11.02.2026 | 09:45
3280
UKAMNI OKASI
– Iya-iya, qo‘shni, bu kotta oshda nimaqib yuribtila? Ovvolgi duxim bo‘ganda san jipiriqqa bu dodaxo‘ja to‘yxonada pishirib qo‘yibdimi degan bo‘lardim-u, hozir zamon ko‘tarmaydi. Sani qaysi xumbosh miyasi chayqalib bu ochildasturxonga chaqiraqoldi? Yo pasl chalkashib, kalta ishtonla oshpazqalpoq bo‘pkettimi? He, okasini ukasi! Nima? Kim taklif qildi? Yo‘g‘e? Hali bu oshga tak-lifnomangam bormi? Yopiray! Kuch-u qayuga chiqibdi-de! Qatta ishlavossan o‘zi? Yana bitta qaytar! Shunaqayam gazeta bormi? “Darakchi”ni bilardim, “Bekajon”ni ko‘rganman, “Saodat”ga opoqim yozilardi, “Mushtum”ni to‘chniy varaqlaganman, inju rasmla chiqardi. Bir marta shu o‘zimizi G‘ulomni yasab chiqishgan: boshida to‘ppisini tegi semichka… ha, kungaboqar deysan, ikki qator o‘n so‘mlik, kulaverib Shukur polvonni belbog‘iday buralib qoppan.

Sanlaga davlat oylik beradimi? Yo‘g‘e? Qancha? Voy brat-ey! Aytdim, keyingi paytda jinsi shiming dazmollanadigan bo‘pqoldi. Manga qara, beganamassan, mahallamsan, odam tusi yuqib, talinkang qazi ko‘rib qopti, bitta yaxshilik qisang-chi. Ishtatingda tijorat bo‘yicha direktirmi, biznes shefmi, degan joyi yo‘mi? Shessekundda Koboltingni Bivaydi qilib, yog‘och stulingni aylanma kreslaga aylantirvoraman. Yolg‘oni bo‘lsa, bo‘ynimda Chust pichoq, joyim Toshturmani poygagi! Nima? “Avvalgi ishingiz nima bo‘ldi?” Qaysi birini aytasan? Ha endi, burgutni makoni tog‘, megajinniki botqoq, deganini eshitgandirsan? Yo‘q deysanmi? Ha, essizgina varanka, yuribsan-da, nonni nanna, kalishni vanna deb, ko‘ynagingni orqasini tutamlab tugib…
Mayli, sanga kichkina master klass, ham gazetangni gullatvorishimga ishonch bo‘lishi uchun oxirgi tadbirkorligimni aytay. Ochig‘i, do‘stdan dushman ko‘p, qadamingni poylagan laychalar Chinnibozordagi sopolmushukdan ko‘p. O‘lmasang, ko‘raverasan, ukam.
Xullas, bir kuni xuddi bugungi oshga o‘xshagan davrada o‘tirib, atrofga mundo qarasam, zo‘r tesha iskamagan biznes ko‘rib qoldim. Qanaqa biznes deb, so‘ramaysanmi? Mana, san, hozir ichkarida bir soat qappayib o‘tirib, yarim lagan lazer oshni po‘killatib, do‘rdaygan labingni yog‘lab chiqding xolos. Boshqa foyda-moyda topganing yo‘q. Mani fantaziyam xitoyni lazer miltig‘idan tez: shohona dasturxondan naq ikkitasini it ham hidlamadi, birov ustolga ketini tegizmadi. Uvolmi? Uvol! “Charaq” etib kompyuterim ishlab ketti-yu. O‘zimga o‘zim beshni tashlab, shu zahoti natijaga toychoqni burdim. Biznes paysalni yoqtirmaydi, mayna haykalni, degan maqol bor, eshitgandirsan? Ha, o‘la, yurovur qog‘oz popkani qo‘ltiqlab, qaydan tekin oshga qog‘oz kepqolarkan deb. Uzr-a… Anaqa… Nobodosiga birga-birga ishlashib qolsak, bunaqa muomala qimiyman, cho‘chima. Hurmating joyida, qiymating qoida bo‘ladi. Tashla, osh yegan qo‘lingni! Ha, okangni ukasi!
Keyin-chi deysanmi? Ha, keyin srazi ishga kirishdim. Eng kotta vachach mehmonxona bor-u, otini aytib bo‘maydi, o‘shanga g‘izilladim. Rahbarini topib, atay o‘richchaladim, bilasan-u, armiyada naq Djambulda xizmatni urganmiz. Iya, nega iljayasan, nima devossan, kere bo‘sa, uch oyda o‘risvoylaringni “Anjan polka”ga o‘ynatib, postovoyni go‘rn turbasini surnay qildirvorganman.
