qoliplarini buzish namo­yishi deb tushunaman) ijodkor emas, hunarmand yasashga ko‘proq e’tibor bermayapmizmi, biz iste’dod deb baho berayotganlar Abdulla Qahhor na­zarda tutgan kosiblar emasmikin, degan savol ko‘proq o‘ylantiradi. Hunarmand bilan ijodkorlik bir narsada farq qiladi: ijodkor o‘zicha yangi yo‘l, yangi shakl, yangi mazmun topishga intiladi, hunarmand esa mavjud qoliplar asosida mahsulotlar sonini ko‘paytiradi. Hunarmanddan katta shaxs bo‘lishini ta­lab qilolmaymiz, ammo ijodkor shaxs bo‘lishi kerak, yo‘qsa, uning iste’dodi hunarmandchilik bilan bo‘ylashib qola­veradi. Hunarmandni ­yasash va urug‘ini ko‘paytirish mumkin, chinakam ijod­korni yasab bo‘lmaydi. Unga faqat o‘zini namoyon qi­lishiga imkon be­rish kerak.

– Shaxslik ilohiy ne’matmi, qon bi­lan kiradimi yoki jamiyat tomo­nidan tar­biya­lanadimi? Yo avvalgilardan ulgu olib, insonning o‘zi o‘zini shaxs qilib tarbiyalaydimi?

– Shaxs bo‘lishga “urinib”, “havas qilib” erishib bo‘lmaydi. Mabodo shunday bo‘lsa, bu yasama shaxslik bo‘ladi. Odam “Men ham falonchiga o‘xshab katta shaxs bo‘lishni istayman”, degan orzu bilan maqsadga erisholmaydi. Shaxs bo‘la olish ham iste’dod, Xudo yuqtirgan tabiatning amaliy ko‘rinishi, harakati, jazbasi. “Men ham falonchidek vijdonli bo‘laman”, degan iddao qanchalar erish bo‘lsa, “shaxs bo‘laman” degan da’vo ham shunday. Vij­donli bo‘lishni orzu qilish yaxshi, ammo vijdon tiynatiga ekilgan bo‘lmasa, u bari­bir, vijdonli bo‘lib qolmaydi. Vijdon – inson ruhiyatidagi Xudoning ko‘zi. Bu ko‘zni havas bilan paydo qilib bo‘lmaydi. Tarbiya va muhit bu ko‘zni yo ochadi, yo butunlay yopib qo‘yadi, yoki chala ko‘radigan qiladi. Havas yo hasad qilib shaxs bo‘lishga intilish ham taxminan shunday. Ta’lim-tarbiya tufayli tiynatdagi qudratga ishonch va rag‘bat uyg‘onadi, bu – buloqning ko‘zini ochib yuborishga o‘xshaydi. Buyuk shaxs­lardan “ulgu olish” bu o‘zi­ning tiynatidagi ko‘zni, shaxslik quvvatini ochish, yolg‘onchi dunyoning yolg‘onlari bilan kura­shishda yolg‘iz emasligini his qilish, shu yolg‘onlarga qarshi birdan bir kurashish uchun tiynatiga ekilgan shaxslikni safarbar qilishga o‘tish degani.

– Sizningcha, bugungi o‘zbek ada­biyotida jahon adabiyotidan o‘rin olgu­lik asarlar bormi?

– Adabiyot – millatning badiiy tafakkur shakli. Faqat so‘z bilan ifoda etiladi, xolos. Millat bir paytning o‘zida milliy, ayni damda, umumbashariy universal ifodaga ega. Gap o‘sha milliy universallikni topishda. Millat tafakkuri darajasi qanday bo‘lsa, uning badiiy ifoda ko‘lami ham shu qoziq atrofida aylanadi. Masalan, Alisher Navoiy asarlari – bu Amir Temur imperiyasi tafakkur tarzining ifodasi. “Boburnoma” – bu imperiya tanazzuli davrining psixologik va badiiy tajassumi. Siz yuqorida keltirgan Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar ma’rifatchilik harakati tafakkuri va istaklari mahsuli. Rauf Parfi ijodi hatto his-tuyg‘u ham ijtimoiylashgan vaziyatda individning muhit bosimidan o‘zini ixota qilish shakli ifodasi (bu ham universal ijodiy isyon). Ana shu jihati bilan bu ijodkorlarning asarlarida bashariy universallik bor. Xullas, har bir davr­ning o‘z so‘zi, o‘z universal ifoda tili bor. Shuning uchun bu savolga zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligi javob topgani ma’qul. Bu borada men faqat bir mulohazamni aytishim mumkin: dunyo galaktikalarga sayohat qilish yo‘lini izlayotganda, yuz yil avval jadid bobomiz aytganday, biz “masjidga chap oyoqdami yo o‘ng oyoqda kirish” haqida bahslashib yotibmiz… Oradan bir asr o‘tsa-da, idrokimiz o‘zgarmadi.

