Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.02.2026 | 16:12

img1356

ZARRANING ZALVORI

Bu gal an’anamizdan biroz chekingan holda, akademiklar bilan emas, ilm-fan olamida yosh olimlardan hisoblangan yurtdoshimizni savolga tutdik. Suhbatdoshimiz – fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘zFA U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutining katta ilmiy xodimi Ilyos Abdisaidov.

– “Uglerod nanonaychalarining past haroratdagi sintezi uchun nanokatalizatorlar va ularning xossalari” mavzusida ilmiy ish yoqlabsiz. Ma’lum bo‘lishicha, bu O‘zbekistonda yangi yo‘nalishlardan ekan. Yangi yo‘l ochish doim mashaqqatli bo‘lgan. Sizni bunga nima undadi?

– Uglerod nanonaychalari sohasi yurtimizda nisbatan yangi yo‘nalishlardan biri hisoblanadi va bu soha bilan shug‘ullanuvchilar ham ko‘p emas. Bu amaliy va iqtisodiy jihatdan muhim soha. Shu sababli, bu yo‘nalish nafaqat ilmiy-tadqiqotchilar, balki sanoat vakillari uchun ham talab yuqori bo‘lgan sohalardan biriga aylanib bormoqda. Bizning ishimiz shu kelajak uchun poydevor yaratishga qaratilgan.

Uglerod nanonaychalarining butun dunyoda qanchalik muhim ekanini ko‘rib, bilib kelyapmiz. Shunga ko‘ra, “Nima uchun buni o‘zimizda ham amalga oshirmaslik kerak?” degan fikr paydo bo‘ldi. Aynan shu savol meni bu sohaga kirib kelishimga, dastlabki natijalarga erishishimga sabab bo‘ldi.

Hozir nanokatalizatorlar bozori dunyo bo‘yicha taxminan 3 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi. Mutaxassislar hisobiga ko‘ra, 2033-yilga borib bu ko‘rsatkich 5 milliard AQSH dollaridan oshishi kutilmoqda. Uglerod nanonaychalari bozorini oladigan bo‘lsak, hozirda u taxminan 10 milliard AQSh dollariga teng. 2030-yillarga kelib bu ko‘rsatkich 20 milliard dollarga yetishi mumkin.

Mana shu raqamlarning o‘ziyoq ushbu sohaning qanchalik istiqbolli va dolzarb ekanini ko‘rsatadi.

– Uglerod nanomateriallariga bo‘lgan talabning ortishida qanday omillar bor? Xususiyatlari va qo‘llanilish sohalari bo‘yicha hamda ilmiy ishingizga aloqasi haqida ma’lumot bersangiz.

– Oddiy qilib aytganda, hozir juda mayda, ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin juda kuchli va foydali material tayyorlayapmiz. Bu uglerod nanonaychalari asosan boshqa mahsulotlarga qo‘shiladi va ularning xususiyatini keskin yaxshilaydi.

Qurilish sohasini olaylik. Agar uglerod nanonaychalari betonga atigi 0,1-1 foizgacha qo‘shilsa ham, betonning mustahkamligi bir necha barobar oshadi. Odatda beton vaqt o‘tishi bilan yorila boshlaydi, nanonaychalar esa buning oldini oladi. Bu materialning mustahkamligi oddiy po‘latdan bir necha o‘n, hatto yuz barobar yuqori bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, ushbu ishlanmalar aviatsiya va avtomobilsozlik sohalarida ham keng qo‘llaniladi. Ayniqsa, uglerod nanonaychalari yuqori elektr va issiqlik o‘tkazuvchanligi, vaznining yengilligi, mustahkamligi hamda yong‘inga chidamliligi bilan ajralib turadi.

Elektronika sohasida chiplar, datchiklar va sensorlar ishlab chiqarishda foydalanilsa, farmatsevtika va biotibbiyot yo‘nalishlarida dori vositalarini organizmdagi zararlangan hujayralarga manzilli yetkazish, saraton kasalligini erta tashxislash va davolash jarayonlarida qo‘llaniladi.

Uglerod nanonaychalarini asosan uch xil usulda sintez qilish mumkin: yoyni razryadlash, lazerli ablyatsiya va kimyoviy bug‘larni cho‘ktirish. Ushbu usul ingliz tilida Chemical Vapor Deposition, ya’ni CVD deb ataladi va amaliyotda eng ko‘p qo‘llaniladi. CVD usulida uglerod nanonaychalarini sintez qilishda asosiy rolni katalizatorlar bajaradi. Ular ham uch turga bo‘linadi: gomogen, geterogen va nanokatalizator. Nanokatalizatorlar gomogen va geterogen katalizatorlarning afzalliklarini o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, ularning asosiy ustunligi o‘lchamining juda kichikligidadir. Shu sababli, nanokatalizatorlar nafaqat reaksiya tezligini oshiradi, balki sintez jarayonida hosil bo‘layotgan mahsulotning tuzilishi va shaklini ham boshqarish imkonini beradi.