Ha, hozir o‘richcha gapirsang ko‘pchilik tushunmaydi, i hurmat qiladi, bir balosi bor deb o‘ylaydi. Xullas, haligi kottakon darrov rejamga ko‘ndi, foydani belidan bukadigan bo‘ldik. Muncha shoshmasang, shoshgan qiz yo‘ldoshga, shoshgan yigit nahorga oshga yolchimiydi, deganini eshitmaganmisan? Ha, kul, kul-a!
Xo‘p, keyin haligi to‘yxonaga uchdim. Tez-tez ko‘rgani uchunmi, xo‘jayin tutingan bojamday iliq kutib oldi, unga o‘zimizni tilda lo‘nda qilib ifodalab qo‘yaqoldim. Biram xursand, bachchag‘ar! Bo‘ldi, bugundan boshlab qiyomatli oka-uka bo‘lamiz deydi. Iya, o‘zing xom kallang bilan… uzr, boshingiz bilan tafakkur qiling: to‘yxonaga hakka nonushta qilmasdan burun, kazo-kazolar ko‘z oldida qatorlashib xorijiy mehmonlar savlat purkab kirib kevotti. To‘yxonaga obro‘mi? To‘y egasiga-chi? Ha, ha, boshingizga barakalla! Anavi turist jonivorlar-chi? Ular tanga topganday baxtli. Birinchidan, bizani to‘yla ularga ekzotika – tomosha, ikkinchidan, tong saharlab xohlaganingcha bo‘kib yeb-ich. Asosiysi, el-yurtimiz hurmati oshadimi? Anavilar to‘yimizni, dasturxonni ko‘rib, bular niho-o-yatda to‘kin yasharkan, deb o‘ylab qoladimi? Uning ustiga mehmondo‘st ekan deb, qolgan-qutgan aymoqlarini buyoqqa taklif qiladimi: jannatni filialini topib oldik, yoppa kelaver, deb. Ana investitsiya! Ana savob! Ana urf-odat! Buyog‘i ozgina choychaqayam bor. Turistlardan bir cho‘qim, to‘yxonadan ikki cho‘qim, to‘ychidan uch cho‘qimgina olaman. Hamma rozi, hamma shod. Yana nima qiberiy?
Yo‘q, aytdim-u, oshxonada pazanda, tevarakda gazanda ko‘p. Qaysi bir iplos shipshitganmi, yo tasodifan palakat urdimi, endigina biznesim uchinchi yilga o‘rmalab, to‘rtinchi uchastkamga unnayotgan paytim “paq” etib, misim chiqdi. Man qaynag‘amga ishonib, to‘y kimiki deb surishtirmay, yapon mehmonlarni “Barakasaroy”ga ro‘para qivoribman. Osh bervotgan kotta ana shu sayohatchilarni ministriga quda ekan. Bo‘ldi janjal, bo‘ldi tomosha! Sal qoldi o‘zim naryoqqa “turist” bo‘pketishimga. Yaxshiyam avvalgi guvohlar, sayyohlar demoqchiman, uy-uyiga, taka to‘yiga tarqab, gumdon bo‘p ketgan ekan, savol-so‘roqqa chaqirisholmadi. Chaqirgandayam nima derdi? O‘zi umuman, buni nimasi jinoyat? Tadbirkorlik shumasmi, ukam?
Ha, mayli, bundayam bir hikmat bordir. Gap bunday, agar ishtating bo‘lmasa, och, yo‘q bo‘lsa, shartnoma qil, gazetingni Addis-Abeba-yu, Shimoliy Butangacha yoyib, obunasiga habashlarni o‘chirit qip tashayman! Mani bilasan-u, uzr, bilasiz-u, xo‘jayin. Yoki, sira iloji bo‘lmasa, mana shu temani gazetingizda ko‘tarib chiqing, zora-mora tasadduqlarga aql kirib, biznesimizani yorug‘ yo‘li ochilib ketsa. Axir, bizam savob deb yuribmiz-u, hech kim o‘z shaxsiy qornini, ichki cho‘nchagini o‘ylavotgani yo‘g‘-u, tushundingiz-a, ha, okangizni ukaxoni!
Suhbatga guvoh:
Mulla XUNOB
“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-yanvardagi 5-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
113
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
143
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
333