– Fikrlayotgan odam – o‘zligini ang­lashga, o‘zini topishga urinayotgan odam. Sizning ta’biringiz bilan ayt­ganda, o‘zidan qochib o‘ziga borayotgan odam. O‘zingizdan o‘zingizgacha bo‘lgan yo‘lning qancha qismini bosib o‘tdingiz? Bu yo‘lda ko‘zlangan manzil qayerda va unga yetib bo‘ladimi?

– Keling, bu savolingizga umumiyroq javob beray. Bizning asl milliy, jumladan, so‘fiy bobolarimiz falsafasiga ko‘ra, Inson bo‘laklangan yaxlitlikning zarralari, xolos. Ichimizdagi azaliylik – bu ichimizda biz yashashga mahkum hasrat. Bu hasrat tagida yaxlitlik sog‘inchi yotadi. Ichimizdagi ruh esa betinim o‘sha yaxlitlikka intilib yashay­di. Ruhimizdagi sog‘inch – aslida o‘sha yaxlitlik sog‘inchi. Ichimizdagi nomsiz g‘ussa, aslida ayrolik g‘ussasi. Biz faqat bu g‘ussani, bu sog‘inch iztirobi­ni turlicha nomlaymiz, shu bilan o‘zimizni aldab yashay­miz. Shu­ning uchun o‘zi­miz­dan tashqaridagi fojia­lar ham asli bu o‘zimizning fojiamiz. Agar idrok bilan razm solsak, koinotdan tortib, yonimizdagi biz dushman deb biladigan odamgacha bu – o‘zimiz. Uning ketari ham, kelari ham o‘zi. Uning manzili ham insondan insongacha, insonning, panteistlar ta’kidlagandek, vahdatul vujud bilan uyg‘unlashishigacha. Inson – o‘ziga xos subyekt, biologik va ijtimoiy mavjudot. Ayni shu mavjudotligi bilan bir paytda u koinotni o‘zida tajassum etgan timsol. Insonning olamni bilishi o‘zini bilishi sari yo‘l. Yoki o‘zini bilish – olamni bi­lishga intilish, o‘zini o‘zi xalos qilish degani. Adabiyot barcha ta’limotlardan farqli o‘laroq, insonni tashqaridan emas, o‘zidan izlashga – o‘z “men”ini, o‘z erkini topishiga da’vat qiladi – bu da’vat toki tashqarida deb o‘ylaganlari hammasi o‘z ichidaligini, tashqari o‘zining ichkarisi bilan bir butun ekanini anglab yetguncha davom etadi, o‘zidan qochib, o‘ziga borgani sari, o‘zini o‘zidan topgani sari koinotga, vahdatul vujudga yaqinlashaveradi. Bular hammasi fikrlash, anglash, idrok orqali sodir bo‘ladi. Mashhur bir donishmand dunyodan o‘tayot­ganda “Dunyoning bor bilimini egalladim. Lekin shu bilib bo‘lganlarim haqqi tan olamanki, men o‘rganishim kerak bo‘lganlar oldida bilganlarim hech narsa”, degan ekan. Hozir kimligi esimda yo‘q. Balki Beruniydir? Shuning uchun ham qancha masofani bosib o‘tmasin, fikrla­yot­gan, ma’rifat bilan yashayotgan odam o‘zini yo‘l boshida deb hisoblaydi. Chunki insonning ayni holati va idroki hali yaxlitlik­ni to‘liq o‘ziniki qilishga qodir emas. Shunday bo‘lsa-da, uning ruhi betinim yaxlitlikka, butunlikka intiladi. Inson shu darajada murakkab xilqatki, u qiyo­matgacha kashf qilinadi. Insonni tah­lil qilish va insonga, qalb­ga qarab intilish aslida vahdatul vujudni o‘z “men”ida birlashtirish degani. “O‘zi­dan qochib, o‘ziga borish” deganimda men mana shu holatni ko‘zda tutganman.

O‘zimga kelsak, bu umumiy izohlardan orttirib biron narsa deya olmayman.

Oydin YO‘LDOSHEVA suhbatlashdi

“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son


OG‘RIQ NUQTA

Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]

17.11.2026 | 14:24

img126

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img224

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img709