18.02.2026 | 15:31
1299
BIR ASRLIK “O‘TKAN KUNLAR”
Bundan bir yuz o‘n yil muqaddam Ismoilbek Gʻasprali o‘spirin Abdulhamid Yunusov – Cho‘lpon savollariga javob maktubida: “Adabiyot o‘tda yonmas, suvga botmas”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, chinakam san’at durdonalari oradan asrlar oshsa ham, bashariyat oldidagi o‘zining tarixiy missiyasini bajaraveradi. Olam va odamni anglatadi, ko‘ngillarga zavq-shavq bag‘ishlaydi, ishq-muhabbat atalmish bebaho yurak javharini, his-tuyg‘ularni yangilaydi.

Abdulla Qodiriyni jismonan mahv etgan manfur tuzum “O‘tkan kunlar”ni ham o‘zbek millati shuuridan o‘chirib, ruhiyatidan butkul chiqarib tashlashga chog‘langan edi. Shu bois, bu bebaho asar necha o‘n yillar davomida o‘quvchilar ko‘zidan yashirin tutildi. Javonlardan olib tashlandi. Hatto, shu kitobni o‘qigan odamga ham “xalq dushmani” yorlig‘i yopishtirildi, jazo berildi, zindonband qilindi. Shunday o‘lmas romanni o‘tda yoqmoqchi, suvga, cho‘ktirmoqchi bo‘lishdi.
Ammo chin san’atkorning durdona, haqqoniy adabiy so‘zi hamma zamonlarda ziyo ahlining shuuriga marmar toshga o‘yilgan naqshdek o‘rnashgan bo‘ladi. O‘sha qatag‘on zamonlarida ham “O‘tkan kunlar” romani o‘qildi. Faqat qorong‘i kechalarda, tunlari yashirin ravishda, sassiz-muhokamasiz, targ‘ib-tashviqsiz, jimgina sabr bilan o‘qildi va uqildi.
Vaqti keldi – “O‘tkan kunlar” yorug‘lik yuzini ko‘rdi, o‘quvchilar qo‘liga qaytarildi. Dunyo tillariga tarjima qilindi. Bir asrlik yoshga yetgan “O‘tkan kunlar”ning dunyo bo‘ylab sayohati boshlanganiga yarim asrdan oshgani ko‘pchilikka ma’lum gap.
Muhtaram adabiyot muhiblari, Abdulla Qodiriy ijodi ixlosmandlariga bugun yana bir quvonchli xabarni yetkazmoqchiman. Kechagina “Hilol nashr” muharriri, iste’dodli adib Erkin Malik menga “O‘tkan kunlar” romanining o‘ziga xos, ajoyib yangi nashrini tuhfa qildi. Ko‘rib, behad quvondim.
Asar bejirim karton qutichaga uchta kitob, maxsus sovg‘abop tarzda jamlanibdi. “O‘tkan kunlar”ning uch bo‘limi o‘z vaqtida, 1925–1926-yillarda alohida uchta kitob ko‘rinishida nashrdan chiqqan. Bugun o‘quvchilarga taqdim qilinayotgan “O‘tkan kunlar” romani aynan o‘sha ilk nashriga mos ravishda, har bir bo‘lim alohida kitob holida chop etildi. Eng muhimi, bu jamlanma kitob romanning arabiy imloda – o‘zbek mumtoz yozuvida bosmadan chiqqani bilan qimmatli va qadrlidir. Har bir bo‘limdan fotonusxa olinib, o‘sha zamonda ishlangan go‘zal muqovalari bilan birga bugungi o‘quvchilarga taqdim etilayotgan kitob yarmida romanning kirill yozuvidagi nusxasi ham bor.
Ikki yozuvdagi uchta sovg‘abop kitob – bu “O‘tkan kunlar” romaniga ehtiyoj hosilasi. Zero, bu umrboqiy asarni aynan Abdulla Qodiriy hazratlari yozgan yozuvda o‘qish istagida yurganlar ham bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Qolaversa, bu roman matnini qiyosiy-genetik yo‘sinda o‘rganish uchun ham yosh tadqiqotchilarga bebaho manba sanaladi.
Chunki roman alohida kitob shaklida nashr qilinishidan oldin, ya’ni 1923–1924-yillarda birinchi bo‘lim fasllari “Inqilob” jurnalining bir qancha sonlarida e’lon qilingan edi. Jurnal iqtisodiy muammo ortidan yopilib ketgani bois, roman bosilishi ham to‘xtatiladi. Romanning birinchi bo‘limi kitob bo‘layotganida Abdulla Qodiriy Moskvaga o‘qishga ketadi. Nashr jarayoniga bevosita qatnasha olmaydi. Keyin u o‘z so‘zlari o‘zgargani, roman matni tahrirga uchraganiga guvoh bo‘ladi.