Bu xususiyat an’anaviy katalizatorlarga xos emas. Shundan kelib chiqib, hozirgi kunda uglerod nanonaychalarini kimyoviy bug‘larni cho‘ktirish – CVD usulida sintez qilish jarayonida katalizator sifatida aynan nanokatalizatorlardan foydalanilmoqda. Bu esa yuqori sifatli va boshqariladigan tuzilishga ega uglerod nanonaychalarini olish imkonini beradi.

– Bu jarayon moddiy tomondan qimmatga tushsa kerak?

– Bu yerda ikkita asosiy masala bor: biri – ularni qanday qilib olish, ikkinchisi – qayerda va qanday qo‘llash. Bizning laboratoriyada shunday imkoniyat borki, uglerod nanonaychalarini sintez qilish jarayonida ishlatiladigan asosiy moddalarni o‘zgartirib ishlashimiz mumkin. Masalan, uglerod manbayi sifatida turli uglevodorodlardan foydalanamiz.

Katalizatorning o‘zi ham juda muhim. Masalan, hozirgi kunda dunyoda uglerod nanonaychalarini sintez qilishda, katalizator sifatida ko‘pincha qimmat metallardan – platina, oltin, kumush kabilardan foydalaniladi. Bizning asosiy maqsadimiz – aynan shu jarayonni arzonlashtirish.

Masalan, platina yoki oltin o‘rniga nikel, temir yoki kobalt kabi metallar nanozarralarini katalizator sifatida qo‘llayapmiz. Bu metallar ancha arzon, lekin to‘g‘ri sharoitda ular ham uglevodorodlarni parchalab, uglerod nanonaychalarini hosil qilishga qodir.

Agar katalizator qimmat bo‘lsa, bu oxir-oqibat butun mahsulotning tannarxiga ta’sir qiladi. Masalan, hozirgi kunda uglerod nanonaychalarining bir grami bozorda 500 dollargacha baholanadi. Asosiy maqsadimiz esa shu narxni tushirish. Buning uchun sintez jarayonida qimmat materiallarni arzonroq materiallar bilan almashtiramiz, prekursorlarni ham optimallashtiramiz. Natijada, butun sintez jarayoni iqtisodiy jihatdan arzonlashadi va olingan uglerod nanonaychalarning ham narxi pasayadi.

Qilayotgan ishlarimizning asosiy maqsadi – uglerod nanonaychalarini nafaqat olish, balki ularni kelajakda kengroq va arzonroq qilib, sanoatga tatbiq etish imkonini yaratishdir.

– Institut moddiy-texnik bazasi ana shu yirik loyihalarni amalga oshirish uchun yetadimi?

– Albatta. Bu dargohning eng katta boyligi – ustozlar. Qolaversa, uglerod nanonaychalarni sintez qilishdan tortib, ularni tahlil qilish va xossalarini o‘rganishgacha bo‘lgan jarayonda ishlatiladigan analitik qurilmalar juda qimmat va murakkab hisoblanadi. Bunday zamonaviy qurilmalar har bir laboratoriyada ham mavjud emas. Shu bois, O‘zbekiston Milliy universitetining magistratura bosqichini tugatgach, 2010-yilda amaliyotlar jarayonida yaqindan tanishganim – U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida ishlay boshlaganman.

O‘sha yillari hozirgidek sharoitlar yo‘q edi. So‘nggi yillarda institut yangi qiyofa kasb etdi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun zarur bo‘lgan sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, so‘nggi 10 yil ichida ilmiy xodimlar va yosh olimlarga ajratiladigan mablag‘lar ham bir necha barobarga oshirildi. Oliy ta’limdan keyingi ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash kuchaytirildi. Zamonaviy analitik qurilmalar olib kelindi va laboratoriyalarga joylashtirildi.

Hozircha imkoniyatlarimiz ancha yaxshi. Yana kerakli qurilmalar bosqichma-bosqich olib kelinmoqda. Ular to‘liq o‘rnatilgach, biz olingan mahsulotlarning morfologiyasini, ichki tuzilishi va boshqa xususiyatlarini yanada chuqurroq o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Hozirda uglerod nanonaychalarini litiy-ion batareyalari uchun kompozit anod materiali sintezi yo‘nalishida ilmiy tadqiqot olib boryapman.

– Suhbat uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz, ilmiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-yanvardagi 5-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600