13.02.2026 | 10:51
1411
USTOZLARNING USTOZI
Musiqa olamida har bir davr san’ati o‘z sarbonlariga, hofizlik an’analarini munosib davom ettirgan darg‘alariga, yoshlarga ibrat bo‘la oladigan ustozlariga ega. Ota Jalol, Ota G‘iyos, Xudoybergan Muhrkon, Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Mulla To‘ychi Toshmuhamedov, Hamroqul Qori, Domla Halim Ibodov, Hojixon Boltayev, Yunus Rajabiy kabi zabardast san’atkorlar orasida beqiyos iste’dod egasi, xalq va mumtoz musiqamizning mohir ijrochisi, sohir ovoz sohibi, O‘zbekiston xalq hofizi Jo‘raxon Sultonovning alohida o‘rni bor.

Jo‘raxon Sultonovning san’at olamiga kirib kelishiga sabab undagi tabiiy iste’dod edi. Odatda, mumtoz musiqa sohasini tanlash uchun, avvalo, xonandada shunga munosib ovoz, zukko hamda kuchli hofiza, barkamol tafakkur bo‘lishi lozim. Yosh Jo‘raxonda esa bu sifatlarning barchasi mujassam edi. U 12 yoshidayoq “Eng shirin ovoz sohibi” degan nomga sazovor bo‘lib, el orasida tanila boshlagan. Zamonasining dongdor san’atkorlari Boltaboy hofiz Rajabov va Mamatbuva Sattorov sabog‘idan bahramand bo‘lgan. Xonandalik va sozandalik sir-u asrorini qunt bilan o‘zlashtirib, o‘z davrining bilimdoni Madali hofizdan yalla yo‘llari bilan bir qatorda tanbur ijrosini o‘rgangan. Katta ashula ijrochiligini nazariy va amaliy o‘zlashtirib borgan.
Ma’lumki, Farg‘ona vodiysining mumtoz musiqa merosi va ijrochilik an’analari negizida “katta ashula” turadi. Katta ashula – falsafiy janr. Uning asosida xalqimizga xos qadriyatlar va barcha ijtimoiy xususiyatlar, kasb taqozo etadigan ovoz, bilimdonlik, mohirlik, badihago‘ylik, zukkolik, soz bilan so‘z mahoratini namoyish etish, hamnafaslik kabi jihatlar uyg‘unlikda tajassum topishi lozim. Usta san’atkorda aynan shunday uyg‘unlik mavjud edi.
Jo‘raxon Sultonov ijrochilik amaliyotida ustozlarning ustozi darajasiga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan. Bu jarayonda u o‘z ustozlari bilan birga, Erka Qori Karimov, Berkinboy Fayziyev, Sherqo‘zi Boyqo‘ziyev, Akbar Haydarov kabi zamonasining yetuk ashulachi-hofizlari bilan birgalikda faoliyat yuritgan.
Ijodiy faoliyati davomida Muhiddin qori Yoqubov, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Mulla To‘ychi Toshmuhamedov, Hojixon Boltayev singari san’at ustalari va jamoat arboblari bilan tanishishi hofizning ijodiy kamolotiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Taniqli san’atkorlar Malik yallachi va Madali hofizdan Farg‘onaga xos mumtoz yallalarni qunt bilan o‘zlashtiradi va zamonasining eng mukammal asarlarini ijro etib, xalqning e’tiborini qozonadi. Shu o‘rinda, musiqa ijrochiligida yallalar azaldan mumtozlik jihatlariga ega bo‘lganini e’tirof etish lozim.
Jo‘raxon Sultonovning faoliyatida maqom va maqom yo‘llariga mansub musiqiy namunalar ham alohida ahamiyatga ega bo‘lib, bu yo‘nalishni davrining taniqli hofizi Mulla To‘ychi Toshmuhamedov va Sodirxon hofiz Bobosharipov rahbarligida o‘zlashtiradi. Ustozlaridan, avvalo, Farg‘ona–Toshkent maqom yo‘llarida yaratilgan “Ushshoq”, “Bebokcha”, “Bayot”, “Chorgoh”, “Dugohi Husayniy”, “Shahnoz Gulyor”, “Bayoti Sheroziy” kabi turkumlarni o‘rganishga muvaffaq bo‘ladi. Bu esa uning ijrochilikda zabardastlik, purma’nolik va ko‘lamdorlik sirlarini o‘zlashtirishiga katta imkon yaratadi.
Ayni paytda, ustoz san’atkor tanburning juda boy imkoniyatlarini teran tushunib, ustozlarning ijro yo‘llaridagi o‘ziga xos jihatlarni sinchiklab o‘rganadi. Odatda, ilmni igna bilan quduq qazishga o‘xshatishadi. San’atning o‘lmas sahnasida o‘z haykalini boqiy qoldirish uchun esa noxundan xarsang yo‘nish kerak.
Katta ashulaning shakliy va ijroviy xususiyatlaridan kelib chiqib, yangi yo‘nalish va unga mos yangi asarlar yaratishga muyassar bo‘lgan san’atkorimiz katta ashulaning erkin ijrosiga musiqiy cholg‘ular jo‘rligini rusumga kiritadi.