Har qanday asar ijodkor uchun yuragining bir parchasidek ardoqli, albatta. Bu fikrni Abdulla Qodiriy hazratlari “Har bir asarim – bir farzandim, chiroqchimdir”, tarzida bayon qiladi. Romanning 1925-yil bosilgan birinchi bo‘limidan adibning ko‘ngli to‘lmaydi.
Shu bois, o‘quvchilarga: “Ro‘mon, deb sizga taqdim qiling‘an bu narsa dunyog‘a kelishi bilanoq baxtsizlikka uchray boshlag‘an edi: besh yillab bosila olmay yotdi. Nihoyat, bu kun bosilishi muyassar bo‘lg‘anida ham turlik zarbalarga uchradi; imlosi uch-to‘rtta imlochilarimiz tomonidan tuzatilib (!) ajoyib bir quroq holiga keldi, musahhihlarimizning musohalalari (beparvo qarash) orqasida texnika jihati ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bir yo‘sunda chiqdi. Bularning sababi bosilish chog‘ida o‘zimning hozir bo‘la olmag‘anlig‘im bo‘ldi. Ammo bu o‘rinda o‘zimning jaholatim to‘g‘risida aytib turishni lozim ko‘rmayman-da, faqat o‘qug‘uchilarning afvularini so‘rayman.
Ro‘monning ikkinchi bo‘limini bunday xatolardan sof bo‘la olishig‘a va’da bera olmasam-da, ammo bosilish taqdiri noshir qo‘lida bo‘lg‘anlig‘ini bildirib qo‘yaman”, deb uzrnoma yozadi va uning qayta nashri uchun harakatni boshlaydi.
Bu vaqtga kelib, romanning ikkinchi bo‘limi 1925-yil sanasi bilan dunyo yuzini ko‘radi. Shu orada romanning birinchi bo‘limi 1926-yili qayta takror bosmadan chiqadi. Uchinchi bo‘limi ham 1926-yili chop etiladi.
Abdulla Qodiriy “Uzr”i munosabati bilan bir taklif aytmoqchiman. Adibning bu gapi o‘z vaqtida vazifasini bajardi. Bu qodiriyshunoslar uchun zarur, albatta. Ammo uni romanning hozirgi davrdagi yangi nashrlariga kiritishga zarurat yo‘q, deb o‘ylayman.
Muhtaram “O‘tkan kunlar” romani o‘quvchilari, siz mazkur “Hilol nashr”da yangi bosilgan uchta bo‘limdagi 1926, 1925 va 1926 sanalariga nazaringiz tushib, savol tug‘ilmasligi uchun shu gapni yozdim.
Sovg‘abop uchta kitobdan iborat “O‘tkan kunlar” romani bu Abdulla Qodiriyning ko‘zi tirik mahalida bosilgan juda tabarruk nusxa. O‘quvchilar zavqlanib o‘qishlari shubhasiz. Biroq roman matni bilan qiziqqan, adib tahrirlari ustida tadqiqot olib boradigan matnshunoslar asarning “Inqilob”da bosilgan nusxasiga, shuningdek, 1933-yili lotin yozuvida nashr qilingan nusxasiga ham nazar solishlari lozim, deb hisoblayman. Bu nusxalardagi tafovutlarni, adibning so‘z qo‘llash va almashtirish mahorati bobida kamina ikkita maxsus maqola ham yozgan edim.
“O‘tkan kunlar” romani shu pallagacha o‘quvchilarning eng suyukli asarlaridan biri sifatida qo‘ldan qo‘ymasdan o‘qib kelindi va bundan keyin ham o‘qiladi. Roman bir necha avlod qodiriyshunoslar tomonidan qayta va qayta tadqiq qilindi va bundan keyin ham roman ustidagi tadqiqotlar, albatta, davom etadi. Har bir davrning adabiy tushunchalariga mos keladigan va dunyo adabiyotshunosligi adabiy-nazariy qoidalari, yangicha yondashuv usullari uchun ham manba bo‘la oladigan “O‘tkan kunlar”ning bunday o‘ziga xos, qiymatli nashri muhtaram o‘quvchilarimizga muborak bo‘lsin! So‘ngso‘z yozgan va nashr uchun o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shgan Xondamir va Sherkon Qodiriylar ham savobdan bahramand bo‘lishlari tabiiy.
Bahodir KARIM,
professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-fevraldagi 6-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