Ustoz faoliyatining eng ahamiyatli bosqichi, ko‘p yillik ijro amaliyoti asosida o‘zining shaxsiy ijro uslubini shakllantirishga muyassar bo‘lganidir. Bu uslub nafaqat hofiz hayotligi davrida, balki undan keyingi avlodlar ijro amaliyotida ham o‘ziga xos uslub sifatida kamol topgan. Xalqimizda “Zar qadrini zargar bilar”, “Asl aslo xor bo‘lmas” kabi ibratli so‘zlar mavjud. Donishmand xalqimizning bunday hikmatlarini Jo‘raxon Sultonov kabi ustozlarning betakror ijrochilik uslublariga nisbatan qo‘llash o‘rinlidir.
Jo‘raxon Sultonov ijodining bugungi kunimiz va kelajak avlodga ibratli jihatlari uning xonandalik, bastakorlik, novatorlik hamda ustozlik faoliyatida namoyon bo‘ladi. Ustozning askiyada hozirjavobligi va ustunligi ham san’atkorlar tomonidan e’tirof etilgan. U bir necha tillarni bilgan, mumtoz adabiyotni bir umr tildan va qo‘ldan qo‘ymagan.
Ustoz san’atkor faoliyati davomida doimo adabiyotimizning yirik namoyandalari adabiy merosiga murojaat qilib kelgan. Hazrat Navoiy g‘azallari bilan “Naylayin”, “Bo‘lmish”, “Hanuz”, Lutfiy g‘azaliga “Guluzorim qani”, Habibiy so‘ziga “Bo‘lmasa”, “Ming qadam”, Muqimiy so‘zi bilan “O‘lmasun”, Furqat g‘azaliga “Ohkim, rahm aylamas”, Chustiy so‘zi bilan aytilgan “O‘zbekistonim” kabi musiqiy namunalar shular jumlasidandir.
Jo‘raxon Sultonov repertuari xalq musiqa namunalari, yirik mumtoz yallalar, maqom yo‘llariga mansub va hofizning o‘z ijodiga oid ashulalardan iborat. Jumladan, “Bir kelib ketsun”, “Noma yozmading”, “Bog‘ aro”, “Bir kelsin”, “Yovvoyi Chorgoh” ashulalari, “Dugohi Husayniy”, “Bayot I-V”, “Ushshoq”, “Ushshog‘i Sodirxon”, “Chor zarb”, “Chaman yalla”, “Ey dilbari jononim” kabi yuksak darajadagi ijrolari san’at ixlosmandlari uchun qadrlidir.
Jo‘raxon Sultonovni bemalol novator san’atkor deyish mumkin. Zero, o‘zbek musiqa san’ati rivoji yo‘lida qilgan xizmatlari, ya’ni jo‘rovozlikni joriy qilishi katta ashula ijrochiligida yangi uslub va bastakorlik ijodida o‘ziga xoslikka erishgani bunga asos beradi.
Ma’murjon Uzoqov, Ortiqxo‘ja Imomxo‘jayev, Orifxon Hotamov, Saodat Qobulova, Berta Davidova, Ochilxon Otaxonov, Zokirjon Sultonov, Tavakkal Qodirov, Ma’rufxo‘ja Bahodirov singari sevimli san’atkorlarimiz Jo‘raxon Sultonov ijro uslubining davomchilari va ustozning ijro maktabini keyingi avlodlarga yetkazgan shogirdlaridir. Ularning har biri o‘zbek mumtoz musiqa san’ati rivojida Jo‘raxon Sultonov ijro uslubini o‘ziga xos davom ettirish bilan birga, ijro amaliyotida o‘zlari ham ustozlik maqomiga yetib, o‘z ijro uslublarini yaratishga muyassar bo‘lgan.
Jo‘raxon Sultonovning ijro maktabi keyingi avlodlarning ijodida rivojlanib borganini ko‘rishimiz mumkin. Kamoliddin Rahimov, Qobiljon Yusupov, Sherali Jo‘rayev, Mahmudjon Yo‘ldoshev, Mahmudjon Tojiboyev, Beknazar Do‘stmurodov, Mashrabjon Ermatov, O‘ktam Ahmedov, Soyibjon Niyozov, Erkinjon Ro‘zimatov, Orolmirzo Safarov kabi zamonamizning yetuk hofizlari Jo‘raxon Sultonovni ma’naviy ustozlari deb biladi. Agarda uch avlodga mansub shogirdlarning ijodi, ijrosi va jamiyatdagi o‘rniga razm solinsa, el ardog‘idagi zabardast hofizlarning uzun safini ko‘rishimiz mumkin.
O‘zbek mumtoz musiqasi o‘zining asl qiyofasini bezavol saqlab kelayotganiga dunyo san’at ahli havas qiladi. Bu an’anani munosib rivojlantirish har bir ijrochi, jumladan, bugun mumtoz san’at ostonasiga qadam qo‘yayotgan yoshlarning burchidir. Bu borada ustoz san’atkorlar ijodini doimo ibrat bilib, ipidan ignasigacha sinchiklab o‘rganish, o‘zlashtirish va xalqqa taqdim eta borish kerak. Zero, ildizi oqsuvga yetib borgan niholning umri ham, shohobi ham barakali bo‘ladi.
Soibjon BEGMATOV,
professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-yanvardagi 5-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
78
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593


